Din – o‘ta murakkab ijtimoiy hodisa. U o‘ziga xos tarkibga ega bo‘lib, kishilik jamiyatining uzoq davom etgan ijtimoiy-tarixiy taraqqiyoti hosilasidir. Din kishilarning g‘ayritabiiy kuchlarning mavjudligiga ishonishdan yuzaga kelgan. Zero, «din» so‘zi arab tilidan olingan bo‘lib, o‘zbek tilida «ishonch», «ishonmoq» degan ma’nolarni anglatadi.
Hozirgi zamon dinlari murakkab tarkibiy qismga ega. Uning tarkibiy qismiga diniy ong, marosim va tashkilotlar kiradi.
Diniy ong diniy dunyoqarash tarkibida muhim o‘rin tutadi. Diniy ong diniy tasavvurlar, g‘oyalar, his-tuyg‘u va kayfiyatlarni ifodalaydigan qarashlar tizimidir. Dinni tarkibiy qisimlari qatorida diniy ong ustuvor ahamiyatga ega, chunki diniy marosim va diniy tashkilot kishilar ongida va jamiyatda diniy tasavvurlarni mustahkamlaydi va saqlanib qolishiga ko‘maklashadi.
Diniy ongning o‘zaro bog‘liq va nisbatan mustaqil bo‘lgan ikki darajasi yoki bosqichi mavjud. Bular diniy psixologiya va diniy ideologiyadir. Diniy psixologiya – kishilarning diniy his-tuyg‘ulari, odatlari, an’analari va kayfiyatlari majmui. Diniy ideologiya esa diniy tashkilotlar orqali malakali diniy shaxslar targ‘ib etadigan turli diniy g‘oyalarning muayyan tizimidir.
Diniy psixologiya va diniy ideologiya o‘rtasida muayyan darajadagi umumiylik mavjud. Bu umumiylik voqelikni sarobiy aks ettirishda, g‘ayritabiiy kuchlarga sig‘inishda namoyon bo‘ladi.
Tarixan diniy psixologiya diniy ideologiyaga nisbatan oldin paydo bo‘lgan. Kishi ruhiyati barqaror voqelik emas, chunki ijtimoiy jarayonlar ta’sirida o‘zgarib turishi mumkin. Shuningdek, amaliyot bilan diniy ideologiyaga nisbatan yaqindan aloqada bo‘ladi. U kishilarning tabiat kuchlaridan qo‘rqishlari, ular oldida taslim bo‘lishlari va ularni ilohiylashtirishlari natijasida shakllanadi. Diniy ideologiya esa jamiyatda mehnat taqsimoti, sinflar va davlatning vujudga kelishi bilan bog‘liq.
Diniy psixologiya taraqqiy etgan sayin diniy tasavvurlar ham takomillashib boradi. Diniy tasavvurlardan diniy g‘oyalar shakllangan. Oqibatda qadimgi diniy e’tiqod shakllari – sehrgarlik, animizm, fetishizm, shomonlik va boshqalar kelib chiqqan.
Diniy ideologiya diniy psixologiyadan farq qiladi. Zero, u muayyan tushuncha va qarashlarning tartibli tizimidir. Diniy ideologiya insoniyat taraqqiyotining nisbatan yuqori bosqichlarida yuzaga keladi. Uni ruhoniylar, kohinlar, dinni o‘rganuvchi faylasuflar ishlab chiqadilar va targ‘ib qiladilar.
Diniy ideologiya ayrim manbalarda teologiya deb yuritiladi. Teologiyaning asosini odatda diniy ideologiyaning muntazam va muayyan tizimli ko‘rinishi bo‘lmish muqaddas kitoblar (Tavrot, Zabur, Injil, Qur’on kabilar) tashkil qiladi. Diniy ideologiya quyidagi tarkibiy qismlarga bo‘linadi:
dogmatika (grekcha dogmatos– fikr, ta’limot, yechim degan ma’nolarni anglatadi) diniy ta’limotning barqaror, kam o‘zgaruvchan qoidalari tizimi;
apologetika (grekcha apologeomai – himoya qilaman degan ma’no- ni anglatadi) ilohiyot sohasi va diniy ta’limotni insoniyat tafakkuri hamda tajribasiga asoslanib himoya qilish;
ilohiyot va axloqning o‘zaro aloqadorligi (din axloq qoidalariga ilohiy mazmun beradi);
amaliy ilohiyot – cherkov va machitlarning faoliyati va xudoga sig‘inish tartiblarini ishlab chiqish.
Dinning tarkibiy qismlari qatorida diniy ong bilan birga diniy marosim ham ahamiyatga ega. Biz dinni g‘ayritabiiy kuchlarning mavjudligiga
ishonch yoki kishilarning o‘zaro munosabati va harakatlari sifatida ham baholashimiz mumkin. Bunday munosabatlar diniy marosim deb ataladi.
Diniy marosim individ, guruh yoki tabaqalarning manfaatlari, g‘oyalari va orzu-istaklarini ifodalaydigan munosabatlar va harakatlar tizimidir. Diniy g‘oyalar, qarashlar, his-tuyg‘ular va harakatlar tizimi diniy ta’limotni vujudga keltiradi. Dindorlar diniy marosim orqali muloqotning boshqa vositalari samara bermaydigan vazifalarni bajaradilar. Unda harakat yoki munosabat muayyan sirli mazmunni ifodalaydi. Har bir harakat yoki o‘qilgan duo ramziy mazmun kasb etadi. Inson va sig‘inish obyekti o‘rtasida g‘ayritabiiy aloqa mavjudligiga ishonch mustahkamlanadi. Kishi diniy marosimlarni bajarish bilan g‘ayritabiiy kuchni o‘z ittifoqchisi va madadkoriga aylantirishga umid qiladi.
Qadimda diniy marosimning keng tarqalgan turi qurbonlik bo‘lgan. Qurbonlik turli (oziq-ovqatlarning bir qismini ajratish, hayvonlar so‘yish kabi) usullarda amalga oshirilgan.
Qurbonlik negizida boshqa diniy marosimlar yuzaga kelgan. Jumladan, diniy marosimning eng rivojlangan shakllaridan biri sig‘inish ham qurbonlik asosida shakllandi. Qurbonlik diniy marosimini bajarish jarayonida g‘ayritabiiy kuchga sig‘inish yuzaga kelgan va keyinchalik undan ajralib chiqqan. Sig‘inish dindorning so‘z vositasida real yoki uydirma obyektga ta’sir qilishga qaratilgan duolari, ramziy xatti-harakatlari majmuasidir. Kishining qanday his-tuyg‘ularni ifodalashiga qarab, uni olqishlovchi, minnatdorlikni ifodalovchi, gunohlarning kechirilishini so‘rashga yo‘naltirilgan va boshqa turlarga bo‘lish mumkin.
Sig‘inish turli xatti-harakatlar, xulq-atvorlar bilan birga moddiy hodisalarni ham o‘z ichiga oladi. Sig‘inishning muhim xususiyati hissiy- ramziy obrazlarda ifodalanishidir. Sig‘inish tarkibiga turli udumlar, an’analar, qurbonliklar, duolar, o‘zini hayot ne’matlaridan cheklash (jumladan, ro‘za tutish) kabilar kiradi. Sig‘inish u yoki bu predmetni ilohiylashtirish (masalan, Ka’badagi qora tosh, ayrim daraxtlar, muqaddas qabrlar, qadamjolar) vositasida amalga oshiriladi. Sig‘inishda turli tumorlar, tasbeh, diniy liboslar ham muhim o‘rin tutadi. Bularning barchasi birgalikda sig‘inishga hissiy-ramziy obraz tusini beradi va kishining ruhiyatiga qattiq ta’sir qiladi. Sig‘inishning alohida ahamiyati shundaki, kishi o‘z hayotining ma’nosini eng oliy qadriyat – narigi dunyoda erishadigan lazzat va fa-
rovonlik bilan bog‘laydi, bu dunyodagi hayotining o‘tkinchi ekanligiga, o‘zining qandaydir tashqi qudratli kuch tomonidan idora etilishiga ishonadi.
Shveysariyalik olim K. G. Yungning fikricha, diniy ramz (simvol)lar inson hayotiga ma’no bag‘ishlaydi. Uning ta’kidlashicha, Amerikadagi pueblo qabilasining hindulari o‘zlarini Quyosh ota farzandlari deb hisoblashadi. Bu narsa ularga umid bag‘ishlaydi, tasalli beradi, hayotini muayyan mazmun va ma’no bilan to‘ldiradi1.
Umid kishiga kuch-quvvat bag‘ishlaydi va insonni nochor real hayotidan tashqari kelajakda kutayotgan rohatbaxsh daqiqalar sari xayolan yetaklaydi. G‘ayritabiiy kuchga ishonish kishining kundalik azob- uqubatlarni o‘tkinchi bir narsa deb qarashiga, hatto o‘limdan ham qo‘rqmasligiga yordam beradi. Chunki taqvodor kishi kelajakda farovon hayotga erishishiga ishonadi. Dinning kuchi ham ana shunda. Kishining xudoga ishonishi bu dunyoni o‘tkinchi sifatida anglashiga ko‘maklashadi, narigi dunyodagi «hayoti»ga umid va ishonch bag‘ishlaydi. Bunday holatni mustahkamlash uchun din turli-tuman ramziy hodisalardan foydalanadi.
Diniy marosimlar ongga ta’sir qiladi. Bu ta’sir jarayonida u nafaqat axloqiy-ma’naviy, balki estetik vositalardan ham foydalanadi. Masalan, diniy marosimlar o‘tkaziladigan joylar – masjid, cherkov, sinagogalarni bezashga katta e’tibor beriladi. Bunday joylarda bo‘lgan kishining ruhiyatida o‘zgarishlar yuz beradi. Buni xristianlikning katolitsizm yo‘nalishi misolida ham ko‘rsatish mumkin. Cherkovning ichki va tashqi qismlari rassomchilik, haykaltaroshlik asarlari bilan bezatiladi, marosimlarga tantanali tus beriladi, xor va organ musiqasidan foydalaniladi. Dindor cherkovdan o‘zini yengil his qilib chiqadi, diniy bilimi kengayadi, e’tiqodi mustahkamlanadi.
Islom dinida ham badiiy-hissiy usullardan ustalik bilan foydalaniladi. Masalan, Qur’onni yoki biror-bir duoni qiroat bilan o‘qish, og‘zaki nutq madaniyati, notiqlik san’ati usullaridan foydalanish yordamida bajariladi. Ta’kidlash joizki, aksariyat din peshvolari va allomalar nutqining ta’sirchanligi hatto ba’zi mashhur professorlarnikidan ham ustun turadi.
Din tarkibida e’tiqod ham muhim o‘rin egallaydi. E’tiqod – kishining muayyan hodisa, uning xossa va xususiyatlari haqqoniy ekanligiga ishonchi.
1 Kapaнг: Œнs P. Г.Apxeтип и cимвoл. – M., 1992. – C. 81.
Ishonch e’tiqodning asosini tashkil etadi. Biroq har qanday ishonch ham e’tiqodga aylanavermaydi. Garchi ishonch va e’tiqod bir-biriga juda yaqin va o‘xshash bo‘lsa-da, biroq ular o‘rtasida farq ham mavjud. Odatda, e’tiqod deganda diniy e’tiqod tushuniladi. Aslida, e’tiqod diniy ham, dunyoviy ham bo‘lishi mumkin. Diniy e’tiqod g‘ayritabiiy kuchlar va hodisalarga ishonish, sig‘inish orqali shakllanadi. E’tiqodning dunyoviy ko‘rinishi esa insonni o‘rab turuvchi obyektiv olamdagi narsa va hodisalarni hissiy tajriba va ilmiy bilish asosida shakllanadi.
Diniy marosimlarni dindorlar yakka tartibda yoki jamoaga birlashib amalga oshiradilar. Ularning jamoaga birlashuvi osonlikcha kechmaydi. Shu tariqa diniy ijtimoiy institutlar shakllanadi. Bunday institutlarning boshlang‘ich bo‘g‘ini dindorlar guruhidir. Dastlabki dindorlar guruhi mehnat, urug‘ jamoalari negizida yuzaga kelganligi bois butun urug‘ yoki qabila a’zolarini birlashtirgan. Diniy marosimlarda barcha urug‘ a’zolari ishtirok etgan. Diniy tajribaning ortib borishi bilan diniy marosimlarni bajarishni tashkil etuvchi va boshqaradigan mutaxassislar – shomonlar, sehrgarlar – ajralib chiqqan. Ular asta-sekin mazkur faoliyat turini o‘zlashtirib, kasbiy gu- ruhlarga birlashganlar.
Xususiy mulk, sinflar va davlatning paydo bo‘lishi bilan dinning ijtimoiy vazifalari kengayib borgan. Dinning vazifalaridan biri hukmron sinf va davlat manfaatlariga xizmat qilish bo‘lgan. Mavjud siyosiy tizim va hukmdorning shaxsi ilohiylashtirilgan.
Jamiyatdagi o‘zgarishlar diniy marosimlar va institutlarga ham ta’sir etgan. Diniy marosimlarning murakkab tizimlari shakllangan. Nisbatan mustaqil faoliyat ko‘rsatadigan kohinlar korporasiyasi yuzaga kelgan. Diniy korporatsiya faoliyat turiga ko‘ra birlashgan kishilarning tashkiloti bo‘lgan. Lekin u davlat apparatining tarkibiy qismi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. Shu davrdan boshlab kohinlar alohida tabaqaga birlashganlar. Davlat tuzumi va hukmdorning muqaddaslashtirilishi kohinlarning jamiyatdagi mavqeini mustahkamlab borgan. Kohinlar o‘z davrining eng bilimdon vakillari sifatida davlatning siyosiy tizimi shakllanishida faol ishtirok etganlar.
Ijtimoiy taraqqiyot va ijtimoiy institutlarning takomillashuvi jarayonida din davlat siyosiy tizimining tarkibidan ajralib chiqqan va mustaqil faoliyat ko‘rsata boshlagan. Diniy tashkilot ham davlatning siyosiy tizimidan mustaqil faoliyat ko‘rsatuvchi tashkilotga aylangan.