Andijon iqtisodiyot va qurilish instituti



Yüklə 301,67 Kb.
səhifə3/16
tarix16.05.2023
ölçüsü301,67 Kb.
#114027
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16
Diyorbek Dehqonov kurs ishi

Turizm – bu aholiga xizmat ko‘rsatuvchi yirik tarmoq bo‘lib, u odamlar ehtiyojini qondirish uchun turli hil tovarlar va xizmat turlaridan foydalaniladigan o‘ziga xos iqtisodiy sohadir. Tovardan farkli ravishda, turistik xizmat o‘z tabiatiga ko‘ra tashib bo‘lmaslik xususiyati bilan ajralib turadi. Turistik bozorlar ikki - kelgindi va uzatish turlariga bo‘linadi. Shu bois turizm bevosita foydalanish va xizmat ko‘rsatish joyida zamonaviy xizmat ko‘rsata oladigan ishlab chiqarish quvvatlarini va infratuzilmani rivojlantirish zaruriyatini tug‘diradi.


O‘zbekiston xalqaro aloqalarining rivojlanishida turizm sohasi alohida ajralib turadi. Mustaqillikdan oldin O‘zbekiston aholisi sobiq markaz ruxsati bilangina chet ellarda sayohat qilib kelar edi, xorijiy turistlar ham avval Moskvaga kelib, so‘ng O‘zbekistonga tashrif buyura olishar edi. Buning ustiga, turizmdan olinadigan barcha daromadlarni (shuningdek, valyuta daromadlarining ham hammasini) to‘g‘ridan-to‘g‘ri sobiq markazga jo‘natish majburiy edi. Xorijiy turistlarga ko‘rsatilgan xizmatlar tannarxi O‘zbekiston byudjetidan qoplanar, buning evaziga markazdan hech nima olinmas edi, natijada xalqaro turizmdan O‘zbekiston zarar ko‘rar edi. Mustaqillikka erishgandan so‘ng O‘zbekiston hukumati xalqaro turizm sohasining rivojlanishiga alohida e’tibor qarata boshladi va buning uchun mas’ul bo‘lgan yagona tashkilot tuzildi. O‘zbekiston Respublikasida turizmning rivojlanishi uchun mas’ul bo‘lgan tashkilot «O‘zbekturizm» Milliy Kompaniyasi hisoblanadi. «O‘zbekturizm» Milliy Kompaniyasining tarkibiga mustaqillikka qadar alohida-alohida xo‘jalik faoliyati yuritgan «Inturist», «Sputnik» va Kasaba ittifoqlarining turizm va ekskursiyalar bo‘yicha kengashi kabi tashkilotlarning mintaqaviy tarkibiy bo‘linmalari birlashtirildi.
Milliy Kompaniyaning faoliyat yuritishi davomida respublikada xalqaro turizmni rivojlantirishda katta o‘zgarishlar amalga oshirildi. Oldinlari turistlar uchun dam olish uylari, turistik bazalar, kempinglar zamonaviy talablarga javob bera olmas edi,chunki ularni ta’mirlash, qayta qurish va jihozlash masalalari sobiq Markaz tomonidan ko‘rib chiqilar edi. Mustaqillikka erishgandan so‘ng bu holatga, shuningdek, xalqaro turizm sohasidan olingan daromadning barchasini respublika tashqarisiga olib chiqib ketilishiga chek qo‘yildi. O‘zbekiston xalqaro turizm sohasida bozor munosabatlari amal qila boshladi, davlatning ko‘plab turistik korxonalari xususiylashtirildi, turistik mahsulot yaratish hamda shu kabi mahsulotga mustaqil narx belgilash erkinligi yaratib berildi. Natijada turistik xizmatlar bozorida korxonalar o‘rtasida sog‘lom raqobat yuzaga keldi. «O‘zbekturizm» Milliy Kompaniyasining vujudga kelishi va bu tashkilotning 1993-yili Butunjahon turizm tashkilotiga a’zo bo‘lib kirishi O‘zbekiston xalqaro turizmi taraqqiyotida qo‘yilgan ulkan qadam bo‘ldi. Respublikada xalqaro turizmni yangi bosqichga ko‘tarish va samarali faoliyat ko‘rsatishiga mos keladigan yangi shart-sharoit va mexanizmlar vujudga keldi. O‘zbekiston Respublikasida xalqaro turizmni rivojlantirish borasida ishlab chiqilgan yana bir muhim hujjatlar qatoriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1995-yil 2-iyundagi «Buyuk Ipak yo‘li»ni qayta tiklashda O‘zbekiston Respublikasi ishtirokini avj oldirish va respublikada xalqaro turizmni rivojlantirish borasidagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi Farmoni hamda mazkur farmonni amalga oshirish maqsadida e’lon qilingan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 3-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasida xalqaro turizmning zamonaviy infratuzilmasini barpo etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorini xalqaro turizmni rivojlantirish dasturi sifatida kiritish mumkin.
O‘zbekiston xalqaro turizmining rivojlanishida «Buyuk Ipak Yo‘li» ning tutgan o‘rni va mohiyati nihoyatda cheksiz. Bir necha asrlar davomida ushbu zaminning G‘arb va Sharqida istiqomat qilgan xalqlarni Janubiy-Sharqiy Osiyodan to O‘rta yer dengizi mamlakatlarigacha cho‘zilgan va «Buyuk Ipak Yo‘li» deb nom olgan savdo-sotiq yo‘li bir-biri bilan bog‘lab turar edi. Bu yo‘lga «Ipak Yo‘li», deb nom berilishining asosiy sababi, bu yerda tashiladigan mahsulotlarning asosiy qismi ipak matolari va mahsulotlari bo‘lganligidandir. Ipak tayyorlash bilan bog‘liq bo‘lgan sir-asrorlarni Xitoy ustalari ming yillar davomida boshqa davlatlardan yashirib kelgan. Ammo «Buyuk Ipak Yo‘li» orqali tashilgan mahsulotlar faqat ipakdangina iborat bo‘lmay, balki bu yo‘l orqali bronza, chinni, jun, xom ashyolar va ulardan tayyorlangan buyumlar ham edi. «Buyuk Ipak Yo‘li» qariyib ikki ming yillik tarixga ega bo‘lib, bu yo‘l asosan Italiyadan tortib Turkiya orqali Iroq va Eronga borgan. U yerdan esa Markaziy Osiyo hamda Shimoliy Pomir orqali o‘tib Qashqar va Yorkentgacha yetgan. Bu yerda yo‘l ikkiga ajralgan hamda shimol tomondan Takla-Makon sahrosini aylanib o‘tib, Lobnor ko‘li yaqinida yana qo‘shilgan va Xitoygacha borgan. Buyuk Ipak Yo‘lida Turkiston hududi yetakchi rolni bajarib kelgan. Ushbu hududdagi Samarqand, Buxoro, Xiva, Termiz, Xo‘jand, Chorjuy kabi qator shaharlar ipak yo‘lidagi asosiy manzillar bo‘lgan. O‘zbekiston o‘zining qo‘lay geografik o‘rni tufayli bu tarixiy yo‘lda markaziy o‘rinni egallagan. «Buyuk Ipak Yo‘li» ko‘p asrlar davomida kishilik madaniyatining vujudga kelishida katta o‘rin egallagan. Uning tarixda tutgan o‘rni hamda ahamiyatini tiklash, bu yo‘lda turizmni rivojlantirish kabi maqsadlarni mo‘ljallab, 1994-yilning oktabr oyida Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning nufuzli tashkiloti YUNESKO ishtirokida O‘zbekistonda Butunjahon turistik tashkilotining kengashi bo‘lib o‘tdi. Kengash a’zolari Ipak yo‘li bo‘ylab turizm faoliyatini tiklash va rivojlantirishga qaratilgan Samarqand Deklaratsiyasini qabul qildi. 1995-yilning oktyabr oyida Toshkent shahrida «Ipak Yo‘lida turizm» nomi bilan birinchi marotaba Xalqaro turistik yarmarka o‘tkazildi. Shundan keyin ushbu xalqaro turistik yarmarka har yili muntazam ravishda o‘tkazilib kelinmoqda. Bu xalqaro turistik yarmarkalarda tuzilgan shartnoma va bitimlar xalqaro turizmni yanada rivojlantirish, Respublikaning turizmga oid imkoniyatlarini ishga solish hamda «Buyuk Ipak Yo‘li»ga xos bo‘lgan qadimiy an’analarni tiklashga keng yo‘l ochib bermoqda. Toshkent shahrining «O‘zekspomarkaz»da «Xalqaro turizm ko‘rgazmasi–2O13» bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmada jami 655 ta kompaniyalar va 24 ta davlatdan kelgan (Fransiya, Shveysariya, Ruminiya, Chexiya, Turkiya, Isroil, Italiya, BAA, Eron, Hindiston, Xitoy, Tailand, Malayziya, Singapur, Rossiya, Ozarbayjon, Qozo­g‘is­ton, Turkmaniston, Qir­g‘iziston va boshqa davlatlar) 65ta xorijiy kompaniyalar ham o‘z xizmat turlari bilan ishtirok etdi. Bu yilgi ko‘rgazmga yana ikkita yo‘nalish, ta’lim va geoturizm yo‘nalishlari ham kiritilgan edi. Ko‘rgazmaga tashrif buyuruvchilar soni o‘n ikki ming nafardan oshib ketdi. Yarmarka sayyohlarni qa­bul qilish va ichki turizm, ekoturizm, faol va sarguzashtli turizm, ekskursiyaviy va sog‘lomlashtirish turizmi, turistik ma’muriyatlar va milliy ofislar, turistik agentliklar va tur­operatorlar, otellar, sanatoriya-kurort majmualari, dam olish maskanlari, havo yo‘llari va yo‘lovchi tashuvchilar, uyushmalar, ta’lim muassasalari, muzeylar, teatrlar, transport va sug‘urta kompaniyalari, onlayn-bronlashtirish tizimlari kabi keng qamrovga ega ekspozitsiyalarni o‘zida birlashtirgan. Shuningdek, turistik yarmarkasi yakunlariga ko‘ra, «Eng yaxshi turistik yo‘nalish», «Eng yaxshi turistik kompaniya», «Eng yaxshi turistik imkoniyatlar». «Eng yaxshi ko‘rgazma stendi», «O‘zbekiston hududlari ichida eng yaxshi taqdimot», «Eng yaxshi hudud stendi», «Eng yaxshi mehmonxona taqdimoti» kabi nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi. Bundan tashqari, ko‘rgazmaning ta’lim turizmiga bag‘ishlangan yangi bo‘limi boshqa mavzuga oid yo‘nalishlar ichida o‘z bilimini yanada oshirishga intiluvchi yosh avlod vakillari orasida katta qiziqish uyg‘otdi. Unda respublikamizda ushbu sohaga kadrlarni yetishtirib berayotgan yetakchi oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlari-Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti,Singapur menejmentni rivojlantirish instituti, poytaxtdagi kasb-hunar kollejlari, «O‘zbekturizm» MK respublika ilmiy-o‘quv konsalting markazi vakillari ishtirok etib, sayyohlik sohasida milliy kadrlarni tayyorlash tizimi bilan yaqindan tanishtirdilar.
O‘zbekistonga keluvchi xorijiy turistlarning aksariyati Toshkent-Samarqand-Buxoro-Xiva yo‘nalishi bo‘yicha sayohat qiladilar. Chunki, O‘zbekiston turizm infratuzilmasi aynan shu manzilgohlarda yaxshiroq rivojlangan hamda Buyuk Ipak yo‘liga taalluqli ko‘pgina ob’ektlar aynan shu joylarda saqlanib qolingan (O‘zbekistonga guruhlarda tashrif buyuruvchi turistlarning aksariyati Buyuk Ipak yo‘li yo‘nalishi doirasi harakatlanadilar). Shuningdek, Surxondaryo, Qashqadaryo va Farg‘ona vodiysi viloyatlarida ham turistlarni jalb etishi mumkin bo‘lgan ko‘plab muhim turistik jozibador manzillar mavjud bo‘lsada, turistik infratuzilmaning rivojlanmagani turistlarni bu yerga kelishiga tusqinlik qilar edi. Bu kabi kamchilarni bartaraf etish maqsadida hukumatimiz tomonidan Qamchiq dovonidan o‘tiluvchi yo‘l qayta ta’mirlandi, Surxondaryoga Samarqanddan va Toshkent shahridan Buxoro va Samarqand shaharlariga turistlarni tashish uchun yangi elektrlashgan temir yo‘l qurildi, bu joylarda ko‘plab turistik mehmonxonalar bunyod etilmoqda. O‘zbekistonga keluvchi turistik sayohatlarning soni o‘sishiga salbiy ta’sir etishi mumkin bo‘lgan ba’zi hollar bartaraf etib borilmoqda:

  1. O‘zbekiston to‘g‘risidagi dastlabki va so‘nggi taassurotlarni qoldiruvchi bojxona xizmati xodimlarining sayohatchilar bilan bo‘lgan muomala madaniyati Yaxshilandi;

  2. mehmonxonalarga tayyorlanayotgan taomlar zamonaviy talablarga javob bera boshladi;

  3. O‘zbekiston ichidagi mehmonxona xizmatlari narxlarining asosiy raqobatchilarimizga nisbatan qimmatligi, transport narxlarining yuqori hollari kamaytirib borilmoqda;

  4. turistik esdalik uchun harid qilinadigan milliy suvenirlarimizning xilma xilligi oshirilib, yo‘qolib ketgan bir qator hunarmandchilik turlari tiklandi va qayta tashkil etildi;

  5. targ‘ibot masalalariga yetarlicha e’tibor berilib, xorijiy fuqarolarning O‘zbekiston to‘g‘risidagi ma’lumotlarining chegarasi kengaytirib bormoqda, bunda ayniqsa, Germaniya va Italiyalik biznes hamkorlarning vositachiligidan samarali foydalanilmoqda;

  6. turistlar ixtiyoriga taklif etilayotgan tovar va xizmatlarning sifati narxiga moslashtirib borilmoqda.

Yuqorida sanab o‘tilganlarni bartaraf etish bilan birgalikda, ko‘rsatilayotgan turistik xizmatlarning sifatli bo‘lishiga harakat qilinmoqda. Shuningdek, chet ellarda O‘zbekiston turizmini reklama qilishda barcha turistik korxonalarning tashviqot-targ‘ibot ishlari raqobatchilardan farq qiluvchi umumiy mavzu ostida birlashtirilishi O‘zbekistonning xalqaro turizm bozorida o‘z o‘rnini mustahkamroq egallashiga yordam beradi. Buning uchun o‘zimiz egalik qilayotgan turistik resurslarimizni yana bir bor qaytadan chuqur o‘rganib chiqish, ulardan samarali va barqaror foydalanish yo‘llarini aniqlash va shu asosida Milliy turistik brendni ishlab chiqish shart bo‘lib qolmoqda. Shu sababli, «O‘zbekturizm» Milliy Kompaniyasi tomonidan o‘lkamiz turistik resurslari o‘rganib chiqilib, turistik resurslarimizning maxsus kadastri yaratilmoqda. O‘zbekiston turizmini rivojlantirish uchun xizmat qila oladigan resurslarining anchasi hali ochilmagani katta imkoniyatlar mavjudligini ko‘rsatadi.



Yüklə 301,67 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   16




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin