2.2 .Salavkiylar davlati.
Mil.avv. 323 yilda Aleksandr Bobilda to‘satdan vafot etdi. Uning vafot etishi bilanoq davlatdagi markazdan qochuvchi kuchlarning harakatlari faollashuvi natijasida Aleksandr to‘zgan davlat parchalanib uning o‘rniga nisbatan barqarorroq bo‘lgan davlat uyushmalari paydo bo‘ladi. Ta’kidlash lozimki, Aleksandr davlatining parchalanishi va uning xarobalarida yangi davlatlar tizimining paydo bo‘lishi tinchlik yo‘li bilan emas balki, Aleksandrning Makedonskiyning yaqin sarkardalari – diadoxlar o‘rtasidagi tinimsiz urushlar tufayli bo‘lib o‘tdi. Diadoxlar o‘rtasida 40 yildan ziyodroq davom etgan jangu-jadallar natijasida Aleksandr mulklari bo‘lib olinadi.
Aleksandr Makedonskiy mulklariga egalik qilish shu bilan yakunlandiki, mil.avv. 306 yilda nisbatan kuchli bo‘lgan diadoxlar – Antigon Birko‘zli (Odnoglaziy), Demetriy Poliorket, Ptolomey Lag, Lazimax, Salavka, Kassandrlar o‘zlarini podsho deb e’lon qildilar hamda bu bilan Aleksandr davlati xarobalarida o‘z davlatlarini barpo etishni ma’lum qildilar. Shu tariqa tarix sahnasida G‘arb va Sharq an’analarini uyg‘unlashtirgan ellinistik davlatlar paydo bo‘ldi. Ana shunday yirik davlatlardan biri-Salavkiylar davlati edi.
O‘zining eng gullab – yashnagan davrida bu davlat ilgari Aleksandr saltanatiga kirgan katta hududlarni egallab, g‘arbda Egey dengizidan Sharqda Hind subkontinentigacha cho‘zilgan hamda Kichik Osiyoning janubiy qismini, Suriya, Shimoliy Mesopotamiya, Bobil, Eron, O‘rta Osiyoning janubiy viloyatlari va Afg‘onistonning katta qismini o‘z ichiga olgan edi. Bu ulkan davlatning asoschisi – dastavval Aleksandrning tansoqchisi, keyinroq yirik sarkardasi bo‘lgan Salavka edi.
Yunon tarixchisi Pompey Trogning yozishicha, «Salavka ba’zi bir o‘lkalarni mo‘zokaralar yo‘li bilan egalladi, ammo Baqtriya, Parfiya, Sug‘d yerlarida u qattiq qarshilikka uchradi va og‘ir janglar olib borishiga to‘g‘ri keldi». Bu ma’lumotni qadimgi tarixchi Arrian ham tasdiqlaydi. YA’ni u shunday xabar beradi: «Salavka I baqtriyaliklar, Sug‘diylar, parfiyaliklar va girkaniyaliklar bilan ko‘p urushlar olib borgach, ular yerlariga hukmronlik qila boshladi». Tadqiqotchilarning fikricha, O‘rta Osiyo yerlarining Salavka tomonidan bosib olinishi mil.avv. 306-301 yillarga to‘g‘ri keladi. 18 Mil.avv. 293 yilda Salavka o‘g‘li Antiox I ni Sharqiy satraplarga ya’ni, O‘rta Osiyo viloyatlariga o‘zining noibi etib tayinlaydi. Salavka I va Antiox I (mil.avv. 281-261 yillar mustaqil) hukmronligi davrida Salavkiylar davlati siyosatining asosiy yo‘nalishlari shakllanadi. Salavkiylar uchta mintaqada – Janubiy Suriya, Kichik Osiyo va Sharqda faol tashqi siyosat olib borishga majbur bo‘lgan edilar. Janubiy Suriya va Kichik Osiyo uchun Ptolemeylar (Ptolomey Lag asos solgan O‘rta yer dengizining sharqidagi davlat sulolasi) bilan tinimsiz urushlar bo‘lib turgan. Chunki bu hududlarda muhim savdo yo‘llari tugab, gullab-yashnagan port-shaharlar mavjud edi. Kichik Osiyoning yunon shaharlari ham muhim ahamiyatga ega edi.
Sharqiy viloyatlarda xususan, O‘rta Osiyodagi ahvol birmuncha murakkabroq vaziyatda edi. Birinchidan, bu hudud boshqaruv markazlaridan ancha uzoqda joylashgan bo‘lib, bu viloyatlar bilan aloqa qilishda qiyinchiliklar mavjud edi. Ikkinchidan, Salavkiylar davlatining chegaralarida joylashgan ko‘chmanchilarning doimiy xavfi mavjud edi. Mil.avv. III asrdan boshlab ko‘chmanchilarning ko‘chishlari boshlanishi natijasida chegaralardagi bu xavf yanada kuchayadi.
Salavkiylar davlatida ichki siyosiy boshqaruv masalalari ham ancha murakkab edi. Katta hududlarni qamrab olgan bu davlatda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi va jamiyat siyosiy tashkiloti turlicha bo‘lgan ko‘plab viloyatlar mavjud bo‘lib, bu holat ushbu kuchlarni yagona davlatga birlashtirib turishni ancha qiyinlashtirar edi. Bu davlatning o‘ziga xos xususiyatlaridan biri u faqat harbiy yurishlar natijasida, kuch ishlatish yo‘li bilan paydo bo‘lgan edi. Shuning uchun ham davlatning asosiy vazifalaridan biri qaram etilgan xalqlarni zo‘ravonlik bilan ushlab turish yoki birlashtirib turish edi. Sharq xalqlari mahalliy zodagonlaridan bir qismi yoki ayrimlari boshqaruv tizimiga jalb etilgan bo‘lsa-da, asosiy boshqaruvchilar makedonlar va yunonlardan iborat bo‘lgan. 19 Salavkiylar sulolasida davlat boshlig‘i podsho bo‘lib, uning hokimiyati mutlaq edi. Podsho bir vaqtning o‘zida fuqarolar ma’muriyati oliy boshlig‘i, qo‘shinlarning bosh qo‘mondoni, oliy sudya va hatto, bosh qonun chiqaruvchi vazifalarini bajargan. Manbalarning ma’lumot berishicha, sulola asoschisi Salavka I, «Podsho tomonidan buyurilgan barcha narsalar doimo adolatlidir», degan tamoyilga qat’iy amal qilgan. Salavkiylar sulolasi podsholari qo‘yidagi ikkita huquqiy asosga ega edilar: 1. Bosib olish huquqi. 2. Hokimiyatni otadan bolaga meros qoldirish huquqi. Ko‘p hollarda salavkiylar podsholari ilohiylashtirilgan. Masalan, tangashunoslik ma’lumotlari Soter-Qutqaruvchi, Dikayos-Adolatparvar, Everget-Ezgulik kabi podsholar bo‘lganligini tasdiqlaydi.
Davlatning nihoyatda katta hududlarni qamrab olganligi ayrim hollarda ma’muriy nazoratning susayib ketishiga olib kelgan. Manbalarning guvohlik berishicha, bir nechta mahalliy siyosiy uyushmalar (alohida qabilalar, yunon polislari, ibodatxona jamoalari, mahalliy sulolalar) ichki ishlarda mustaqil siyosat olib borishga harakat qilganlar.
Manbalarning ma’lumot berishicha, Salavka I Ptolomeylar bilan hokimiyat talashib Sharqiy hududlar va Kichik Osiyo uchun kurash olib borish jarayonidayoq o‘z hokimiyatida boshqaruv tartibini joriy eta boshlagan edi. U Aleksandr an’analariga sodiq qolganligini ko‘rsatish maqsadida satrapiyalarni yirik viloyat uyushmalari sifatida saqlab qoldi. Tangashunoslik ma’lumotlariga qaraganda, Salavka I davlati Ahamoniylar va Aleksandr davlatiga nisbatan ancha kichik bo‘lib, hokimiyat 27-28 ta satrapiyaga bo‘lingan.
Har qaysi satrapiyani podsho tomonidan tayinlanib qo‘yilgan satrap yoki strateg mansabidagi shaxs boshqargan. Fors satraplaridan farq qilgan holda ular ham ma’muriy, ham harbiy boshqaruvni qo‘lga olganlar. Satrap-strateg ma’muriy boshqaruvda eng yaqin odamlaridan o‘ziga yordamchi tanlagan. Bu yordamchi soliq yig‘uvchilar faoliyati, ichki va tashqi savdo, xo‘jalik hayotini nazorat qilib borgan. 20 Tarixiy manbalarda salavkiylar satrap-strateglari yunoncha nomda (Stratonik, Aleksandr, Giyeraks, Antiox va boshqalar) tilga olinadi. Demak, salavkiylar hukmdorlari asosan yunonlardan va ayrim hollarda ellinlashgan mahalliy zodagonlardan tayinlangan. Tadqiqotchilarning fikricha, O‘rta Osiyoda yunon hokimlari va ular atrofida to‘plangan yunon zodagonlari bilan birga mahalliy zodagonlar ham hokimlik qilar edilar. Salavkiylar hokimiyati O‘rta Osiyodagi harbiy punktlarda (katoykiyalar) joylashgan harbiy kuchlarga tayangan edi.
Salavkiylar davri Baqtriya, Marg‘iyona, Sug‘diyona va Parfiya hududlarida ko‘p aholili shaharlar ko‘p edi. Maroqand, Baqtra, Niso kabi ko‘plab qadimgi shahar xarobalarida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar natijasida topilgan topilmalar bu hududlarda hunarmandchilik, savdo-sotiq va xo‘jalik ishlari rivojlanganligidan dalolat beradi.
Salavkiylar davlati ma’lum bir xalq yoki elatlardan iborat bo‘lmay, ko‘pdan ko‘p etnik guruhlarni harbiy yo‘l bilan birlashtirishdan tashkil topgan uyushma edi. Davlat boshqaruvining barcha siyosiy, huquqiy va ijtimoiy yo‘nalishlari podsho saroyi bilan bog‘liq bo‘lib, bu holat davlat boshqaruvida katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ahamoniylar davlatida bo‘lgani kabi salavkiylar davlatida ham ko‘pgina davlat ishlarini olib boruvchi devonxona mavjud bo‘lgan. Ayrim manbalar salavkiylar saroyidagi xat-hujjat ishlarining boshlig‘i lavozimi haqida ma’lumotlar beradi.
Tadqiqotchilarning fikricha, salavkiylar davrida anchagina murakab soliq tartibi joriy qilingan bo‘lib, salavkiylar hukmdorlari o‘zlarigacha mavjud bo‘lgan soliq tartibini o‘zlashtirgan holda unga o‘zgartirishlar kiritib, mukammallashtirganlar. Dehqonlardan yer solig‘ini yig‘ib olish satrap-strateglarning vazifasi bo‘lgan. 21 Bunday soliqlarning miqdori aniq belgilangan bo‘lib, viloyatlardan keladigan soliqlarning umumiy miqdori qishloq jamoalaridan to‘shadigan soliqlarga bog‘liq bo‘lgan. 22 Mil.avv. III asrning 60-50-yillariga kelib Kichik Osiyo va Bolqon yarim orolida Salavkiy hukmdorlari o‘rtasida hokimiyat uchun kurashlar avj oldi. Natijada salavkiylar davlatining sharqiy viloyatlarida siyosiy vaziyat o‘zgarib markazdan qochuvchi kuchlarning harakatlari faollashadi. Mil.avv. 250 yilda kelib dastlab Parfiya, keyin esa Yunon-Baqtriya davlatlari salavkiylar davlatidan ajralib chiqib o‘zlarini mustaqil deb e’lon qiladilar.
Ko‘pchilik tadqiqotchilarning e’tirof etishlaricha, Yunon-Baqtriya davlatining salavkiylardan ajralib chiqishi yunon zodagonlarining qo‘zg‘oloni xususiyatiga ega bo‘lib, unga Baqtriya aholisi tomonidan qo‘llab-quvvatlangan Diodot boshchilik qiladi. Tadqiqotchilar Yunon-Baqtriya davlati paydo bo‘lgan turli sanalarni belgilaydilar (mil.avv. 256, 250, 248 va 246-145 yy). Bu davlatning asosi Baqtriya bo‘lib, ba’zi hukmdorlar davrida (Yevtidem, Demetriy, Yevkratid) Hindistonning shimoli-g‘arbiy qismi, Amudaryo va Sirdaryo o‘rtasidagi katta yerlar qo‘shib olinadi.
Baqtriyaning salavkiylar davlatidan ajralib chiqishi xususida rimlik tarixchilar Pompey Trog va Yustinda o‘zuq-yuluq ma’lumotlar saqlangan bo‘lsa-da bu haqda batafsil ma’lumotlar uchramaydi. Shunga qaramasdan mavjud tangashunoslik, ayrim xo‘jalik hujjatlari, san’at yodgorliklari, sug‘orish inshootlari va imoratlar qoldiqlari bergan ma’lumotlar asosida bu davlatdagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayot haqida ma’lum tasavvurlarga ega bo‘lish mumkin. Ammo, Yunon-Baqtriya davlatining siyosiy tarixi ko‘p hollarda qiyosiy solishtirish va taxminlarga asoslanadi.
Yunon-Baqtriyada davlat podsho tomonidan boshqarilgan bo‘lib, tangashunoslik ma’lumotlari Diodot I,II,III, Yevtidem I,II, Demetriy, Geliokl, Platon kabi podsholari haqida xabar beradi. Salavkiylar kabi Yunon-Baqtriya podsholari ham davlatni satrapliklarga bo‘lib idora etganlar.
Ko‘pchilik tadqiqotchilarning fikricha, Yunon-Baqtriya mulklarining chegaralar doimiy mustahkam bo‘lmasdan, harbiy-siyosiy vaziyatdan kelib chiqib o‘zgarib turgan. Mil.avv. III asrning oxirlari O‘rta Osiyo janubidagi harbiy-siyosiy vaziyat haqida Polibiy ma’lumotlar beradi. Uning yozishicha, salavkiylar tomonidan Baqtrada qamal qilingan Yevtidem ularning hukmdori Antiox III ga «chegarada ko‘chmanchi qabilalar turganligi va ular chegaradan o‘tadigan bo‘lsa har ikkala tomonning ham ahvoli og‘ir bo‘lishi mumkinligini» bildiradi. Polibiy ma’lumot bergan ushbu ko‘chmanchilar mil.avv. III asrning oxirlarida Zarafshon daryosiga qadar deyarli butun Sug‘dni egallagan bo‘lib, bu hududlar Yunon-Baqtriya davlatining vaqtinchalik shimoliy chegarasi bo‘lib qoladi. Shuningdek, g‘arbiy Hisor tog‘lari ham shimoliy chegaralar bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Yunon-Baqtriya davlatining gullab yashnagan davri III asrning ikkinchi yarmi va mil.avv. II asrning birinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Janubiy hududlardan bu davrga oid Jondavlattepa, Dalvarzin (pastki qatlamlar), Oyxonim, Qorabog‘tepa kabi yodgorliklardan hokimlar saroylari, ibodatxonalar, turar-joylar, mehnat va jangovar qurollar, turli hunarmandchilik buyumlari hamda ko‘plab tanga pullarning topilishi bu hududlardagi ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotdagi rivojlanish jarayonlaridan dalolat beradi.
Yunon-Baqtriya markazlashgan davlat bo‘lib, hokimiyatni podsho boshqarar edi. Davlat bir nechta viloyat (satrapiya) larga bo‘lingan bo‘lib, bu viloyatlar boshqaruvchilari yoki hokimlari podshoga bo‘ysunar edilar. Ammo, bu davrda davlat nechta satrapiyalar bo‘lganligi va ular qanday nomlanganligi ma’lum emas. Strabon ma’lumotlariga ko‘ra, satrapiyalarga noib satraplarni tayinlashda qarindoshchilik an’analariga amal qilingan bo‘lishi mumkin. 23
Yunon-Baqtriya podsholigi davlat tuzilishining muhim tomoni – qo‘shin va uni tashkil etish edi. Avvalo, ta’kidlash lozimki, yunon-baqtriya qo‘shinlarining katta qismini baqtriyaliklar va boshqa mahalliy aholi tashkil etgan. Qo‘shinning asosiy harakatlantiruvchi kuchlari otliq-suvoriylardan iborat bo‘lgan. Qo‘shinlar tarkibida harbiy fillar ham bo‘lgan.
O‘z vaqtida V. V. Grigoryev Baqtriyadagi yunon hokimiyati yagona monarxiya tomonidan amalga oshirilmay davlatlar uyushmasi (ittifoqi) tomonidan amalga oshirilgani dastavval, nisbatan kuchlilar, ular orasidan «baqtriyaliklar», keyin esa «ularga tobe bo‘lganlar» haqidagi konsepsiyani ilgari surgan edi. Hozirgi vaqtda ko‘pchilik tadqiqotchilar Yunon-Baqtriya podsholarining boshqargan hududlari Shimoliy Afg‘oniston, Janubiy O‘zbekiston va Hindiqushdan janubdagi ayrim viloyatlar bo‘lganligini e’tirof etadilar. Bu hududlardagi markazlashagn davlatda Diodot I, keyin esa Yevtidem I (ya’ni, mil.avv. III asrning ikkinchi yarmi) davrlarida kuchli podsho hokimiyati mavjud edi. Mil.avv. II asrning ikkinchi choragidan boshlab Yunon-Baqtriya podsholigining inqiroziga qadar davlatda mutlaq birlik va barqarorlik bo‘lmagan. 24 So‘nggi yillarda olib borilgan qazishmalar natijasida topilgan juda ko‘plab arxeologik topilmalar Amudaryo o‘rta oqimining o‘ng va chap qirg‘og‘i aholisining mil.avv. III-II asrlardagi o‘zaro aloqalaridan darak beribgina qolmay, bu yerlarni Yunon-Baqtriya davlati tarkibiga kirganligidan dalolat beradi. E.V.Rtveladzening fikricha, mil.avv. 250-140/130 yillar davomida Yunon-Baqtriya davlati mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lib, bu davrda Diodot, Yevtidem, Yevkratid, Geliokl kabi podsholar hokimiyatni boshqarganlar. Mil.avv. II asrning ikkinchi yarmiga kelib ko‘chmanchilar zarbalari va o‘zaro taxt uchun kurashlar natijasida Yunon-Baqtriya davlati inqirozga uchradi.
Makedoniya Bolqon yarim orolining shimolida joylashgan qadimiy o`lkalardan biridir. U juda qulay geografik o`ringa ega bo`lib, tog`lik va tekislik qismlarga bo`linadi.
Miloddan avvalgi VI asr oxiri - V asr boshlarida Makedoniyada dastlabki tabaqalanishi va ilk davlat qaror topgan. Yunoniston-Eron urushlari davrida Makedoniya podsholari Eron ta`siriga o`tib qolgan edi. Eronliklar Yunonistondan quvilgach, Makedoniya 1-Afina ittifoqi safiga kiradi. Makedoniya Aleksandr va uning vorisi Arxelay davrida birmuncha mustahkamlanadi. U dengiz bo`yidagi yangi poytaxt - Pellaga asos solgan. Arxelay Xalkidika yarim oroli va Fessaliyaning ba`zi joylarini Makedoniyaga qo`shib olgan. Arxelay o`ldirilgach, vorislari uning ishini davom ettirgan. Bu sohada Filipp II ning xizmatlari kattadir. U Makedoniyani kuchli davlatga aylantirishga harakat qilgan.
Miloddan avvalgi 359 yilda Makedoniya taxtiga Filipp II o`tiradi. U qator islohotlar o`tkazib, Makedoniya davlati va qo`shinlarini ancha kuchaytiradi. Piyoda va otliq askarlardan iborat muntazam qo`shin tuzadi. Filipp II dehqonlardan piyoda qo`shinga jangchilar oladi. Joylardagi hokim aslzodalardan otliq qo`shin tuzadi. Filipp II qo`shinda qattiq intizom o`rnatib, ularni harbiy ta`limdan o`tkazadi. U urush oldidan piyoda askarlarni falanga-falanga qilib saflagan, otliq askarlar esa qo`shinning orqa va har ikki yon tomoniga joylashtirilgan. 25 Makedon askarlar xanjar, 2-6 metrdan iborat nayza, qalqon dubulg`a va zirxli kalta harbiy kiyim bilan qurollantirilgan. Filipp II kumush tangalar bilan bir qatorda oltin tanga zarb etib, uni "filippik" deb ataydi.
Filippning harbiy va pul islohotlari Makedoniya davlatini ham iqtisodiy, ham harbiy tomondan mustahkamlaydi. Makedoniya podshosi o`z saltanatini kuchaytirib olgach, urushlar natijasida zaiflashib qolgan yunon shahar-davlatlarini birin-ketin bosib ola boshlaydi. Yunonistondagi quldorlarning bir qismi Filipp II ning hokimiyatini bajonu-dil tan oladilar. Chunki ular o`z boyliklar va mulklarini vatan mustaqilligi va ozodligidan afzal ko`rar edilar.
Filipp II ning Yunonistonni butunlay o`ziga qaratib, olish niyatida edi. Shuning uchun u dastlab Fessaliyani ishg`ol qiladi. U shu yerdan turib, O`rta Yunonistonni bosib olishni ko`zda tutadi. Fiva va Afina xavf ostida qoladi. Makedoniyaga qarshi Afinada, Fiva, Korinf Megara va boshqa shahar-davlatlardan iborat harbiy ittifoq tuziladi. Uning g`oyaviy rahbari ajoyib notiq Demosfen edi. U o`zining otashin nutqlarida Filipp II ning bosqinchilik siyosatini fosh qilib yunonlarni o`z ozodligini qattiq turib himoya qilishga chaqiradi. Miloddan avvalgi 338 yili Makedoniya qo`shinlari Beotiyaga bostirib kiradi. Shu yili Filipp II qo`shinlari yunon shaharlarining birlashgan qo`shini bilan Xeroniya shahri yonida uchrashadilar. Bu jangda Demosfen afinaliklar qatorida oddiy jangchi bo`lib jangga kiradi. Bu jang shiddatli bo`lib, ancha vaqt davom etadi. Avval boshda ittifoqchilar Makedoniya qo`shinlarini siqib borishga muvaffaq bo`ladilar, hatto chekintiradilar. Jangda Filipp II ning 18 yoshli o`g`li Iskandar rahbarligidagi otliq qo`shinning kirishi urush oqibatini makedoniyaliklar foydasiga hal qiladi. Jang Makedoniya qo`shinlarining porloq g`alabasi bilan yakunlanadi. Xeroniya yonidagi jangdan keyin butun Yunoniston Makedoniyaga itoat etishga majbur bo`ladi. Zamondoshlardan birining iborasi bilan aytganda: "Xeroniya yonida xalok bo`lganlarning jasadlari bilan birga yunonlarning ozodligi ham ko`miladi". 26 Filipp II Xeroniya jangidan keyin yunon shahar-davlatlarini xonavayron qilmay, ularni erkin deb e`lon qiladi. U miloddan avvalgi 337 yili Korinfda yunon shaharlarining kongressini chaqiradi. Bu kongressda Spartadan boshqa barcha shahar davlatlar ishtirok etadilar. Ular kongressda tinch-totuv yashash, bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik va o`zaro urush olib bormaslik to`g`risida bir qarorga kelganlar. Ayni paytda barcha yunon shaharlari Eronga qarshi urushga tayyorgarlik ko`rishlari lozim edi. Korinfda Filipp II Makedoniya va shahar, davlatlar qo`shinlarining bosh sarkardasi qilib tayinlangan. Shu tariqa u Eronga qarshi harbiy yurish qilishga jiddiy tayyorgarlik ko`ra boshlaydi.
Urushga qizg`in tayyorgarlik ketayotgan bir vaqtda Filipp II o`z qizining to`yida fitnachilar tomonidan o`ldiriladi. Bu voqea miloddan avvalgi 336 yilda sodir bo`lgan. Fitna kim tomonidan uyushtirilgani ma`lum emas. Ba`zi ma`lumotlarga ko`ra, Filipp II eronliklar qutqusi bilan o`ldirilgan deyiladi.
Filipp II vafotidan so`ng taxtga uning 20 yoshli o`g`li Iskandar o`tiradi. Keyinchalik u butun sharqda Iskandar Zulqarnayn nomi bilan mashhur bo`lib ketgan. Zamondoshlarning aytishicha, u serg`ayrat, jasur, bilimdon ayni paytda shavqatsiz va jahldor odam bo`lgan.
Filipp II vafotidan keyin ko`pgina yunon shaharlari Fiva, tog`li Frakiya, Illiriya qabilalari Makedoniyadan ajralib keta boshlaydi. Ba`zi joylarda qo`zg`olonlar boshlanadi. Iskandar mana shu parokandalikning oldini olishga kirishadi. Miloddan avvalgi 335 yilda ajralib ketgan tog`li Frakiya va Illiriya qabilalari ustiga yurib ularni yana itoat etishga majbur qiladi. Shimol yurishidan qaytgach, u qo`zg`olon ko`targan Fiva ustiga qo`shin tortadi va shaharni vayron qiladi, aholisini qul qilib sotib yuboradi. 27 Fivadagi dahshatli urush boshqa yunon shahar davlatlarini cho`chitib yuboradi. Ular Makedoniyaga itoat etishlarini izhor qiladilar. Iskandar Afina ustiga yurish qilmaydi. Chunki uning ustozi Aristotel afinalik bo`lib, u o`z shogirdi diliga yunon madaniyatiga va uning markazi Afinaga hurmat bilan qarash hissini joylagan edi. Iskandar Afinaga borganda hamma uni to`la itoat bilan kutib oladi. Iskandarning bu yurishlari Yunonistonda uning mavqeini ko`taradi. 28 Iskandar Yunonistonni o`ziga qaytadan itoat ettirgandan so`ng sharq yurishiga tayyorgarlik ko`ra boshlaydi. U miloddan avvalgi 334 yilda 30 ming piyoda, 5 ming otliq askar va harbiy dengiz kuchlaridan iborat katta qo`shin bilan Gelleopond bo`g`ozidan kechib o`tadi. Tog`li Granik daryosi bo`yida Iskandar qo`shinlarini eronliklarning otliq va piyoda askarlari kutib turardi.
Kech kirishiga qaramay, boshlangan qattiq jangda Iskandar qo`shinlari g`alaba qilib, ularni Kichik Osiyoning ichkarisiga yurish uchun yo`l ochiladi.
Bu g`alaba Iskandarga Kichik Osiyoning ichkarisini bosib olish uchun imkoniyat yaratadi. Uning qo`shinlari Kichik Osiyo sohili bo`ylab janub tomon yuradilar. Eron shohi Doro III yunonlardan bo`lgan Memnonni qo`shiniga bosh qo`mondon qilib tayinlaydi. U Miletni mustahkamlashga kirishadi. Lekin u to`satdan vafot etadi. Milet sabot-matonat bilan mudofaa qilinadi. Biroq ham quruqlikdan, ham dengizdan qamal qilinib, ishg`ol qilinadi.
Miloddan avvalgi 333 yilda Iskandar Kichik Osiyo markazidagi Kappadokiyani ishg`ol qilib, qishni o`sha yerda o`tkazadi. Shu vaqtda Eron qo`shinlari Iskandar tomon yo`l oladilar. Iskandar o`z qo`shinlarini Kilikiyaga olib o`tib, Tars shahrini ishg`ol qiladi va Suriyaga qo`shin tortadi.
Iss Kilikiyaga shaharlaridan biri bo`lib, dengiz bo`yida joylashgan edi. Miloddan avvalgi 333 yilda Eron va Makedoniya qo`shinlari shu shahar yonida uchrashadilar. Eron sarkardalari Doro III ga Iskandar qo`shinlari tor daradan chiqib olgandan keyin hujum boshlaylik, deb maslahat beradilar. Shoh esa buning aksini qilib, Eron otliqlari va jang aravalari uchun qulay bo`lgan tog` darasida jang qilishni buyuradi. Har ikki o`rtada qattiq jang boshlanadi. Jang Iskandar qo`shinlarining g`alabasi bilan tugaydi. Eronliklar chekinishga majbur bo`ladilar.
Xulosa
Issdagi g`alabadan keyin Iskandar Suriya va Finikiya ustiga qo`shin tortib, sohil bo`yidagi ko`r shaharlarni istilo qiladi. Ammo dengiz bo`yidagi Tir shahri dushmanga yarim yil qarshilik ko`rsatadi. Makedoniya qo`shinlari shaharni quruqlikdan ham dengizdan ham qamal qiladilar. Og`ir janglardani keyin yunonlar taran va palaxmonlar bilan Tir shahri devorlarini buzib, shaharga bostirib kiradilar. Shaharda jang davom etadi, ko`p qon to`kiladi. Juda katta qiyinchiliklar bilan shahar qo`lga kiritiladi. Yunonlar unga o`t qo`yadilar, boyliklarini talaydilar. 30 mingdan ortiq shahar aholisi qul qilib sotiladi. Shundan so`ng Iskandar Finikiya va Falastindagi ko`pgina shaharlarni birin-ketin bosib oladi.
Iskandar Falastin va Finikiyani istilo qilgach, miloddan avvalgi 332 yilda Misrga qo`shin tortadi. Uning maqsadi Eron tasarrufida bo`lgan Misrni ham istilo qilish edi. Misrliklar va u yerdagi Eron satrapi Iskandar va uning qo`shinlarini tantanali ravishda kutib oladilar va uni fir`avn deb e`lon qiladilar.
U Misrdan qaytish oldidan O`rta yer dengizi qirg`og`i Nil deltasida Iskandariya shahrini barpo qiladi. Shahar qat`iy reja asosida qurilgan bo`lib, unda bir-birini kesib o`tuvchi katta ko`chalar barpo qilingan edi. Bu shahar o`sha davr va keyinchalik Sharq, Yunoniston va Rim dunyosi uchun juda katta siyosiy, iqtisodiy va madaniy ahamiyat kasb etgan.
Misr olingandan so`ng Doro III yunon-makedonlar bilan Shimoliy Mesopotamiyadagi Gavgamel degan joyda jang qilish uchun tayyorgarlik ko`rdi. Bu jang miloddan avvalgi 331 yil bahorida bo`lib o`tdi. 29 Doro III Iskandar qo`shinlarini qurshab olish maqsadida o`z otliq askarlarini keng tekislikka joylashtiradi. U dastlab jangovar aravalarni ham ishga soladi. Makedoniya jangchilari ikki tomonga surilib, shiddat bilan kelayotgan jang aravalarini o`z saflari orasidan o`tkazib yuboradilar va ularga kamondan o`q yog`dirib ko`pchiligini qirib tashlaydilar. Doro III ning jangovar fillari ham forslarga g`alaba keltirmaydi. Gavgamel yonidagi jang goh makedoniyaliklar, goh eronliklarning ustunligi bilan kechgacha davom etgan. Jangning oxirlarida Iskandar o`zi boshliq otliq qo`shin bilan Eron qo`shinlarining o`rtasiga yorib kirgan. Shoh Doro III ning o`zi ham shu yerda turar edi. Iskandar qo`shinlarining shiddatli hujumi natijasida Doro III ning qo`shinlari chekinishga majbur bo`ladi. Doro III jang maydonini tashlab qochadi.
Gavgamel g`alabasidan so`ng Iskandar qo`shinlari birin-ketin Suzani, Bobilni va Eronning poytaxti Persepolni ham egallaydilar va juda ko`p boyliklarni qo`lga kiritadilar. Makedoniyaliklar Persepolda qishlab, miloddan avvalgi 330 yilda butun Eronni egallashga muvaffaq bo`ladi. Doro III Turon tomonga qarab chekinadi. U chekinib borayotgan vaqtda Bess uni ushlab olib o`ldiradi va jasadini yo`lga tashlab ketadi. U o`zini Artakserks IV nomi bilan Eron shohi deb e`lon qiladi.
Iskandar Bessni ta`qib qilib, So`g`diyonadagi Navtaka degan joyda uni qo`lga tushiradi va qatl ettiradi. Shu bilan ulkan Eron davlati tugatiladi. Iskandar Turonga bostirib kirib, uni egallashga kirishadi. Turonliklar dushmanga qarshi ayovsiz jang qiladilar. Iskandar qattiq janglardan so`ng Navtaka, Marokand va Kiropol kabi shaharlarni bosib oladi.
Iskandar uzoq vaqt mobaynida erksevar so`g`dliklar, baqtriyaliklar va shaklarga qarshi kurash olib boradi. So`g`d xalqining erksevar farzandi spitamen makedoniyaliklarga qarshi ayovsiz va tinimsiz kurash olib boradi. Ammo vatan xoinlari Spitamenga xiyonat qilib, uni o`ldiradilar. Iskandar So`g`ddagi yuzlab qishloq, o`nlab shaharlarni vayron qiladi va o`t qo`yadi. Necha yuz ming tinch aholi qirib tashlanadi. Uch yillik jangu-jadaldan so`ng bir guruh sotqinlarning xiyonati tufayli Baqtriya va So`g`diyona Iskandarga bo`ysundiriladi. 30 Iskandar Baqtriya bilan So`g`diyonani itoat ettirgach, miloddan avvalgi 227 yilda Hindikush tog`laridan oshib Hindistonga bostirib kiradi. Bu davrda Sind vohasi va Panjob viloyatida bir necha mayda davlatlar bor edi. Iskandar Panjobdagi mayda podsholarning bir qismini o`ziga ag`darib oladi. Ammo podsho Por Iskandar bilan qattiq kurash olib boradi. Sind vohasi ko`p qonli janglar bo`ladi. Nihoyat Gidasp yonidagi jangda Iskandar qo`shinlari hindlar ustidan g`olib chiqadi. Sind vohasi va Panjob yunonlarga bo`ysundiriladi.
Miloddan avvalgi 325 yildan boshlab yunon-makedonlar Hindistonni tark etib orqaga qayta boshlaydilar. Markazi Bobil bo`lgan Iskandar saltanati miloddan avvalgi 323 yilda Jahongirning o`limidan so`ng uning harbiy sarkardalari o`rtasidagi toj-taxt talashlari natijasida bo`linib ketadi.