Metodlarning tasnifi. Metodlar bilish vositasi ekan, u barcha fan sohalarida predmetni bilishda asosiy qurol hisoblanadi. SHuningdek bilishning qonuniyati, darajasi, tamoyillari, sohalariga qarab metodlar umumiy, xususiy hamda fanlararo tadqiqotlar metodlariga bo‘linadi. Umumiy xarakterga ega bo‘lgan metodlar: taqqoslash, analiz va sintez, umumlashtirish, abstraktlikdan konkretlikka qarab borish, induksiya va deduksiya hamda har bir fanga xos, lekin turlicha tarzda qo‘llanadigan metodlardir. Hozirgi zamon fani taraqqiyotining muhim xususiyati shundan iboratki, u ko‘pincha voqe’likning biror tomonini shunchaki aks ettirib qolmasdan, balki muayyan maqsadga muvofiq ravishda bu voqe’likni gavdalantiradi ham. Bu hol bilish metodlarini, ayniqsa formal metodlarni ishlab chiqish va tatbiq etishni taqazo etadi. SHuning uchun formal metodlarning logik tuzilishini maxsus o‘rganishga ham katta e’tibor berilmoqda.