O‘zbekistonda intellektual mulk huquqiy jihatdan yetarli darajada himoyalanganmi? O‘zbekistonda intellektual mulkni himoya qilish yuzasidan huquqiy tizim yaratilgan. Jumladan, intellektual mulkni bevosita tartibga solishga qaratilgan 8 ta qonun va o‘ndan ortiq qonunosti hujjatlari qabul qilingan. Intellektual mulkka bo‘lgan huquqlarni buzgan shaxslarga nisbatan ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilangan. Xususan, so‘nggi yillarda ijodkorlarning huquqlari sudda himoya qilinayotgani bunga yaqqol misoldir.
O‘zbekiston intellektual mulk sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilgan hamda xalqaro standartlarni implementatsiya qilmoqda. Bu sohada oldimizda turgan asosiy masalalardan biri bu – O‘zbekiston Respublikasi intellektual mulk tizimining Jahon savdo tashkiloti (JST) Intellektual mulk huquqi savdo aspektlari bo‘yicha bitim (TRIPS) normalari va tamoyillariga muvofiqligini tahlil qilish hisoblanadi. Mazkur bitim JSTga qo‘shilish yuzasidan qo‘yilishi kerak bo‘lgan muhim qadam bo‘lib, unga a’zo barcha mamlakatlar boshqa a’zo mamlakatlar fuqarolari ham o‘zlarining fuqarolari kabi huquqiy himoya qilinishini talab etadi.
Intellektual mulk himoyasi va mualliflik huquqi masalalarida qaysi tashkilot «asosiy ish»ni bajaradi? Umuman olganda, intellektual mulk sohasidagi vakolatli davlat organi O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi hisoblanadi. Vazirlik intellektual mulk sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqadi, intellektual mulk obektlariga bo‘lgan huquqlarni himoya qiladi va muhofaza qiladi. Fuqaro yoki tadbirkor intellektual mulk himoyasi yoki muhofazasi yuzasidan aynan Adliya vazirligiga murojaat qilishi mumkin.
Boshqa davlat organlari ham intellektual mulk himoyasida ishtirok etadi. Jumladan, bojxona organlari bojxona chegarasi orqali tovarlar olib kirilishida, Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi dori mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi esa fonogrammalar va audiovizual asarlarni tarqatishda intellektual mulk huquqlariga rioya etilishini tekshiradi.
Bundan tashqari, mulkiy huquqlarni jamoaviy boshqaruvchi tashkilotlarni ham esga olish lozim. Ular nodavlat tashkilotlari bo‘lib, unga a’zo mualliflar huquqlarini himoya qiladi. Bu tashkilotlar jahon tajribasida mualliflik huquqini himoya qiluvchi eng samarali vositalardan biri sanaladi.