Moybaliq (Chalcalburnus chalcoides) — jumurbaliq, xombaliq; karpsimonlar oilasining bir turi. Orol, Kaspiy, Qora va Azov dengizlari havzalarida tarqalgan. O‘rta Osiyoda Sirdaryo va Amudaryodan tashqari Zarafshonda va u bilan bog‘liq suv omborlarida ham ko‘p uchraydi. Ba’zilari chuchuk suvda turg‘un yashasa, boshqalari o‘tkinchi bo‘ladi, Orol moy balig‘i esa sho‘rroq suvda o‘troq yashaydi.
Bu baliqning tangachalari nisbatan yirik, boshi kichkina bo‘lsa ham ko‘zi ancha katta, og‘zi yuqoriga qaragan. Uzunligi 40 sm liklari ham bo‘ladi, lekin 24—25 sm lilari ko‘proq uchraydi. Og‘irligi 800 g. O‘troq yashaydiganlari sekin, chala o‘tkinchilari tez o‘sadi. Qorin suzgichi bilan anal suzgichining o‘rtasida o‘tkir qirrali pushtagi bor. Rangi suvning ustki qatlamida yashovchi baliqlarning rangiga o‘xshash bo‘lib, usti qora-ko‘kimtir tusda tovlanib turadi. Yon va qorin tomoni kumushrang, suzgichlarining osti pushti, chetlari kulrang. Moybaliq 2 yoshida voyaga yetadi. 40 mingtacha yopishqoq uvuldirig‘ini may oyida kechasi tashlaydi. Uvuldirig‘i suv tagidagi tosh va o‘simliklarga yopishib qoladi. Chavoqlari planktonlar bilan, kattalari qisqichbaqasimonlar, molluska, hasharot qurtlari bilan oziqlanadi. Yemish izlab kechasi suv betiga chiqadi, kunduzi suv tagiga tushadi, ya’ni vertikal migratsiya qiladi. Chala o‘tkinchilarining go‘shti mazali, yog‘li va xushbo‘y. Bu baliq to‘r bilan ovlanadi.
Bakra (Acipenser nudiventris) — suyakli baliqlar sinfining bakrasimonlar oilasiga mansub. Kaspiy va Orol dengizi havzalarida tarqalgan. Qora va
Azov dengizlarida kam uchraydi, so‘nggi yillarda Balxash ko‘lida iqlimga moslashtirilgan. Bakraning boshqa suv havzalaridan ajralgan dengizlarda yashashi bu dengizlar bir zamonlari o‘zaro qo‘shilgan yagona havza bo‘lganligini ko‘rsatadi.
Bakra (Acipenser nudiventris)
Kaspiy dengizidan uvuldirig‘i olib kelinib, Orol dengizida ko‘paytirilgan.Uzunburun bakra (shokir) e’tiborga olinmasa, bakralar urug‘ining O‘zbekistondagi birdan bir vakili bo‘lgan mazkur bakra bu urug‘ning boshqa vakillaridan pastki labi ikkiga ajralmagani, birinchi orqa cho‘gri tikanli plastinkachasi boshqalaridan kattaligi va mo‘ylovlari shokilali bo‘lishi bilan farq qiladi. Tanasining cho‘girlari 5 qator, orqasida 11—17 ta, yon tomonida 55—67 ta, qornida esa 15—16 cho‘gri bor. Eng yirik bakraning bo‘yi 2 m dan ortiqroq, og‘irligi 21—23 kg gacha. Orol bakralarining og‘irligi 16—18 kg, voyaga yetgan Kaspiy bakralarida erkagining og‘irligi 6—45, urg‘ochisining vazni 8—78 kg bo‘ladi. Urg‘ochi bakra bo‘y jihatdan erkagi bilan bir xil bo‘lsa-da, vazni unikidan og‘irroq. Kaspiy bakrasi Orol bakrasiga qaraganda tez o‘sadi, 10 yasharining bo‘yi Amudaryoda o‘rtacha 110,8 sm, Kura daryosida 130 sm. Ularning o‘rtacha og‘irligidagi farq yana ham ko‘proq. O‘tkinchi baliq, hayotining bir qismini dengizda o‘tkazsa, urchish davrida daryoga o‘tadi. Urg‘ochisi 14 (ba’zan 12—13) yoshida, erkagi esa 9 (ba’zan 6—8) yoshida voyaga yetadi. Orol dengizida yashaydigan bakralar urchish uchun aprelning o‘rtalarida Sirdaryo va Amudaryo mansabida to‘planib, daryoning yuqorisidagi uvuldiriq tashlaydigan yerlariga suzib ketadilar. Ular, ayniqsa, katta suv toshqini vaqtida gala hosil qilishadi.