Oraliq nazorat – professor-o‘qituvchi tomonidan talabaning modulning birinchi qismi bo‘yicha olgan bilimlari va amaliy ko‘nikmalarini baholashning muhim bosqichi bo‘lib, kelajakda shu fan bo‘yicha o‘zlashtirishni prognoz qilish ko‘rsatkichidir. Oraliq nazoratda talabalar bilimini baholash og‘zaki savol-javob va yozma ish orqali amalga oshiriladi. Talaba oraliq nazoratdan o‘tmagan taqdirda unga yana 2 marta qayta topshirish imkoni beriladi. Oraliq nazoratda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball umumiy baholashning 20 foizini tashkil etadi.
Mustaqil ta’limni baholash – talabalarning jamoaviy tartibda va yakka tartibda berilgan amaliy misollar yoki masalalarni bajarishlari orqali amalga oshiriladi. Bunda har bir talabaga bitta jamoaviy mavzu yoki bo‘limga oid misol yoki masalalar beriladi. Talaba berilgan misol yoki masalalarning maqsad va vazifalarini, mohiyatini tushungan holda qo‘yilgan masalani o‘rganib, izlanishlar olib boradi. Olingan natijalarni tahlil qilish hamda masalani yechimlari bo‘yicha taqdimotlar tayyorlab himoya qiladi. Mustaqil ta’limda to‘plash mumkin bo‘lgan maksimal ball umumiy baholashning 50 foizini tashkil etadi.