XII asrda Naxshab (yoki Nasaf) o‘rtacha kattalikdagi shahar, vohadagi ikkinchi mashhur joy - Kesh esa, unga nisbatan kichik shaharcha bo‘lgan. Zero, o‘sha davrda yashagan marvlik olim va sayyoh Abu Sa’d Abdulkarim ibn Muhammad as-Sam’oniy (1113-1167 yillar) «Kitob al-ansob» asarida Nasaf shahri Keshga qaraganda kattaroqligini, unda 3 mahalla, 4 ko‘cha, 2 masjid, 1 rabot, 1 minora bo‘lganligini yozadi (1, s. 100-109).
XIII asrda mo‘g‘ullar Movarounnahrga bostirib kirib, o‘lkadagi yirik shaharlar qatori Naxshab (Nasaf) shahrini ham xarob qildilar va u yirik shahar maqomida qayta tiklanmadi (hozirgi vaqtda, uning o‘rni Shulluktepa deb ataladi).
Mo‘g‘ullar hukmronligi davrida Movarounnahr Chig‘atoy ulusi tarkibiga kiritildi va XIII asrning ikkinchi yarmidan boshlab, uning ulusdagi siyosiy mavqei kuchayib bordi. XIV asr birinchi-choragida esa, Chig‘atoy ulusining xoni Kepekxon (1318-1325) Movarounnahrda, aniqrog‘i qadimiy Naxshabdan taxminan 8 km janubi-sharqda o‘ziga yangi qarorgoh yaratdi va uning etimologiyasi haqida tarixchi Sharafiddin Ali Yazdiy shunday yozadi: «Bu joyning Qarshi, deb shuhrat topganligining sababi, Kepekxon (o‘z davrida) Nasaf va Naxshabdan ikki farsax masofada bir qo‘rg‘on bino etgan edi; mo‘g‘ullar qo‘rg‘onni «qarshi» deydilar» (2, 114a varaq).
O‘sha davrning yana bir mashhur tarixchisi Hofizi Abru «Geografiya» asarida: «Turkiy tilda podshohning qasrini «qarshi» deydilar. Podshoh (Kepek) u yerda bir ko‘shk qurdi va u ushbu nom bilan mashhur bo‘lib qoldi»,-deydi (3, 170 b varaq). Rus sharqshunosi V.V.Bartold esa, o‘zining «Qarshi» nomli maqolasida, bu toponim aslida uyg‘urcha so‘z ekanligi va keyinchalik mo‘g‘ul tiliga o‘tganligini aytgan (4,t.SH,s.503). Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar umumlashtirilsa, «Qarshi» turkiy toponim ekanligi aniq bo‘ladi.
Qarshi shahrining bunyod etilish yiliga kelsak, Temuriylar davri yozma manbalari ma’lumotlariga ko‘ra, u Kepekxon saltanatida, ya’ni 1318-1325 yillar oralig‘ida qurilgan; biroq qaysi yilda qurilish boshlangani noma’lum.
XIV asrning boshlarida, aniqrog‘i Kepekxon hukmronligi zamonida, undan so‘ng Tarmashirinxon (vafoti 1328 yil) saltanatida Qarshi Chig‘atoy ulusining siyosiy-ma’muriy markazi bo‘lgan. Mashhur arab sayyohi Ibn Battuta (1304-1369 yillar) ham Tarmashirinxon huzuriga ana shu Qarshi shahriga kelgan; o‘z sayyohatnomasida u, jumladan, shunday yozadi:
"So‘ngra biz Buxorodan chiqib ulug‘ xudojo‘y sulton Alouddin Tarmashirin qarorgohi tomon yo‘l oldik... Naxshab mavzeidan o‘tib bordik. Naxshab bog‘lar va ariqlar ila qurshalgan mo‘jaz shahardir. Biz uning amirining shahardan tashqaridagi uyiga qo‘ndik...
Men Naxshabda qoldim. (Ertasi yo‘lga otlanib), kun botarda biz ismi-sharifi tilga olingan sultonning o‘rdasiga yetib keldik... Bozorga yaqin joyda to‘xtadik... Sulton shikor (ov)da ekan. Men sultonning noibi amir Toq-Bug‘o bilan uchrashdim, u meni o‘z masjidiga yaqin bir yerda joylashtirib, menga xobgoh berdi. Bu ... chodirga o‘xshash bir narsadir... U (sulton Tarmashirin) kishi yubordi va men uning huzuriga keldim. Sulton chodirda edi... Sulton bomdod namozini ham, xufton namozini ham albatta jamoa bilan birga o‘qir edi... Mazkur sultonning yurtida 54 kun bo‘ldim..." (5, 66-70 betlar).
Tarmashirinxon o‘limidan so‘ng hokimiyatni Chig‘atoy naslidan Bo‘ron, Jingshuxon, Yisun Timurxon, Muhammad ibn Po‘lodo‘g‘il birin-ketin qisqa muddat boshqarganlar, biroq ularning saltanat poytaxti ulusning sharqiy qismida bo‘lgan. Lekin 1332-1346 yillarda Movarounnahrda hukmronlik qilgan Qozon Sudtonxon davrida poytaxt Qarshi shahrida joylashganligi to‘g‘risida Sharofiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»sida ishora bor (2,91 b varaq).
So‘ngra, Amir Qazag‘an hokimiyat uchun kurashib Qozon Sultonxonni o‘ldiradi va taxtni egallaydi; uning davrida (1346-1357) poytaxt Soli-Saroyda edi. «Amir Qazag‘an qish chog‘i Soli-Saroyda yashardi, bahorda Qoranavar gulzoriga qo‘nardi, yozda va kuzda esa Munkda yashamoq bayrog‘ini tikardi»,-de6 yozadi. Sharofiddin Ali Yazdiy (2, 94a varaq). Amir Qazag‘an zamonida poytaxt Soli-Saroyga ko‘chirilib, bu ikkala shaharning siyosiy mavqei va istehkom qobiliyati ancha pasaydi; boz ustiga, ana shu davrda Movarounnahrda hukm surgan feodal tarqoqlik ham, xo‘jalik rivojiga, ayniqsa shaharlar ravnaqiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Amir Qazag‘anni 1357 yili ov chog‘ida kuyovi Qutlug‘ Temur halok etadi va uning o‘rniga taxtga o‘tirgan o‘g‘li amirzoda Abdulloh Samarqand shahrini o‘ziga poytaxt qiladi, chunki u otasi hayotligida shu shaharning hokimi bo‘lgan va bu joy unga yoqib qolgan edi (2, 94 b varaq).
Bu davrda Qarshi viloyat mavqeidagi shahar sanalgan va unda Amir Temurning amakisi Hoji Barlos hokim edi. Tug‘luq Temurxon 1360 yili Movarounnahrni egallaganda, Hoji Barlos Xurosonga qochadi. Amir Temur uni kuzatib Jayhun (Amudaryo) bo‘yigacha boradi va o‘sha yerda amakisi bilan vidolashib Tug‘luq Temurxon huzuriga qaytadi. «(Uning) humoyun tashrifini turli e’zoz-ikromlar ila ulug‘ tutdilar, hamda (Tug‘luq Temur)xonga tobe’lik izhor qilganligi uchun maqtovlar bilan olqishladilar. Amir Qorachorning tumanini va Kesh viloyatining elatlarini, tobe’ va yondosh yerlar bilan birga (jumladan Qarshi shahri ham), unga tegishli etildi» (2, 96 b varaq).
XIV asrning ikkinchi yarmida, aniqrog‘i Amir Temurning Movarounnahrni mo‘g‘ullar istilosidan ozod qilish uchun kurash yillarida ham Qarshi shahri muhim siyosiy va harbiy ahamiyatga molik bo‘lgan. Zero, Amir Temur 766(1364-1365) yil qish faslida shu yerda to‘xtab, shaharning qo‘rg‘onini tiklashga buyuradi. Sharafiddin Ali Yazdiy mazkur qurilish haqida shunday yozadi: «Qish faslida Hazrat (Sohibqiron) o‘sha yerda to‘xtamoqni ixtiyor etdi va Qarshi hisorini tiklamoqqa farmon berdi. Kundan-kun ortib borayotgan davlat ulug‘vorligi tufayli o‘sha qishning o‘zidayoq (bu qurilish) nihoyasiga yetdi» (2, 114 a varaq). Bu qo‘rg‘on haqida Sharofiddin Ali Yazdiy «Zafarnoma»sida 767(1365-1366) yili Sohibqiron katta harbiy mahorat bilan Amir Husayn qo‘shinlari ustidan g‘olib kelib, Qarshi shahrini egallagani voqealari bayonida ham ba’zi tafsilotlar berilgan. Qo‘yida ushbu yurish tarixini bir muncha qisqartirib bayon qildik (2,118b-121b varaqlar; 6,135-146 betlar):
«Sohibqironning Qarshi tomon yurishi haqida so‘z». Hazrat Sohibqiron saodat va iqbol ila otlanib, Mubashshir bilan Abdullohni o‘ziga mulozim qilib oldi va ko‘zni olguvchi yashindek Qarshiga ot surdi. (Yetib kelgach), qal’a xandaqi(7) oldiga tushdi, xandaqda suv ko‘p edi. .Otlarni Mubashshirga topshirib, o‘zi esa, xandaq ustiga qurilgan va undan qal’aga suv oqib kiradigan tarnovning novidan tizza bo‘yi keladigan suvga kirdi va kichkina suvda xuddi dengiz kabi borib, xokrezga(8) ko‘tarildi. Abdulloh ham tezda orqadan yetib borib, olam yagonasining ikkinchisi bo‘ldi. Ular (qo‘rg‘onning) Xuzor tomondagi darvozasigacha yetib bordilar. Baxtiyor Sohibqiron qo‘lini eshikka tegizdi va uning orqasiga tuproq uyganliklari ma’lum bo‘ldi. U yerdan qaytib ehtiyot yuzasidan boruni(9) tekshirib chiqdi, devori pastroq joyni aniqladi va Abdullohga narvon qo‘yadigan joy shu yerda bo‘ladi, deb ko‘rsatib qo‘ydi. So‘ngra o‘sha o‘zi kirgan novdan qaytib chiqdi va tezliqda lashkar qoshig‘a oshiqdi. Ular bilan birga, o‘sha tunning o‘zidayoq yana Qarshiga ot surdi. (Yetib kelib), qirq uch kishini otlarni qo‘riqlab turishga tayinladi. Yuzta sipohni Burdolig‘dan o‘zlari olib kelgan narvon bilan o‘zi yurib o‘tgan yo‘ldan qo‘rg‘onga jo‘natdi va qolgan yuzta sipoh bilan davlatning g‘alaba darvozasi oldida kutib turdi. Aniq qarorli ra’yga ko‘ra qo‘rg‘on xokreziga chiqib olgan botirlar, (Sohibqiron ilgariroq) Abdullohga ko‘rsatgan joyga narvonlarni qo‘yib, boru ustiga ko‘tarildilar va qilichlarni yalang‘ochlab darvoza tomon yugurdilar. U yerga yetib kelganlarida, soqchilarni ma’shuqaning ko‘zidek mast va oshiqning dilidek xarob ahvolda topdilar. Ulardan tig‘ni darig‘ tutmadilar va birortasini tirik qoldirmadilar. Darvesh-bukka darvoza qulfini bolta bilan sindirdi va (shu payt) hazrat Sohibqiron farmoni bilan burg‘u( 10) chaldilar.
O‘sha ondayoq sipoh bilan qal’aga yopirilib kirdilar va olomon baqiriq-chaqiriqlar qilib ul qo‘rg‘onni larzaga keltirdilar. Qarshi aholisi karnay-surnay (ovozi)dan ko‘zidan uyqu o‘chib, boshini hayrat tutuni qopladi va o‘lkani zabt aylaguvchi Sohibqironning tadbir o‘qi zafar nishoniga tegdi. G‘olib lashkar qal’ani egallash bilan mashg‘ul bo‘lib, amir Musoning xotini, farzandi va qo‘l ostidagilarini qo‘lga oldilar; erkaklarni choh va zindonga qamadilar. Hazrat Sohibqiron amir Musoning o‘g‘li yoshi kichik Muhammadbek uchun, keyinroq u bilan qarindoshlik barpo bo‘lishi sharofati tufayli, sezdirmay qochishga imkon yaratsinlar, deb buyurdi va otasi oldiga yetib borsa, uning lashkari qo‘rquv-vahimadan to‘zib ketadi, dedi.
Muhammadbek o‘sha tundayoq otasining oldiga yetib bordi, biroq ular bu xabardan o‘zlarini yengilgan hisoblamadilar va tarqab ketmadilar, Amir Muso tezda Malik bahodir qoshiga kishi yuborib, uni voqeadan xabardor etdi. Ular birlashib lashkar to‘pladilar va birgalikda yo‘lga chiqib, kun yarmiga yetganda o‘n ikki ming otliq bilan (Qarshi) qo‘rg‘onini o‘rab olgan edilar. Umoqi toyjivut bo‘lgan amir Muso shahar darvozasi qarshisiga kelib turdi. Malik esa qaravunos lashkari bilan Xuzor tomondagi darvoza qarshisiga qo‘ndi.
Hazrat Sohibqiron shahar darvozasi muhofazasiga shaxsan o‘zi boshchilik qildi va amir Sori-Bug‘o uning mulozimligida edi; amir Dovud, amir Muayyad, amir Sayfiddinlarni Xuzor darvozasini egallashga buyurdi; Suyurg‘atmish-o‘g‘lon, amir Abbos, Husayn bahodir, Oqbo‘g‘o va boshqa amirlarni boru va burjlarda(II) qoldirdi. Amir Muayyad arlot o‘ttiz kishi bilan darvozadan chiqib, ul intiqom olguvchi sipoh ustiga tashlandi va o‘t yog‘diruvchi obdor qilich bilan mardliklar namoyish etib, Rustam va Isfandiyor ishlari dostonini zamon ko‘zi o‘ngida xor-zor qildi; ularning oltita otini (o‘lja) tarzida qo‘rg‘onga olib qaytdi.
Shu payt Duvarraka bahodir davlat misoli dushmanlardan yuz o‘girdi va qal’aga kirib saodatli mulozimlar qatoridan o‘rin oldi. Hazrat Sohibqiron o‘sha kunning o‘zidayoq tashqariga chiqmoqchi, hamda baxtiyor bilagining kuchi va zafar keltiruvchi qilich zarbi bilan dushmanlarga kunduz kuni yulduzlarni ko‘rsatmoqchi bo‘ldi. Amir Sayfiddinning ilmi nujum va fol ochish sirlaridan xabari bor edi. U bugun sabr qilmoq yaxshiroq ekanligini va ertaga choshgohda juda ham saodatli soat bo‘lishini arzag‘a yetkazdi. (Sohibqiron) ul so‘zni maqbul deb topdi va tashqariga chiqmoq niyati qoldirildi. Dushman tomondan Tezzakchi bahodir ikki yuz kishi bilan eshik va qalqonlarni ko‘tarib darvozalar yaqiniga keldilar va ehtiyot yuzasidan tuni bilan o‘sha yerda bo‘ldilar.
Tong o‘z bayrog‘ini ufq pistirmasidan ko‘targan chog‘ida Elchi-Bug‘o bahodir va Oqtemur bahodir darvoza ko‘prigini(12) tushirdilar va ellik kishi bilan qal’adan chiqib to‘satdan yov ustiga yopirildilar; ular kallani uchiruvchi tig‘ va jonni sug‘iruvchi hanjar bilan jang maydonini qonga beladilar.
Hazrat Sohibqironning farmoni bilan Alishoh va Darveshak-burg‘uchi yigirmata otliqni olib piyodalarga yordam bermoq uchun ot solib qo‘rg‘ondan chiqdilar. Ular intiqom olovini alanga oldirdilar va aniq g‘alaba bayrog‘ini tikdilar. Muxoliflardan bo‘lmish Tag‘o-bahodir qilich yalang‘ochlab hamla qildi. Oqtemur bahodir uning yo‘lini to‘sib, bir zarba bilan qulatdi. Amir Muso sipohida bir o‘zbek yigiti bor edi, dong‘i ketgan dovyurak botir, dumog‘ida pahlavonlik tasavvuri, kallasida yoshlik g‘ururi. U zarbasidan Alburz tog‘i(13) titraydigan bir gurzini ko‘tarib jangga kirdi. Qozon-Bug‘o g‘ayrati jo‘shib, borib uning ikkala qo‘lini chunon (mahkam) ushladiki, oyog‘ini joyidan qo‘zg‘atolmadi va (shu payt) boshqa bir kishi yetib kelib uni qilich bilan chopib halok qildi.
Amir Sori-Bug‘o va Elchi bahodir qasos kamonini zihga kiritib, darvoza ustidan turib o‘q yog‘dira boshladilar. Bahodirlarning qo‘rg‘on tepasidan, turib otgan o‘qlari dushmanlar ahvolini zabun qilganligi sababli, muxoliflar joni paykon(14) o‘ygan teshikdan tashqariga otilib, yuqori olamdagi manzil sari intilardi.
Dushman sipohi qo‘rqqanidan to‘rolarni tashlab, kapanaklarni(15) boshlariga to‘nkarib qochdilar va har ehtimolga qarshi (oldindan) qazib qo‘ygan xandaqlariga bekindilar. G‘olib lashkar ularni u yerdan ham haydab, chodirlaridan nariga o‘tkazdilar, shahar ko‘chalarida (izg‘itib) quvdilar.
Dushman sipohidan yana yuz kishi To‘kal (boshchiligida) boshqa tarafdan hujum qilib qoldi va muxolif piyodalari chaqqon qo‘llari bilan o‘q yog‘dirib, zafarli lashkarni qaytardilar. Saodatli Sohibqiron o‘n beshta otliq bilan qo‘rg‘ondan ot choptirib chiqdi va osmon qo‘rquvdan titroqqa tushdi; davlatining ulug‘vorligi bahodirlarga toza quvvat va yangi kuch-g‘ayrat baxsh etdi. Elchi-Bo‘g‘o va Bahrom tavakkal qilib To‘kalga yuzlandilar. U devorning bir chetida bekinib o‘tirgan edi. Elchi-Bo‘g‘o devor ustidan unga qilich serpadi, u bo‘lsa kallasini engashtirib qochib qoldi. Shu payt g‘olib lashkar botirlaridan bir xurosonlik bilmasdan qilich soldi va uning qilichi kasridan Bahrom hayotining kuni shomga yetib, halok bo‘ldi.
Nihoyat, yetti ming otliq bilan ketma-ket hamla qilib, shamolidan jang maydoni olovini yoqqan Amir Muso obro‘si, to‘kilib, sharmandalik tuprog‘ini o‘z hayotining (boshi) farqiga eladi va (Sohibqironning) kun sayin ortib borayotgan davlati sharafi tufayli, ozgina kishidan iborat osmonday g‘olib askarlardan orqa o‘girib qochdi, (lashkari) har tomonga tarqab ketdi. Lekin Malik bahodir besh ming sipohdan iborat qaravunos lashkari bilan hanuzgacha Xuzor darvozasi tomonda turardi. Jahongirlikni tasdiqlovchi hazrat Sohibqiron oltmish kishi bilan shijoat yuzini ular tomon burdi. Ul Hazratning intiqom olmoq uchun kelayotganini ko‘rgan Malik joyida turmoqqa toqati dosh berolmay, ojizlik qo‘li bilan qochish etagini tutdi, qilich sug‘urish o‘rniga qalqonni (ham) uloktirib jo‘nab qoldi va Gunbadi-Lavliyda joylashgan o‘z qayto‘liga(16) ot surdi. Hazrat Sohibqiron davlat jilovini ul tomon burdi va g‘azablangan sher misoli uning iziga .tushdi. Ular Hazrat (Sohibqiron)ning sipohini uzoqdan ko‘rishi bilanoq, u yerda ham turolmadilar va tarqalib-chochilib, qochmoqqa yuz tutdilar.
Ollohning cheksiz inoyati va poyonsiz marhamati erurki, bir kishini o‘z lutfi ila sarafroz aylab, unga shu qadar quvvat va shijoat hadya etadiki, u (kishi) ikki yuz qirq uch sipoh bilan, majburiy emas, balki o‘z ixtiyoricha, o‘n ikki ming qonxo‘r va qasoskor dushman otliqlariga qarshi chikib jang qilmoqchi bo‘ladi; yetib kelgach, ikki kecha-kunduz ichida ulardan qo‘rg‘onni tortib oladi, ahli ayolini asir qiladi, mol-mulkini talon-taroj qildiradi; barchasini o‘q yog‘diruvchi obdor shamshir kuchi bilan tarqatib, to‘zitib yuboradi; o‘zi esa ot solib ularni ta’qib qiladi, bahodirlarini qulatadi va asir oladi. Bu voqeiy hikoyadir.. Uning to‘g‘riligi qayta-qayta tekshirilgan va tahrir majlisida(17) ul ahvolni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rgan ba’zi kishilar hech qanday tilyog‘lamachilik kilmasdan tasdiqlamoqdalar...
Shunday qilib, qutli folga ega iqbol kuchidan, dushmanlarning jabr-zulm va kibru havo cho‘qqisiga ko‘targan shavkat va qudrat bayrog‘i qulab tushdi. G‘animlarning ko‘maklashuvchilar va tarafdorlar ko‘pligiga orqa qilib tasavvur va faraz lavhiga chizib olgan g‘urur va iftixor naqshlari olov yog‘diruvchi qilichning suvidan butunlay yuvilib ketdi. Muxolif lashkar yoppasiga orqa o‘girib jo‘nab qoldi: amir va navkar, sardor va lashkar (barchasi) noilojlik yuzini qochish tomonga burdi...
Hazrat Sohibqiron o‘sha qish(18) saodat va salomatliqda Qarshi (shahri)ni qo‘nimgoh va yashash joyi qildi, hamda o‘z marhamati va ehsoni soyasini ul diyor aholisi va yashovchilari ahvoli uzra soldi. Raiyatga yupanch berib, zudlikda viloyatning imorati va ziroatini yaxshilashga buyurdi", (6,131-146 betlar).
Temuriylar davri yozma manbalaridan Hofizi Abruning "Geografiya" asarida ham Naxshab va Qarshi shaharlari tavsifi berilgan:
"Naxshab, uni Nasaf ham deydilar, hozir Qarshi nomi bilan mashhur. Bu qadimiy shahar tekislikda joylashgan. U yerdan toqqacha Kesh tomondan ikki marhala keladi; boshqa tomondan to Jayhungacha cho‘ldan iborat. Ul nohiyatning suvi Kesh suvining davomidir va u suvdan shaharning o‘rtasidan bir ariq oqadi. Naxshabning barcha qishloqlari ana shu suvdan foydalanadi; ekin ham ekiladi. Naxshab viloyatida bundan boshqa daryo yo‘q, bu ham goh oqadi, gohida qurib qoladi. Ayrim bog‘larni quduqlar (suvi)dan sug‘orishadi. Ularning tegirmonlarida hayvon kuchi yordamida un qiladilar. Meva-cheva va noz-ne’mat ul navohiyda farovon va arzon.
Kichik qo‘rg‘oni bor. Jome’ masjid qo‘rg‘onning ichida; podshoh Kebek (Kepek)ning qabri o‘sha yerda. Ularning imoratlari loydan qurilgan, faqat jome’ masjid va sultonlarning qabrlari pishiq g‘ishtdan va koshiy qilingan" (3,1706 varaq).
Hofizi Abru ma’lumotlarini arab manbalari bilan qiyoslaganimizda, ularning dastlabki katta qismi X asr mualliflari al-Istaxriy va Ibn Havqalning "Al-masolik va-l-mamolik" asaridan olinganligi va u Naxshabga tegishli ekanligi aniq bo‘ldi. Faqat, keyingi lo‘nda ma’lumotgina Qarshi shahriga oid.
XIV asrning oxirgi o‘n yilliklarida, aniqrog‘i 1388 yilning qishida Qarshi shahri To‘xtamishxon qo‘shinlari tomonidan chopqin qilinganligi ham ma’lum. Gap shundaki, Sohibqiron besh yillik yurish chog‘i Eronzaminda bo‘lib, 789/1387 yili Fors o‘lkasini zabt etib turganida, Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxon, Mo‘g‘uliston va Xorazm kuchlari bilan birgalikda, Movarounnahrga bostirib kirdi.
«Ko‘p urush-taloshlar bo‘ldi... muxoliflar Movarounnahr viloyatining (turli joylarini) xarob qila boshladilar... Zanjirsaroyga o‘t qo‘ydilar... Qarshi va Xuzor orqali o‘tib to Ko‘hitan va Omo‘ya suvi bo‘ylarigacha bo‘lgan joylarga chopqin yasadilar»,-deb yozadi Sharafiddin Ali Yazdiy (2, 193a-1946 varaqlar). Amir Temur yurishdan zudliqda qaytishga majbur bo‘ladi va buni eshitgan g‘animlar tumtaraqay qochib qoladilar.
Qarshi shahri va mavzei XV asr tarixiy voqealarida ham tilga olingan. Masalan, Hofizi Abruning «Zubdat at-tavorih» va Abdurazzoq Samarqandiyning «Matlai sa’dayn va majmai bahrayn» asarlarida, Amir Temur vafotidan so‘ng, ya’ni 808(1405) yili temuriyzodalar Pirmuhammad ibn Jahongir va Xalil Sulton ibn Mironshoh o‘rtasida toj-taxt uchun muhoraba Nasaf (ya’ni Qarshi) mavzeida yuz berganligi aytiladi. Pirmuhammad Balxga yetib kelgach, u yerda kengash tuzadi. Unda Pirmuhammad tarafdorlari: «Mirzo Pirmuhammad hazrat Sohibqironning valiahdidir; taxt unga tegishli, chunki u og‘a, mirzo Xalil esa inidir»,-dedilar. (Pirmuhammad) mirzo Xalil Sultonga elchi yo‘llab: - "Hazrat Sohibqiron taxtu mamlakat Xalil Sultonga qoladi, deb qachon vasiyat qilgan?"- degan mazmunda xat-xabar yubordi. Mirzo Xalil Sulton esa:
-"Amir (Temur sohibqiron) hazratlariga taxtu mamlakatni bergan u qodir (egam) menga ham inoyat qildi ,-deb javob yubordi" (19, 86-87-betlar). Muzokaralar jang qilmoqqa borib taqalgan edi. Pirmuhammad Balxdan, Xalil Sulton esa Samarqanddan yo‘lga otlanib, "Nasaf atrofida ikki shersifat jangovar sipoh yuzma-yuz uchrashib jangga kirishdi",-deb yozadi Abdurazzoq Samarqandiy (19, 87 bet). Bu jangda Mirzo Ulug‘bek ham qatnashgan. Biroq g‘alaba Xalil Sultonga boqdi va Pirmuhammad o‘z tarafdorlari bilan Balxga qaytishga majbur bo‘ldi.
Qarshi shahrining Amir Temur tomonidan egallanishi hamda Pirmuhammad bilan Xalil Sulton muhorabasi voqealari arab tarixchisi Ibn Arabshohning (1389-1450 yillar) "Ajoyib al-maqdur" asarida ham qisqa bayon qilingan (20,1, 75-78 betlar).
Temuriylar davri yozma manbalarida qayd etilgan ma’lumotlar tahlilidan xulosa qilib aytish mumkinki, mo‘g‘ullar davrida Naxshabning asosiy qo‘rg‘oni buzdirilgan bo‘lsa-da, biroq u XIV asr boshlarida ham bir muncha obod kichik shahar mavqeini saqlab turgan. Ayni paytda, qo‘rg‘on va siyosiy-ma’muriy markaz Qarshi shahriga ko‘chgan. Amir Temur hukmdorligida Qarshi shahrining qo‘rg‘oni qayta qurildi, mustahkamlandi, shahar va uning atroflari ancha obod bo‘ldi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yhati:
1 Баҳр ал-калом таълийф Маймун бин Муҳаммад ан-Насафий аш-шаҳийр би-Абул Муъийн ан-Насафий, Дамашқ, Дор ал-Фарфур, 1997 2 Улрих Рудольф. Ал-Мотуридий ва Самарқанд суннийлик илоҳияти, Тошкент, 2001, 47-бет 3 Иброҳим Холиёров, Шоҳ Мурод Шароф, Ҳазрат имом Муъийн зиёратгоҳи, Тошкент, «Янги аср авлоди», 0-15 бетлар 4 У. Уватов, Абул Муъийн ан-Насафий ва унинг асарлари. Имом ал-Бухорий сабоқлари журнали, 2001 йил, 3-сон, 218-бет