II. Qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish
II. Qulay agrobiznes muhitini va qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish
Qo‘shilgan qiymat zanjirining rivojlanishi qishloq xo‘jaligi raqobatdoshligini ta’minlashning muhim omili hisoblanadi. Mahsulotlarni daladan yakuniy iste’molchigacha yetkazib berish, ya’ni yig‘ish, tashish, saqlash, qayta ishlash, qadoqlash va sertifikatlash xarajatlarining yuqoriligi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilari tomonidan olinadigan foydani kamaytiradi.
Oziq-ovqat ishlab chiqarish sanoatining past darajada rivojlanganligi yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini cheklamoqda.
Infratuzilmani rivojlantirishga investitsiyalarni jalb etish maqsadida taraqqiy etgan moliyaviy bozorlar, qulay ishbilarmonlik muhiti, shuningdek, ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash va ishlab chiqarish-sotish zanjirlarini rivojlantirishga qaratilgan choralarni ko‘rish talab etiladi.
Eksport qilinadigan meva-sabzavotlarning asosiy qismini ishlab chiqaruvchi dehqon xo‘jaliklarida mahsulotlarni qayta ishlash va qadoqlash imkoniyatlari cheklanganligi katta yo‘qotishlarga olib kelmoqda. Shuningdek, narxlarning mavsumiy keskin o‘zgarishi va bozor sharoitlarining barqaror emasligi ham ular faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
So‘nggi yillarda kichik ishlab chiqaruvchilar tomonidan turli moliyaviy manbalar, shu jumladan xalqaro moliya institutlarining kreditlari hisobidan zamonaviy omborxonalar va qayta ishlash uskunalari uchun investitsiyalar yo‘naltirilmoqda. Shunga qaramasdan ular qayta ishlash korxonalari va eksport qiluvchi tashkilotlardan ajralib qolmoqda.
Kichik qishloq xo‘jaligi ishlab chiqaruvchilarini birlashtirishning samarali mexanizmlari to‘liq shakllanmaganligi sababli, ularning faoliyati tarqoqligicha qolmoqda. Bu esa yuqori iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishishga to‘sqinlik qilmoqda hamda qo‘shilgan qiymat zanjirlariga birlashish imkonini cheklamoqda.