14. Amir Temur tangalari. Amir Temur davrida zarb qilingan barcha tanga pullar eng asosiy to‘lov vositasi sifatida davlatning ichki va tashqi savdo aloqalarida qo‘llanadigan yagona pul birligi (valyuta) bo‘lganligi uchun ham bu pullar Amir Temur davlatining xalqaro siyosiy va iqtisodiy qudratini oshirishga va mustahkamlashga xizmat qilgan. Amur Temur (1370-1405 yy. hukmronlik qilgan davrlarda) davlatining tanga pullariga talab va ehtiyoj kuchli bo‘lganligi
uchun ham bu pullar nafaqat Movarounnahrdagi markaziy shaharlarda, balki Xuroson, Eron, Iroq va Ozarboyjon hududlarida, chunonchi, Astrobod, Astora (Ashpara), Baku, Basra, Bag‘dod, Bamiyon, Damgon, Darband, Yazd, Isfahon, Qarshi, Kashon, Kermon, Qum, Mordin, Mahmudobod, Mashhad, Sava, Samarqand, Sultoniya, Tabriz, Xorazm, Shabankar, Shiroz, Shemaxa, Shayx Abu Is’hoq, Hirot va boshqa 40 ga yaqin shaharlarda ham zarb qilingan. Yozma manbalarda biz yuqorida tilga olgan hududlardagi shaharlardan boshqa Hindiston, Turkiya, Misr va Shom podshohlari ham Amir Temur nomi bilan tilla, kumush tangalar zarb qilganligi ma’lum. Masalan, Ibn Arabshoh o‘zining "Amir Temur tarixi" asarida "Turk sultoni Boyazidning ustidan galaba qilgandan so‘ng uning o‘gillaridan Rum podshohlaridan biri Isfandiyor (Amir)Temur huzuriga kelib, Amir Temurga itoat izhor etdi. Temur uni sevinch bilan qarshi olib, Isfandiyorni Rumdagi o‘z martabasida barqaror etdi va unga o‘z tevarak-atrofdagi amirlarga Mahmudxon va ulug Amir Temur Ko‘ragon nomi bilan
xutba o‘qitib, pul zarb qilishlarini amr etdi". Tanga pullarning davlat belgilab bergan andoza (standart) bo‘yicha, oltin, kumushning sofligi va vazniga alohida e’tibor bergan holda zarb
qilinishi davlat tomonidan qattiq nazorat qilib turilar edi. Ayni chogda bu tangalardagi mahalliy bezaklarning o‘ziga xos nafisligi saqlanib qolgan bo‘lib, Hirot, Mashhad, Isfahon, Tabriz va Bagdodda zarb qilingan tangalarda bu xususiyat yaqqol ko‘zga tashlanadi. Amir Temur o‘zining birinchi tanga pullarini 774/1372-73 yillari Chig‘atoy xonlarining andozasi bo‘yicha zarb qilgan bo‘lsa ham, lekin 1380 yillarga kelib pul islohoti olib borilishi natijasida yangi shakldagi pullarni o‘z nomi bilan zarb qildirdi. Amir Temur davlatida 1380 yillari Samarqand va Xorazmda onda-sonda oltin tangalar zarb qilingan bo‘lsa ham, bu tangalar butun dunyodagi numizmatika kolleksionerlari uchun kamyob nodir tanga hisoblanadi. Amir
Temur kumush tanga pullarining qadr-qimmati shuncha baland bo‘lganki, 1403 yili Amir Temur saltanatini ziyorat qilgani kelgan Kastiliya (Ispaniya) elchisi Ryui Gonsales de Klavixoning yozishicha: "Bu yurt (Samarqand) don-dun, moy, meva-cheva, qush go‘shti, har xil go‘sht, qo‘yingchi, hamma narsaga boy mamlakatdir. Qo‘ylari katta dumbali, juda yirik qo‘ylar. Dumbasi odam qo‘lida zo‘rga ko‘taradigan darajada og‘ir — yarim pud, ya’ni sakkiz-o‘n kilogramm keladigan qo‘ylar bor. Bunday serdumba qo‘ylar shu qadar ko‘p va arzon ediki, shoh lashkari Samarqandga yig‘ilib kelgan kezlarda bunday qo‘ylar bir jufti bir dukat (ya’ni taxminan 10 tanga) turardi. Boshqa mollar ham shu qadar arzon ediki, bir yarim qop arpaning bahosi yarim real (ya’ni taxminan bir miri) edi".Amir Temur zamonida 6 gramm og‘irlikdagi kumush tangalar va uning to‘rtdan biriga teng 1,5 grammlik kumush pullar zarb qilingani ma’lum. 1,5 grammlik kumush pullar «miri» deyilgan. Mazkur nom Sohibqironning Amir unvoni bilan bog‘liq. Shuningdek, muomalada mis pullar — chaqalar ham bo‘lgani ma’lum. Tangalar Samarqand, Buxoro, Ardabil, Astrobod, Darband, Domg‘on, Mordin, Tabriz, Sabzavor, Sheroz va boshqa qator shaharlarda zarb qilingan. Bundan tashqari, Amir Temur harbiy o‘rdasining ham maxsus zarbxonasi (dor al-zarbi o‘rduyi oliy) bo‘lgan.