ANDIJON DAVLAT UNIVERSITETI
Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Andijon davlat universiteti o‘z tarixini 1931 yildan boshlaydi. Avval Farg‘ona pedagogika insituti filiali, 1939 yilda o‘qituvchilar instituti, so‘ngra 1953 yildan Andijon davlat pedagogika instituti bo‘lib, Vatanimiz mustaqillikni qo‘lga kiritgach, 1992 yil 28 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Andijon davlat pedagogika instituti Andijon davlat universitetiga aylantirilgan.
Bugungi kunda universitetda Filologiya, Tabiiy fanlar, Tarix, Ijtimoiy iqtisodiyot, Pedagogika, Fizika-matematika, Xorijiy tillar, Jismoniy madaniyat, San'atshunoslik, Axborot texnologiyalari, Maktabgacha ta'lim kabi 11 ta fakultet, shuningdek, 37 ta kafedra faoliyat yuritmoqda.
Universitetda 55 ta bakalavriat ta’lim yo‘nalishida kunduzgi va sirtqi ta'lim shaklida 20 ming 341 dan ortiq, 26 ta magistratura mutaxassisliklarida 527 dan ortiq talaba ta’lim olmoqda.
Universitetning moddiy texnika bazasi tobora mustahkamlanib bormoqda. Hozirda 6 ta o‘quv binosidagi o‘quv auditoriyalari soni 252 tani tashkil etadi va 6570 nafardan ortiq talabaga mo‘ljallangan. O‘quv-laboratoriya xonalarining umumiy maydoni 45883 kv.metr bo‘lib, bir talabaga to‘g‘ri keladigan foydali maydon 4,5 kv.metrni tashkil etadi.
2 ta axborot-resurs markazi, 26 ta kompyuter xonasi, 954 dona kompyuter, 2000 o‘ringa mo‘ljallangan 7 ta talabalar turar joyi, 910 o‘ringa ega bo‘lgan 6 ta oshxona, 2 ta bufet, 13 ta ochiq va 3 ta yopiq sport maydonlarining barchasi talabalar uchun bo‘lib, ularning yuksak ma’naviyatli, bilimdon, jismonan baquvvat, har tomonlama yetuk kadrlar bo‘lib yetishishiga xizmat qilmoqda.
Andijon davlat universiteti dunyodagi 50 dan ortiq universitetlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, ulardan 28 tasi bilan faol hamkorlik qilish bo‘yicha shartnomalar imzolangan.
2015-2018 yillarda Erasmus+ dasturi orqali 4 ta: 1-574055-EPP-1-2016-IT-EPPKA2-CBHE-JP - RENES “Muqobil energiya manbalari va turg‘un atrof-muhit ixtisosligi bo‘yicha magistrlik dasturini ishlab chiqish” loyiha qiymati 80,62 AQSh dollari, 2-561857-EPP-1-2015-1-DE-EPPKA2-CBHE-JP – ModeHEd “Universitetlarda salomatlikka oid o‘quv dasturlarini modernizatsiya qilish” loyiha qiymati 46,28 AQSh dollari, 3- 561685-EPP-1-2015-1-CZ-EPPKA2-CBHE-JP – IQAT “Oliy ta’limda salohiyatni oshirish” loyiha qiymati 72,4 AQSh dollari, 4-SUZ800-14-GR-102 – STEM “Ingliz tilini o‘rgatish” loyiha qiymati 46,4 AQSh dollari bo'lgan loyihalar ustida ish olib borilmoqda. Yosh olimlarning qisqa muddatli ilmiy stajirovkasi Italiyaning Piza universiteti bilan yaxshi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib hozirda universitetning 3 nafar tayanch doktorantlari ilmiy tadqiqot mavzulari bo‘yicha stajirovka o‘tamoqdalar. Erasmus+ dasturi doirasida jami 13 nafar yosh mutaxassislar xorijiy ilmiy stajirovkalarda bo‘ldilar.
Universitetda ilmiy-pedagogik kadrlar tayyorlash sohasdagi faoliyati samarasi natijasida. 2015-2018 yillar mobaynida universitetning ilmiy salohiyatida sezilarli o‘zgarish bo‘ldi, 29 ta doktorlik dissertatsiya himoyalari bo‘ldi. Shulardan 9 ta fan doktori (DSc), 20 ta falsafa doktori (PhD)ini tashkil etdi va ilmiy salohiyat qariyb 3% ga ko‘tarilishiga erishilib, 30,1 % ga yetdi. O‘sish tendensiyasi davom etmoqda. 2018 yilning o‘zida 4 nafar tayanch doktorant va 1 nafar mustaqil izlanuvchining muddatidan avval falsafa doktorligi (PhD) dissertatsiyasini muvaffaqiyatli himoya qilgani universitetning ilmiy yo‘nalishdagi muhim yutug‘idir.
Dostları ilə paylaş: |