Va gar ul lavh uza bo’lsa muharrar, Azal taqsimidin bo’ldi muqarrar. Ne dersen bas bu jam’i benavog’a, Gunohe qilmayin qolg’on balog’a? Keyingi baytlardayoq Navoiy bu fikrlarni behuda da’vo deb hisoblab, ruju’ san’ati vositasida bu da’voni inkor qiladi va Allohdan unga marhamat qilishini so’raydi:
Junundin so’zga bir dam bo’lmay ogoh, Gar ortuq so’z dedim, astag’firulloh. Ilohiy, boqmag’il majnunlug’umg’a, Karamdin chora qil mahzunlug’umg’a. Dostonning to’rtinchi bobi Muhammad payg’ambar (s.a.v) madhiga bag’ishlangan. Bob payg’ambarning muborak chehrasi tavsifi bilan boshlanib, uning o’qish va yozish bilan shug’ullanmaganligi
ajoyib badiiy san’atlar vositasida bayon qilib beriladi. Xususan, qalam payg’ambar unga mayl ko’rsatmaganidan, ya’ni uni qo’lida tutmaganligidan keyin yoqasini chok qilib, ko’z yoshlarini to’kib, afg’on qilganligi, uning qo’lini o’payin deb qancha og’zini ochmasin, uning orzusi amalga oshmaganligi husni ta’lil san’ati asosida keltirilganligini ko’ramiz:
Necha choki giribon qildi xoma, To’kub ashkini afg’on qildi xoma. Ochib og’zin qilay deb dastbo’si, Muyassar bo’lmayin bu orzusi. Bobda “insonlar payg’ambar belgilab bergan shariat qoidalari asosida yashasalargina, haqiqiy saodatga erishadilar” degan g’oya ilgari suriladi.
5-bob me’roj tuni ta’rifiga bag’ishlangan bo’lib, payg’ambarning Buroq oti yordamida Alloh huzuriga yo’l olishi tasviri beriladi. Bunda payg’ambarning 12 burj va 7 sayyoralarni oshib o’tib, Lomakonga ko’tarilganligi, “qoba qavsayn” (ikki yoy oralig’i) darajasida Allohga yaqinlashgani va foniy bo’lganligi haqidagi fikrlar bayon qilinadi.
Anga bu surma bo’lg’och qurratul ayn, Nasib o’ldi maqomi “qoba qavsayn”. O’zin gum aylabon, lekin topib haq, Ko’rinmay kimsa haqdin ayru mutlaq. Dostonning 6-bobi qalam ta’rifi hamda ulug’ salaflar Nizomiy va Dehlaviylar madhini o’z ichiga oladi. Navoiy dastlab qalamga ta’rif berar ekan, uni Xusrav Parvezning tez uchar qora oti Shabdezga, qalamni tutuvchi barmoqlarni shu ot ustidagi chavandozga, barmoq bo’g’inlarini chavandozning belbog’iga, tirnoqlarni esa uning yuziga o’xshatadi:
Qalamkim, rahnavardi teztakdur, Azaldin manzili favqul falakdur. Magar vahm adhamidur tez raftor, Ne adham, jardai Shabdez raftor. Chiqib ustiga barmoq shahsuvori, Bo’g’un belbog’iyu tirnoq uzori. Hazrat Navoiy Nizomiyni xazinadorga, uning ma’nolarga to’la asarlarini xazinalarga o’xshatib ta’riflaydi. Xusrav Dehlaviyni u yashagan Hindiston bilan bog’liq holda hindu, to’ti, bulbul, qaqnus, mushk hidli bulutga o’xshatadi. “Xamsa” yozish an’anasini kurash maydoniga o’xshatib, o’zining bugungi kunda nihoyatda mashhur baytlarini yozadi:
Emas oson bu maydon ichra turmoq, Nizomiy panjasig’a panja urmoq. Tutaykim qildi o’z changini ranja, Nekim urdi aning changiga panja. Kerak sher ollida ham sheri jangi Agar sher o’lmasa, bori palangi. Aynan shu bobdan boshlab 2-3 baytli soqiynomalar berib boriladi. Ko’pincha bu soqiynomalarda shoir keyingi bobda qalamga olinadigan voqea yoki masalalarga ishora qilinadi:
Kel ey soqiyki, tushmish jonima jo’sh, Ketur bu ikki yodi birla bir qo’sh. Alar ishqida no’sh aylab iki jom, Tutay Jomiy mayi madhin saranjom. 7-bob “hazrati shayxu-l-islomiy mavlono Nuriddin Abdurahmon Jomiy” madhidadir. Alisher Navoiy Nizomiy va Dehlaviyni ikkita filga o’xshatgani holda, Jomiyni yuz filga o’xshatadi. So’z o’yini vositasida uni XI-XII asrlarda yashagan mashhur so’fiy Zindapili Jomiyga qiyoslaydi, “fano timsoli”, “jahoni begaron” (cheksiz jahon), “olami kubro” (ulug’ olam) deb ataydi. Bob Jomiy qo’lidan bir jom ichish umidi bilan yakunlanadi:
Keturgil, soqiy ul jomi kiromiy