Alisher navoiy nomidagi



Yüklə 0,77 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə10/20
tarix08.05.2023
ölçüsü0,77 Mb.
#109605
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   20
abdulla ulug\'ov adabiyotshunoslik nazariyasi (1)

(Hamid Olimjon)
Bu misralarda turoqlanish 4+5 tarzida guruhlangan. Qo-
fiya dosh so‘zlar (“bor”, “yor”)ning vazn jihatdan tengligi mu­
siqiylikni paydo qilgan.
Misralardagi bo‘g‘inlar, turoqlarning ma’lum bir o‘lchovda 
kelishi vazndir. Vazn arabcha “o‘lchov”, “tarozi” degan ma’noni 


174
175
bildiradi. O‘zbek adabiyotidagi aksariyat she’r lar aruz va barmoq 
she’r tizimiga mansubdir. Aruz Sharq ada biyotida qadimdan 
keng tarqalgan. Barmoq turkiy she’riyatga xos vazndir. Bundan 
tashqari, erkin vazndagi she’rlar (oq, erkin, sarbast) ham mavjud. 
Aruz, barmoq, erkin vazndagi she’rlar ifoda usuliga ko‘ra, bir-
biridan farq qiladi. Ular tuzilishi, shakli, ko‘rinishi jihatidan 
ajralib turadi. 
Vazn muayyan she’rda namoyon bo‘luvchi ritmik hodisadir. 
Shu bois “aruz vazni”, “barmoq vazni” deyish nazariy jihatdan 
to‘g‘ri emas. Chunki aruz ham, barmoq ham ko‘plab vaznlarni 
o‘z ichiga olgan she’r tizimlaridir. Masalan, aruz tizimi 
qisqa, cho‘ziq va o‘ta cho‘ziq hijolarning muayyan tartibda 
takrorlanishiga asoslanadi. Vazn esa takrorlanishning muayyan 
she’rdagi tartibini belgilayotgan o‘lchovni bildiradi. Agar 
“g‘azal ramali musaddasi solim vaznida yozilgan” deyilsa, uning 
bir baytida 6 ta, har bir misrasida uchtadan rukn, har bir ruknda 
4 tadan hijo borligi, hijolar “cho‘ziq – qisqa – cho‘ziq - cho‘ziq” 
tartibidan guruhlangani anglashiladi.
Qofiya she’rni jarangdor qiluvchi, misralarga musiqiy 
ohang beruvchi muhim unsurdir. U misralar oxirida keladigan 
ohangdosh so‘zlardir. Turoq, ritm orqali misralarda vujudga 
kelgan ohangdorlik qofiya tufayli mukammallashadi. Qofiyaning 
jarangdor bo‘lishi she’rning ta’sirchanligini kuchaytiradi. 
Qofiya tufayli misralar oxiriga yetganday tuyuladi­yu, tamom 
bo‘lmaydi. Chunki ularning ma’nosi tugal bo‘ladi-yu, ohangi 
quloqda jaranglab turadi. Shunda kishining qalbida ajib ohanglar 
hosil bo‘ladi va uning sadolari butun vujudini qamrab oladi. 
O‘shanda odam o‘zida ilgari his qilmagan allaqanday shirin 
lazzatni his etadi va nazarida tevarak-atrof nurga to‘lib, yorishib 
ketganday, hamma yoq go‘zallikka burkanganday tuyuladi. Bir 
zumga bo‘lsa-da, hamma narsani, odamlarni quchib, bag‘riga 
bosgisi keladi. So‘zning qofiya, va boshqa unsurlari tufayli 
paydo bo‘ladigan bu kabi xususiyatlari u ilohiyotga daxldorligi 
va butun borliq uning vositasida yaratilganini bildiradi.
Ohangdoshlik darajasiga ko‘ra qofiyalar to‘liq qofiya va 
och qofiya deb ajratiladi. Bir­biriga to‘la ohangdosh so‘zlar 
qofiyadosh bo‘lib kelsa, bu to‘liq qofiya deyiladi. 
Yuksak arg‘uvonning uchida hilol
Paxmoq bulutlarni etadi nimta.
Qaydadir shoira kuylaydi behol:
– Ko‘nglim ham bu kecha oyday yarimta...
Uvada kamzulda billur tugmaday
Bulutlar ortidan boqadi yulduz.
Qaydadir yurtini eslab ingrar nay,
Qaydadir qo‘zigul yoradi ildiz.
Qaydadir gulshandan axtarib visol
Yel kezar – tog‘larning go‘zal arvohi.
Shoirning dilrabo baytlari misol
Oh tortib tizilar turnalar gohi.
Qizg‘aldoq bargidek uchar dildan g‘am,
Toshqinlar kiradi qalbimga manim.
Bahoring muborak bo‘lsin ushbu dam
Mening O‘zbekiston – dilbar Vatanim.
(Abdulla Oripov)
Mazkur satrlardagi hilol – behol, nimta – yarimta, tugmaday – 
nay, yulduz – ildiz, visol – misol, arvohi – gohi, g‘am – dam, 
manim – Vatanim so‘zlari o‘zaro to‘la ohangdosh bo‘lib, ular 
to‘liq qofiya hosil qilgan.
Ba’zi she’r misralarida so‘zlardagi aksariyat tovushlar 
emas, balki ba’zi bir tovushlargina bir xil bo‘lib ular muayyan 
ohangdoshlikni yuzaga keltiradi. Bunday ohangdosh so‘zlarga 
och qofiya deyiladi.
Biz Romeo, telba Romeo, 
Sevib qolgan oshiq Dartanyan.
Romanlarda ishqiy sarguzasht,
Romanlarda haqiqat tuban...


176
177
Shaharchamiz navqiron Parij,
Karetalar... xayollarda yor.
Direktorning qoshida g‘urur–
Burni qonayotgan mushketyor. 
(A. Qutbiddin)
Dartanyan – tuban, yor – mushketyor so‘zlari “hilol – behol”, 
“nimta – yarimta” darajasida ohangdosh emas. Shuning uchun 
ularni och qofiya deyish mumkin. Qofiyalar she’riy asarlardagina 
emas, ba’zan nasriy asarlarda ham uchraydi. Bunday nasriy 
asarlar saj’ (qofiyali nasr) deb yuritiladi. Saj’, ayniqsa, folklor 
asarlarida keng qo‘llanadi: “Uning uchta o‘g‘li bor edi, uchovi 
o‘qigan, oq-u qorani tanigan, yuzlari oyday, o‘zlari toyday, 
yomon bilan yurmagan, yomon joyda turmagan ekanlar”. Ekan – 
o‘qigan – tanigan, oyday – toyday, yurmagan – turmagan so‘zlari 
o‘zaro qofiyadoshdir.
Radif qofiyadan keyin misralar oxirida takrorlanib keluvchi 
aynan bir xil so‘z yoki so‘z birikmasidir. Radif arabcha “otga 
mingashib kelmoq” degan ma’noni bildiradi. Sharq she’riyatida 
radif keng qo‘llanadi. Jumladan, Alisher Navoiy g‘azal, ruboiy, 
tuyuqlarida ham radiflar ko‘p ishlatiladi. Masalan:
Jondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz,
Sondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz.
Har neniki sevmak ondin ortiq bo‘lmas,
Ondin seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz.
Ushbu ruboiyda “seni ko‘p sevarmen, ey umri aziz” so‘zlari 
radif sifatida misralar oxirida takrorlangan. Radiflar bitta so‘z 
yoki yuqoridagi singari bir necha so‘zdan iborat bo‘lishi mumkin. 
Turoq bo‘g‘inlar guruhidan tashkil topadi. Turoqlar 
guruhidan misralar vujudga keladi. Misralar ham xuddi bo‘g‘in, 
turoqlar singari uyushib, muayyan musiqiylik hosil qiladi. 
Misralarning bunday birikuvi bandlarni vujudga keltiradi. 
Band misradan ko‘ra kengroq, ko‘lamliroq, tugallangan fikrni 
anglatadi. Band she’rning ritm-intonatsiya va mazmun jihatidan 
nisbiy mustaqillikka ega bo‘lagidir. Band turlari ko‘proq undagi 
misralar sonidan kelib chiqib belgilangan: ikkilik (masnaviy, 
bayt, distix), uchlik (musallas, terset), to‘rtlik (murabba’, katren) 
va boshqa. Mumtoz she’riyatda she’riy asarda bandlarning bir 
xil (misra soni, o‘lchovi, qofiyalanish tartibi) bo‘lishiga qat’iy 
amal qilingan. Keyinchalik astofik (bandlaridagi misralar soni 
turlicha), getrometrik (o‘lchovi turlicha misralardan tarkib topgan 
bandlardan iborat) she’rlar paydo bo‘lgan. Jahon she’riyatida 
har bir bandi 2 tadan 16 tagacha misrani birlashtirgan she’rlar 
mavjud. 
Har bir milliy adabiyotning o‘ziga xos she’r shakllari bor. 
Negaki she’r milliy tillarga xos xususiyatlar asosida paydo 
bo‘ladi. Shu boisdan she’r tizimlari, vaznlari har bir xalq tilining 
ichki qonun-qoidalariga mos holda vujudga keladi. 
Jahon adabiyotida to‘rtta she’r tizimi, ayniqsa, keng tarqalgan. 
Bular: sillabik (bo‘g‘inlar miqdoriga ko‘ra), metrik (turoq, 
to‘xtam (pauza), takt miqdoriga ko‘ra), sillabo-tonik (bo‘g‘in va 
ohang), tonik (ohang) tizimlaridir. “She’r – muayyan o‘lchovdagi 
ritmik nutq” deyiladi. Bo‘g‘in she’rga xos eng muhim unsur 
bo‘lgani bois u she’r tizimini belgilashda asos qilib olinadi. 
Jahon xalqlarining tili bir-biridan so‘zlarda bo‘g‘inlarning 
tuzilishi, tarkibi va miqdori jihatidan ham farq qiladi. Ayni 
xususiyat she’rda ham aks etadi. Ya’ni har bir xalqning she’riyati 
shu xalq tiliga xos xususiyatlarni o‘zida mujassamlashtiradi. 
Shundan kelib chiqib, jahon she’riyatida sillabik, tonik, metrik 
she’r tizimlari mavjudligi ta’kidlanadi.
Sillabik she’r tizimi muayyan miqdordagi bo‘g‘inlardan 
iborat misralarning takrorlanishiga asoslanadi. So‘zlarda urg‘u 
o‘zgarmaydigan tillar (masalan, fransuz tili)da she’r uchun asosiy 
xususiyat misralarning bir xil miqdorda bo‘lishidir. Sillabik she’r 
tuzilishiga xos xususiyatlar fransuz, polyak she’riyatida yaqqol 
seziladi. Fransuz tilida urg‘u, odatda, so‘zning oxirgi bo‘g‘iniga, 
polyak tilida esa oxirgisidan oldingi bo‘g‘inga tushadi. Bu 
tillarda urg‘u ma’noga ta’sir etmaydi. Rus tilida esa urg‘u so‘z 


178
179
ma’nosini belgilaydi. Fransuz tilidagi o‘n ikki hijoli she’rda 
urg‘u doim oltinchi va o‘n ikkinchi bo‘g‘inlarga tushadi. O‘zbek 
tilida ham so‘zlarda urg‘u o‘rni o‘zgarmaydi. O‘zbek tilida urg‘u 
doimo so‘zning so‘nggi bo‘g‘inida keladi. O‘zbek she’riyatini 
sillabik she’r tizmiga kiritish mumkin. Chunki misralarda 
bo‘g‘inlar miqdori teng bo‘lishi o‘zbek xalq she’riyati uchun 
ham, zamonaviy she’riyatimiz uchun hам asosiy xususiyatdir.
Sillabik yunoncha “syllable” bo‘g‘in so‘zidan olingan. Bar-
moq vaznidagi she’rlar sillabik she’r tizimiga mansub. Barmoq 
vazni uchun misralarda bo‘g‘inlar tengligi asosiy xususiyatdir. 
Barmoq vaznidagi she’rlarda misralardagi bo‘g‘inlar muayyan 
tartibda turoqlanadi, ya’ni guruhlanadi. Barmoq vazni misralar-
dagi bo‘g‘inlar miqdorining tengligi va ularning bir xil tartibda 
guruhlanib takrorlanishiga asoslanadi.
Tonik she’r tizimida she’r misralaridagi bo‘g‘inlarning ur-
g‘uli yoki urg‘usizligi asosiy o‘rin tutadi. Tonik she’r tizimida 
urg‘uli hijolar muayyan nisbatda takrorlanadi. Bunday she’rlarda 
urg‘uli hijolar o‘rtasida urg‘usiz hijolar nisbatan erkin bo‘ladi. 
Rus, ingliz nemis she’riyati urg‘uli hijolar ma’lum tartibda 
takrorlanishiga asoslanadi. 
Metrik she’r tizimida misralardagi bo‘g‘inlarning cho‘ziq va 
qisqaligi va ularning ma’lum tartibda kelishi muhim ahamiyat 
kasb etadi. Metrik she’r tizimi qadimgi yunon she’riyatida 
kuzatiladi. Unda qisqa hijolar, cho‘ziq belgisi (–) bilan ifoda-
langan. Bu belgilar mora deb yuritiladi. Qisqa hijolar bir moraga 
teng bo‘lsa, cho‘ziq hijolar ikki moraga tengdir. Qisqa va cho‘ziq 
hijolarning ma’lum tartibda guruhlanishi stopa deyiladi.
Metrik she’r tuzilishi musiqa va she’r bir paytda ijro etil-
gan zamonlarda vujudga kelgan. Qadimga Yunonistonda tur li 
marosimlarda she’rlar musiqa jo‘rligida aytilgan. O‘sha davr da 
musiqa va she’riyatga yaxlit san’at hodisasi sifatida qaral gan. 
Keyinchalik ular alohida san’at turi sifatida ajratilgan. Mis-
ralardagi bo‘g‘inlarning qisqa va cho‘ziqligi she’riyat uchun 
asosiy o‘lchov birligi sifatida saqlanib qolgan.
Sillabik, tonik, metrik tizimlarga xos ushbu xususiyatlardan 
she’r tizimi muayyan o‘lchov tamoyiliga asoslangan vaznlar 
majmui ekani ayon bo‘ladi.
She’r tizimi xalq tili xususiyatlariga bog‘liq hodisadir. O‘zbek 
tilining ifoda imkoniyatlari, grammatik me’yorlari sillabik va 
metrik she’r tizimiga mos tushadi. 
She’rlar ham boshqa badiiy asarlar kabi shakli, hajmi kabi 
jihatlariga ko‘ra bir-biridan farq qiladi. Ayni chog‘da ular 
o‘rtasida umumiy jihatlar ham mavjud. She’rlar umumiy va farqli 
xususiyatlariga ko‘ra tasniflanadi. Bu “she’r tizimi” deyiladi.
She’r tizimi – ma’lum o‘lchovga asoslangan she’riy vaznlar 
majmuidir. She’r tizimi she’rga xos asosiy xususiyatlarni umum-
lashtirishga asoslanadi. Ma’lumki, she’rda shu xalq tiliga xos, 
o‘ziga xos sifatlar ifodalanadi. She’r tizimi belgilashda ham xalq 
tiliga xos xususiyatlardan kelib chiqiladi.
Aruz she’r tizimi musulmon Sharq she’riyatida juda keng 
tarqalgan. U misralardagi hijo (bo‘g‘in)lar miqdori va sifati 
(qisqa yoki cho‘ziqligi)ning qat’iy tartibda kelishiga asoslanadi. 
Aruz arab tili xususiyatlariga mos she’r tizimi bo‘lsa-da, u fors, 
turk va boshqa sharq xalqlari she’riyatiga ham chuqur kirib 
borgan. Aruz arab adabiyotida paydo bo‘lgan va u keyinchalik 
boshqa xalqlar she’riyatida shakllangan. Bu “Qur’on”ning 
arab tilida nozil qilingani bilan bog‘liqdir. Islom diniga e’tiqod 
qiluvchi xalqlar ilohiy kitob “Qur’on” arab tilida nozil etilgani 
bois ushbu tilga hurmat-ehtirom bilan qarashgan. Adabiy-badiiy, 
ilmiy asarlarni arab tilida yozish taomilga aylangan. Imom 
Buxoriy, Imom Termiziy, Zamaxshariy, Beruniy, Ibn Sino, 
Forobiy singari allomalar o‘z asarlarini arab tilida bitishgan. 
Nizomiy, Ganjaviy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy singari 
shoirlar doston, devonlari, nasriy asarlarini fors tilida yozishgan 
bo‘lsa-da, arabcha nomlashgan. Alisher Navoiy ham turkiy tilda 
bitgan asarlarini “Xazoyin ul-maoniy” (“Ma’nolar xazinasi”), 
“Mezon ul-avzon” (“Vaznlar o‘lchovi”), “Mahbub ul-qulub” 
(“Ko‘ngillarning sevgani”), “Nasoyim ul-muhabbat” (Muhabbat 


180
181
shabadalari”), “Tarixi muluki ajam” (“Ajam podshohlari tarixi”) 
deb atagan.
Tabiiyki, u bu jarayonda har bir tilning o‘ziga xos xususiyat-
larini o‘zida akslantirgan. Alisher Navoiy, Abdurahmon Jomiy 
kabi Sharq mutafakkirlarining she’riy asarlari aruz vaznida 
yozilgan. Alisher Navoiy “Mezon ul-avzon” asarida “Aruz fani 
sharif fandur” deydi. 
Aruz – murakkab she’riy tizim. Uning nazariy asoslarini 
o‘rganishni dastlab arab olimi Xalil ibn Ahmad binni Umar binni 
Tamim-ul Basriy (hijriy 174, milodiy 790 –791-yilda tug‘ilgan) 
boshlab bergan. Aruz shu olim yashagan vohaning nomidir. Bayt 
arabcha so‘z bo‘lib, “uy” degan ma’noni bidiradi. Bayt – sharq 
she’riyatidagi ikki misrali band turi. Lekin har qanday ikki misra 
she’rning bayti bo‘lolmaydi. Bayt ritm-intonatsiya va mazmun 
jihatidan nisbiy mustaqillik kasb etishi, ya’ni band maqomiga 
ega bo‘lishi kerak. Shu bois bayt atamasi g‘azal, qit’a, qasida 
janrlariga nisbatan ishlatish, Sharq she’riyatidagi boshqa 
janrlarning ikki misrali bandlariga nisbatan esa “masnaviy” 
atamasini qo‘llash maqsadga muvofiqdir.
Misralardagi bo‘g‘inlarning uzun yoki qisqa, ochiq yoki 
yopiqligi quyidagicha aniqlanadi:
1. Oxiri undosh tovush bilan tugagan bo‘g‘in yopiq bo‘g‘in 
sanaladi. Masalan: kun, tun, quyosh, oy, yil. Yopiq bo‘g‘inlar 
cho‘ziq bo‘g‘indir. Cho‘ziq unlilar ishtirokida yasalgan 
bo‘g‘inlar ham cho‘ziq bo‘g‘in deyiladi. Misol uchun: bo-la, xo-
la, o-na. Cho‘ziqlik “—” belgisi bilan ko‘rsatiladi. 
2. Qisqa unlilar ishtirokida yasalgan ochiq bo‘g‘inlar qisqa 
bo‘g‘inlar hosil qiladi. Masalan: so-g‘i-nib, bor-ga-ni. Qisqalik 
“V” belgisi bilan ko‘rsatiladi. 
3. Ayrim hollarda aruz vazni xususiyatlariga muvofiq ayrim 
bo‘g‘inlar o‘zgarishga uchrashi ham mumkin. Masalan, yopiq 
bo‘g‘inlar oxiridagi undosh tovush o‘zidan keyin kelgan tovushga 
qo‘shilib ketsa, yopiq bo‘g‘in ochiq bo‘g‘inga aylanadi. 
Aruz vaznida rukn hodisasi bor. Rukn misralardagi bo‘g‘in-
larning guruhlanib kelishidir. Aruz vaznida o‘n to‘qqizta bahrni 
hosil qiluvchi sakkizta asosiy rukn mavjud. Ular: faulun, 
foilun, mafoiylun, foilotun, mustaf’ilun, maf’ulotu, mutafilun, 
mafoilatundir. Bu sakkiz rukn o‘z paradigma (chizma)siga ham 
ega. Masalan, faulun ushbu tarzda belgilanadi: V –.
Rukn bo‘g‘inlardagi undosh va alif miqdoriga, ularning 
harakatli, ya’ni “zer”, “zabar” yoki “pesh”li bo‘lishiga va ak-
sincha, ya’ni harakatsiz bo‘lishiga qarab, uch guruhga bo‘linadi: 
sabab, vatad, fosila. 
Sabab bo‘g‘indan keyingi eng kichik unsurdir. U bir uzun 
(qo‘l, non, gul) yoki ikki qisqa (yu-zi, ko‘-zi, qo‘-li) bo‘g‘indan 
tuzilishi kerak. 
Vatad jamlovchi va ajratuvchi bo‘ladi. Jamlovchi vatad 
bir ochiq, bir yopiq bo‘g‘inli so‘z (va-tan) yoki ko‘p bo‘g‘inli 
so‘zlardagi bir ochiq, bir yopiq bo‘g‘indir.
Ajratuvchi ochuvchi vatad esa bir yopiq, bir ochiq bo‘g‘inli 
so‘z(ol-ma) yoki ko‘p bo‘g‘inli so‘zlardagi bir yopiq, bir ochiq 
bo‘g‘indir.
Fosila bir uzun bo‘g‘in bilan ikki yoki uch qisqa bo‘g‘inning 
birgalikda kelishidir. Fosila ham ikki xil (kichik va katta) bo‘ladi. 
Kichik fosila ikki ochiq ( VV) va bir yopiq (—) bo‘g‘inli so‘z (ti-
la-gim) yoki ko‘p bo‘g‘inli so‘zlardagi shu tartibdagi bo‘g‘indir. 
Katta fosila esa birinchi, ikkinchi va uchinchisi ochiq, oxirgisi 
esa yopiq bo‘g‘inli so‘zlardir (so‘-ra-ma-gan).
Aruzda misralarda ruknning ma’lum tartibda takrorlanishidan 
bahr paydo bo‘ladi. Aruz she’r tizimida sakkizta asosiy ruknning 
muayyan tartib bilan takrorlanishidan o‘n to‘qqizta asosiy 
bahr vujudga kelgan. Bular: hazaj, rajaz, ramal, vofir, komil, 
mutaqorib, mutadorik, sare’, munsarih, hafif, muzori’, mujtas, 
muqtazab, tavil, madid, basit, jadid, qarib, mushokil.
O‘zbek mumtoz she’riyatida ramal, hazaj, rajaz, mutaqorib, 
ayniqsa, keng qo‘llangan. Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-
maoniy” devonidagi 2600 g‘azalning 1400 dan ko‘prog‘i ramal 
bahrida (ramali musammani maqsur va mahzufda) yozilgan. 
Vofir bahri talablari o‘zbek tili xususiyatlariga to‘g‘ri kelmagani 
uchun o‘zbek shoirlari bu bahrda she’r yozishmagan.


182
183
Hazaj bahri mafoiylun ruknining takrorlanishi asosida paydo 
bo‘lgan. Uning uch guruhi (hazaji musamman, hazaji musaddas, 
hazaji murabba’) mavjud. Hazaji musamman hazaj bahrining 
o‘n olti bo‘g‘inli vaznidir. Mazkur bahrning o‘n ikki bo‘g‘inli 
vazni esa hazaji musaddas deb yuritiladi. Sakkiz bo‘g‘inli vazni 
hazaji murabba’ deyiladi.
Rajaz bahri mustaf’ilun ruknining takrorlanishi asosida vu-
judga kelgan. Bu bahrning ham uch guruhi mavjud: musamman, 
musaddas, murabba’. Mazkur bahrning o‘n olti bo‘g‘inli vazni 
rajazi musammani solim, o‘n ikki bo‘g‘inlisi rajazi musaddasi 
solim deb yuritiladi. 
Ramal bahri foilotun ruknining baytlarda va misralarda 
turlicha takrorlanishi asosida hosil bo‘ladi. Uning ham uch 
guruhi mavjud: musamman, musaddas, murabba’. 
Hazaj, rajaz, ramal va boshqa bahrlarning har birida ko‘pdan-
ko‘p vaznlar mavjud. Ularning har birini bo‘g‘in, ruknlari tak-
roriga muvofiq paradigma (chizma)sini belgilash mumkin.
Arab tilida hijo, ya’ni bo‘g‘inlarning qisqa, cho‘ziq va o‘ta 
cho‘ziqligi ma’noni ifodalashda muhim ahamiyat kasb etadi. 
O‘zbek tilida esa unday emas. Misralarda qisqa, cho‘ziq va 
o‘ta cho‘ziq bo‘g‘inlarning ma’lum tartibda takrorlanishi arab 
she’riyatiga xosdir.
Aruz vaznida undosh tovushlar bilan tugagan hijolar cho‘ziq, 
unlilar (“o”dan boshqa unlilar) bilan tamom bo‘lgan hijolar 
ko‘pincha qisqa sanaladi. Misralardagi cho‘ziq hijo ba’zan qisqa 
hijo, qisqa hijo esa cho‘ziq hijo tarzida o‘qilishi mumkin. Bu 
“imola” deb yuritiladi. Aruz vaznida misraning ritmik bo‘laklari, 
ya’ni hijolarning turoq tipidagi guruhlari rukn deb ataladi. 
“Rukn” arabcha so‘z bo‘lib, ustun degan ma’noni bildiradi.
Aruzshunoslikda rukn juzv bilan bahr orasidagi ritmik 
birlikdir. Juzv arabcha so‘z bo‘lib, bo‘lak, parcha, qism demakdir. 
Juzv – aruzda mutaharrak (cho‘zg‘ili) va sokin (cho‘zg‘isiz) 
harflarning muayyan tartibda birikishidan hosil bo‘ladi. Ushbu 
termin arab aruzi to‘g‘risida so‘z yuritilganda faol, turkiy aruzga 
nisbatan esa kam qo‘llanadi. Chunki turkiy aruzda harf va juzv 
terminlari o‘rniga hijo termini ishlatiladi.
Hijo arabcha so‘z bo‘lib, to‘g‘ri o‘qimoq degan ma’noni 
bildiradi. Hijo turkiy, jumladan, o‘zbek aruzida eng kichik ritmik 
birlik – bir havo zarbi bilan aytiladigan tovushlar guruhidir. 
Aruzdagi hijo hamda tilshunoslikdagi bo‘g‘in bir xil narsa emas. 
Ular o‘rtasida muayyan farq mavjud. Masalan, o‘zbek tilida 
so‘zda unlilar soni nechta bo‘lsa, unda shuncha bo‘g‘in bo‘ladi. 
Aruzda esa bir undosh (sokin)ning alohida holda ham, o‘zidan 
keyin kelayotgan so‘zning birinchi qisqa unlisi yoki birinchi 
bo‘g‘ini bilan qo‘shilib ham bir hijoga teng bo‘lishi mumkin. 
Misol uchun “sabr qil” jumlasi “sab – r – qil” tarzida hijoga 
ajratiladi. Bunda uning chizmasi quyidagicha bo‘ladi: – V –. 
Ushbu jumla “sab – ray – la” tarzida ham hijolarga bo‘linishi 
mumkin va u chizmada – – – shaklida ko‘rsatiladi. Ayni holatda 
sabr so‘zining oxirgi “r” undoshi keyingi so‘zning birinchi 
bo‘g‘ini (“ay”) bilan birga bir hijoga teng. Ba’zan vazn talabiga 
ko‘ra qisqa hijo cho‘ziq hijoga va aksincha cho‘ziq hijo qisqa 
iborat. Nizomiy Ganjaviyning quyidagi g‘azalida esa vazn talabi 
bilan ushbu so‘z keyingi so‘zning birinchi bo‘g‘iniga qo‘shib, 
me – no – shiq – man tarzida talaffuz etiladi.
Men oshiqman go‘zal yuzga yuzi oyga solur g‘avg‘o,
V – – – V – – – V – – – V – – –
Ne yuzdur? Yuzlari dilbar. Ne dilbar? Dilbari zebo.
V – – – V – – – V – – – V – – –
Bahr arabcha so‘z bo‘lib, “dengiz” demakdir. Bahr – aruzda 
yozilgan she’r va ruknlarning takrorlanish tartibi, muayyan 
she’rdagi o‘lchov asosi. Aruzda hijo, rukn, misra va bayt (arab 
aruzida, harf, juzv rukn, bahr, bayt) she’rning o‘lchov birliklari 
bo‘lib, bunda bayt konkret she’rning ritmik jihatdan tugal birligi, 
boshqalari esa uning tarkibiy qismlaridir. Bahr misra doirasida 
voqe bo‘ladi. Chunki birinchi misradagi ruknlar tartibi keyingi 
misralarda aynan takrorlanadi. Aruzda 8 ta rukn (asl)ning 
muayyan tartibdagi takroridan bahrlar paydo bo‘ladi. Navoiy 


184
185
“Mezon ul-avzon” asarida aruzda 19 ta bahr mavjudligini, 
Bobur esa “Muxtasar”ida unda 21 ta bahr borligini ko‘rsatadi. 
Bahrlarning 7 tasi (mutaqorib, mutadorik, hazaj, ramal, razaj, 
komil va vofir) bitta rukn takroridan (masalan: mafoiylun / 
mafoiylun... – hazaj; foilotun / foilotun... – ramal) hosil bo‘ladi. 
Faqat maf’ulotu asli (rukni) o‘zi mustaqil holda bahr hosil 
qilmaydi. Bittadan olingan ikkita asl (rukn) takroridan yana 8 ta 
bahr (muzori’, hafif, mujtass, munsarih, muqtazab, tavil, madid 
va basit) hosil bo‘ladi. Masalan: mafoiylun / foilotun... – muzori’; 
foilotun / mustaf’ilun... – hafif. Ikkita bir xil va bitta boshqa asl 
(rukn) takroridan esa yana 4 ta bahr (qarib, mushokil, g‘arib va 
sari’) hosil bo‘ladi. Masalan: foilotun / foilotun / mustaf’ilun – 
qarib; foilotun / foilotun / mafoiylun – mushokil. O‘zbek tili xu-
susiyati bilan bog‘liq holda she’riyatimizda hazaj, ramal, rajaz, 
muzori’, hafif, mujtass, munsarih, sari’, mutaqorib bahrlari faol 
qo‘llangan. O‘zbek she’riyatida mutadorik, komil, tavil bahrlari 
esa juda kam uchraydi. She’riyatimizda vofir, muqtazab, madid, 
basit, qarib, mushokil, g‘arib, ariz, amiq bahrlari ishlatilmagan. 
Muzori’, hafif, mujtass, munsarih, muqtazob, tavil, mavid va 
basit, ya’ni 8 ta bahr bittadan olingan ikkita ruknning takroridan 
hosil bo‘ladi. Masalan: mafoiylun / foilotun ... – muzori’; foilotun 
/ mustaf’ilun ... – hafif. 
Qarib, mushokil, g‘arib va sari’, ya’ni 4 ta bahr ikkita bir xil 
va bitta boshqa rukn takroridan hosil bo‘ladi. Masalan: foilotun 
/ foilotun / mustaf’ilun – qarib; foilotun / foilotun / mafoiylun – 
mushokil.
Ruknlar hijolarning miqdori hamda sifati, ya’ni cho‘ziq yoki 
qisqaligiga qarab, 8 ta afoyil yoki asllarga bo‘linadi va ularning 
har biri “faala”, ya’ni harakat so‘zidan yasalgan alohida nom 
bilan ataladi: 1. faulun. 2. faulun. 3. mafoiylun. 4. foilotun. 5. mus-
taf’ilun. 6. maf’ulotu. 7. mafoilatun. 8. mutafoilun. Ana shu sak-
kizta afoyil yoki asllardan ruknlar vujudga keladi.
Bahr misra doirasida voqe bo‘ladi. She’rdagi bandlarni 
tashkil etuvchi misra esa avval qayd etilganidek, arabcha 
so‘z bo‘lib, “eshikning bir tabaqasi” degan ma’noni bildiradi. 
She’rning birinchi misrasidagi ruknlar tartibi keyingi misralarda 
hech qanday o‘zgarishsiz aynan takrorlanadi. She’r dengizdan 
olingan durga o‘xshatiladi. She’rdagi ruknlar tartibining “bahr”, 
ya’ni “dengiz” deb yuritilishi shu bilan bog‘liqdir. She’r haqi-
qatan ham so‘zlar dengizi tubiga tushib, undan dur topishdek 
mashaqqat bilan dunyoga keladi. Aruzda juzvlarning muayyan 
tartibda qo‘shilishidan sakkizta afoyil yoki asllar (ruknlar) ning 
yuzaga kelishi ham shundan dalolat beradi. Ular quyidagilar:
Fauvlun = vatadi majmu’ + sababi hafif
Foilun = sababi hafif + vatadi majmu’
Mafoiylun = vatadi majmu’ + sababi hafif + sababi hafif
Foilotun = sababi hafif + vatadi majmu’ + sababi hafif
Mustaf’ilun = sababi hafif + sababi hafif + vatadi majmu’
Maf’ulotu = sababi hafif + sababi hafif + vatadi mafruq
Mafoilatun = vatadi majmu’ + fosilai sug‘ro
Mutafoilun = fosilai sug‘ro + vatadi majmu’
Ma’lum bo‘ladiki, ruknlar vatad sabab va fosilaning turli 
shakli qo‘shilishidan hosil bo‘ladi. “Vatad” arabcha so‘z bo‘lib, 
“qoziqcha” demakdir. Vatad – sokin (cho‘zg‘isiz) va mutaharrik 
(cho‘zg‘ili) harflarning muayyan tartibda birikishidan hosil 
bo‘ladigan ritmik birlik ya’ni juzv. Vatad harflarning qan-
day birikishiga ko‘ra ikki xil: 1. Vatadi majmu’ (yoki maq-
run). 2. Vatadi mafruq.
Oldin kelgan ikkita mutaharrik (cho‘zg‘ili) harfga bir 
sokin (cho‘zg‘isiz) harf qo‘shilishidan vatadi majmu’ (yoki 
maqrun) hosil bo‘ladi: samar, bashar, qamar. Masalan, bashar 
so‘zi: mutaharrik (ba) + mutaharrik (sha) + sokin (r). Vatadi 
mafruqda ikki mutaharrik orasida bir sokin harf joylashadi: 
“nola”, “lola”, “zora”. Masalan, “nola”: mutaharrik (no) + sokin 
(l) + mutaharrik (a).
Ikkita mutaharrik (cho‘zg‘ili) harf bir sokin ( cho‘zg‘isiz) 
harf joylashishidan vatadi mafruq hosil bo‘ladi: lola, nola, zora. 
Masalan: nola so‘zi: mutaharrik (no) + sokin (l) + mutaharrik (a). 


186
187
Sokin – mustaqil undosh yoki guruh unli harf. Mutaharrik – 
harakatlunuvchi, ya’ni qisqa unli oldidagi undosh harf.
Sabab arabcha so‘z bo‘lib, “chodirning arqoni” demakdir. 
Sabab – sokin va mutaharrik harflarning muayyan tartibda 
birikishidan hosil bo‘luvchi ritmik birlik. Harflarning qanday 
tartibda birikishiga ko‘ra sababning ikki turi farqlanadi: sababi 
hafif (yoki yengil sabab) va sababi saqiyl (yoki og‘ir sabab). 
Sababi hafif bitta mutaharrik (cho‘zg‘ili) harfga bitta sokin 
(cho‘zg‘isiz) harf birikishidan hosil bo‘ladi: ko‘z, gul, qad. 
Masalan, gul: mutaharrik (gu) + sokin (l).
Sababi saqiyl ikkita mutaharrik (cho‘zg‘ili) harf qo‘shilishidan 
hosil bo‘ladi: sana, gala, bila. Masalan, bila: mutaharrik (bi) + 
mutaharrik (la). Sababi saqiyl sababi harifdan qiyinroq talaffuz 
qilinadi. Uning nomlanishi shu bilan bog‘liq.
Hafif arabcha so‘z bo‘lib, yengil demakdir. Hafif – aruz 
bahrlaridan biri. Aytilishi va taqti’ (paradigma yoki chizma) si 
yengil bo‘lgani uchun ushbu bahr shunday nomlangan. Hafif 
bahri foilotun (– V – –) va mustaf’ilun (– – V –) asllarining 
ketma – ket kelib, takrorlanishidan hosil bo‘ladi. 
Hafif o‘zbek she’riyatida keng qo‘llanadigan bahrlaridan 
biridir. Navoiyning “Mezon ul avzon” asarida hafif bahrining 
yigirma ikkita vazni misollar bilan ko‘rsatib berilgan. O‘zbek 
mumtoz she’riyatida hafif bahrining olti ruknli sakkiz vaznidan 
keng foydalanilgan. O‘zbek adabiyotida ushbu bahrdagi 
dastlabki she’rlar Atoyi va Lutfiy she’riyatida mavjud. Hofiz 
Xorazmiy she’rlarining aksariyati, Navoiyning “Sab’ai sayyor” 
dostoni va devonidagi turli janrga mansub oltmish ikkita she’ri 
hafif bahrida yozilgan. “Sab’ai sayyor” dostonidagi quyidagi 
bayt hafifi musaddasi solimi maxbuni maqtu’ vazni (– V – – / 
V – V – / – – ) da yozilgan:
Bir necha zavraq asrabon tayyor,
Yangi oy zavraqi kibi sayyor.
Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy “Xamsa” 
sidagi to‘rtinchi doston ham hafif bahri (foilotun, mafoiylun, 
fa’ulo‘n)da yozilgan. 
Fosila arabcha so‘z bo‘lib, “namat, ajratuvchi, oraliq” 
demakdir. Fosila – sokin va mutaharrik harflarning muayyan 
tartibda brikishidan hosil bo‘luvchi ritmik birlik. Harflarning 
qanday tartibda birikishiga ko‘ra fosilaning ikki turi farqlanadi: 
fosilayi sug‘ro (kichik fosila) va fosilayi kubro (katta fosila). 
Ketma-ket kelgan uchta mutaharrikka bitta sokin harfning 
qo‘shilishidan fosilayi sug‘ro hosil bo‘ladi: “kelaman”, “ka-
palak”. Masalan, “kapalak”: mutaharrik (ka) + mutaharrik (pa) 
+ mutaharrik (la) + sokin (k). Fosilayi kubro ketma-ket kelgan 
to‘rtta mutaharrikka bitta sokin harf qo‘shilishidan hosil bo‘ladi: 
“chidamadim”, “yashamadim”, “qaramading”. Masalan, 
“qaramading”: mutaharrik (qa) + mutaharrik (ra) + mutaharrik 
(ma) + mutaharrik (di) + sokin (ng).
Aruzshunoslikka doir ayrim manbalarda fosila alohida juzv 
sifatida ko‘rsatilmaydi.
Zihof arabcha so‘z bo‘lib, o‘zgargan, aslidan uzoqlashgan, 
chetlashgan, joyidan qo‘zg‘algan demakdir. Aruz she’r tizimi 
asosini tashkil etuvchi 8 aslning sifat yoki miqdor jihatidan 
turli o‘zgarishlarga uchrashi zihof deyiladi. Asllarning zihofga 
uchrashi natijasida ularning turli tarmoqlari – furu’lar hosil 
bo‘ladi. Asllar uch xil yo‘l bilan zihofga uchrashi mumkin: 1. Hi-
jolarning miqdor jihatidan o‘zgarishi. Bunda rukn tarkibidagi 
hijolar soni o‘zgaradi. Ya’ni rukn tarkibidan bir yoki bir necha 
hijo tushib qoladi. Masalan, foilotun aslining hazf zihofiga 
uchrashi natijasida oxirgi cho‘ziq hijo (tun) tushib qoladi va 
foilun (mahzuf) furu’si hosil bo‘ladi. Furu’ – rukn tarmog‘idir. 
2. Hijolarning sifat jihatidan o‘zgarishi. Bunda rukn tarki-
bidagi hijolar sifati o‘zgaradi. Ya’ni cho‘ziq hijo qisqa yoki 
o‘ta cho‘ziq hijoga, qisqa hijo cho‘ziq yoki o‘ta cho‘ziq hijoga, 
o‘ta cho‘ziq hijo qisqa yoki cho‘ziq hijoga aylanadi. Masalan, 
mafoiylun aslining kaff qaytarish zihofiga uchrashi natijasida 


188
189
oxirgi cho‘ziq hijo (lun) qisqa hijoga aylanadi va mafoiylu 
furu’si (makfuf) hosil bo‘ladi.
3. Rukn tarkibidagi hijolar bir paytning o‘zida ham miqdor, 
ham sifat jihatidan o‘zgarishga uchraydi. Ya’ni rukn tarkibidagi 
bir yoki bir necha hijo tushirilib, qolgan hijolardan birida 
sifat o‘zgarishi yuz beradi. Masalan, mafoiylun aslining qasr 
(qisqartirish) zihofiga uchrashi natijasida oxirgi cho‘ziq hijo 
(lun) tushirilib, undan oldingi cho‘ziq hijo (iy) o‘ta cho‘ziq hijo 
(iyl)ga aylanadi va mafoiyl furu’si (maqsur) hosil bo‘ladi.
Vatad, sabab, fosila to‘g‘risidagi mulohazalarni umumlash-
tirib, shunday deyish mumkin:
Qisqa va cho‘ziq bo‘g‘inlarning birikuvidan vatad, sabab, 
fosila hosil bo‘ladi.
Sabab bir cho‘ziq yoki ikki qisqa bo‘g‘inning birikishidan 
hosil bo‘ladi. Bir cho‘ziq bo‘g‘indan iborat sabab (chizmasi: – ) 
sababi hafif (yengil sabab) ikki qisqa bo‘g‘indan tuzilgan sabab 
(chizmasi: V V) esa sababi saqiyl (og‘ir sabab) deb ataladi.
Vatad bir cho‘ziq bo‘g‘in (chizmasi: – ) bilan bir qisqa bo‘g‘in 
(V) ning birikuvidan hosil bo‘ladi. Bunday birikmada qisqa 
bo‘g‘in cho‘ziq bo‘g‘inning oldida yoki undan keyin kelishi 
mumkin. Shunga ko‘ra vatadlar ikki xil bo‘ladi:
Vatadi majmu’ (qo‘shilgan vatad).
Vatadi mafruq (ajratilgan vatad).
Vatadi majmu’ cho‘ziq bo‘g‘inning o‘zidan oldin kelgan 
qisqa bo‘g‘in bilan birikuvidan tuziladi. Chizmasi: V – 
Vatadi mafruq esa aksincha bo‘lib, cho‘ziq bo‘g‘inning o‘zidan 
keyin kelgan qisqa bo‘g‘in bilan birikuvidan tuziladi. Chizmasi: –V
Vatadlar tarkibidagi cho‘ziq va qisqa bo‘g‘in bir – biri bilan 
uzviy bog‘liq bo‘lib, ular qo‘shib talaffuz qilinadi. Masalan, 
“go‘zal vatan” birikmasidagi har ikki so‘z bo‘g‘inlari tuzilishi 
jihatidan vatadi majmu’ga misol bo‘la oladi. Ularda birinchi 
bo‘g‘in qisqa bo‘lib, keyingi cho‘ziq bo‘g‘in bilan birikib 
kelgan. Kitob, hayot, bahor so‘zlari ham vatadi majmu’ga misol 
bo‘la oladi.
Fosila ikki yoki uch qisqa bo‘g‘inning o‘zidan keyin keluvchi 
bir cho‘ziq bo‘g‘in bilan birikishidan hosil bo‘ladi. Agar ikki 
qisqa bo‘g‘in bilan cho‘ziq bo‘g‘in biriksa, fosilayi sug‘ro 
(kichik fosila) tuziladi. Chizmasi: VV –. Uch qisqa bo‘g‘indan 
so‘ng cho‘ziq bo‘g‘in kelib qo‘shilsa, fosilayi kubro (katta fosila) 
hosil bo‘ladi. Chizmasi: VVV –.
Zihof to‘g‘risidagi mulohazalarni esa umumlashtirib, 
shunday deyish mumkin:
Aruz tizimining murakkabliklaridan biri shundaki, undagi 
sakkiz asosiy rukn she’r misralarida, bahrlarda ko‘pincha turli 
o‘zgarishlar bilan qo‘llanadi. Ushbu o‘zgarishlar aruz ilmida 
zihof deb yuritiladi. Sakkiz rukn hammasi bo‘lib, 45 xilgacha 
o‘zgaradi, ya’ni zihofga uchraydi. Mazkur o‘zgarish – zihoflarni 
uch guruhga ajratish mumkin:
Ruknlar tarkibida bo‘g‘inlarning tushirilishi yoki orttirilishi.
Ruknlar tarkibidagi cho‘ziq bo‘g‘inlarning qisqa yoxud o‘ta 
cho‘ziq, shuningdek, qisqa bo‘g‘inlarning cho‘ziq bo‘g‘inlarga 
aylantirilishi.
Ruknlar tarkibidagi bo‘g‘inlarning bir vaqtda tushirilishi, 
orttirilishi hamda cho‘ziq bo‘g‘inlarning qisqa yohud o‘ta 
cho‘ziq, shuningdek, qisqa bo‘g‘inlarning cho‘ziq bo‘g‘inlarga 
aylantirilishi.
Aruz tizimi asosi bo‘lgan ruknlarning o‘zgarishidan furu’lar, 
ya’ni tarmoq ruknlar hosil bo‘ladi. Bunday ruknlar soni har 
bir asosiy ruknda har xil miqdor va har xil ko‘rinishida bo‘lshi 
mumkin.
Mumtoz aruzshunoslikda harf, juzv, rukn va bahr aruzning 
ritmik birligi sifatida ko‘rsatiladi. Bu ko‘proq arab aruziga 
xosdir. O‘zbek aruzshunosligida hijo, rukn va bahr aruzning 
ritmik birligi sifatida qayd qilinadi hamda hijo aruzdagi eng 
kichik birlik ekanligi ta’kidlanadi. Harf va juzv atamalari o‘zbek 
aruzshunosligida kam qo‘llanadi.
Harf arabcha so‘z bo‘lib, tovushning yozuvdagi shakli, 
belgisi demakdir. Harf arab aruzshunosligida eng kichik birlik 


190
191
bo‘lib, u ikki turli bo‘ladi: 1. Mutaharrik (cho‘zg‘ili). 2. Sokin 
(cho‘zg‘isiz).
“Cho‘zg‘i” deganda unli tovush nazarda tutiladi. Mutaharrik 
harf (harakatli) va sokin harf (harakatsiz) atamalarining 
ma’nosi shu bilan bog‘liq holda anglashiladi. Masalan, ko‘z 
so‘zi bir mutaharrik (ko‘) va bir sokin (z) harfdan iborat. Nola 
so‘zi ikkita mutaharrik: no va la; Vojib so‘zi ikkita mutaharrik 
(vo, ji) va bir sokin (b) dan harfdan tarkib topgan. Mutaharrik 
va sokin harflarning muayyan tartibda qo‘shilishidan juzvlar 
hosil bo‘ladi. 
O‘zbek she’riyatida hazaj, ramal, rajaz, muzori’, hafif, 
mujtass, munsarih, sari’, mutaqorib bahrlari mutadorik, komil, 
tavil bahrlariga nisbatan ko‘proq qo‘llanadi.
Hazaj arabcha so‘z bo‘lib, bir xil ovozni takrorlash, ovozni 
yoqimli qilish, kuylash degan ma’noni bildiradi. Hazaj o‘zbek 
mumtoz she’riyatida eng faol qo‘llanadigan bahrlardan 
biridir. U mafoiylun asli (V – – –) takroridan hosil bo‘ladi. 
Mafoiylun aslining oxirida vatad (V –) dan keyin ikkita sabab 
(– –) takrorlanishi yoki ushbu bahrning vaznlari bir xil tarzda 
takrorlanishi ham mumkin.
Alisher Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devonidagi g‘azal-
larning 669 tasi (taxminan 22 foizli) hazaj bahrida bitilgan. 
Sharq she’riyatida keng tarqalgan ruboiylar ham hazaj bahrining 
axrab va ahram tarmoqlarida yozilishi shart. Ayrim dostonlar 
ham hazaj bahrida yozilgan. Masalan, Navoiyning “Farhod va 
Shirin” dostoni Nizomiy, Xusrav Dehlaviy dostoni kabi hazaji 
musaddasi mahzuf vazni (mafoiylun, mafoiylun, faulo‘n)
da, “Layli va Majnun” dostoni esa ustoz xamsanavislarning 
dostoni singari hazaji musaddasi axrabi maqbuzi makfuf vazni 
(maf’ulu, mafoilo‘n, faulo‘n) da yozilgan va masnaviy yo‘lida 
qofiyalangan. Bunda birinchi misra ikkinchi, uchinchi misra 
to‘rtinchi, beshinchi misra oltinchi misra bilan qofiyadosh 
bo‘ladi va dostonda misralar shu tarzda qofiyalanib boradi.
Navoiyning:
G‘amidin garchi jon yo‘q erdi tonda,
Tirildim la’lidan o‘ldum deganda
matla’si bilan boshlanuvchi g‘azali hazaji musaddasi mahzuf 
vazni (V – – – V – – – V – –) da yozilgan. Boburning:
Bahor ayyomidur dag‘i yigitlikning avonidir,
Ketur, soqiy, sharobi nob kim, ishrat zamonidur
matla’li g‘azali esa hazaji musammani solim vazni (V – – – V 
– – – V – – – V – – –) da bitilgan.
Ramal arabcha so‘z bo‘lib, tuyaning lo‘killashi, kuy nomini 
bildiradi. Aruzdagi bahrlardan biri ramal foilotun asli (– V – 
–) takroridan hosil bo‘ladi. O‘zbek mumtoz she’riyatida ko‘p 
qo‘llanadi. Shu bois ramal – “turkiy bahr” ham deyiladi. Navoiy 
“Mezon ul-avzon” asarida ramalning o‘n uch vazni to‘g‘risida, 
Bobur “Muxtasar” asarida uning ellik to‘qqiz vazni haqida 
mulohaza bildirib, fors va turkiy she’riyat namoyandalari ijo-
didan misollar keltirgan. Husayn Boyqaro (Husayniy) ning g‘a-
zallari shu bahrda yozilgan. Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” 
devonidagi 1827 ta she’r (devondagi she’rlarning yarmidan 
ko‘pi) ramal bahrida bitilgan. O‘zbek she’riyatida ramal bahrida 
yozilgan dastlabki she’rlar “Qissasi Rabg‘uziy”da mavjud. 
Navoiyning:
Dilbaro, sendan bu g‘amkim, menda bordur, kimda bor?
Furqatingdin bu alamkim, menda bordur, kimda bor
matla’li g‘azali ramali musammani mahzuf vazni (foilotun, 
foilotun, foilotun, foilun) da yozilgan. Paradigmasi, ya’ni taqti’si 
(– V – – , – V – – , – V – – , – V –).
O‘zbek mumtoz she’riyatida ramal bahrining 8 va 6 ruknli 
yigirma to‘rt vaznidan keng foydalanilgan. Ma’lumki, bahrlar 
baytdagi ruknlar miqdori bilan birga aytiladi. Masalan, ramali 
murabba – to‘rt ruknli ramal, ramali musaddas – olti ruknli 
ramal, ramali musamman – sakkiz ruknli ramal va boshqa. 


192
193
Bahrlarning har biri bir necha vaznlarga bo‘linadi va mohiyatiga 
qarab, maxsus nom bilan yuritiladi. Navoiyning:
Kelki, ishqingdan ko‘ngulda yo‘qturur sabru qarorim,
Boshima yetkur qadamkim, haddan oshti intizorim
matla’si bilan boshlanuvchi g‘azali ramali musammani solim 
vazni (foilotun, foilotun, foilotun, foilotun) da yozilgan. 
Paradigmasi: – V – –, – V – –, – V – –, – V – –. 
Olam ichra manga ul huri malak siymo bas,
Bu qachon bo‘lsa muyassar qadahi sahbo bas
matla’si bilan boshlanuvchi g‘azali ramali musammani maxbuni 
maqtu’ vazni (foilotun, foilotun, foilotun, fa’lun) da yozilgan. 
Paradigmasi: – V – –, – V – –, – V – –, V –. 
Ey jamolingdin xijil xurshidi anvar,
Qomatingdin munfail sarvu sanavbar
matla’li g‘azali ramali musaddasi solim vazni (foilotun, foilotun, 
foilotun) da yozilgan. Paradigmasi: – V – –, – V – –, – V – –.
Rajaz arabcha so‘z bo‘lib, tuya holdan toyganda paydo 
bo‘ladigan qaltiroq kasalligini bildiradi. Aruz bahrlaridan biri 
rajaz mustaf’ilun asli (– – V – ) takroridan hosil bo‘ladi. Mazkur 
bahr iztirobli ohangni ifodalagani uchun shunday nomlanadi. 
Rajaz bahri ham xuddi hajaz, ramal bahrlari singari o‘zbek 
she’riyatida faol qo‘llanadi. Navoiy “Mezon ul-avzon” asarida 
rajaz bahrining o‘n uchta vazni to‘g‘risida, Bobur esa “Muxtasar” 
asarida uning oltmish uchta vazni to‘g‘risida mulohaza bildirib, 
turkiy va fors she’riyati namoyandalari ijodidan misollar 
keltirgan.
O‘zbek mumtoz she’riyatida rajaz bahrining sakkiz rukn li, 
to‘rt ruknli vaznlaridan keng foydalanilgan. O‘zbek she’riyati-
dagi rajaz bahrida yozilgan dastlabki she’rlar “Qissasi Rab-
g‘uziy” da mavjud. Navoiyning jami yigirma to‘rtta she’ri, 
ya’ni yigirma ikki g‘azali, bir qit’asi, bir muammosi rajaz 
bahrida yozilgan. Atoyi, Sakkokiy, Lutfiy, Gadoiy, Ogahiy kabi 
shoirlarning talaygina she’rlari ayni bahrda bitilgan. Ogahiyning 
mumtoz qo‘shiqqa aylangan mashhur “Ustina” radifli g‘azali 
rajazi musammani solim vaznida bo‘lib, uning chizmasi V – / 
– – V – / – – V – / – – V– ko‘rinishidadir.
Qilg‘il tamosho qomati zebosi birla orazin,
Gar ko‘rmasang gul bo‘lg‘onin payvandi shamshod ustina
Muzori’ arabcha so‘z bo‘lib, o‘xshaydigan, o‘xshovchi 
demakdir. Muzori’ bahri hazaj bahriga o‘xshaydi. Muzori’ bahri 
mafoiylun (V – – – ) va foilotun (– V – – ) asllarining ketma – ket 
takroridan hosil bo‘ladi. Muzori’ bahri ham xuddi ramal, rajaz, 
hazaj bahri singari o‘zbek mumtoz she’riyatida keng qo‘llanadi. 
Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida muzori’ bahrining 
yigirma to‘rt vazni to‘g‘risida, Boburning “Muxtasar” asarida 
ushbu bahrning yigirma to‘rt vazni haqida ma’lumot berilib, fors 
va turkiy she’riyatdan misollar keltirilgan. O‘zbek she’riyatida 
muzori’ bahridagi dastlabki she’r “Qissasi Rabg‘uziy” da 
mavjud. Atoyi, Sakkokiy, Gadoiy, Lutfiy kabi o‘zbek shoirlari 
ham muzori’ bahrining bir necha vaznida she’rlar bitishgan. 
Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devonidagi turli janrdagi 105 
ta she’r muzori’ bahrida yozilgan. Navoiyning:
Ishqu junun erurlar beixtiyor manda,
Mendurmanmu bu ikki, o‘zga ne bor manda
matla’li g‘azali muzori’i musammani axrab vazni (– – V / – V 
– – / – – V / – V – – ) da yozilgan.
Mujtass arabcha so‘z bo‘lib, ildizi bilan yulingan demakdir. 
Aruzdagi bahrlardan biri. Mujtass bahri hafif bahridan yulib 
olinganga o‘xshagani uchun shunday nomlanadi. Mujtass bahri 
mustaf’ilun (– – V –) va foilotun (– V– –) asllarining ketma – ket 
takroridan hosil bo‘ladi. Mujtass bahri ham xuddi hazaj, ramal, 
rajaz, muzori’, hafif, mujorih, sari’, mutaqorib bahrlari singari 


194
195
o‘zbek mumtoz she’riyatida faol qo‘llangan. Navoiy “Mezon 
ul-avzon” asarida mujtass bahrining to‘qqiz vazni to‘g‘risida, 
Bobur esa “Muxtasar” asarida ushbu bahrning yigirma vazni 
haqida mulohaza bildirib, fors va turkiy she’riyatdan misollar 
keltirgan.
O‘zbek she’riyatida mujtass bahrining beshta vaznidan 
ko‘proq foydalanishgan. Atoiy, Sakkokiy, Gadoiy, Lutfiy, Munis, 
Ogahiy, Nodira kabi shoirlar ijodida mujtass bahrining bir necha 
vaznida yozilgan she’rlar mavjud. Navoiyning “Xazoyin ul-
maoniy” devonidagi 348 ta she’r (devonning 11 foizini tashkil 
etadi) mujtass bahrida bitilgan.
Mujtass bahrining o‘ziga xosligi uning ko‘p vaznli ekanligidir. 
Ya’ni mujtass bahrida bitilgan bir she’rda undagi bir necha vazn 
aralash holda qo‘llanishi mumkin. Bu esa she’rga o‘ziga xos 
o‘ynoqi ohang baxsh etadi. Navoiyning:
Ko‘ngul haroratin anglatti ohi dardolud,
Uy ichra o‘t ekanin elga zohir aylar dud
matla’li g‘azali mujtassi musammani maxbuni maqsur vazni (V 
– V – / – V – – / V – V – / – V ~) da yozilgan.
Nodiraning qo‘shiq qilib kuylanadigan:
Nigori gulbadanimni tushimda ko‘rsam edim,
Labi shirin shikonimni tushimda ko‘rsam edim
matla’li g‘azali mujtassi musammani maxbuni mahzuf vazni 
(V– V– / VV – – / V – V – / V V –) da bitilgan.
Munsarih arabcha so‘z bo‘lib, erkin demakdir. Aruzdagi 
bahrlardan biri munsarih mustaf’ilun (– – V–) va maf’ulotu (– – 
– V) asllarining ketma – ket takroridan hosil bo‘ladi. Munsarih 
bahri ham o‘zbek mumtoz she’riyatida faol qo‘llanadi. Navoiy 
“Mezon ul-avzon” asarida munsarih bahrining o‘n bir vazni 
to‘g‘risida, Bobur esa “Muxtasar” asarida ushbu bahrning o‘ttiz 
to‘rt vazni haqida mulohoza bildirib, fors va turkiy she’riyatdan 
misollar keltirgan.
O‘zbek she’riyatida munsarih bahrining uchta vaznidan keng 
foydalanilgan. Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devonidagi 
12 ta she’r munsarih bahrida yozilgan. Ular o‘zbek she’riyatida 
ushbu bahrda bitilgan dastlabki she’rlar ekanligi qayd qilinadi. 
Navoiyning:
Ey orazing ko‘nglum komi, la’li labing jon oromi,
Vasling kunin yetkurgilki, jonim olur hajring shomi
matla’li g‘azali munsarihi musammani solim vazni ( – – V – / 
– – – V / – – V– / – – – V) da yozilgan.
Sari’ arabcha so‘z bo‘lib, tez demakdir. Aruzdagi bahrlardan 
biri sari’ tez aytiladigan bahr bo‘lgani bois shunday nomlangan. 
Sari’ bahri 2 ta mustaf’ilun (– – V – / – – V –) va 1 ta maf’ulotu 
(– – – V) asllarining ketma – ket takrorlanishidan hosil bo‘ladi. 
Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida sari’ bahrining besh vazni 
to‘g‘risida, Bobur esa “Muxtasar” asarida ushbu bahrning o‘n 
yetti vazni haqida ma’lumot berib, fors va turkiy she’riyatdan 
misollar keltirgan.
Sari’ bahrida bir necha vazn bo‘lsa-da, o‘zbek she’riyatida 
undagi ikki vazndan ko‘proq foydalanilgan. Navoiyning 
“Xamsa” sidagi “Hayrat ul-abror” dostoni va “Xazoyin ul-
maoniy” devonidagi ikkita g‘azal va bitta fard sari’ bahrida 
yozilgan. Alisher Navoiy o‘zbek she’riyatida sari’ bahrida she’r 
yozishni boshlab bergan. Navoiyning:
Sendan yiroq ko‘zning erur hayronlig‘i,
Hajring aro har lahza sargardonlig‘i
matla’li g‘azali sari’i musaddisi solim vazni (– – V / – – V – / – – 
– V) da yozilgan. Ogahiy, Muqimiy, Habibiy singari shoirlarning 
ayrim she’rlari ham sari’ bahrida bitilgan.
Mutaqorib arabcha so‘z bo‘lib, bir – biriga yaqin demakdir. 
Mutaqorib aruz bahrlaridan biri bo‘lib, u faulun asli (V – –) 
takroridan hosil bo‘ladi. Ushbu bahrning mutaqorib, ya’ni “bir – 
biriga yaqin” deyilishi uning chizmasi (V – – / V – – / V – – / V 


196
197
– –) da vatad (sokin va mutaharrik harflarning muayyan tartibda 
birikishidan hosil bo‘ladigan ritmik birlik) larning bir-biriga 
yaqin turishi bilan bog‘liq. Bahrning taqti’ (chizma) siga e’tibor 
berilsa, unda vatad (V –)lar birgina (–) dan keyin takrorlanib 
kelayotgani ko‘rinadi.
Mutaqorib bahri o‘zbek mumtoz she’riyatida, xususan, 
g‘azalchilikda keng qo‘llanadi. Navoiy “Mezon ul-avzon” asarida 
ushbu bahrning o‘n bir vazni haqida, Bobur esa mutaqoribning 
qirqdan ortiq vazni haqida mulohaza bildirib, fors va turkiy 
she’riyatdan misollar keltirgan. Yusuf Xos Hojibning “Qutadg‘u 
bilig”, Navoiyning “Saddi Iskandariy” dostonlari mutaqorib 
bahrida bitilgan. Lutfiyning:
Ko‘kardi chaman, guluzorim qani?
Sihi sarv bo‘yluq nigorim qani?
matla’li g‘azali mutaqoribi musammani solim vazni (V – – / V 
– – / V – – / V – –) da yozilgan.
Mutadorik arabcha so‘z bo‘lib, orqadan kelib qo‘shiluvchi 
demakdir. Aruzdagi bahrlardan biri mutadorik foilun asli (– V –) 
takroridan hosil bo‘ladi. Aruz vaznining birinchi nazariyotchisi 
Xalil ibn Axmad arab she’riyatida 15 ta bahr mavjudligini 
ko‘rsatgan. Abul Hasan Axshaf ushbu bahrlar qatorida yana 
bir bahr borligini bildirgan. U qo‘shgan bahr “mutadorik” deb 
nomlangan. Ayrim manbalarda ushbu bahr bahri muhdas (yangi 
topilgan) yoki g‘arib (chetdan kelgan) deb yuritiladi. 
Alisher Navoiy “Mezon ul-avzon” asarida mutadorik bah-
ridagi yetti vazn to‘g‘risida, Zahiriddin Muhammad Bobur esa 
“Muxtasar” asarida mazkur bahrdagi yigirma olti vazn haqida 
fikr bildirib, turkiy va fors she’riyatidan misollar keltirgan. 
Manbalarda o‘zbek she’riyatida Navoiy ilk bor mutadorik 
bahrida she’r yozganligi qayd qilinadi. Navoiyning “Mezon ul-
avzon” asarida:
Furqatingda mani so‘rmading,
Rahm ko‘zi bilan ko‘rmading
bayti mutadoriki musaddasi solim vazni (– V – / – V – / – V 
–) da ekanligi misol sifatida keltiriladi.
Komil arabcha so‘z bo‘lib, mukammal, yetuk demakdir. 
Aruzdagi bahrlardan biri komil harakati unlilarining ko‘pligi 
jihatidan vofir bahriga nisbatan yetukroq, mukammalroq bo‘lgani 
uchun shunday nomlangan. Komil bahri mutafoilun asli (VV – V 
–) ning takroridan hosil bo‘ladi.
Komil bahri, asosan, arab she’riyatiga xos bo‘lib, o‘zbek 
she’riyatida juda kam qo‘llangan. Navoiyning “Mezon ul 
avzon” asarida birgina komili musammani solim vazni (VV – 
V – / VV – V – / VV – V –) ga misollar keltirilgan. Boburning 
“Muxtasar” asarida esa komil bahridagi yigirma ikki vaznga 
misollar berilgan.
Komil bahri o‘zbek she’riyatiga Navoiy ijodi orqali kirib 
kelgani ta’kidlanadi. Munis, Ogahiy, Uvaysiy, Muqimiy, Habibiy 
kabi shoirlar ijodida ham komil bahriga mansub she’rlar mavjud. 
Navoiyning:
Ne balo emish sening ul xirom ila qomating,
Gahi sur’ating, gahi noz birla iqomating
bayti komili musaddasi solim vazni (VV – V – / VV – V – / VV 
– V –) da yozilgan. 
Vofir arabcha so‘z bo‘lib, “mo‘l”, “ko‘p” degan ma’noni 
bildiradi. Aruz vaznidagi bahrlardan biri shunday nomlanadi. 
Bahrning bunday nomlanishi unda qisqa unlilar ko‘pligi bilan 
bog‘liqdir. Vofir bahri mafoiylatun asli (V – VV –) ning takroridan 
hosil bo‘ladi.
Vofir bahri arab she’riyatiga xos bahr ekanligi, u turkiy va 
fors she’riyatida qo‘llanmagani qayd qilinadi. Navoiy “Mezon 
ul­avzon” asarida vofir bahrining ikki vazni to‘g‘risida, Bobur 
esa “Muxtasar” asarida ushbu bahrdagi yigirma bir vazn haqida 
to‘xtalib, ularga moslab baytlar bitishgan.
“Muxtasar” asarida:


198
199
Kel ey qaro ko‘z, manga guzar et,
Budur sanga so‘z, manga nazar et
bayti vofiri murabba’i solim vazni (V – VV – / V – VV –) ga 
misol qilib keltirilgan.
Basit arabcha so‘z bo‘lib, yoyiq demakdir. Aruz bahrlaridan 
biri basit mustaf’ilun (– – V –) va foilun (– V –) asllarining 
takroridan hosil bo‘ladi. Mustaf’ilun (– – V –) rukni boshida ikki 
sabab, ya’ni mus (–) va taf (–) yoyilib turgani uchun ushbu bahr 
shunday nomlangan deyiladi. Shuningdek, unda harakatlar, ya’ni 
qisqa unlilar yoyilgani uchun bahr shunday atalgan deyiladi.
Basit bahri arab she’riyatiga xos bo‘lib, o‘zbek she’riyatida 
qo‘llanmaydi. Navoiy “Mezon ul-avzon” asarida basit bahrining 
bir vazni to‘g‘risida, Bobur “Muxtasar” asarida ushbu bahrning 
sakkiz vazni to‘g‘risida to‘xtalib, turkiy tilda ularga moslab 
maxsus misollar keltirilgan. Navoiy:
Ishqing meni tun-u kun majnun-u zor aylamish,
Ko‘nglumni zor-u hazin, jismim nizor aylamish
baytini misol sifatida keltirib, u basiti musammani solim vazni 
(– – V – / – V – / – – V – / – V –) da ekanligini qayd etgan.
Tavil arabcha so‘z bo‘lib, uzun demakdir. Aruz vaznidagi 
bahrlardan biri tavil arab she’riyatidagi eng uzun vaznli bahrdir. 
Uning nomlanishi eng uzun vaznli ekanligi bilan bog‘liq. Tavil 
bahri faulan (V – –) va mafoiylun (V – – –) asllarining ketma – 
ket takroridan hosil bo‘ladi.
Tavil arab she’riyatiga xos bahr bo‘lib, fors va turkiy 
she’riyatda deyarli qo‘llanmagan. Navoiyning “Mezon ul-
avzon” asarida tavil bahrining birgina vazni, Boburning 
“Muxtasar” asarida ushbu bahrdagi olti vazni haqida ma’lumot 
berilib, misollar keltirilgan. Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” 
devonidagi uchta she’r tavili musamma solim vazni (V – – / V 
– – – / V – – / V – – –) da yozilgan. Ulardan biri:
Yuzingdek qamar yo‘qtur, qadingdek shajar yo‘qtur,
Shajar bo‘lsa ham anda, labingdek samar yo‘qtur
matla’si bilan boshlanadi.
Madid arabcha so‘z bo‘lib, “cho‘ziq” demakdir. Aruz 
vaznidagi bahrlardan biri madid foilotun (– V – –) va foilun (– 
V – ) asllarining ketma – ket takroridan hosil bo‘ladi. Bahrda 
foilotun (– V – –) dagi sabablar, ya’ni fo hamda tun orasidagi 
masofa cho‘ziq bo‘lgani uchun u “madid” deb nomlanadi.
Madid bahri arab she’riyatiga xos bo‘lib, o‘zbek she’riyatida 
qo‘llanmaydi. Navoiy “Mezon ul avzon” asarida, Bobur 
“Muxtasar” asarida madid bahrining ayrim vaznlari haqida 
ma’lumot berib, misol sifatida maxsus baytlar yozishgan. 
“Muxtasar” da:
Necha tortay hajridin sensizin ozormen,
Kelki hijroningda men umrdin bezormen
bayti keltirilib, u madidi musammani solim vazni (– V – – / – V 
– / – V – – / – V –) da bitilgani qayd qilingan.
Muqtazab arabcha so‘z bo‘lib, kesilish, qisqarish demakdir. 
Munsarih bahridan kesib olinganga o‘xshagani uchun shunday 
nomlanadi. Muqtazab bahri maf’ulotu (– – – V) va mustaf’ilun 
(– – V –) asllarining ketma – ket takroridan hosil bo‘ladi.
Muqtazab bahri arab she’riyatiga xos bo‘lib, o‘zbek 
she’riyatida qo‘llanmagan. Bobur “Muxtasar” asarida muqtazab 
bahridagi o‘n besh vazn to‘g‘risida ma’lumot bergan hamda 
maxsus baytlar bitib, misol sifatida keltirgan. Navoiy esa “Mezon 
ul-avzon” asarida ushbu bahrning muqtazabi musammani matviy 
vazni (–V – V / – VV – /– V– V /– VV –) ga:
Ey nigori mahvashim, ey harifi jur’akashim,
Tut qadahki, behad erur ishq tobidin otashim
baytini misol sifatida keltirgan.


200
201
Qarib arabcha so‘z bo‘lib, yaqin demakdir. Aruz bahrlaridan 
biri. Muzori’ bahriga yaqin bo‘lgani uchun shunday nomlangan. 
Qarib bahri ikkita mafoiylun (V – – – / V – – –) va bitta foilotun 
(– V – –) asllarining takroridan hosil bo‘ladi.
Qarib bahri arab she’riyatiga xos bo‘lib, o‘zbek she’riyatida 
qo‘llanmagan. Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida ham, 
Boburning “Muxtasar” asarida ham qaribi musaddasi solim 
vazni (V – – – / V – – – / – V – –) ga:
Jamolingdin quyosh asru bor uyotliq,
Sochingga banda bog‘ ichra sunbul otliq
bayti misol sifatida keltirilgan. Bundan tashqari, “Muxtasar”da 
qarib bahrining yana o‘n uch vazniga misol sifatida maxsus 
baytlar bitgan, masalan:
Qaro ko‘zum beriga kel karam etgil,
Meni visol birla muhtaram etgil
bayti keltirilgan. Ushbu bayt qaribi musaddas maxbun vazni (V 
– V – / V – V – / VV – –) da yozilgan.
G‘arib arabcha so‘z bo‘lib, chetdan kelgan demakdir. Aruz 
bahrlaridan biri. Ushbu bahr chetdan yangi qo‘shilgani uchun 
shunday nomlangan. U yangi degan ma’noda jadid bahri deb 
ham nomlanadi. G‘arib bahri ikkita foilotun (– V – – / – V – –) 
va bitta mustaf’ilun (– – V –) asllarining takroridan hosil bo‘ladi. 
G‘arib bahri arab she’riyatiga xos bo‘lib, o‘zbek she’riyatida 
qo‘llanmagan. Navoiy “Mezon ul-avzon” asarida:
Ikki ruxsoring erur chul chaman aro,
Araqing yuz uza shabnam suman aro
baytini g‘arib (jadid) i musaddasi maxbun vazniga misol sifatida 
keltirgan. Boburning “Muxtasar” asarida g‘arib (jadid) bahrining 
o‘n bir vazni sanalib, ularning har biriga turkiy tilda bitilgan 
maxsus baytlar misol sifatida berilgan.
Mushokil arabcha so‘z bo‘lib, shakldosh demakdir. Aruz 
bahrlaridan biri mushokil bitta foilotun (– V – –) va ikkita 
mafoiylun (V – – – / V – – –) asllarining takroridan hosil bo‘ladi. 
Mushokil bahri qarib bahri bilan shakldosh bo‘lgani bois shunday 
nomlanadi. Mushokil bahri, asosan, arab she’riyatida qo‘llanadi. 
Navoiyning “Mezon ul-avzon” asarida ham, Boburning 
“Muxtasar” asarida ham: mushokili musaddasi solim vazni (– V 
– – / V – – – / V – – –) ga:
Necha sansiz firoqingda fig‘on aylay,
Nola birla ulus bag‘rini qon aylay
bayti misol sifatida keltirilgan. Shuningdek, “Muxtasar” da 
mushokil bahrining o‘n yetti vazni sanalib, misollar berilgan. 
Jumladan:
Yo‘q seningcha jafokori jafojo‘y,
Yo‘q menigcha vafodori duogo‘y
bayti mushokili musaddasi makfufi maqsur vazni (– V – – / V 
– – – / V – ~) ga misol qilingan. 
Boburning “Muxtasar” asarida aruzdagi bahrlar to‘g‘risida: 
“Bilgilkim, usulning takroridin, yo ba’zining ba’zi bila tarki-
bidin bahr hosil bo‘lur. Bu bahrlarkim musta’mal (....... ) va 
mashhur dur, un to‘quz dur: 1. Mutaqorib. 2. Mutadorik. 3. Ha-
zaj. 4. Ra jaz. 5. Ramal. 6. Vofir. 7. Komil. 8. Tavil. 9. Madid. 
10. Basit. 11. Munsarih. 12. Muzori’. 13. Muqtazat. 14. Mujtass. 
15. Sari’. 16. Jadid. 17. Qarib. 18. Hafif. 19. Mushokil. Yana ikki 
bahrkim Arid bila Amiqdur, tavil doirasida hosil bo‘lur, ul g‘ayri 
mashhurdur. Bu bahrlar bila jami’ buqur (bahrlar) yigirma bir 
bo‘lg‘ay” deyiladi.
Sharq she’riyatida keng tarqalgan aruz murakkab she’riy 
tizim bo‘lib, bu barmoq bilan taqqoslanganda yaqqol bilinadi. 
Ma’lumki, barmoq tizimi misralarda bir xil miqdordagi 
bo‘g‘inlarning muayyan tartibda guruhlanib takrorlanishiga 


202
203
asoslanadi. Barmoq tizimidagi she’rlarda misralardagi 
bo‘g‘inlarning sifati, ya’ni cho‘ziq yoki qisqaligi ahamiyatsiz. 
Aruz tizimidagi she’rlarda esa misralardagi cho‘ziq va qisqa 
bo‘g‘inlar miqdori bir xil bo‘lishi va muayyan o‘rinda bo‘lishi 
shart. Aruz tizimidagi she’rlarda misralardagi cho‘ziq va qisqa 
bo‘g‘inlarning muayyan tartibda takrorlanishi mayin musiqiy 
ritm – ohangni hosil qiladi. Masalan, Navoiyning:
Kecha kelgumdir debon ul sarvi gulru kelmadi,
Ko‘zlarimga kecha tong oquncha uyqu kelmadi
matla’li g‘azal taqti’si quyidagicha:
– V – – – V – – – V – – – V –
– V – – – V – – – V – – – V – 
Ma’lum bo‘ladiki, har bir misrada 15 tadan bo‘g‘in bo‘lib, 
ularning 11 tasi cho‘ziq (–), 4 tasi qisqa (V). Cho‘ziq (–) qisqa 
(V) bo‘g‘inlar keyingi misralarda ham xuddi shu tartibda keladi.
Barmoq tizimidagi she’rlarda misralardagi cho‘ziq va qisqa 
bo‘g‘inlar soni har xil bo‘ladi va istalgan o‘rinda keladi. Hamid 
Olimjonning “O‘zbekiston” she’ridagi:
Vodiylarni / yayov / kezganda,
Bir ajib his / bor e / di menda,
Daryolardan / kuylab / o‘tardim,
Qo‘shiqlarga / quloq / tutardim
misralardagi cho‘ziq (–) va qisqa (V) bo‘g‘inlar chizmasi 
quyidagicha:
– – – – V – – – –
– V – – – – V – – –
– – – – – – V – –
V – – – – V – V – –
Barmoq tizimidagi she’rlarda misralardagi turoq tugal 
so‘zlardan tarkib topadi. Aruz tizimidagi she’rlarda esa bunday 
emas. Ularda misralardagi ritmik guruhdagi so‘zlar bo‘g‘ini 
keyingi guruhda davom etishi mumkin:
Kecha kelgum dir debon ul sarvi gulru
kelmadi.
– V – –
– V – –
– V – –
– V –
Shu boisdan barmoq tizimidagi she’rlarga nisbatan “turoq” 
termini, aruz tizimidagi she’rlarga nisbatan “rukn” termini 
qo‘llanadi. Chunki aruz tizimidagi she’rlarda misralardagi bo‘-
g‘inlar keyingi so‘z bo‘g‘inlariga qo‘shilib ketaveradi. Xususan, 
yopiq bo‘g‘in oxiridagi undosh vazn talabi bilan o‘zidan keyingi 
unli bilan qo‘shib o‘qilishi mumkin. Bu vasl hodisasi deyiladi.
Vasl arabcha so‘z bo‘lib, ulanish, qo‘shilish demakdir. 
Vasl – aruzda yozilgan she’rlarda ayrim yopiq hijolar oxiridagi 
undoshning vazn talabi bilan o‘zidan keyingi unli bilan bosh-
langan so‘zning birinchi hijosiga qo‘shib o‘qilishidir. Masalan, 
Mashrabning:
Sajda aylar zohid ul mehrobig‘a,
Man qilurman sajda egma qoshima
Baytidagi zohid ul (– – –) birikmasi vazn talabiga ko‘ra 
“zo – hi – dul” (– V –) tarzida o‘qilishi lozim. Aks holda she’r 
vazni buziladi. Chunki bayt ramali musaddasi maqsur (foilotun, 
foilotun, foilun) vaznida bo‘lib, agar vasl qoidasiga rioya qi-
linmasa, birinchi misra hashvidagi ikkinchi hijo qisqa bo‘lmay 
qoladi. Buning natijasida vaznda buzilish yuzaga keladi.
Hashv arabcha so‘z bo‘lib to‘ldirmoq. Hashv taqti’ bilan 
bog‘liq hodisadir. Taqti’ arabcha so‘z bo‘lib, kesish demakdir. 
Taqti’ – aruz tizimidagi she’r baytini ritmik bo‘laklarga, teng 
qismlarga bo‘lish, misralardagi muayyan tartibda joylashgan 
mutaharrik va sokin harflarni guruhlashdir.


204
205
Taqte’ qilish orqali she’rdagi baytning bahri aniqlanadi. Hozir 
aruzshunoslikda misralarni cho‘ziq va qisqa hijolarga ajratish 
orqali guruhlash – taqte’ qilish usuli keng qo‘llanadi. Baytdagi 
har bir misraning bir ruknga teng qismi, ya’ni taqte’si alohida 
nom bilan yuritiladi: birinchi misraning birinchi taqte’si sadr, 
oxirgi taqte’si aruz (yoki ajuz),
ikkinchi misraning birinchi taqti’si ibtido,
oxirgi taqte’si zarb,
sadr va ajus, ibtido va zarb orasidagi taqti’lar hashv de yi-
ladi. Masalan, Navoiyning quyidagi baytida taqte’lar ushbu ko‘-
rinishida joylashgan:
sadr
hashv
hashv
ajuz
Xil’atin to
aylamish jo
non qizil, so rig‘, yashil,
– V – –
– V – –
– V – –
– V –
fo i lo tun
fo i lo tun
fo i lo tun
fo i lun
ibtido
hashv
hashv
zarb
Shu’lai o
him chiqar har yon qizil, so rig‘, yashil.
– V – –
– V – –
– V – –
– V –
fo i lo tun
fo i lo tun
fo i lo tun
fo i lun
Baytlar taqte’larga ajratilgach, undagi ruknlar soni, zihof 
(o‘zgarish)ga uchragan yoki uchramaganiga qarab, turlicha 
nomlanadi. Yuqoridagi bayt, ya’ni ikki misra foilotun ruknining 
sakkiz marta takrorlanishi (6 marta foilotun va 2 marta foilun), 
va misralar oxirida ruknning hazf zihofiga uchrashi ko‘rinishida 
shakllangan. Shundan kelib chiqib, ushbu bayt vazni ramali 
musammani mahzuf deb nomlanadi. Agar baytda rukn olti marta 
takrorlansa, baytda hashv ishtirok etmaydi. Masalan, Navoiyning 
quyidagi baytida rukn 6 marta takrorlangan:
sadr
hashv
ajuz
Bizing shaydo
ko‘ngul becho
ra bo‘lmish
V – – –
V – – –
V – – –
ma fo iy lun
ma fo iy lun
fa u lun
ibtido
hashv
zarb
Malolat dasi
tida ovo
ra bo‘lmish
V – – –
V – – –
V – –
ma fo iy lun
ma fo iy lun
fa u lun
Baytda mafoiylun rukni olti marta takrorlanmoqda va misra 
oxiridagi rukn hazf zihofiga uchragan. Shundan kelib chiqib, bayt 
vazni hazaji musaddasi mahzuf deb nomlanadi. Hazf arabcha 
so‘z bo‘lib, orqasidan bormoq, o‘xshamoq demakdir.
Ma’lum bo‘ladiki, aruz tizimi, undagi rukn, bahr, furu’ kabi 
unsurlar juda murakkab bo‘lib, ularni tushunib olish oson emas. 
Shuning uchun Alisher Navoiy “Mezon ul-avzon” asarida: 
“Ammo bilgilkim, aruz fannikim, nazm avzonining mezonidir, 
sharif fandir. Nevchunkim, nazm ahlining rutbasi bag‘oyat biyik 
rutbadir. Andoqki, Haq subhonahu va ta’oloning kalomi majidida 
ko‘p yerda nazm voqe’ bo‘lubturki, aruz qavoidi bila rostdur” 
deb ta’kidlaydi va fikrini “Qur’on” oyatlari hamda payg‘ambar 
hadislaridan misollar keltirib asoslaydi. Muhammad sollollahu 
alayhi vasallamning chahoryorlaridan biri hazrati Ali ham 
ko‘p she’r bitgani, uning devoni borligi, mashoyix va avliyolar 
orasida ham she’r yozgani ko‘p bo‘lganini ta’kidlaydi. “Sharif” 
arabcha so‘z bo‘lib, ilohiy, muqaddas, aziz, e’zozli, toza, pokiza 
kabi ma’nolarni bildiradi. Navoiy va boshqa allomalar “aruz – 
sharif fan” deganda uning murakkab va mukammal ekanligini 
nazarda tutgan. Aruz tizimining murakkabligi va mukammalligi 
shundaki unda, nafaqat, misra, bayt, so‘z, balki bo‘g‘in, tovush, 
harf ham o‘ziga xos o‘rin egallaydi.


206
207
Bo‘g‘in, tovush, harf kabi unsurlar she’rdagi ma’noni 
yoritishga taalluqli boshqa jihatlar bilan bevosita bog‘lanib 
ketadi. Abdurauf Fitrat aruz tizimining o‘ziga xos xususiyatlari 
to‘g‘risida so‘z yuritarkan: “... tizimda vazn mas’alasini millat 
o‘z tilining ba’zi xususiyatlariga ko‘ra hal qilg‘anlar. Bizning 
tilimizga uyg‘un kelaturg‘an vazn, albatta, milliy vaznimiz 
bo‘lg‘an barmoq vaznidir. Biroq eron–arab ta’siri ostida aruz 
vazni ham adabiyotimizga kirgan, muhim o‘rin olg‘an, muvaf-
faqiyatsiz bir shaklda keng sur’atda bu kungacha davom etib 
kelgan...
Aruz vazni arabnikidir. Arab ana shu vaznlarda she’r yoz-
g‘an... Biroq forsiy she’r uchun qabul etilgan aruz arab aruzining 
xuddi o‘zi emas. Forslar arab aruzini tuzatdilar. Kamchiliklarini 
to‘ldirdilar. O‘zlarining milliy vaznlarini ham shu qoidalarg‘a 
ergashtirib aruzga kirgazdilar...
Aruz ham asos qilib, so‘z bo‘g‘inlarini oladir. Biroq u 
cho‘zg‘ilarning uzunlik, qisqaligini ham ko‘zda tutadir. Bir 
necha so‘z bo‘g‘inlidir. Har bo‘g‘inida necha harf, necha bo‘g‘in 
bor? Cho‘zg‘ilari uzunmi, qisqami? Mana, arab – fors aruzining 
tekshirgani mana shulardir...
Aruz bilan yozilg‘an bir tizimning vaznini tekshirganda 
har misraning har so‘zining har bo‘g‘inida necha harf, qanday 
cho‘zg‘i borlig‘ini tekshirib turmoq, albatta, og‘irdir. Shoirni 
(ng) ilhomini bo‘g‘ub, til tekshirishga majbur qiladir” deb qayd 
etadi. “Adabiyot qoidalari” muallifi aruz tizimi barmoq tizimiga 
nisbatan murakkab ekanligi bois shunday deydi. Chindan ham 
ushbu tizimga xos xususiyatlarni anglash ancha qiyinki, bu 
unda bir unsur keyingisi bilan bog‘liqligi va ular zanjir halqalari 
singari bir-biriga ulanib ketganidan kelib chiqadi. Masalan, 
yuqoridagi hazf o‘z – o‘zicha emas, balki muqayyad qofiyada 
namoyon bo‘ladi. Buning uchun esa dastlab qofiya nima ekanligi 
to‘g‘risida tushunchaga ega bo‘lish lozim.
Qofiya arabcha so‘z bo‘lib, misra oxiridagi so‘zlarning bir­
biriga mos bo‘lishidir. She’rda misralar oxiridagi qo‘shimcha, 
so‘z, ba’zan so‘z birikmalari ohangdosh bo‘lib keladi. Aniq-
rog‘i, ularning tarkibidagi tovushlar guruhi ohangdoshlik ho-
sil qiladi. Qofiya ritmik jihatdan misrani ta’kidlash orqali 
she’r ritmining his qilinishida muhim ahamiyat kasb etadi. 
She’r o‘qilayotganida qofiya misraning tugaganidan darak be­
radi. She’riyatda qofiyaning: to‘liq va to‘liqsiz qofiya, un­
li tovushlar ohangdoshligiga asoslangan assonans qofiya, 
un dosh ohangdoshligiga asoslangan dissonans qofiya, rus 
she’ riyatida qofiyalanayotgan so‘zlarning ochiq bo‘g‘in bilan 
tugasa – jenskaya rifma, yopiq bo‘g‘in bilan tamom bo‘lsa – 
mujskaya rifma kabi qo‘llanishlari mavjud. O‘zbek she’riyatida 
qofiyadosh so‘zlardagi tovushlar qay darajada mosligi jihatidan 
och (to‘liqsiz) va to‘q (to‘liq) qofiyalar ajratiladi. Misralardagi 
so‘zlarning tovush tarkibi to‘la mos (masalan: savdo – g‘av g‘o – 
paydo – shaydo, laylo – Ra’no kabi) kelsa, to‘q (to‘liq) qofiya 
deyiladi. Och (to‘liqsiz) qofiyalarda qofiyadosh so‘zlarning 
tovush tarkibi qisman (masalan: dahriy – qahridan, titrab - 
guldirak) mos keladi.
She’riyatda qofiyaning qator ko‘rinishlari mavjud: Ular quyi­
dagilar: 
to‘liq va to‘liqsiz qofiya;
unlilar ohangdoshligigagina asoslangan assonans qofiya;
undoshlar ohangdoshligigagina asoslangan dissonans qofiya;
rus she’riyatida ochiq va yopiq bo‘g‘in bilan tugashiga ko‘ra:
ochiq qofiya
yopiq qofiya
To‘liq qofiyada qofiyadosh so‘zlarning tovush tarkibi to‘la 
mos keladi. Masalan: buzib – uzib, yuzlaridan – izlaridan.
To‘liqsiz qofiyada qofiyadosh so‘zlarning tovush tarkibi 
qisman mos keladi.
Masalan: dahriy – qahridan, titrab – guldirak.
To‘liq qofiya “to‘q qofiya”, to‘liqsiz qofiya “och qofiya” deb 
ham yuritiladi. 


208
209
Qofiya she’riy nutqning ohangdorligi, musiqiyligi va ta’sir­
chanligini ta’minlovchi muhim unsurdir. Shu boisdan Sharq 
adabiyotshunosligida qofiyani o‘rganuvchi maxsus soha – ilmi 
qofiya mavjud. Ilmi qofiyada qofiya va uning unsurlari, turlari, 
estetik vazifalari, qofiya bilan bog‘liq san’atlar o‘rganilgan. 
Jumladan, mumtoz she’rshunoslikda qofiyaning raviy, ridf, 
noira kabi unsurlari, qofiyaning mutlaq qofiya, muqayyad qofiya 
singari turlari keng ta’riflangan.
Muqayyad qofiya, mutlaq qofiya nima ekanligini tushunish 
uchun qofiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bilib olish lozim. 
Ulardan biri raviydir.
Raviy arabcha so‘z bo‘lib, yukni tuyaga bog‘laydigan arqon 
demakdir. Qofiyalanib kelayotgan so‘z o‘zagi yoki negizi oxirida 
aynan takrorlanib keluvchi cho‘ziq unli yoki undosh raviy 
deyiladi. Masalan: vafo – jafo so‘zida o tovushi raviy sanaladi. 
Vafodor – jafodor so‘zida esa r tovushi raviydir.
Qofiyada raviydan tashqari, yana 8 ta unsur mavjud bo‘lib, 
ulardan to‘rttasi – ridf, qayd, ta’sis, daxil raviydan oldin, 
to‘rt ta si – vasl, xuruj, mazid, noira raviydan keyin keladi. Qo-
fiyalanuvchi so‘zda raviydan keyin hech qanday unsur bo‘lmasa, 
bunday qofiya “qofiyai mujarrad”, ya’ni yalang‘och qofiya deb 
yuritiladi.
Raviydan oldin keluvchi unsurlar quyidagilar:
1. Ridf – mingashish demakdir. Undosh raviydan oldin kel-
gan uzun unli ridf deb yuritiladi. Masalan: “shahar – sahar” 
qofiyadosh so‘zlarida r undosh raviy, undan oldindagi a cho‘ziq 
unlisi ridfdir. Ridfli qofiya qofiyai muraddafa deyiladi. 
2. Qayd – bog‘lovchi demakdir. Raviydan oldin kelgan 
harakatsiz, ya’ni yopiq undosh qayd deb yuritiladi. Masalan: 
“Baland – qayd” qofiyadosh so‘zlarida d undoshi raviy, uning 
oldidagi harakatsiz, ya’ni yopiq undosh n qayddir. Qaydli qofiya 
qofiyai muqayyada deb yuritiladi.
3. Ta’sis – asoslovchi, mustahkamlovchi demakdir. Raviydan 
oldin kelgan bir harakatli undoshdan oldin keluvchi cho‘ziq unli 
ta’sis deyiladi. Masalan: “homil – qobil – zoyil – qotil” qofiyadosh 
so‘zlarida o tovushi ta’sisdir. Chunki ushbu so‘zlarning oxiridagi 
l tovushi raviy, undan oldin m, b, y, t mavjud. Ulardan oldin esa 
cho‘ziq unli o turibdi. Ta’sisli qofiya qofiyai muassasa deyiladi. 
4. Daxl – oraga kiruvchi demakdir. Roviy bilan ta’sis orasida 
kelgan harakatli undosh daxl deyiladi. Masalan: “zoyil – qoyil” 
qofiyadosh so‘zlaridagi y daxldir.
Raviydan keyin keluvchi unsurlar quyidagilardir:
1. Vasl – ulanish demakdir. Qofiyadosh so‘zlarda raviydan 
keyin takrorlanuvchi harakatsiz undosh yoki cho‘ziq unli vasl 
deyiladi. Masalan: “ulfatim – suhbatim” qofiyadosh so‘zlaridagi 
t – raviy, m – vasl; “bulog‘i – dog‘i – qulog‘i” so‘zlaridagi g‘ – 
raviy, i – vasl. Vaslli qofiya qofiyai muvassala deb yuritiladi.
2. Xuruj – chiqish demakdir. Qofiyadosh so‘zlarda vasldan 
so‘ng takrorlanuvchi harakatsiz undosh yoki cho‘ziq unli xuruj 
deyiladi. Masalan: “aflokidan – otashnokidan” qofiyadosh 
so‘zlaridagi k – raviy, d – vasl, oxirgi n – xuruj. Yoki “ruxsorga – 
devorga” qofiyadosh so‘zlaridagi r – raviy, g – vasl, a – xuruj.
3. Mazid – orttirilgan demakdir. Qofiyadosh so‘zlarda 
xurujdan keyin keluvchi harakatsiz undosh yoki cho‘ziq unli 
mazid deyiladi. Masalan: “Beomonlig‘im – hayronlig‘im” 
qofiyadosh so‘zlaridagi n – raviy, l – vasl, g‘ – xuruj, m – mazid. 
Yoki “salomimni – kalomimni” so‘zlaridagi birinchi m – raviy, 
ikkinchi m – vasl, n – xuruj, i – mazid.
4. Noira – o‘zini chetga oluvchi demakdir. Qofiyadosh 
so‘zlarda maziddan keyingi undosh yoki cho‘ziq unli noira 
deyiladi. Masalan: “kamronlig‘lar – notavonlig‘lar qofiyadosh 
so‘zlaridagi kamron – notavon o‘zagi oxiridagi n – raviy, 
birinchi l – vasl, g‘ – xuruj, ikkinchi l – mazid va oxirgi r – noira. 
Qofiyadosh so‘zlarda raviydan keyin keladigan unsurlarni so‘z 
o‘zgartiruvchi yoki shakl yasovchi qo‘shimchalardan qidirish 
kerak.
Mutlaq qofiya. Qofiya – so‘zning so‘zga mos bo‘lishi 
demakdir. Mutlaq qofiya esa hech bir shartsiz, to‘siqsiz 


210
211
qofiyalanishni bildiradi. Ilmi qofiyada raviydan keyin keluvchi 
unsurlar (vasl, xuruj, mazid, noira) ham ishtirok etuvchi, ya’ni 
raviy bilan to‘xtab qolmaydigan qofiya mutlaq qofiya deb 
yuritiladi. Masalan, Nodiraning:
Nigori gulbadanimni tushimda ko‘rsam edim,
Labi shirin shikanimni ko‘rsam edim
baytida mutlaq qofiya (badanimni – shikanimni) qo‘llangan. 
Badan – shikan so‘zlaridagi oxirgi n undoshi – raviy. Ushbu 
qofiyadosh so‘zlarda raviydan keyin ham ohangdosh tovushlar 
mavjud. Mutlaq qofiya bo‘lish uchun raviydan keyin vasl, xuruj, 
mazid, noiradan birining bo‘lishi yetarli.
Muqayyad qofiya – bog‘langan qofiya demakdir. Raviy 
bilan tugaydigan qofiya muqayyad qofiya deyiladi. Masalan, 
Ogahiyning:
Munchakim, ey dil, yetishdi hajridin zahmat senga,
Uzmading hargiz umiding vaslidin, rahmat senga
baytida muqayyad qofiya (zahmat – rahmat) qo‘llangan. Mutlaq 
qofiyadagi kabi muqayyad qofiya tarkibidagi har bir harf ham 
alohida nom bilan yuritiladi: qayd – raviydan oldingi undosh, ridf – 
raviydan oldingi cho‘ziq unli, ishbo – raviydan oldingi qisqa unli, 
doxil – ishbodan oldingi undosh, hazv – qayddan oldingi qisqa 
unli, ta’sis – doxildan oldingi cho‘ziq unli. Yuqoridagi misoldagi 
“zahmat – rahmat” qofiyadosh so‘zlarida t – raviy, undan oldingi 
a qisqa unlisi – ishbo, ishbodan oldingi m undoshi – doxil.
She’r tarkibida qofiyadosh so‘zlardan oldin va keyin tak­
rorlanib keladigan so‘zlar ham uchraydi. Ushbu so‘zlar ada-
biyotshunoslikda radif va hojib deb yuritiladi.
Radif – arabcha so‘z bo‘lib, otning orqasiga mingashib 
keluvchi, izma-iz boruvchi demakdir. She’r davomida barcha 
misra yoki baytlar oxirida qofiyadan keyin aynan takrorlanib 
keluvchi so‘z yoki so‘z birikmasi radif deb yuritiladi.
She’r tarkibida radifning o‘rni qat’iy belgilangan. Radif 
faqat misra oxirida keladi. Radif so‘z takrorining boshqa 
ko‘rinishlaridan she’r ritmini kuchaytirishi bilan farq qiladi. 
Radif she’rda so‘z yoki so‘z birikmalarining shunchaki takrori 
emas. U misra yoki bayt mazmunini belgilashda muhim o‘rin 
tutadi. Misra yoki baytning ajralmas tarkibiy qismi sanalgan 
radif fikr, tuyg‘uni ta’kidlash, kuchaytirish uchun xizmat qiladi. 
Masalan, Ogahiyning:
Do‘stlar, bu kun ajab bir sarv qomat ko‘rmisham,
Surati boshtin oyoq g‘arqi latofat ko‘rmisham
matla’sida “qomat” va “latofat” so‘zlari qofiya hosil qilgan. 
Ulardan keyin takrorlanib keladigan “ko‘rmisham” so‘zi radif 
sanaladi. Mashrabning quyidagi baytida radif bir necha so‘zdan 
iborat:
Murodingga yetay desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l,
Sitam ahlim yutay desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l.
Ushbu baytda “yetay” va “yutay” qofiyadosh so‘z bo‘lsa, 
“desang, qalandar bo‘l, qalandar bo‘l” so‘zlari esa radifdir.
Radif Sharq mumtoz she’riyatida g‘azallarda, ayniqsa, keng 
qo‘llanadi. Shu bois g‘azal ko‘pincha matla’si yoki radifi bilan 
ataladi. Masalan, Navoiyning “Topmadim” radifli g‘azali, Bo­
burning “Qoldimu” radifli g‘azali deyiladi.
Hojib arabcha so‘z bo‘lib, parda, yopuvchi, berkituvchi 
demakdir. Bayt misralarida qofiyadan oldin takrorlanib kelgan 
so‘z yoki so‘z birikmasi hojib deb yuritiladi. Misralarda takror-
lanadigan so‘z yoki so‘z birikmasi qofiyadan oldin joylashib, 
uni pardalaganday bo‘lib turadi. Shuning uchun bunday takror-
lanuvchi so‘z va so‘z birikmalari “hojib” deb nomlanadi.
Hojib g‘azal, qasidlarda ko‘proq qo‘llanadi. Sharq mumtoz 
adabiyotida ruboiy, tuyuq va boshqa janrda yozilgan she’rlarda 
ham ba’zan hojib qo‘llanadi.


212
213
Baytda radif ham, hojib ham ishlatilsa, uning ohangdorligi 
yanada ortadi. Masalan, Xorazmiyning “Muhabbatnoma” sidagi:
Soching bir torina ming hur yetmas,
Yuzungnung nurina ming nur yetmas
baytida “hur – nur” qofiya so‘zlaridan oldin takrorlangan ming 
so‘zi hojib, keyin takrorlanayotgan “yetmas” so‘zi radifdir.
Sharq she’riyati uzoq tarixga ega. Sharq she’rshunosligi ada-
biyotshunoslikning tarkibiy qismi bo‘lib, u mukammalligi va 
murakkabligi bilan alohida ajralib turadi. Sharq she’riyat shu-
nosligi “ilmi aruz”, “ilmi bade’” va “ilmi qofiya” deb nom langan 
bir-biriga chambarchas bog‘liq uch qismdan iborat. Mum toz ada-
biyotshunoslikda ularning har biriga alohida fan deb qaralgan.
Ilmi aruz – aruz she’r tizimining o‘ziga xos qonuniyatlarini 
o‘rganuvchi soha, aruzshunoslik. IX asrda yashagan arab olimi 
Xalil ibn Ahmad aruz ilmi asoschisi sifatida e’tirof etiladi. 
Aruz ilmi arab she’riyatini o‘rganish zaminida yuzaga kelgan. 
Ilmi aruz asrlar davomida takomillashib borgan. Xalil ibn 
Ahmad, Ibn Usmon Maziniy, Imom Ahmad ibn Abdurabbih, Ibn 
al– Xatib at – Tabriziy kabi olimlar aruz aruzshunosi sifatida 
tanilgan. Mavlono Yusuf Nishopuriy, Rashididdin Votvot, 
Shams Qays, Nosiriddin Tusiy, Salmon Savojiy, Abdurahmon 
Jomiy fors aruzshunosligiga oid risolalar yaratishgan. Alisher 
Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Shayx Ahmad Xudaydod 
Taroziy kabilar turkiy aruzshunoslik rivojiga munosib hissa 
qo‘shishgan. Umuman, Sharq mumtoz adabiyotining aksariyat 
namoyandalari she’riyat, aruz ilmi to‘g‘risida alohida asar 
bitishgan yoki asarlarida, albatta, bu xususda mulohaza 
bildirishgan. Masalan, Abdurahmon Jomiy sakkiz ravza (bog‘) 
dan iborat “Bahoriston” asarining yettinchi ravzasini “She’r va 
shoirlik bobida” deb nomlagan va: “Qadimiy donishmandlar 
hukmiga qaraganda she’r shunday kalimadirkim, u maqaddimoti 
xayol, ya’ni tinglovchi xayolini qo‘zg‘otuvchi va ma’nosi unga 
iqbol berguvchidir. Bu haqiqat bo‘lishi va bo‘lmasligidan va 
bunga tinglovchining ishonishi va ishonmasligidan qat’i nazar. 
Masalan, “may la’ldir yoki eritilgan yoqutdir” yoki “bol – asalari 
chiqarib tashlagan sho‘r, achchiq narsa” deganlaridek. Umuman 
olganda, donishmandlar bunda vazn va qofiyani e’tiborga 
oladilar. Demak, vaznli va qofiyali kalimadirkim, bunda xayolning 
bor – yo‘qligi yoki haqiqatning bor-yo‘qligi unchalik e’tiborga 
ega emas. Haqiqatan ham she’r nechog‘li go‘zal, nechog‘li 
fazilatga boy va nechog‘li yuksak. “She’rdan buyukroq fazilat 
bormikan?! She’rdan sehrliroq sehr bormikan?!”deydi. Ulug‘ 
shoir Abdurahmon Jomiy, Rudakiy, Daqiqiy, Imora, Unsuriy, 
Asjadiy, Farruxiy, Firdavsiy, Nosir Xusrav, Amir Muizziy, 
Adib Sobir Tirmiziy, Anvariy, Rashididdin Votvot, Afzaliddin 
Hoqoniy, Faxr Jurjoniy, Nizomiy, Salmon Sovajiy, Shayx 
Sa’diy, Hofiz Sheroziy, Kamol Xo‘jandiy, Xusrav Dehlaviy, 
Orif Haraviy, Alisher Navoiy kabi Sharq she’riyatida yorqin 
iz qoldirgan shoirlar ijodiga baho beradi. Masalan, Alisher 
Navoiy to‘g‘risida: “Bizning zamonamiz bu sohibdavlat vujudi 
ila musharrafdir. U o‘z martabasi, ulug‘ligi va shohga yaqinligi 
va shuningdek, Alloh ato etgan va o‘qish – o‘rganish bilan 
orttirilgan ilm-u donish va aql-u zakovati bilan she’rlari husn-u 
kamoli uchun har qanday maqtovdan yuqori tursa-da, u o‘zini 
past tutib, she’r ahli jamoasiga qo‘shildi va boshqalarga ham 
pardani oradan ko‘tarib, she’riyat yo‘lini ochib berdi. Ammo 
haqqoniyatini aytganda u mana shu anjumanlarning barchasiga 
boshliq va she’r ahli sardaftarida nomi bitiq... 
Tabiati taqozosi va qobiliyat keng fazosiga ko‘ra u turkiy 
va forsiy she’rlarida yuksalishga muyassar bo‘lgan bo‘lsa-da, 
turkiyga ko‘proq moyillik ko‘rsatdi va bu tildagi g‘azaliyoti o‘n 
ming baytdan ziyodroq bo‘ldi. Nizomiy “Xamsa”si muqobilida 
yozgan masnaviylari uch ming baytga yaqin va bu tilda hech kim 
bunchalik ko‘p va xo‘b she’r yozmagan. Forsiy she’rlari orasida 
Amir Xusrav Dehlaviyning “Yaxshilar daryosi” qasidasiga javob 
tariqasida bitilgan qasidasi bor. Unda ajib mazmun va nozik 
xayolatga ega baytlar juda ko‘p...” degan.


214
215
O‘tmish donishmandlari she’r bitish ham, she’rni tushu-
nish, his etish ham jo‘n ish emasligini ta’kidlashgan. Xususan 
bayt, rukn, hijo, bahr, zihof kabi tushunchalar bilan tanishish 
ham aruz ilmini o‘rganish va o‘zlashtirishga osongina 
erishil 
masligini bildiradi. Nizomiy Aruziy Samarqandiy: 
(XI asr oxiri – 1160): “Shoirlik shunday san’atki, (shoir) bu 
san’at orqali hayajonlantiruvchi tushunchalarni hosil qiladi va 
ta’sirchan qiyoslarni bir-biriga ulaydi. U shunday yo‘l bilan, 
masalan, kichik ma’noni kattaga, katta ma’noni esa kichikka 
aylantiradi, chiroylini xunuk libosda ko‘rsatadi, xunukni esa 
chiroyli suratda jilvagar etadi. Ilhom san’ati bilan g‘azab hamda 
hissiy quvvatlarni qo‘zg‘atadi, natijada, kishilar tabiatida qayg‘u 
yoki xurramlik paydo bo‘ladi. Bu esa ulug‘ kishilar faoliyatida 
olamni tartibga solib turish uchun xizmat qiladi... Har kimning 
she’r ta’bi mustahkam, so‘z lari esa ravon bo‘lsa, she’r ilmini 
o‘rganishga, aruz o‘qishga kiri shadi” deb ta’kidlaydiki, bu 
she’rni tushunish kishidan zehn va sabotni talab etishini 
anglatadi. Shu bois ulug‘ nemis shoiri va mutafakkir Yoxan 
Volfgang Gyote (1749–1832) “Har qanday lirik asar yaxlit holda 
to‘liq tushunarli, qisman holda esa oz – moz tushunarsiz bo‘lishi 
mumkin” deydi (Yoxann Volfang Gyote. Hikmatlar xazinasi. – 
Toshkent:. “Sharq”, 2008. – 17-bet). Aruz tizimining bahr, rukn, 
qofiya singari tarkibiy qismlari ham o‘z holicha chuqur ma’noni 
ifodalamaydi. Undagi barcha qismlar uzviy birlashganidagina 
teran mazmunini anglatadi. San’at asarla 
rining tarkibiy 
qismlari to‘g‘risida muayyan tushunchaga ega bo‘lish ularda 
mujassamlashgan ma’nolarni anglashga im 
kon beradi. Shu 
boisdan Sharqda she’rshunoslikka azaldan alo hida e’tibor berib 
kelingan. Kishilarning bilim darajasi ular ning she’r san’atidan 
qay darajada xabardorligiga qarab belgi langan. Sharqda kasb-
koridan qat’i nazar, barcha kishilar she’r yodlashni burchi deb 
bilgan. Ziyolilar she’r san’atidan, albatta, atroflicha xabardor 
bo‘lishgan. Sharqda shuning uchun ham she’rshunoslik alohida 
fan sifatida shakllangan. Ilmi aruz, ilmi bade’, ilmi qofiya 
she’rshunoslikning alohida tarmog‘i sifatida rivojlangan.
Ilmi bade’ arabcha so‘z bo‘lib, chiroyli so‘zlash, go‘zal, 
nafis, nodir, ajoyib; badiiyat ilmi demakdir. Ilmi bade’ mumtoz 
adabiyotshunoslikning tarkibiy qismi bo‘lib, unda nutqqa be-
zak, jilo beruvchi san’atlar, ularning o‘ziga xos xususiyatlari, 
tasniflanishi, fikrni chiroyli va mazmunli ifodalashdagi o‘rni 
kabi masalalar o‘rganiladi.
Lirik janrlarning o‘ziga xos jihatlarini o‘rganish ham ilmi 
bade’ sanaladi. So‘z, ibora, tasviriy vositalar nutqni bezash uchun 
ishlatiladigan vositalar sirasiga kiradi. Nutqni go‘zal qiluvchi 
badiiy usul va vositalar sanoyi’, ya’ni san’atlar deb yuritiladi. 
Sanoyi’ esa ilmi bade’ning o‘rganish obyektidir.
Sanoyi’ arabcha so‘z bo‘lib san’atlar demakdir. Nutqni go‘zal, 
jozibador, ta’sirchan etuvchi barcha vositalar sanoyi’ deyiladi. 
Ilmi bade’da sanoyi’, ya’ni nutqni ta’sirchan etuvchi vositalar 
lafziy, ma’naviy hamda lafziy – ma’naviy san’atga ajratiladi.
Lafziy san’atlar deganda she’rning ko‘proq shakl tomoniga 
e’tibor qaratgan holda, uning uslubiga bezak beruvchi san’atlar 
nazarda tutiladi. Tarse’, tajnis, saj’, qalb, tajziya, zulqofiyatayn 
kabilar lafziy san’at sanaladi.
Ma’naviy san’atlar deganda nutqning ma’nodorligini ta’min-
laydigan san’atlar e’tiborga olinadi. Iyhom, tavjih, tajohuli 
orif, talmeh, irsol ul masal, husni ta’lil, laffu nashr, mubolag‘a, 
tashbeh, tamsil, istiora kabilar ma’naviy san’at deyiladi.
Nutqning ham shakli, ham ma’nosiga aloqador san’atlar laf-
ziy – ma’naviy san’atlar hisoblanadi. Taqobul, muqobala, ta’dil, 
tansiq us sifot, iqtibos, tazmin, husni ibtido, husni taxallus, husni 
matla’, husni maqta’ kabilar shu turkumdagi san’atdir. Lafziy – 
ma’naviy san’atlar bir paytning o‘zida nutqning ham shakl, ham 
ma’no jihatiga daxldor bo‘lgani bois mushtarak san’atlar deb 
ham yuritiladi. 
Lafziy, ma’naviy va mushtarak san’atlar bir – biri bilan 
uzviy bog‘liq bo‘lib, ular o‘zaro birlashgan holda, nutq ning 
ma’ no – mazmuni, ohangdorligi, ta’sirchanligi ta’minlashga 
xizmat qiladi. Chunki ma’no va shakl bir-biridan ayro emas, 


216
217
balki yaxlit hodisadir. Shaklsiz ma’no va ma’nosiz shakl 
bo‘lmaydi.
Ilmi bade’ ham ilmi aruz va ilmi qofiya bilan chambarchas 
bog‘liqdir. Sharq she’riyati turfa san’atlar she’riyatidir. U g‘arb 
she’riyatidan shu jihatdan ham farq qiladi. Sharq she’riyatida 
doston, g‘azallar emas, bir bayt – (ikki misra) dan iborat fard ham 
san’atga asoslanadi, fikr chiroyli, ta’sirchan shaklda ifodalanadi. 
Sharq she’riyatidagi san’atlar yuqorida ko‘rsatilganlardangina 
iborat emas. Sharq she’riyati san’atga nihoyatda boy. Masalan, 
Rashididdin Votvot (1080 – 1177) “Hadoyiq – s – sehr fi daqoyiq 
ush – she’r” (“She’r nafosatidan bino bo‘lgan sehrli bog‘lar”) 
asarida arab va fors she’riyatidagi 63 ta san’atni tahlil qilib 
ko‘rsatadi. Ya’ni olim ellik besh bobdan iborat ushbu kitobining 
har bir bobida bitta san’at to‘g‘risida so‘z yuritib, ilovada yana 
8 ta san’at to‘g‘risida ma’lumot beradi. Mazkur asarda birgina 
tajnisning 7 xil ko‘rinishi, maqlub (qalb)ning 4 xili tushuntiriladi.
Atoulloh Husayniy (XV asr o‘rtasi – 1513) ning “Bado’ye 
us-sanoe” (“San’at go‘zalliklari”) asarida esa she’riyatdagi 
san’atlar uch turkumga: lafziy, ma’naviy va lafziy – ma’noviy 
san’atlarga ajratilib, 220 dan ortiq san’at tahlil qilinadi. Alisher 
Navoiy “Bado’ye us sanoe’” muallifi to‘g‘risida: “Bo vujudi 
donishmandliq, she’ru muammovu sanoyi’da dag‘i mahorat 
paydo qildi... Ammo sanoyi’da kitobe tasnif qiliptur “Badoyi’ – i 
Atoyi” g‘a mavsumdir. Bo vujudi ixtisor, maqlubi mustaviy 
san’atidin kim, andin mushkilroq san’at bo‘lmas, bu bayt ul 
risolada aning xossa baytidurkim:
Shakardahano g‘ame nadorid,
Diyro daniyi mug‘ona darkash
Aning tab’i diqqatig‘a bu bayt dalili bastur” degan.
Shayx Ahmad Taroziy (XV asr) ning “Funun ul-balog‘a” 
(“Balog‘at ilmlari) asari ilmi bade’ga oid turkiy tilda yozilgan 
dastlabki asarlardan biridir. Muallif asarini Mirzo Ulug‘bekka 
bag‘ishlagan. Unda she’r nav’ (janr)lari, qofiya va radif, badiiy 
san’atlar, aruz ilmi masalalari yoritilgan. Hijriy 840 (melodiy 
1436 – 37) yilda bitilgan ushbu asar “Latoyifu Taroziy” deb ham 
yuritiladi. Mazkur asarda har bir odam adabiyotdan xabardor 
bo‘lishi to‘g‘risida so‘z yuritilib: “Har odamekim, insoniyat 
yaqosidan bosh chiqorur, anga nazm va nasrning qoidasin 
bilmaktin guzir (iloj, chora, tadbir) yo‘qtur” deb ta’kidlanadi.
Nasr binni Hasanning “Mahosin ul-kalom”, Ibn Mo‘tazning 
“Kitob ul-bade’”, Qudam ibn Ja’farning “Naqd ush-she’r” 
asarlari ilmi bade’ga oid arab tilida yozilgan kitoblardir. Umar 
Roduyoniyning “Tarjimon ul-balog‘a”, Roshididdin Votvotning 
“Hadoyiq us-sehr”, Qays Roziyning “Al – mo‘jam”, Atoulloh 
Husayniyning “Badoyi us – sanoyi’”, Vohid Tabriziyning “Jam’i 
muxtasar” asarlari fors tilidagi ilmi bade’ga oid asarlardir. 
Ilmi aruz, ilmi bade’ ilmi qofiya bilan bevosita bog‘liqdir. 
Ilmi qofiya arabcha so‘z bo‘lib, qofiya ilmi demakdir. Mumtoz 
adabiyotshunoslikning tarkibiy qismi ilmi qofiyada qofiya 
va uning turlari, tuzilishi, badiiy san’atlar bilan munosabati, 
she’rning ohangdorligini ta’minlashda qofiyaning o‘rni kabi 
masalalar o‘rganiladi.
Ilmi aruz, ilmi bade’ga oid asarlarda ham qofiya to‘g‘risida 
so‘z yuritiladi. Chunki qofiya she’riy nutqning eng muhim 
unsuridir. Shayx Ahmad Taroziy “Funun ul-balog‘a” asarida: 
“Bilgilkim, majmui ulamo va fuzalo mazhabinda ahli ta’bg‘a 
qofiya ilmin bilmak muhimdir. Zero, ta’bning natijasi she’rdir. 
Va she’rning asli qofiya. Va qofiyasiz she’r mumkin ermas”, 
deydi. Qofiya misralarda ohangdoshlik hosil qilish barobarida, 
ulardagi ma’no ta’sirchanligini ta’minlaydi. Shu boisdan Sharq 
she’riyatida qofiyaga alohida e’tibor qaratiladi. Qofiya she’rdagi 
shakl unsuri emas. Qofiya she’r mazmunini ifodalaydigan 
eng muhim jihatdir. Shu boisdan adabiyotshunoslikda qofiya 
she’rning barcha unsurlari bilan uzviy bog‘liq tarzda tahlil 
qilinadi. Shamsiddin Qays Roziy (XII – XIII asr) “Al – mo‘jam 
fi ma’oyiri ash’oril ojam” (“Ajam she’rlari andozalari lug‘ati”) 
asarida: “Bilgilkim, she’r asli lug‘atda “bilimdir va so‘zning 


218
219
to‘g‘ri idroki” ma’nosini berur va istilohiy jihatdan ma’nosi 
murattabi (tartibga solingan) va mutasoviy (o‘zaro barobar) va 
oxirgi harflari bir­biriga monand keluvchi suxandir. Va shuning 
uchun murattabi ma’noviy suxan” (ma’nosi tartibga solingan) 
deyildiki, haqiqiy she’r bilan bema’ni tartibsiz kalom o‘rtasida farq 
bordir. Va shuning uchun mavzun aytildiki, nazm bilan ma’noviy 
murattab nasr o‘rtasida ixtilof bordir” desa, Abdurahmon Jomiy 
(1414–1492) “Risolayi qofiya” asarida: “So‘zni mavzun (vaznli) 
qilganlaridan so‘ng fasohat anjumanining qofiyasini unga 
takallum qilurlar... Bilgilkim, qofiya Ajam shoirlari odaticha, 
baytlar oxiridagi so‘zlarning takrorlanib kelishidir, shu shart 
bilanki, talaffuzda mustaqil bo‘lmasin, balki misra’ning bir 
juzvi (qismi) bo‘lsin. Ba’zilar jumlaning oxirini qofiya derlar, 
ba’zilar esa raviy harfini qofiya deb atarlar. Radif deb shunday 
kalimani ayturlarki, bu kalima barcha baytlar oxirida bir xil 
tarzda takrorlanib kelsin” deydi. Ushbu mulohazalardan qofiya 
she’rning eng muhim tarkibiy qismi ekanligi anglashiladi. Qofiya 
she’rga ham shakl, ham ma’no beruvchi eng zaruriy tarkibiy 
qismidir. Shu boisdan Sharq adabiyotshunosligida ilmi qofiya 
she’rshunoslikning alohida tarmog‘iga aylangan va rivojlangan. 
Ali Saraxsiy Bahromiy. “Kanz ul­qofiya”, Abdurahmon Jomiy 
“Risolayi qofiya”, Atoulloh Husayniy “Qofiya ilmi qoidalari 
haqida risola” bitgani shundan dalolat beradi. Devonlarning 
debochasida, dostonlarda, ilmi aruz, ilmi bade’ga oid risolalarda 
qofiya to‘g‘risida fikr bildirilgani ham she’rda shakl va ma’no 
ta’sirchanligiga erishishda qofiya alohida ahamiyat kasb etishini 
bildiradi.
Sharq shoirlari, jumladan, qofiyaga alohida e’tibor bergan va 
uning vositasida yoqimli, ta’sirchan ohang hosil qilgan. So‘z – 
g‘oyatda sirli hodisa. Undagi har bir tovush ma’no ifodalaydi 
yoki ma’noga boshqacha tus beradi. Shu boisdan bir so‘z talaffuz 
etilishiga ko‘ra bir necha ma’no anglatadi. Bir so‘z ham jiddiy, 
ham kinoya piching bildirishi mumkin. So‘zlarning aytilishi 
kishining maqsad – muddaosini ayon etadi. So‘zdagi tovushlar 
talaffuz etishi jihatidan bu holatni oshkor qiladi. So‘zlarda mana 
shunday sirli – sehrli xususiyat mavjud.
Misralardagi bo‘g‘inlarning uzun yoki qisqa, ochiq yoki 
yopiqligi quyidagicha aniqlanadi:
1. Oxiri undosh tovush bilan tugagan bo‘g‘in yopiq bo‘g‘in 
sanaladi. Masalan: kun, tun, quyosh, oy, yil. Yopiq bo‘g‘inlar 
cho‘ziq bo‘g‘in hisoblanadi. Cho‘ziq unlilar ishtirokida yasalgan 
bo‘g‘inlar ham cho‘ziq bo‘g‘in deyiladi. Misol uchun: bo-la, xo-
la, o-na. Cho‘ziqlik “–” belgisi bilan ko‘rsatiladi. 
2. Qisqa unlilar ishtirokida yasalgan ochiq bo‘g‘inlar qisqa 
bo‘g‘inlar hosil qiladi. Masalan: so-g‘i-nib, bor-ga-ni. Qisqalik 
“V” belgisi bilan ko‘rsatiladi. 
3. Ayrim hollarda aruz vazni xususiyatlari talabiga muvofiq 
ayrim bo‘g‘inlar o‘zgarishga uchrashi ham mumkin. Masalan, 
yopiq bo‘g‘inlar oxiridagi undosh tovush o‘zidan keyin kelgan 
tovushga qo‘shilib ketsa, yopiq bo‘g‘in ochiq bo‘g‘inga aylanadi. 
Aruz vaznida rukn hodisasi bor. Rukn misralardagi bo‘g‘in-
larning guruhlanib kelishidir. Aruz vaznida o‘n to‘qqizta bahrni 
hosil qiluvchi sakkizta asosiy rukn mavjud. Ular: faulun, foilun, 
mafoiylun, foilotun, mustaf’ilun, maf’o‘lotu, mutafoilun, ma-
foilatundir. Bu sakkiz rukn o‘z paradigma(chizma)siga ham ega. 
Masalan, faulun ushbu tarzda belgilanadi: V – – .
Rukn bo‘g‘inlardagi undosh va alif miqdoriga, ularning ha-
rakatli, ya’ni “zer”, “zabar” yoki “pesh”li bo‘lishiga va aksincha, 
ya’ni harakatsiz bo‘lishiga qarab, uch guruhga bo‘linadi: sabab, 
vatad, fosila. 
G‘azal arabcha so‘z bo‘lib, “ayollar bilan suhbatlashishni 
yaxshi ko‘rish”, “go‘zallikni ta’rif­tavsiflash” degan ma’noni 
bildiradi. G‘azal birinchi bayti o‘zaro (a-a), keyingi baytlarining 
juft misralari matla’ga qofiyadosh bo‘lgan she’r janridir. 
G‘azalning birinchi bayti matla’ (mabda’) – boshlanma, so‘nggi 
bayti maqta’ – tugallanma deb ataladi. G‘azal besh baytdan o‘n 
baytgacha va undan ko‘p baytdan ham iborat bo‘lishi mumkin. 
G‘azal tuzilishi jihatidan parokanda va yakpora bo‘ladi. Pa-


220
221
rokanda g‘azallarda har bir bayt mazmuni jihatdan nisbiy 
mustaqillikka ega bo‘ladi. Yakpora g‘azallar voqeaband yoki 
musalsal g‘azallar deb ham yuritiladi. Ularda baytlar bir-biri 
bilan bog‘liq holda keladi. G‘azallar mavzu va g‘oyasi jihatidan 
oshiqona, orifona, rindona, hajviy, yumoristik, axloqiy-ta’limiy, 
tabiat manzarasiga bag‘ishlangan bo‘ladi.
Ruboiy arabcha so‘z bo‘lib, “to‘rtta” demakdir. Ruboiy ham 
xuddi tuyuq singari to‘rt misradan tarkib topgan bo‘ladi. Biroq 
u shakldosh so‘zlarga asoslanmaydi. Ruboiy aruz vaznining 
axrab va axram tarmoqlaridagina yaratiladi. U chuqur falsafiy 
xulosalarni ifoda qilgan bo‘ladi. Ruboiy dubaytiy, ya’ni ikki 
baytli deb ham yuritiladi. Ruboiyning birinchi misrasida biror fikr 
aytiladi, ikkinchi misrasida shu fikr kuchaytiriladi, uchinchisida 
unga zid fikr bildiriladi va to‘rtinchi misrada shoir o‘z xulosasini 
ma’lum qiladi.
Tuyuq shakli bir xil, mazmuni har xil, ya’ni omonim so‘zlar 
asosida yoziladigan to‘rt misradan iborat she’riy janrdir. 
Tuyuqlar, asosan, ramali musaddasi maqsur bahrida yoziladi.
Masnaviy arabcha so‘z bo‘lib, “ikkilik” demakdir. Masnaviy 
ikkita o‘zaro qofiyalangan misralardan tarkib topgan band turi; 
shunday bandlardan iborat she’riy asar; she’r shakli. Sharq 
adabiyotida voqeaband she’rlar va dostonlar, asosan, masnaviy 
shaklida yozilgan hamda ular “masnaviy” deb yuritiladi. 
Masalan, Mavlono Jaloliddin Rumiyning “ma’naviyat dengizi”, 
“tasavvuf qomusi” deya ta’riflangan asari “Masnaviy ma’naviy” 
deb ataladi. Sharq shoirlarining “xamsa”lari, dostonlari “Qutad-
g‘u bilig”, “Hibat ul-haqoyiq”, “Muhabbatnoma”, “Gul va 
Navro‘z” kabi doston masnaviy shaklida yozilgan. Bobur 
Alisher Navoiy to‘g‘risida: “Olti masnaviy kitob nazm qilibtur, 
besh “Xamsa” javobida, yana bir “Mantiq ut-tayr” vaznida 
“Lison ut-tayr” otliq”; Muhammad Solih haqida: “Shayboniy-
xon otig‘a bir turkiy masnaviy bitibdur” deganida ular yaratgan 
dostonlarni nazarda tutadi. Adabiyotshunoslikda turli mavzuga 
bag‘ishlangan, voqeaband xarakterdagi ko‘plab she’rlar, 
jumladan, Yassaviyning ayrim hikmatlari, So‘fi Olloyorning 
“Sabot ul-ojizin” asari, Muqimiyning “Tanobchalar”i, Furqatning 
“Ilm xosiyati”, “Vistovka xususida”, “Suvorov”, “Sabog‘a xitob” 
asarlari masnaviy shaklida yozilgan.
Musallas bandlari uch misradan (a-a-a, b-b-a...), murabba’ 
bandlari to‘rt misradan (a-a-a-a, b-b-b-a...), muxammas bandlari 
besh misradan (a-a-a-a-a, b-b-b-b-a...), musaddas bandlari olti 
misradan (a-a-a-a-a-a, b-b-b-b-b-a...), musabba’ bandlari yetti 
misradan (a-a-a-a-a-a-a, b-b-b-b-b-b-a...), musamman bandlari 
sakkiz misradan (a-a-a-a-a-a-a-a, b-b-b-b-b-b-b-a...), mutassa’ 
bandlari to‘qqiz misradan (a-a-a-a-a-a-a-a-a, b-b-b-b-b-b-b-
b-a...) tarkib topgan she’riy janrlardir (Qavs ichida ushbu she’r 
janrlarining qofiyalanish tartibi ko‘rsatilgan). Ma’lumki, band 
shakl jihatdan she’rning alohida qofiyalanish tartibiga ega 
bo‘lagidir. U she’r mazmunini bosqichma-bosqich, izchil ochib 
borish vositasidir.
Tarji’band Sharq she’riyatidagi yirik she’riy janrlardan biri 
bo‘lib, u har bandi o‘n to‘rt-o‘n olti misradan iborat, har biri 
nisbiy mustaqillikka ega o‘n-o‘n bir banddan tashkil topgan 
asardir. Tarji’band bandlari g‘azal tarzida (a-a, b-a, v-a, g-a...) 
qofiyalanadi. Har bir bandning so‘nggi ikki misrasi o‘zaro 
qofiyalanib, ana shu bayt barcha bandlar oxirida aynan bir 
xilda naqorat bo‘lib takrorlanadi. Alisher Navoiy, Nodira kabi 
ijodkorlar devonida tarji’bandning go‘zal namunalari mavjud. 
Tarkibband ham hajmi, qofiyalanish tarzining g‘azalga 
o‘xshashligi bilan tarji’bandga o‘xshaydi. Biroq u tarji’banddan 
birinchi band so‘nggi baytining har bir band oxirida 
takrorlanmasligi bilan farq qiladi. Tarkibband ham xuddi 
tarji’band singari mustaqil bandlardan tarkib topadi va uning har 
bir bandi so‘nggi bayti o‘zaro qofiyadosh bo‘ladi. 
Intim lirika shaxsiy kechinmalar izhoridir. Inson kechinma-
larining aksariyat qismini vafodor yor, do‘st, hamdard izlash 
tashkil etadi. Har bir odam hamisha haqiqiy hamdardga eh-
tiyojmand bo‘ladi. Intim lirika ana shu holatni ifoda etadi. 


222
223
Kishi turli kayfiyatga tushishi mumkin. Uning bu holatdagi 
dard, iztirobi, sevinch-shodligi kimnidir qo‘msash, kimdandir 
ranjish bilan bog‘lanadi. Alisher Navoiyning “Kecha kelgumdir 
debon...”, Boburning “Charxning men ko‘rmagan...”, G‘afur 
G‘ulomning “Sog‘inish”, Abdulla Oripovning sevgi-muhabbat, 
ona haqidagi she’rlari intim lirika namunalaridir. 
Publitsistik lirika hayotning ijtimoiy-siyosiy hodisalariga 
munosabat bildirish asosida maydonga keladi. Turmushning 
dolzarb muammolariga kishilar e’tiborini jalb etish publitsistik 
lirika mohiyatini tashkil etadi. G‘afur G‘ulomning “Sen yetim 
emassan”, Hamid Olimjonning “Qo‘lingga qurol ol”, Zulfiyaning 
“O‘g‘lim, sira bo‘lmaydi urush” she’rlari publitsistik she’r 
sanaladi. Bu xil she’rlarda chaqiriq, da’vat ohanglari asosiy o‘rin 
tutadi. Publitsistik she’rlarda muayyan ijtimoiy-siyosiy holat, 
muammo alohida ta’kidlanadi. 
Terri Iglton “Adabiyot nazariyasi. Kirish”da adabiyotning 
ijtimoiy hayotdagi o‘rni va ahamiyati benihoya kengligi Ang-
liyada viktorian davrida aniq namoyon bo‘lganini qayd etar 
ekan, adabiyot, jumladan, she’riyatning mafkuraviy ta’siri 
uning “hissiyotlar ustidan o‘tkaziladigan tajriba” ekanligi 
bilan bog‘liq emasligini alohida ta’kidlaydi hamda har qanday 
tajriba mafkurani oziqlantiruvchi manba ekani, mafkura qayerga 
mustahkam o‘rnashsa, o‘sha joyga o‘z ta’sirini o‘tkazishi, she’-
riyat, umuman, adabiyot mafkura uchun tayanch vosita bo‘la 
olishi, chunki u hayotni boshqa sohalarga qaraganda kengroq 
qamrab olgani bois kishilarning o‘z qurbi, imkoniyatlarini 
ishga solishga samarali ta’sir ko‘rsatishiga misollar keltiradi. 
Agar Sharq mamlakatlariga borish uchun mablag‘ingiz yoki 
vaqtingiz bo‘lmasa yoki Britaniya armiyasida askar sifatida 
xizmat qilolmasangiz bu o‘lkalarga borgan kishilarning ko‘rgan-
kechirganlari va orttirgan “tajriba”sini Konrad va Kipling 
asarlarini o‘qish orqali darhol o‘zlashtirib olasiz. Bu hatto, ayrim 
adabiyotshunoslar qayd etganidek, Bankokda sayr qilgandan 
ko‘ra sizga ko‘proq narsa beradi. Adabiyot, jumladan, she’riyat 
sizga juda ko‘p odamlarning nochor hayot tajribasidan ko‘ra 
ko‘proq narsani o‘rgatadi. Kishilarning hayot tajribasi ularning 
ijtimoiy ahvoli bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi. Bu tajribani 
adabiy-badiiy asarlarni mutolaa qilish orqali to‘ldirish, boyitish 
kerak. Shu bois ingliz so‘z san’ati akademik o‘quv predmeti 
sifatida dastlab universitetlarda emas, ishchilar tahsil oladigan 
texnikum, kollejlarda hamda qo‘shimcha ta’limning ma’ruzalari 
turkumida o‘qitilgan. Ingliz adabiyoti aslida kambag‘allar uchun 
klassik (mumtoz) ta’lim edi. U imtiyozli tabaqaga mansub 
bo‘lmaganidan yopiq xususiy maktablarda va “Oksbridj”da 
o‘qiy olmaydiganlarga gumanitar ta’lim beradigan eng arzon 
manba edi. Sharqda hamda qadimda adabiyot, ayniqsa, she’riyat 
kishilar ta’lim tizimida asosiy manba bo‘lgan (Iglton Terri. 
Adabiyot nazariyasi. Kirish. 47–48-betlar).
Hajviy lirik asarlarda turmushdagi, kishilar fe’l-atvoridagi 
kamchilik, qusurlar ma’lum qilinadi. Ularda illatlardan xalos 
bo‘lishga chaqirish asosiy maqsad bo‘ladi. Odamlar fe’l-at-
voridagi kamchiliklarni tanqid qilish qadimdan adabiyotning 
asosiy mavzularidan biri bo‘lib keladi. Alisher Navoiy, Turdi, 
Gulxaniy, Maxmur, Muqimiy kabi o‘zbek shoirlari ijodida 
riyokorlik, tamagirlik kabi illatlarni keskin tanqid qiluvchi 
she’riy asarlar alohida o‘rin tutadi. Alisher Navoiy dinni niqob 
qilib olgan xudbin, manfaatparast shayxlarni, Turdi, Gulxaniy, 
Maxmur, Muqimiy tamagir, kishilarni xo‘rlash, tahqirlashdan 
toymaydigan amaldorlarning chirkin kirdikorlarini masxaralaydi.
Barmoq vazni turkiy til xususiyatlariga asoslangan she’r 
tizimidir. Mahmud Koshg‘ariyning “Devoni lug‘otit-turk” 
asaridagi to‘rtliklar, xalq qo‘shiqlari barmoq vazniga mansub 
bo‘lib, ular, asosan, yetti bo‘g‘indan tuzilgan, 4+3 shaklida 
turoqlangan, a­a­a­b tarzida qofiyalangan. O‘zbek xalq dostonlari, 
masalan, “Alpomish” dostonidagi she’rlar ham, shuningdek, 
maqollar, hikmatli so‘zlar ham barmoq vazniga mansubdir.
Barmoq vazni misralarda bo‘g‘inlarning muayyan miqdoriga 
va bir xil turoqlarning o‘ziga xos tartibda takrorlanishiga 


224
225
asoslangan she’r tizimidir. Barmoq vaznida birinchi misrada 
bo‘g‘inlar miqdori va turoqlar tartibi qanday bo‘lsa, qolgan 
misralarda ham aynan shunday bo‘ladi. Masalan, Abdulla 
Oripovning “Tilla baliqcha” she’ri shunday boshlanadi:
Tuxumdan chiqdi-yu / keltirib uni
Shu loyqa hovuzga / tomon otdilar.
Tashlandiq ushoq yeb / o‘tadi kuni,
Xor-u xas, xazonlar / ustin yopdilar.
Barmoq vaznidagi she’rlarda turoq, qofiya, band ritm 
(zarb)ni vujudga keltiradigan asosiy unsurdir. Lirika yunoncha 
“lira” so‘zidan olingan. Lira – musiqa asbobidir. Qadimda 
Yunonistonda she’rlar shu soz jo‘rligida o‘qilgan. “Lirik asarlar” 
deganda xalq og‘zaki ijodidagi lapar, yor-yor kabi, Sharq yozma 
adabiyotidagi g‘azal, ruboiy, tuyuq, qit’a, murabba’, muxammas, 
musaddas, mustaxzod singari, G‘arb adabiyotidagi sonet, oda, 
yapon she’riyatidagi xokku, tanka kabi janrlar nazarda tutiladi. 
Ularning har biri o‘ziga xos shaklga ega. She’riyatdagi janrlar 
ham voqelikka yondashishi, qamrab olish ko‘lami va uni 
ifodalash tarziga ko‘ra bir-biridan ajralib turadi. Lirik asarlarning 
barchasida insonning hayot voqeligidan olgan taassuroti asosida 
tug‘ilgan kechinma, his-tuyg‘ulari ifodalanadi.
Hissiyotlarni voqea-hodisa singari boshqalarga bayon etib 
bo‘l maydi. Chunki ular ko‘zga ko‘rinmaydi. Ko‘ngilda kechadi-
gan tuyg‘ularni faqat his etish mumkin. Tuyg‘u, kechinmalar oddiy 
so‘zlashuv tilida izhor etilsa, ular juda jo‘nlashib qoladi va bosh-
qalarga ta’sir ko‘rsatmaydi. Masalan, Hofiz Sheroziyning:
Agar ko‘nglimni shod etsa o‘shal Sheroz jononi,
Qaro xoliga baxsh etgum Samarqand-u Buxoroni
matla’li g‘azali yoki Sa’diy Sheroziyning:
Ey sarbon, ohista yur, oromi jonim boradur,
Tandin dil-u jonim olib, ul dilsitonim boradur
matla’li g‘azali oddiy so‘zlashuv tiliga o‘girilsa, ma’no – 
mazmuni juda jo‘nlashib qoladi. G‘azal shaklida esa ular barchani 
zavqlantirib, hayajonga soladi. Chunki g‘azalda so‘zlar muayyan 
ritmga tushiriladi. Shu bois ulardan go‘zal ohang taraladi.
She’rda bayon etilgan fikr avvalo ritmik intonatsiyasi – 
so‘zlari jarangdor ekanligi bilan e’tiborni tortadi. She’rdagi 
so‘zlar muayyan ohangdoshlik hosil qilib, kishilarning tuyg‘u, 
hissiyotiga ta’sir o‘tkazadi. Shu bois she’riyat “so‘z va qalb 
uyg‘unligi ifodasi” deyiladi.
Hozirgi o‘zbek she’riyatida aruz va barmoq she’r tizimlaridan 
farq qiluvchi yana bir she’riy tizim mavjud. Bu she’riy tizimda 
misralarda bo‘g‘inlar miqdori tengligi, hijolarning cho‘ziq 
va qisqalik tartibi kabi qoidalarga amal qilinmaydi. Unda 
misralardagi bo‘g‘inlar miqdori ham, turoqlar tartibi ham, 
qofiyalanish tarzi ham, bandlardagi misralar miqdori ham 
turlicha, ya’ni erkin bo‘ladi. Bunday she’r tizimi erkin she’r 
tizimi deb yuritiladi. U Yevropa xalqlari she’riyatida, ayniqsa, 
keng tarqalgan. Erkin vazndagi she’rlar ham ichki ritm, ohang-
dorlikka asoslangan bo‘lib, bu vaznda ham ko‘plab ajoyib asarlar 
yaratilgan. Jumladan, M.Lermontovning “Maskarad” dra-
masi, A.Griboyedovning “Aqllilik balosi” komediyasi, Nozim 
Hikmatning “Inson manzaralari” asari erkin vaznda yozilgan. 
G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Usmon Nosir, Mirtemir, Rauf 
Parfi singari o‘zbek shoirlari ham bu vaznda qator asarlar ijod 
qilishgan. 
Erkin she’r tizimida: erkin, oq, sarbast janrlari bor. Sarbast, 
verlibr – misralaridagi bo‘g‘inlar soni ham, ularning cho‘ziq-
qisqaligi ham, turoqlanishi va qofiyalanishi tarkibi ham mutlaqo 
erkin she’r. Sarbast she’r XX asrdan o‘zbek she’riyatida 
ommalashgan. Sarbast she’rda musiqiylik misralarda bo‘g‘inlar 
soni bir xilligi yoki tartibli qofiyalanish asosida emas, balki 
so‘z va tovush takrori, ritmik urg‘ular hisobiga ta’minlanadi. 
Sarbast she’rda ohangdorlik boshqa she’riy janrlardan farqli 
holda, avvaldan maromiga solinmaydi, muayyan maromga mos 


226
227
kechinmalar ifodalanmaydi. Aksincha, sarbast she’rda fikr­
tuyg‘uga mos ohang so‘zning ma’nosi asosida yuzaga keladi. 
Erkin she’r – rus she’riyatidagi sillabo-tonik (bo‘g‘inlar 
miqdori va bo‘g‘inlarning urg‘uli-urg‘usizligi) she’r tizimi 
asosida paydo bo‘lgan, misralardagi stopalar soni har xil she’r 
shakli. Erkin she’rda misralardagi bo‘g‘inlar soni, ularning 
o‘zaro qofiyalanishi qat’iy tartibda bo‘lmaydi. Ammo she’r 
davomida o‘lchovda teng va o‘zaro qofiyadosh misralar erkin 
tarzda takrorlanadi. O‘zbek she’riyatida erkin she’r o‘tgan 
asrning 20-30-yillarida paydo bo‘lgan. “Stopa” yunoncha so‘z 
bo‘lib, “oyoq, tovon” demakdir. Qadimda she’r ritmi oyoqni 
ko‘tarib-tushirish orqali belgilangan. Ya’ni qisqa hijoda oyoq 
tovoni yerdan uzilib, cho‘ziq hijoda yerga tushirilgan. Stopa – 
cho‘ziq va qisqa hijolarning muayyan tartibdagi guruhi, ularning 
takrorlanishi hisobiga muayyan o‘lchovdagi ritmning yuzaga 
kelishidir. Stopa mohiyatiga ko‘ra aruz she’r tizimidagi rukn 
bilan o‘xshashdir. Sillabo-tonik she’r tizimida beshta stopa 
(rukn) mavjud bo‘lib, ular: xorey (– V ), yamb (V – ), doktil 
( – VV), anapest (VV – ) va amfibraxiy (V – V). Bunda urg‘uli 
bo‘g‘inning shartli belgisi – , urg‘usiz bo‘g‘inniki V. 
Erkin she’rda turli vazn va turoqdagi satrlar erkin tarzda 
qo‘llanadi. Unda ayrim misralarda so‘zlar qofiyadosh ham bo‘­
ladi. Oq she’r misralari o‘zaro qofiyalanmaydigan, biroq bo‘­
g‘inlar miqdori teng bo‘lgan she’rdir. Yevropa she’riyatida XVI 
asrdan boshlab qofiyasi bo‘lmagan antik she’riyatga ergashish 
natijasida paydo bo‘lgan. Dastlab epik va dramatik poeziya 
(Shekspir, Milton, Jukovskiy)da qo‘llangan. Keyinchalik bu 
she’r shaklidan lirik turda ham foydalanila boshlangan. Oq 
she’rda hamisha muayyan o‘lchovdagi izometriya mavjud. Ya’ni 
barcha misralarda bo‘g‘inlar miqdori bir xil bo‘ladi. Maqsud 
Shayxzodaning “Mirzo Ulug‘bek” tragediyasi oq she’rda 
yozilgan.
Sarbast she’r erkin va oq she’rdan qofiyalanishga asoslan­
masligi, misralari turli miqdordagi bo‘g‘in va turoqlardan tarkib 
topishi bilan farq qiladi. Erkin she’rda qofiya muayyan o‘rin 
tutadi. Oq she’rda misralar bo‘g‘ini miqdori bir xil bo‘lishiga 
amal qilinadi. Sarbast she’rda esa qofiya, misralarda bo‘g‘inlar 
miqdori tengligi ham bo‘lmaydi. Sarbast she’r mana shu jihati 
bilan erkin, oq she’rdan ajralib turadi. Sarbast she’rda fikrni 
ifoda qilish imkoni keng. Sarbast she’r o‘zbek she’riyatida erkin 
va oq she’r singari turk va rus she’riyati ta’sirida shakllangan.
XIX – XX asr jahon adabiyotini erkin, oq, sarbast she’rlarsiz 
tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki bu davr she’riyatining eng 
e’tiborli namunalari ayni shu she’r shakllarida yozilgan. Sharl 
Bodler (1821–1867), Uolt Uitmen (1819–1892), Nozim Hikmat 
(1902–1963), Pablo Neruda (1904–1975), Garsia Lorka (1898–
1936) kabi mashhur shoirlarning asarlari erkin, oq, sarbast 
(verlibr) she’r shaklida yozilgan. 
Ijtimoiy taraqqiyot ta’siri, tafakkur rivoji natijasida fikrni 
sarbast, erkin she’r shakllarida ifodalashga intilish o‘smoqda. 
Hozirgi o‘zbek she’riyatida ham shunday jarayon kechmoqda. Bu 
she’r shakllari zamondoshlarimizning murakkab, ziddiyatlarga 
to‘la ruhiy kechinmalarini, davrning dolzarb muammolarini 
ta’sirchan gavdalantirishning eng maqbul yo‘li sifatida namoyon 
bo‘lmoqda.
Yevropa adabiyotida keng tarqalgan sonet janri dastlab XIII 
asrda Italiyada shakllangan. Sonet italyancha sonare “jarang-
lamoq” degan ma’noni bildiradi. Sonet o‘n to‘rt misradan tarkib 
topgan bo‘ladi. Sonetlar asosan a-b-b-a – a-b-b-a – v-v-g – 
d­g­d tarzida qofiyalanadi. Boshqa ko‘rinishda qofiyalangan 
sonetlar ham uchraydi. Sonetning birinchi qismi ikki to‘rtlik 
(ya’ni sakkiz misra), ikkinchi qismi ikki uchlik (ya’ni olti misra) 
bo‘lishi lozim. Birinchi qism katren, ikkinchi qism terset deb 
ataladi. 
Sonetning dastlabki bandida fikr rivojlanib borishi, ikkinchi 
bandda esa bu fikr muayyan xulosa bilan yakunlanishi kerak. 
O‘n beshta sonetdan tarkib topgan she’riy majmua “sonetlar 
gulchambari” deb yuritiladi. Bunda birinchi sonet oxirgi mis-


228
229
rasidan ikkinchi, ikkinchi sonet so‘nggi misrasidan uchinchi 
sonet boshlanadi va hokazo tarzda davom etadi. Sonetlar 
guldastasining oxirgi – o‘n beshinchi soneti magistral deb 
nomlanadi. U o‘n to‘rt sonetning birinchi misralaridan tashkil 
topgan bo‘ladi. 
Italyan shoiri Dante Aligeri (1265–1321), Franchesko 
Petrarka (1304 – 1374), fransuz shoiri Pyer Ronsar (1524–1585), 
ingliz shoiri Vilyam Shekspir (1564–1616) kabi yevropa xalqlari 
adabiyoti vakillari ijodida sonetlar alohida o‘rin tutadi.
Sharq shoirlari ijodida g‘azal qanchalik muhim o‘rin tutsa, 
Yevropa shoirlari ijodida sonet shunday o‘rin tutadi, deyish 
mumkin. A.Pushkin, M.Lermontov, A.Fet, A.Blok, V.Bryusov, 
A.Axmatova kabi rus shoirlari ko‘plab sonetlar yozishgani ham 
shundan dalolat beradi. Usmon Nosir, Maqsud Shayxzoda, Barot 
Boyqobilov singari o‘zbek shoirlari ham sonetlar bitishgan. Bu 
she’riy shakl shoirlar uchun o‘z his-kechinmalarini jo‘shqinlik 
bilan izhor etishning o‘ziga xos yo‘llaridan biri bo‘lib kelgan. 
Usmon Nosirning “She’rim! Yana o‘zing yaxshisan...” soneti 
jo‘shqin hissiyotlar izhori ekani aniq bilinib turadi.
Qo‘shiq lirik turning eng qadimgi janrlaridan biridir. Ehtimol, 
xalq badiiy ijodi aynan qo‘shiqdan boshlangandir. Chunki 
qo‘shiqda so‘z ham, musiqa ham, raqs harakatlari ham mavjud. 
Qo‘shiq azaldan kishilarning hamrohi bo‘lib kelgan. Chunki u 
to‘y, aza, bayramlarda ham, biror bir ish bilan shug‘ullanayotgan 
kezlarda ham ijro etilgan. Qo‘shiqlarda kishilarning quvonch-
shodliklari, dard-hasratlari o‘z ifodasini topgan. Adabiyot folk-
lordan boshlangan bo‘lsa, folklor aynan qo‘shiqdan paydo bo‘l-
gan. Qo‘shiqlar katta hajmli, voqeaband dostonlarning maydonga 
kelishiga ham zamin yaratgan.
Adabiyotning asosi bo‘lgan qo‘shiqlar mavzulariga ko‘ra, 
mehnat qo‘shiqlari, mavsum qo‘shiqlari, marosim qo‘shiqlari, 
alla, sevgi-muhabbat qo‘shiqlari, qahramonlik-vatanparvarlik 
qo‘ shiqlari kabi turlarga bo‘linadi.
Termalar o‘zbek xalq qo‘shiqlarining keng tarqalgan tur-
laridan biri sanaladi. Lirik kayfiyat ustuvor bo‘lgan termalar 
ko‘proq to‘y marosimlarida ijro etiladi.
Rus chastushkalari ham xalq qo‘shiqlarining bir ko‘rinishi 
hisoblanadi. Ularda hajviy ohang kuchli bo‘ladi.
Marsiya – biror kishining vafoti munosabati bilan hamdardlik 
bildirib yoziladigan she’riy janr. Alisher Navoiy ham ustozi 
Abdurahmon Jomiy vafoti munosabati bilan o‘z qayg‘usini izhor 
qilib marsiya bitgan. Alisher Navoiy vafot etganida esa tarixchi 
Xondamir va mavlono Sohib Dorolar marsiyalar yozishgan. 
Abdulla Oripovning G‘afur G‘ulom xotirasiga bag‘ishlangan 
“Alvido, ustoz” she’ri ham marsiyadir. 
To‘y marosimlarida ijro etiladigan yor-yor, lapar ham qo‘shiq 
turlaridan biridir. Yor-yor qo‘shiqlari nikoh to‘ylarida, qizlarni 
kuyov xonadoniga kuzatish oqshomlarida ijro etiladigan qadimiy 
qo‘shiqdir. Bu qo‘shiq xalqning milliy an’ana, urf-udumlarini 
o‘ziga xos tarzda akslantiradi. 
Laparlar, asosan qiz va yigitning bir-biriga dil izhori tarzida 
aytadigan qo‘shiqlaridir. Uning raqs harakatlari uyg‘unligida ijro 
etiladigan ko‘rinishi ham mavjud. Bu qo‘shiq turi ohangdorligi 
va quvnoqligi bilan e’tiborni tortadi. 
Alla onaning farzandiga tilaklari, pand-nasihatlari, orzu-
umidlarining izhoridir. Allalar dardli, hazin ohanglarga 
yo‘g‘rilgan bo‘ladi. Allada ijro etuvchining ichki dunyosi, 
iztirob-armonlari akslanib turadi. Alla tinglagan, alla aytgan 
kishilarning ko‘ngli muloyim, odamlarga mehribon bo‘lishadi. 
Alla farzandlar qalbida mehr urug‘ini ulg‘aytiradi. 
Sharq xalqlari adabiyotida keng tarqalib kelgan qasida ham 
lirik turga mansub janr sanaladi. Bu she’riy janrga mansub asarlar 
ko‘pincha mashhur shaxslarga atab yoziladi. Ularning fazilatlari 
madh etiladi. O‘zbek shoiri Sakkokiy Mirzo Ulug‘bekni sha-
raflab to‘rtta qasida bitgan. U Arslon Xo‘ja Tarxonga atab ham 
to‘rtta qasida yozgan. Sakkokiy, shuningdek, temuriyzoda Xalil 
Sultonga va Xoja Muhammad Porsoga ham bittadan qasida 


230
231
bag‘ishlagan. Alisher Navoiyning “Hiloliya” asari uning Husayn 
Boyqaroga bag‘ishlagan qasidasidir. 
Qasida tuzilishiga ko‘ra o‘ziga xos tartibga ega bo‘ladi. U 
kirish (muqaddima) bilan boshlanadi. U “nasib” yoki “tashbih” 
deb nomlanadi. Nasibdan so‘ng shoir qahramonining sifatlarini 
ta’riflashga o‘tadi. Bu asosan maqtov, sharaflash ruhida bo‘ladi. 
Mumtoz shoirlar yaratgan qasidalar xuddi g‘azal singari 
qofiyalanish tartibiga asoslangan. Barcha milliy adabiyotlarda 
sharq adabiyotidagi qasidaga muayyan jihatlari bilan yaqin 
turadigan janr mavjud. 
Yevropa adabiyotida keng tarqalgan oda ham qasidaga o‘x-
shaydi. Oda yunoncha “oda” so‘z bo‘lib, “qo‘shiq” degan 
ma’ noni bildiradi. Oda ham xuddi qasida singari biror kishini 
sharaflashga yoki biror bir voqeani ulug‘lashga bag‘ishlanadi. 
Ularda ham vatanparvarlik, qahramonlik, saxovatpeshalik madh 
etiladi. Biroq maqtov ruhidagi odalar bilan bir qatorda yig‘i va 
o‘yin odalari ham bo‘ladi.
Tadqiqotlarda “liro-epik” termini qo‘llaniladi. Doston, 
poema, ballada liro-epik turga mansub janrlar deyiladi. Chunki 
bu janrlardagi asarlarda hayot hodisalari g‘azal, tuyuq, ruboiy 
kabilardan keng ko‘rsatilgan, ularda ma’lum bir voqea bayon 
etilgan bo‘ladi. Doston, poema, ballada ma’lum voqelikni xuddi 
roman, qissa, hikoyaga xos bayon qilish tarzi bilan epik asarga 
o‘xshasa, muallif kechinma, his-tuyg‘ulari izhorining keng o‘rin 
egallashi bilan xuddi lirik asarday taassurot qoldiradi. Doston, 
poema, balladaning bu xususiyati ham adabiy turlar yaxlit bir 
hodisa ekanligi, ular o‘rtasiga Xitoy devori tiklab qarash nojoiz 
ekanligidan dalolat beradi.
“Doston” va “poema” terminlari o‘zbek adabiyotshunosligida 
ko‘pincha bir-birining muqobili sifatida qo‘llanadi. Bu unchalik 
to‘g‘ri emas. Chunki dostonlar masnaviyda yozilgan, ularda 
nasriy parchalar ham mavjud bo‘ladi. Poema yunoncha 

Yüklə 0,77 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   6   7   8   9   10   11   12   13   ...   20




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin