Tashlab Nihon koʻngilda boʻlgan illatni,
Kinu bugʻzu adovat, fisqu gʻiybatni,
Sunniy, shiiy soʻzlarni barbodlashaylik,
Millat yoʻlin koʻplashub obodlashaylik.
Ulfatlashub, yozlashub ham qishlashaylik,
Teatr yasab, konsertlar, olqishlashaylik.
1915-yilda nashrga tayyorlangan ushbu toʻplamdan joy olgan yuqoridagi misralar Hamzaning sahna sanʼatiga alohida ahamiyat berganligini koʻrsatadi.
Hamza 1915 yildan faoliyat koʻrsatgan Qoʻqon teatr truppasi uchun sahna asarlari — dramalar yozdi. 1915 yilda yozgan “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” dramasi Hamzaning bu sohadagi birinchi qadami boʻldi. Ushbu dramadan keyin u “Oʻch”, “Muxtoriyat yoki avtonomiya” (1917), “Kim toʻgʻri?”, “Boy ila xizmatchi” (1918) kabi sahna asarlarini yaratdi.
“Zaharli hayot…” dramasi bevosita jadid maʼrifatparvarligi ruhida yozilgan boʻlib, unda ham “Yangi saodat” “milliy ro-man”idagi gʻoya yetakchilik qiladi. “Yangi saodat”da ilmsizlik, jaholat tufayli parokanda boʻlgan Abdulqahhor oilasini yosh Olimjon ilm- maʼrifat orqali saodatli qiladi. Dramada esa jaholat, qoloqlik, mutaassiblik ilm- maʼrifat, taraqqiyot fidoyilari Mahmudxon va Maryamxonlarni fojiaga olib keladi. Ushbu 4 pardali tragediya 1915 yilda yozilib, 1916 yilda Toshkentda “Matbaai Gʻulomiya”da mashhur maʼrifatchilardan, Hamzaning yaqin doʻsti, savdogar boy Saidnosir Mirjalolov (1884-1938) noshirligida bosmadan chiqqan. Muallif asarning janrini “Turkiston maishatidan qiz va kuyov fojiasi” deb belgilaydi.
Asarning bosh qahramonlari Maryamxon va Mahmudxonlar — zamonasining ilgʻor ziyolilari. Ular millat farzandlarini ilm-maʼrifatli qilishdek ulugʻ orzular ogʻushida, romantik xayollar bilan yashaydilar, ularning sevgisi ham nihoyatda pokiza va samimiy. Dramaturg asarda ayniqsa Maryam obraziga alohida eʼtibor qaratadi, uning butun qarashlari Mahmud obrazidan koʻra Maryam qiyofasida namoyon boʻladi. Toʻgʻri, Maryamxonning bu darajaga yetishishida Mahmudxonning xizmatlari katta. Uni maʼrifat yoʻliga olib chiqqan ham Mahmudxondir. Mana — Maryamxonning hayotdagi maqsadi, hayotining bosh maslagi: “…afandim, emdi tezdan ijtihod etingizkim, ikkovimiz qoʻlimiz tutishib, zulmatda qolmish bu millatni, siz quyoshi boʻling-da, men mohitoboni boʻlub, qorongʻi Vatanni yorutaylik; sizda erlarimizning holindan, ban mazluma oilalarimizning holindan gʻazetalarga yozishib, bir- birlarimizi ogohlantiraylik. Chin maqsadingiz boʻlgan qizlar maktabi ochaylik, ban maʼnaviy, siz moddiy xiz-matda boʻling, qadrsiz hamshiralarimizning kasod oʻlmish bozorlarini ilmi naqdiy bila koʻtarishaylik. Chin yashaylik, kelajakdagi avlodlarimizni mozorimizga borib, erlari sizga, qizlari bizning qabrimiz uzasina oq, qizil gullar sochub, Qurʼon oʻqub, ruhlarimizni olqishlarlik darajada bir xizmatlarni maydonga qoʻyaylik… Yoʻq esa qiyomatgacha qabringiz millat va kelajakdagi millat avlodi tarafindan maqhur, qiyomat kuni esa janob Haq va rasul afandimiz qoshinda uyatli va sarnigun oʻlmogʻingizni xotirangizda yodgor qoldiram! Demak, orzu-havas oʻlsa oʻlsin, milliyat, insoniyat oʻlmasun!”
Mahmudxon drama davomida Maryamxonga nisbatan ancha sust, hatto Maryam uni kurash maydoniga tortishga harakat qiladi. U eng soʻnggi iloj — “boshqa mamlakatga qochmoq”qa ham tayyor. Maryamxon Hamzaning “Yangi saodat”idagi ayollardan oʻz dunyoqarashining kengligi, kurashchanligi bilan ham keskin farq qiladi. U shariat, dini islomni buzuvchi hazrat eshon kabi mutaassiblarga qarshi bosh koʻtaradi. Ularning razil qilmishlarini fosh etadi, kelajakka katta umid bilan qaraydi.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, Hamzani (boshqa mutafakkirlarni ham) baʼzan shariat va din peshvolarining ayrim nojoʻya harakatlarini fosh etgani uchun dinsiz, ateist sifatida baholab keldilar. Aslida u dinni emas, mutaassiblikni, mutaassiblarni fosh etadi. Bunga uning “Zaharli hayot…” dramasi dalil. Undagi shariat, islomiyat haqidagi gap-soʻzlarga eʼtibor bering:
“Shariat zolim emas, xoin emas… Shariat har kimni baxtiyor qilgan. Shariatda hurriyat bor, musovot bor, adolat bor. Shariatda jabr — harom. Nikoh tarafaynning ijob qabuli bilan halol boʻlur. Man qabul qilmasam, nikoh fosid, nikoh harom. Oh, shariat! Essiz islomiyat! Shariat bitdimi? Yo Rabbiy!” 2
Hamza oʻzi taʼkidlaganidek, “Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” pyesasi fojia janriga mansubdir. Unda fojia (tragediya)ga xos pafos ufurib turadi. Fojia-tragediyaning xos xususiyatlari haqida Abdurauf Fitrat quyidagilarni yozgan edi: “Asar qahramonining tilak yoʻlidagi qarashlari dramadagidan kuchli boʻlsa, halokatlarga, qonli fojialarga borib taqalsa, tragediya (fojia) boʻladur”.
Asarning ikki yosh qahramoni Maryam va Mahmud zamonasining hal qiluvchi kuchlari mutaassiblarga (asar yozilgan davrda ular hal qiluvchi kuch edi) qarshi kurashadilar. Tomonlar oʻrtasidagi kurash eng yuqori nuqtaga koʻtariladi: ularning istiqbol haqidagi yuksak orzulari chilparchin boʻladi. Natijada, ilojsiz qolgan yoshlar mavjud tuzumga, feodal tartiblarga, jaholatga, mutaassiblarga qarshi isyon sifatida oʻz hayotlariga qasd qiladilar.
--------------------------------------------------------------------
2. Milliy uygʻonish davri oʻzbek adabiyoti,.Toshkent,“Maʼnaviyat”, 2004
Uzoq vaqt Hamzaning hamma asarlaridan sinfiylikni qidirish va har bir asar voqeasiga va qahramonlariga sinfiylik nuqtai nazaridan yondashish hukmronlik qildi. Bu hol “Zaharli hayot…” dramasini baholashga oʻz taʼsirini oʻtkazgan. Toʻgʻri, Mahmudxon boylar toifasiga mansub, Maryamxon oʻta faqir xonadondan chiqqan. Bu ikki yosh qaysi sinfga mansubligidan qatʼi nazar, millat istiqboli uchun kurashadilar. Ularni ulugʻ maqsadlar birlashtiradi. Shuning uchun ham Hamza asar qahramonlarini, ularning insoniy fazilatlariga qarab baholaydi.
“Zaharli hayot yoxud ishq qurbonlari” fojiasi kitobxon yoki tomoshabinlar qalbida Mahmudxon va Maryamxonlarga nisbatan muhabbat, rahm-shafqat, ularni fojiaga olib kelgan mutaassiblik, jaholatga qarshi nafrat tuygʻularini mavj urdirishi kerak edi. Buning uchun dramaturg fojia janri imkoniyatlaridan, soʻz sanʼatining jozibasidan mohirona foydalandi. Bu hol koʻproq Maryamning faol harakatlarida, Mahmudxonning monologlarida namoyon boʻladi. Mahmudxon monologlarida sentimental ruh shu darajada kuchliki, tinglovchi qalbini larzaga soladi. Mahmudxonning oʻlim oldidagi monologi fojianing asl mohiyatini yanada toʻlaroq ochishga xizmat qiladi: “Maryam, Maryamxonim, man dunyoda yashamam!.. Kecha oqshom Maryamxon muhabbat qurboni edi, biz bugun insoniyat, milliyat qurboni! Mundogʻ jaholat, mundogʻ ilmsizlik. Vahshatlik! Bunday zolim xalq orasinda yashamoqdan oʻlim lazzat, lazzat! Bu xil rahmsizlik, shafqatsizlik! Bir vaqtda shariatdan koʻz yumib, islomiyatni qoʻyib, dunyo yoʻliga qadam bosuvchi diyonatsiz qora xalq orasinda tiriklikdan, albatta, oʻlim yaxshi! Oʻlim!.. Oh, ruhi Maryam! Oh, jaholat! Voh, ismigina qolmish islomiyat!..”
Xuddi shu sentimental ruh dramaning tomoshabin qalbiga kirib borishida asosiy vosita boʻlgan. Shuning uchun ham ushbu drama Toshkent, Qoʻqon va boshqa shahar havaskor dramtruppalari tomonidan qayta-qayta sahnalashtirilgan. Bu drama birinchi oʻzbek professional teatr tanqidchisi Mirmulla Shermuhammedov (1886—1923) eʼtiborini qozondi. U Hamza va uning “Zaharli hayot…” dramasi tufayli oʻzbek teatrini “yangi tiriklikka kirgani” bilan tabrikladi: “Zaharlangan turmushning qora sahifalarini tasvirlashda qalamni ustagina yuritgan dramaturgni tabrik etmasdan oʻtolmaymiz… Hamza afandi asarda koʻrinadigan qahramonlarga gʻoyat diqqat ila soʻz va xarakterlar bergan”.
Hamzaning siyosiy qarashlarini, uning Turkiston muxtoriyatiga munosabatini aniq tasavvur qilishda Turkiston muxtoriyati gʻoyasining paydo boʻlishi munosabati bilan 1917 yilda yozilgan “Muxtoriyat yoki avtonomiya” hajviy dramasi muhim ahamiyatga ega. 1917 yil Fevral inqilobi, Romanovlar sulolasining barbod boʻlishi butun jadid mutafakkirlari qatorida Hamzaning ham istiklol haqidagi intilishlariga qanot bogʻladi. Jadidchilik harakatining rahbarlari Munavvarqori Abdurashidxon oʻgʻli va Abdulla Avloniylar tomonidan 1917 yil mart oyida “Shoʻroyi islom” jamiyati tuzildi. Bu jamiyatning “Markaziy shoʻro”si tarkibida Mahmudxoʻja Behbudiy, Mustafo Choʻqayev, Ubaydulla Xoʻjayev kabi siyosiy arboblar bor edi. Shu yilning yozidan bolsheviklarning faolligi kuchaydi va mutaassib din peshvolari “Ulamo” nomi bilan “Shoʻroyi islom”dan ajralib chiqdi. Bu ajralish keyinchalik bolsheviklar uchun qoʻl keldi, “Ulamo” jamiyati mustaqillik uchun kurash olib borgan shoʻroyi islomchilarni barbod qilishda mustamlakachilarga yordam berdi. “Shoʻroyi islom” va “Ulamo” jamiyatlarining shoʻbalari oʻlkaning turli shaharlarida ham tashkil etildi. Fevral inqilobi natijasida Turkistonda qanday davlat tuzish masalasi yuzasidan bu jamiyatlar oʻrtasida keskin ixtiloflar, ziddiyatlar vujudga keldi. Hamza “Ulamo” jamiyatining Qoʻqon shuʼbasi majlisini ushbu “Muxtoriyat yoki avtonomiya” dramasiga asos qilib oldi. Muallif dramaning qisqacha syujetini shunday bayon qiladi: “Turkistonda hurriyat boʻluvi munosabati ila yoshlar va ulamolar orasinda ixtilof oʻlaroq ulamolar ayrilib ketuvlari, ruhoniy majlisin tasviridir”.
Bu oʻrinda yoshlar — “Shoʻroyi islom” jamiyati aʼzolari, yaʼni jadidlar; ulamolar — mutaassib qadimchilar “Ulamo” jamiyati aʼzolari ekanligi dramaning boshidan oxirigacha koʻzga yaqqol tashlanib turadi. Asar muallifi el-yurt taqdirini oʻz zimmalariga olgan ulamolar qanchalik razil, nashavand, tuban kishilar ekanliklarini oʻz tillaridan fosh etadi. Ular hatto avtonomiya, muxtoriyatning qanday davlat tizimi ekanligini tasavvur ham qila olmaydilar:
“L.(domla): Bu demokraticheskiy respublikani bizga koʻp zarari bor emish. Zeroki, bizdan podshoh boʻlmas emish, tagʻin avvalgʻidek qozi, mudarrislarni hukamolar, gubirnatorlar saylab qoʻyodirlar emish. 2-nchi, xotunlarni koʻchada faranjisiz (hamma yoqosin ushlab, «Astagʻfirulloh!” “Navzanbilloh!..”) chiqub yurishi uchun farmonlar boʻlur emish… Endi boʻlari boʻldi. Xoʻsh! Iftor, toʻy, zakot, xayr-ehson degan gaplar bari sop boʻldi!..»
“F.(domla): Aytmadimmi, bu kishi ham gʻaznot oʻqiydirlar, yaki az taroqchi, biz endi shul din buzuqi gumroh totor shum usuli jadidchilarga qoʻshilar ekanmizda, hayhot! Bale!” 2
Mustaqillikka qadar hamzashunoslar bu dramani Qoʻqon muxtoriyatining “rasvosini chiqargan”, uning “reakdion mohiyati”ni fosh etgan asar sifatida baholab keldilar. Aslida Hamza Turkiston muxtoriyatini tuzishda faol ishtirok etgan jadidlarga qarshi buzgʻunchilik, sotqinlik ishlarini olib borgan mutaassib “Ulamo” jamiyati aʼzolarining naqadar nodonligini, kaltafahmligini fosh etgan edi. Asarda qahramonlar ismining bosh harfi berilgan. Hamza ushbu asar tufayli “Ulamo” jamiyatining taʼqibiga uchradi va 1917 yil oktyabridan 1918 yilning 10 martiga qadar Turkiston shahrida doʻsti Saidnosir Mirjalolov xonadonida yashirinib yashadi*.
Dostları ilə paylaş: |