Qo‘llanma O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va amaldagi qonunlari asosida, diniy siyosatdagi o‘zgarishlar, uning ijtimoiy hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatini hisobga olgan holda tuzildi. Unda dinshunoslik fanining predmeti va vazifalari, dinning vujudga kelishi, ilk shakllari, davlat, milliy va jahon dinlari xususida fikr yuritiladi. Shu bilan birga, diniy fundamentalizm va ekstremizm, ularning maqsad va tahdidi, mamlakatimizda olib borilayotgan diniy siyosat kabi masalalar batafsil tahlil qilinadi.
IIV Akademiyasi tinglovchilariga, oliy o‘quv yurtlarining talabalari, o‘qituvchilari, shuningdek barcha qiziquvchilarga mo‘ljallangan.
BBK 86.3ya73
Taqrizchilar: falsafa fanlari nomzodi, dotsent
A.O‘. O‘tamurodov; tarix fanlari nomzodi, dotsent
E.Q.Arifdjanov
O‘zbekiston Respublikasi IIV Akademiyasi, 2007
SO‘ZBOSHI Komil insonni tarbiyalash milliy mafkuraning asosiy g‘oyasi va davlat siyosatining ustuvor vazifalaridan biri hisoblanadi. Mazkur vazifani ijtimoiy hayotga tatbiq etish davlat tashkilotlari, muassasalari va jamoat birlashmalarining doimiy diqqat markazida turadi. Zero, yosh avlod nafaqat bizning kelajagimiz, balki hozirgi dolzarb muammolarni hal etishda ilg‘or g‘oyalar bilan ishtirok etuvchidir.
Ma’lumki, ma’naviy yetuk, bilimli, mustaqil fikrga ega va jismonan sog‘lom avlodni tarbiyalash ilg‘or maorif tizimi va malakali mutaxassis kadrlar tomonidan ta’minlanadi. O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida ijtimoiy hayotning turli sohalarida, shu jumladan yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishda katta yutuqlarga erishildi. Maorif sohasida uzluksiz ta’lim tizimiga o‘tildi. Zamonaviy o‘quv dargohlari qurilib, yangi texnik vositalar bilan jihozlandi. Ta’lim jarayoni xalqaro tajriba va milliy mentalitetimizni hisobga olgan holda tashkil etildi. Bilim dargohlari yangi darsliklar, qo‘llanmalar va o‘quv-metodik materiallar bilan ta’minlandi.
Ushbu o‘quv qo‘llanma respublikamizda olib borilayotgan diniy siyosatdagi o‘zgarishlar, uning ijtimoiy ahamiyatini hisobga olgan holda yozildi. Unda dinshunoslik fanining predmeti, maqsad va vazifalari, yosh avlodni tarbiyalashdagi o‘rni va ahamiyati to‘g‘risida so‘z boradi. «Din» tushunchasi, dinning tarkibiy qismlari, vazifalari, vujudga kelish va jamiyatda saqlanib qolish sabablari, tarixiy davrlarda unga munosabat kabi masalalar tahlil qilinadi. Mazkur qo‘llanma dinning jaholat, aqidaparastlik, o‘zgalar fikriga toqatsizlik va ijtimoiy taraqqiyotga to‘sqinlik qiluvchi kuch ekanligi haqidagi noto‘g‘ri tasavvurlarga qarshiligi to‘g‘risidagi ijtimoiy fikrning vujudga kelishiga ko‘maklashadi.
Dinning ilk shakllari insoniyat tarixining dastlabki davrlarida ibtidoiy odamning dunyoqarashi sifatida vujudga kelgan. O‘sha davrlardan buyon din insonning tabiiy ehtiyojlari va mayllarini jilovlash vositasi, madaniyatning rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatgan ijtimoiy ong shakli hisoblanadi. Ijtimoiy hayotdagi o‘zgarishlar diniy ta’limotda ham o‘ziga xos jarayonlarni keltirib chiqargan. Ular ta’sirida davlat va milliy dinlar vujudga kelgan. Qudratli xudolarga sig‘inish va ko‘pxudolik shakllangan. Xalqlar o‘rtasidagi ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanishi, yirik imperiyalarning paydo bo‘lishi natijasida dinlar davlat va elatlar doirasidan
chiqib, umuminsoniy ahamiyat kasb etgan va shu tariqa jahon dinlari vujudga kelgan. Lekin diniy qarashlarning rivojlanish jarayoni hozir ham davom etmoqda.
Mazkur qo‘llanmada jahon dinlari ta’limoti, aqidalari va ma- rosimlariga ko‘proq e’tibor berilgan. Zero, ular xalqlarning ijtimoiy, siyosiy va madaniy taraqqiyotiga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Jumladan, millatlarning urf-odatlari, an’ana va marosimlaridagi umumiylikda jahon dinlarining ta’sirini yaqqol ko‘rish mumkin. Bu jarayonlar dinlarning keskin raqobati sharoitida rivojlangan. Hozirgi davrda ular o‘rtasidagi raqobat global muammo darajasiga ko‘tarildi. Bunga sabab vayronkor kuchlarning dindan siyosiy manfaatlar yo‘lida foydalanishga intilishidir.
Dunyoviy taraqqiyot yo‘lini tanlagan O‘zbekistonda dinning ijtimoiy ahamiyati qayta tiklandi. Diniy konfessiyalarning rasmiy faoliyati uchun barcha shart-sharoitlar yaratildi. Millatlar o‘rtasida tinchlik, hamjihatlik va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlarni shakllantirishda dinlarning imkoniyatlaridan keng foydalanilmoqda. Bu esa dinning yosh avlodni ma’naviy tarbiyalash va dunyoqarashini shakllantirishdagi faol ishtiroki bilan bog‘liq.
Mazkur qo‘llanmani tayyorlashda dinshunoslik fanini IIV Aka- demiyasida o‘qitish davrida to‘plangan tajriba va materiallardan, O‘zbekiston va xorijiy mamlakatlarda chop etilgan manbalar va ada- biyotlardan, jumladan 1, 7, 8, 9 va 10-mavzularni yozishda falsafa fanlari doktori, professor A. Q. Qodirovning materiallaridan unumli foydalanildi. Shuningdek, respublikamiz oliy o‘quv yurtlari talabalarining dinshunoslik fanidan muntazam ravishda o‘tkazib kelinayotgan olimpiadalarda to‘plangan ayrim manbalar ham kiritildi.
«Dinshunoslik asoslari» o‘quv qo‘llanmasi mazkur predmetni o‘r- ganish va o‘qitishdagi tajriba va bilimlarni umumlashtirish natijasidir. Shu bois muallif kitobxonlarning ushbu qo‘llanma yuzasidan bildirgan mulohazalarini minnatdorlik bilan qabul qiladi.