Foma Akvinskiy ta’limoti. O‘rta asr xristian aristotelizmining eng mashhur namoyandasi, shubhasiz, «Doktor angelikus», (“Farishta doktor”) nomini olgan Foma Akvinskiydir (1225-1274). Foma Neapol yaqinidagi Akvina shahridagi Rokkasekka qasrida dunyoga keldi. U oliynasab graflar avlodidan edi bo‘lib, dastlab, Monte-Kaskinodagi Benidiktlar abbatligida ta’lim oladi va 1239-yilda Neapoldagi mashhur universitetlardan birining “Erkin san’at” fakultetiga o‘qishga qabul qilinadi hamda 1243-yilda ushbu universitetni tamomlaydi. U Neapolda 1244yilda Dominikanlar ordeniga qabul qilinadi. 1245-yilning kuzida u Parijga ketadi va ma’lum muddat Buyuk Albert rahbarligida Parij universitetining ilohiyotshunoslik fakultetida tahsil oladi, to magistr darajasiga ega bo‘lmaguncha (1259-yil) Parijda qoladi. Keyinchalik Parijdan Italiyaga jo‘nab ketgan Foma turli universitetlarda ilohiyotdan dars beradi. 1272-yilda yana Parijdan ketgach 1273-yilda Neapol universitetlarida dars beradi. 1274-yilda u papa Grigoriy X ning taklifi bilan Lion saboriga yo‘l oladi va yo‘lda to‘satdan salomatligi yomonlashib, vafot etadi. Uning asosiy asarlari: “Sentensiya Petr Lambardskiyning to‘rt kitobiga sharhlar” (12541256), “Majusiylarga qarshi dalillar” (1262-1264), “Teologik jamlanma” (1-va 2qismlar (1264-1265), 3-qism 1272-1273 yillar yozilgan, biroq asar yakunlanmagan),
“Muqaddas uchlik haqida” va “Sidmitsiyalar haqida” asarlari (asarlar Boesiy asarlariga sharhlar bo‘lib, 1262-yilgacha yozilgan); “Dionisiyning “Ilohiy nomlar” asariga sharhlar” (1268-yilgacha), “Sabablar haqidagi kitobga sharhlar” (1270yilgacha), “Haqiqat haqida savollar” (1256-1259), “Kuch-qudrat haqida” (12591268), “Ruh haqida” (1269-1270), “YOvuzlik haqida” (1270-1271) traktatlari; “Ma’no va mohiyat haqida” (1256), “Averroistlarga qarshi intellektning yagonaligi haqida” (1270), “Elementlarning qo‘shilishi haqida” (1270-1271), “Varchunovga qarshi olamning abadiyligi haqida” (1271) kabilardan iborat.
Foma qarashlariga muvofiq ilohiyot va falsafa mohiyatan Aristotel tushunchasidagi fan hisoblanib, asosida birlamchi prinsip yotuvchi bilimning ayrim tizimlarida, zaruriy xulosalar faqatgina sillogistik yo‘l bilan chiqariladi.
Teologiya va falsafa mohiyatan mustaqil fan bo‘lib, teologiya hamda tafakkur prinsiplari bir-biridan farq qiladi. Ilohiy vahiyning haqiqat qismi aqldan yuqori xarakterga ega deb hisoblanadi (masalan, muqaddas uchlik aqidasi, birlamchi gunoh tushunchasi). Uning qolgan jihatlari esa ratsionaldir (masalan, xudoning borligi hamda ruhning abadiyligi aqidalari). Birinchi haqiqat o‘zida “vahiy ilohiyoti”ni yoki “muqaddas doktrina” (lot. sakra doktrina) ni aks ettiradi, ikkinchisi esa spekulyativ falsafiy fanlarning yuqori qismi “tabiiy ilohiyot”ni namoyon qiladi. Foma fikriga ko‘ra, narsalar haqidagi ochiq va aqldan yuqori bilimlar tabiiy bilimlar bilan qarama-qarshi emas, chunki ularning har ikkisi ham haqiqatdir. Ilohiyot fanlarining maqsadi va vazifasi ilohiy kitoblardagi haqiqatni barchaga tushunarli, ayon, ishonarli bo‘lishi uchun batafsil talqin hamda tizimli bayon qilib berishdan iborat.
Fomaning ta’kidlashicha, ilohiyot falsafaning xizmatidan foydalanishi mumkin.
Xristian dinining asosiy maqsadi insonni xalos etish ekan, bu nuqtai nazardan, “falsafa ilohiyotning cho‘risi bo‘lmog‘i kerak”, deya ta’kidlaydi Foma. SHuningdek, u inson tafakkuri va bilimi bevosita tarzda individual ruhni xalos etishga qodirdir, deya ta’kidlarkan, Foma O‘rta asrlardagi insonni tabiatan ojiz, gunohkor deya baholovchi salbiy jihatlarga qaramay, ratsional bilimning imkoniyatlarini past baholamaydi, aksincha, uni eng ijobiy tarzda qo‘llab, oqibatda uni oqlaydi.
Biroq bunda xudoning mavjudligini yaratilgan mavjudotlarga qarab qisman isbotlash mumkin. Foma Akvinskiy beshta shunday dalil keltiradi (lot. quinque viae,ya’ni “beshta yo‘l” yoki “beshta dalil” degan ma’noni anglatadi): 1) ex motu – “harakat-sabab”; 2) ex ratione effisientis – “keltirib chiqaruvchi sabab”; 3) ex kontingente et nesessario – “zaruriy sabab”; 4) ex gradibus perfektionis – “mukammalik darajasiga ko‘ra sabab”; 5) ex gubernatione rerum – “ilohiylikning narsalar ustidan hukmronlik sababi”.
Birinchi dalilda Foma, “harakatlanib” (bir-biri bilan qorishadigan), sifatiy va miqdoriy jihatdan o‘zgarib, paydo bo‘lib-yo‘qoladigan, shuningdek, “har qanday potensiya va moddiylikdan xoli abadiy harakatsiz birlamchi turtkida” mavjud bo‘lishga intilib, turli potensiyalarga o‘z-o‘zidan realizatsiya bo‘luvchi narsalarni keltiradi. Falsafa tarixchisi Kopulston ta’kidlaganidek: “Akvinalik birinchi dalilda
“Harakatlanuvchi” narsalar mavjudligidan “harakatlanmaydigan” yuqori dvigatelning mavjudligiga qarab boradi”. U ikkinchi dalilda, azaldan hech qanday sababga ega bo‘lmagan birlamchi sababdan vujudga kelgan, mavjud tartibot yoki borliq ierarxiyasini ko‘rsatadi. “...ikkinchi dalilda akvinalik tartibot yoki harakatlanuvchi sabablar ierarxiyasi mavjudligidan, cheklangan deatamalanmagan sabablar mavjudligiga qarab boradi”. Uchinchi dalil, mavjud bo‘lmagan zaruriyatni mutlaq zaruriyatga aylantirish uchun, borliqqa ega yoki undan xalos bo‘ladigan mavjud narsalar keltiriladi. “...uchinchi dalilda akvinalik borliqqa aylanishi va yo‘q bo‘lishga qodir (imkoniy) narsalar” mavjudligidan, zaruriy mutlaq zaruriy mavjudga qarab boradi...” To‘rtinchi dalilda tugal narsalarning mukammal darajasining mavjudligidan barcha chegaralangan mukammalikning sababi bo‘lgan mohiyatning mavjudligi nazarda tutiladi; “...to‘rtinchi dalilda akvinalik eng so‘nggi narsalardagi takomillashuv darajalarning mavjudligidan, eng oxirgi komillikning sababi o‘laroq namoyon bo‘luvchi vujudning mavjudligiga qarab boradi...” beshinchi dalilda esa moddiy narsalarning maqsad sababidan olam tartiboti uchun javob beruvchi Aqlga intilish aytib o‘tiladi. “...beshinchi dalilda akvinalik moddiy dunyodagi maqsadga muvofiq sababiylikdan, olamdagi maqsadga muvofiqlik va tartibotga javobgar aqlga qarab boradi.” Mazkur mulohazalarning umumiy jihati shundaki, narsalar va ularning xususiyatlarini harakat sifatidagi mavjudligi borliqni narsa va unga xos xususiyat sifatida shartlovchi sababning borligini anglatadi. Narsalarni vujudga keltiruvchi sabablar zanjiri va narsalarning xususiyati zarurat yuzasidan chegaralangan bo‘lishi lozim, agarda bunday bo‘lmasa, hech kim va hech narsa voqe’lik bo‘la olmasdi. Demak, Foma xulosa qilib ta’kidlaydiki, yaratilgan narsalarning mavjudligi shundan dalolat beradiki, olamda qandaydir mangu, cheksiz birlamchi sabab bor: bu – ilohiy kitoblar tili bilan aytganda, qudratli va bilish imkonsiz bo‘lgan xudodir.
Dostları ilə paylaş: |