Ki, tutsun rindlar sarxayli Jomiy. Chu piri dayr may qildi havola, Icharmen gar erur gardun piyola. Navbatdagi bob dostonning yozilish sababi haqida. Bu bobda shoir dostonni yaratish orzusi paydo bo’lgach, bepoyon durru gavharlar dengiziga cho’mganligini, ya’ni ko’p mutolaa qilganligini, tinmay o’ylaganligini aytadi. Dostonni yozishga undagan sabablardan biri o’zining muhabbati, bu ishqning alam va iztiroblari ekangligini aytib, u tufayli o’ziga yetishgan azobu uqubatlarni bayon qiladi. Shunda unga g’oyibdan nido kelib, hotif (g’oyibdan oq fotiha beruvchi) uni yangi bir asarni yozishga ilhomlantirganini, keyin Jomiyning oldiga borganida u ham shoirni duo qilib, bu ishda unga oq yo’l tilaganini yozadi.
9-bob asar rejasini tuzib olgani, turli afsonalar, tarixiy manbalarni ko’rib chiqqani, shu mavzuda yozilgan dostonlarda yo’l qo’yilgan xatolarni tuzatib, o’z g’oyalarini qay tarzda ifoda etmoqni niyat qilgani bayonidadir. Bunda Navoiy yozilajak asari yangi bo’lishi lozimligini, avval shu mavzuda yaratilgan dostonlarni takrorlamaslik kerakligini ta’kidlaydi:
Ani nazm etki, tarhing toza bo’lg’ay, Ulusqa mayli beandoza bo’lg’ay. Yo’q ersa nazm qilg’onni xaloyiq, Mukarrar aylamak sendin ne loyiq. Xush ermas el so’ngincha raxsh surmak, Yo’likim, el yugurmishtur yugurmak. Dostonning 10-bobi Sulton Husayn Boyqaro ta’rifiga bag’ishlangan. Navoiy uni sultonlar ichida Shoh G’oziy, g’azot maydonida Ali ibn Abu Tolib, shariat rivojida payg’ambar singaridir deb ulug’laydi va uni adolatli, saxovatli hukmdor sifatida madh qiladi.
11-bob shahzoda Badiuzzamon Bahodir madhiga bag’ishlangan. Navoiy uni “Badiu-d-dahru Doroi zamon” deb atab, uning ismini kitobot (harf) san’ati asosida sharhlab o’tadi. Shahzodaning ismi 10 harfdan iborat bo’lib, Navoiy uning har bir harfiga alohida ma’no yuklaydi:
“?” – “be” ehsonda birlik, yagonalikning dalilidir, “?” – “dol” davlatdan nishona bo’lib, dinu diyonat undan iqbol topadi. “?” – “yo” harfi yumn (baxt, omad)dan darak berib, uning qadami bilan zamona tinchiydi. To’rtinchi harf “?” – “ayn” bo’lib, adolatdan olingandir. “?” – “alif” harfi o’z shakli bilan uning to’g’riligi, rostgo’yligini bildiradi. “?” – “lom” harfi lutfdan voqif etib, latofat gulshanidan bahramand etadi. “?” – “ze” harfi abjad hisobiga ko’ra 7 raqamini anglatadi, bu Alloh unga 7 iqlimni nasib aylashiga ishoradir. “?” – “mim” harfi millat kiromi, musulmonlik nizomi undan ekanligini anglatadi. “?” – “alif” harfi Alloh uning yori ekanligiga dalolat bo’lsa, so’nggi harf “?”– “nun” nasr (madad) Allohdandir degan ma’noni bildiradi.
Navoiy yuqorida dostonni yaratishdan maqsad “ishq, ya’ni ilohiy ishq dardini kuylash” ekanligini aytib o’tgan edi:
Bu rangin sahfa bilkim, dard bog’i, Ayon har lolasida ishq dog’i. Bundan ma’lum bo’ladiki, dostondan bosh maqsad ilohiy ishq dardiga mubtalo bo’lgan solik (tariqat yo’liga kirgan oshiq)ning sarguzashtlarini tasvirlashdan iboratdir.
Dostonning asosiy qismi 12-bobdan boshlanadi. Voqealar Chin xoqonining farzandsizligi va uning iztiroblari tasviri bilan ibtido topadi. Nihoyat uning iltijolari qabul bo’lib, Tangri unga bir o’g’il in’om etadi. Navoiy go’dakning tug’ilishidan tortib ulg’ayishigacha bo’lgan har bir jarayonni alohida tasvirlaydi, hatto go’dakka qo’yilgan ismga ham alohida ma’no yuklaydi:
Anga farzona Farhod ism qo’ydi, Hurufi ma’xazin besh qism qo’ydi. Firoqu rashku hajru oh ila dard, Biror harf ibtidodin aylabon fard. Farhod bolaligidan favqulodda xislatlari bilan atrofdagilarni hayratga soladi. O’n yasharligida:
Jahonda qolmadi ul yetmagan ilm, Bilib tahqiqini kasb etmagan ilm darajasiga erishadi. Asarda Farhod ham cheksiz jismoniy qudrat, benazir iste’dod egasi, ham yuksak fazilatlar sohibi sifatida tasvirlanadi.
Farhod yoshi ulg’aygani sari hazin va xastadil bo’lib bo’lib boradi. Xoqon Farhodning ko’nglini ochish, hazin kayfiyatini ko’tarish uchun yilning to’rt fasliga moslab to’rt qasr qurdiradi. Shu asnoda Farhod Qorandan tosh yo’nish, Boniydan me’morlik, Moniydan naqqoshlik sirlarini o’rganadi. Lekin u egallagan bilimlar, o’rgangan hunarlar zohiriy (dunyoviy) bilimlar bo’lib, ilohiy siru asrorni ochishga kifoya qilmaydi. Endi u piri komil ta’limini olishi kerak edi.
Farhoddagi hazinlikning tarqamaganini ko’rgan xoqon unga taxtni taklif qiladi va shu bilan go’yoki o’g’lining dardiga davo topmoqchi bo’ladi. Aslida esa Farhoddagi bu holat zaminiy, dunyoviy bo’lmay, ilohiy ishqning nishonasi edi. Shu o’rinda Navoiy ilohiy ishq dardida yongan inson bilan bunday saodatdan mahrum foniy dunyo kishilari orasidagi farqni ko’rsatib beradi. Farhod otasining taxtni egallash haqidagi taklifini saltanat ishlarini o’rganish, tajriba orttirishga ijozat so’rash bilan ortga suradi va xoqon xazinasidagi behisob boyliklar bilan tanisha boshlaydi. Natijada yashirin parda ortidagi xonada saqlanayotgan sirli sandiq va undagi tilsimli ko’zguni ko’rib qoladi. Farhod ushbu ko’zguning sehrini ocholmay, Yunoniston safariga, Suqrot huzuriga otlanadi.
Suqrotning huzuriga borish yo’lini unga Suhaylo ismli hakim (donishmand) o’rgatadi. N.Komilovning “Tasavvuf” nomli kitobida yozilishicha, Suhaylo Farhodning tariqat yo’lidagi birinchi piri. U Farhod yengib o’tishi kerak bo’lgan to’siqlar: ajdarho va devdan xabar beradi. Tasavvufda ajdarho – nafs timsoli, dev – saltanat timsoli hisoblanadi. Suhaylo Farhodga ajdarhoni yengish uchun samandarning yog’ini beradi. Samandar – olov ichida yashaydigan jonivor. U – ishq ramzi. Farhod badaniga samandar yog’ini surganda, ajdarhoning o’ti unga kor qilmaydi, ya’ni ishq otashi nafs o’tini so’ndiradi. Shuningdek, Farhodga keyingi manzillarda uchraydigan sher va temir paykarning ham ramziy ma’nosi bor. Sher – g’azab timsoli, ilohiy ishq yo’liga kirayotgan solikda esa g’azab bo’lmasligi kerak. Temir paykar – ro’yo, yolg’on dunyo ramzi. Solik dunyo mo»jizalariga chalg’imasligi, ularga ko’ngil qo’ymasligi kerak. Farhod temir paykarni ham yengib, nihoyat Suqrot dargohiga kirib boradi.
Aslida Suqrot timsolining asar tarkibiga kiritilishi tasodifiy bo’lmay, bosh maqsadni ochib berish yo’lidagi muhim vositadir. N.Komilovning yozishicha, Suqrot piri komil timsoli bo’lib, usiz Farhodning o’z maqsadiga erishishi mumkin emas edi. Navoiy Suqrotni quyosh kabi porloq siymo, jismi pok ruh kabi, shaxsi aqlning haykali deb ta’riflaydi. U kamolot cho’qqisini egallagan komil inson, o’zi bir joyda o’tirsa ham, ruhi butun dunyoni kezib chiqadi. Jamshid jomi, Iskandar ko’zgusi ham uning ko’ngil ko’zgusi oldida xira. U Farhod bilan yakkama-yakka suhbatlashib, uni o’z farzandiday e’zozlaydi. Chunki bu yigit siymosida u o’z suluk (yo’l)ining davomini ko’rgan edi. U Farhodga shunday deydi: