Ta’limning globallashuvi sharoitida bo‘lajak pedagoglarning kasbiy pedagogik tayyorgarligini orttirish, o‘qitishning zamonaviy texnologiyalari, ilg‘or xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish orqali kvaziprofessional faoliyatga tayyorlash dolzarb vazifalardan hisoblanadi. O‘qitishning kvaziprofessional modeli bo‘lajak biologiya o‘qituvchilarini nafaqat o‘quv auditoriyalarida balki, amaliy yo‘naltirilgan ta’lim muhitida ̶ umumiy o‘rta ta’lim maktablaridagi pedagogik amaliyot davrida yoki turli to‘garaklar asosida ham kasbiy tayyorgarligini takomillashtirishni taqozo etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 12-avgustdagi “Kimyo va biologiya yo‘nalishlarida uzluksiz ta’lim sifatini va ilm-fan natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” PQ-4805-son qaroriga binoan mamlakatimizda kimyo va biologiya fanlarini rivojlantirish, ushbu yo‘nalishlarda ta’lim sifati va ilm-fan natijadorligini oshirish “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyot yili” Davlat dasturining ustuvor vazifalari qatorida belgilangan [1].
Shuningdek, o‘rta maxsus, professional, oliy ta’lim, ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda sohadagi ishlab chiqarish korxonalari o‘rtasida kadrlar tayyorlash va ilm-fan natijalaridan foydalanish borasida uzviy bog‘liqlik, samarali muloqot va hamkorlik yo‘lga qo’yish zarurligi qarorning asosiy maqsadini ifodalaydi. Bundan tashqari Oʼzbekiston Respublikasi Kadrlar tayyorlash Milliy dasturining maqsadi – taʼlim sohasini tubdan isloh qilish, uni oʼtmishdan qolgan mafkuraviy qarashlar va sarqitlardan toʼla xolos etish, rivojlangan demokratik davlatlar darajasida, yuksak maʼnaviy va axloqiy talablarga javob beruvchi yuqori malakali kadrlar tayyorlash Milliy tizimini yaratishdir.
Shu bois, bo’lajak biologiya o’qituvchilarining Biokimyo va molekulyar biologiya fani asosida kvaziprofessional faoliyatga tayyorlashni:
talabalarni kurs ishlari, bitiruv malakaviy ishlarni bajarish jarayonida;
ta’lim oluvchilarning ishlab chiqarish, pedagogik amaliyotlarini amalga oshirish davomida;
uyga berilgan topshiriqlar, mustaqil ishlarini bajarishda
to’garaklar asosida amalga oshirish mumkin.
Yuqorida ta’kidlangan vazifalar bo’lajak o’qituvchilarni kasbiy tayyorlashning va kasbiy-pedagogik kompetensiyalarini shakllantirishning zamonaviy talablariga mos keladi. Bu esa, bo’lajak pedagoglarning kompetensiyaviy tayyorgarligini orttirish maqsadida o’quv materiallarini modellashtirish, pedagogik muammoli vaziyatlarni yaratish asosida kvaziprofessoinal faoliyatga tayyorlashda poydevor bo’lib xizmat qiladi.
Yuqorida keltirilgan talablarga javob berish uchun bo’lajak biologiya o’qituvchisida kvaziprofessional faoliyat yetarli darajada shakllantirish zarur. Chunki kvaziprofessinal faoliyatning yuzaga kelishining asosiy sabablaridan biri, professional muhitga o’tish uchun zarur bo’lgan ko’prik vazifasini bajaruvchi asosiy faoliyat turi ekanligidadir. Quyida olimlarning kvaziprofessional faoliyat tushunchasiga bergan tariflari keltirilgan.
Bir qator tadqiqotlarda (N.A.Bakasheva, A.A.Verbitskiy, C.I.Pozdeeva, J.S.Fritsko) kvaziprofessional faoliyat o’quv va kasbiy faoliyatni o’zaro bog’lovchi zveno sifatida talqin qilinadi va bevosita ta’lim jarayoni bilan uzviy ravishda kelajakdagi mehnat faoliyatiga tayyorlashga xizmat qiladi. Bu jarayon bevosita talaba, o’qituvchi va amaliyotchi-mutaxassis o’rtasida doimiy aloqani talab etadi [2].
A.A.Verbitskiyning fikriga ko‘ra, bu faoliyat akademik o‘quv faoliyatidan ta’lim va kasbiy faoliyatga o‘tishdir. [3]
A.Kuzminskiy, N.Tarasenkova, I.Akulenko va boshqalar kvaziprofessional faoliyat deganda modellashtirilgan bo’lajak professional sharoitda kasbiy kompetensiyasini namoyon qiladigan faoliyat turini tushunishadi [5].
Kvaziprofessional faoliyat - bu o'quv va kelajakdagi kasbiy faoliyatning xususiyatlarini o'z ichiga olgan, ko'pincha o'yin shaklida amalga oshiriladigan faoliyat [6].
Demak, kvaziprofessional faoliyat deb bu o‘quv faoliyatidan kasbiy- professional madaniyat olamiga o‘tishning zaruriy bosqichidir. Ya’ni bo’lajak o’qituvchini ta’lim beruvchi sifatida namoyon qilishi uchun zarur bo’lgan sharoitda o’zini kasbiy kompetensiyasini yuzaga chiqarish uchun olib boradigan faoliyatidir.
Kvaziprofessional faoliyatning tuzilishi tahlil qilinganda uni quyidagi guruhlarga bo’lish mumkin:
O’quv materiallarini didaktik tahlili. Bu guruh faoliyati ma’lumotlar bazasini o’rganilayotgan fanning asosiy prinsiplariga mosligini aniqlashni o’z ichiga jarayoni fragmenti modelini ishlab chiqish taklif etiladi.
Maktab darsining bir qismini modellashtirish. Dars fragmentining mavzusi, uning maqsadlari, shuningdek, usullari, shakllari va vositalari o'qituvchi yoki boshqa talaba tomonidan belgilanishi mumkin.
Dars jarayoni modelini amalga oshirish [12].
Kvazi-professional faoliyatning barcha aniqlangan guruhlari o'zaro bog'liqdir.
Talabaning kvaziprofessional faoliyati funksiyalarini tavsiflab, shuni ta'kidlash kerakki, bu birinchidan, bilim, ko'nikma va malakalarni o'zlashtirish darajasini oshirishga yordam beradi. Ikkinchidan, talabaning kvaziprofessional faoliyati uning tizimli bilimini shakllantirishga yordam beradi. Uchinchidan, kvaziprofessional faoliyat kelajakdagi o'qituvchining kasbiy tayyorgarlik darajasini oshirishga yordam beradi. To'rtinchidan, talabaning kvaziprofessional faoliyati uning haqiqiy, ichki motivini shakllantirish uchun qulay shartdir. Talabaning o'quv va kognitiv faoliyatini uning kasbiy kelajagi bilan bog'liqligi ushbu faoliyatning haqiqiy motivini shakllantirish uchun sharoit yaratadi va shuning uchun ma'noni shakllantirishga yordam beradi [5-10].
G.Ergasheva va M.Sultonovalar talabalarning kvaziprofessional faoliyatga tayyorlashni amalga oshirishda loyihalash texnologiyasining o’rni, ijodiy va tadqiqotchilik loyihalarining ahamiyati to’g’risida fikr yuritadi [13, 862 b.]. Quyida “Biologiya” ta’lim yo’nalishi talabalarining biokimyo va molekulyar biologiya fani doirasida kvaziprofessional faoliyatga tayyorlash mazmuniga to’xtalib o’tamiz. Buning uchun talabalarga avvalo, fanning mazmuni hamda mohiyatini tushuntirish va o’rganilayotgan mavzu doirasida tasavvur uyg’otish lozim. Buning uchun O.B. Dautovning keltirgan kvaziprofessional faoliyat shakllaridan foydalaniladi:
Vaziyat yaratish va hal qilish;