103-modda. Tugatilayotgan jamiyat mol-mulkini aksiyadorlar o‘rtasida taqsimlash Oldingi tahrirga qarang. Kreditorlar bilan hisob-kitob qilib bo‘linganidan keyin tugatilayotgan jamiyatning qolgan mol-mulki tugatuvchi tomonidan aksiyadorlar o‘rtasida quyidagi navbat bo‘yicha taqsimlanadi:
(103-moddaning birinchi qismi birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2007-yil 14-dekabrdagi O‘RQ-127-sonli Qonuni tahririda — O‘R QHT, 2007-y., 50-51-son, 506-modda) birinchi navbatda ushbu Qonunning 44-moddasiga muvofiq qaytarib sotib olinishi lozim bo‘lgan aksiyalar bo‘yicha to‘lovlar amalga oshiriladi;
ikkinchi navbatda imtiyozli aksiyalar bo‘yicha yozilgan, biroq to‘lanmagan dividendlarni va jamiyat ustavida imtiyozli aksiyalar bo‘yicha belgilangan tugatish qiymatini to‘lash amalga oshiriladi;
uchinchi navbatda tugatilayotgan jamiyatning mol-mulkini oddiy (odatdagi) aksiyalar va barcha turdagi imtiyozli aksiyalarning egalari bo‘lmish aksiyadorlar o‘rtasida taqsimlash amalga oshiriladi.
Mol-mulkni har bir navbat tartibi bo‘yicha taqsimlash avvalgi navbat tartibi bo‘yicha mol-mulk to‘liq taqsimlab bo‘linganidan keyin amalga oshiriladi.
Agar jamiyatning mavjud mol-mulki yozilgan, biroq to‘lanmagan dividendlar va jamiyat ustavida belgilangan tugatish qiymatini bir turdagi imtiyozli aksiyalarning egalari bo‘lmish barcha aksiyadorlarga to‘lash uchun yetarli bo‘lmasa, mol-mulk ana shunday turdagi imtiyozli aksiyalar egalari bo‘lmish aksiyadorlar o‘rtasida ularga qarashli shu turdagi aksiyalarning soniga mutanosib ravishda taqsimlanadi.
Chet ellik investor mol-mulk tugatish qiymatining o‘zi olgan qismini belgilangan tartibda ayirboshlashga haqlidir.
104-modda. Jamiyat tugatilgan payt Davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ yuridik shaxslarning yagona davlat reyestriga tegishli yozuvlarni kiritib qo‘ygan paytdan e’tiboran jamiyatni tugatish tamomlangan, jamiyat esa faoliyatini tugatgan hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang. Yuridik shaxslarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ jamiyat tugatilganligi haqidagi tegishli yozuvni jamiyat qimmatli qog‘ozlari chiqarilishlarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi bekor qilinganidan keyingina kiritadi.
(104-modda O‘zbekiston Respublikasining 2008-yil 26-sentabrdagi O‘RQ-183-sonli Qonuni asosida ikkinchi qism bilan to‘ldirilgan — O‘R QHT, 2008-y., 39-son, 392-modda)