Anvar Obidjon 1947 yil 8-yanvarda Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi Pologʻon qishlogʻida dunyoga kelgan. Oʻrta maktabda oʻqib yurganida «Gʻuncha» jurnalida «Shkafjon» nomli birinchi sheʼri bosilgan (1960)



Yüklə 41 Kb.
tarix01.03.2023
ölçüsü41 Kb.
#86091
Anvar Obidjon


Anvar Obidjon 1947 yil 8-yanvarda Fargʻona viloyati Oltiariq tumanidagi Pologʻon qishlogʻida dunyoga kelgan. Oʻrta maktabda oʻqib yurganida «Gʻuncha» jurnalida «Shkafjon» nomli birinchi sheʼri bosilgan (1960). Anvar 1946—1966 yillarida Samarqand moliya texnikumida, 1973—1979 yillarda ToshDUning jurnalistika fakutetida sirtdan oʻqigan.
Harbiy xizmatni oʻtagach (1966—1969), qishlogʻida «Nurobod» jamoa xoʻjaligida dala xisobchisi boʻlgan (1970—1971) tumandagi «Paxta uchun»gazetasida adabiy xodim, boʻlim mudiri (1971—1976), Toshkentdagi yogʻ-moy kombinatida bogʻbon (1977—1978);
Anvar Obidjon (Obidjonov qoʻmitasida muxarrir (1979—1981) boʻlgan. 1981—1986 yillarda «Kamolot» nashriyotida muxarrir, bosh muxarrir oʻrinbosari, 1986—1987 yillarda «Yulduzcha» nashriyotida bosh muharrir, 1988 yilllarda «Yosh kuch» jurnalida adabiy xodim, 1988-89 yilllarda «Mushtum» jurnalida boʻlim mudiri, 1989-98 yillarda «Choʻlpon» nashriyotida bosh muharrir, direktor boʻlib ishladi. !((* yildan buyon Oʻzbekiston Teleradiokompaniyasi Yoshlar telekanalida katta muharrir boʻlib faoliyat koʻrsatayapti.
Anvar Obidjon «Ona-er»(1975), «Olovjon va uning doʻstlari» (1983), «Bezgakshamol» (1985), «Akang qarag’ay Gulmat» (1987), «Oltin yurakli Avtobola» (1986), «Alamazon va Gulmat xangomasi» (1992), «Meshpolvonning janglari» (1994), «Oltiariq xangomalari» (1999), «Odobli boʻlish osonmi?» (2001), «Meshpolvon» (2003) singari 25 ta toʻplamini chop ettirdi. Adib aksariyat asarlarini bolalarga bagʻishlaydi. Ikkinchidan, u ham nasrda, ham nazmda birday qalam tebratdi. Uchinchidan, Anvar Obidjon satira va yumorda oʻz yoʻli, uslubini topib olgan. Toʻrtinchidan, yozuvchi zinxor milliy qabiqqa burkanib qolgan emas. Uning asarlari dunyo bolalari zavq-shavq bilan oʻqiydilar. Oltinchidan, Anvar Obidjon asarlari sahnaviy, tomoshabinlik xarakteriga ega, ularni telefilm, badiiy film qilish, sahnada koʻrsatish mumkin. Uning «Qoʻng’roqli yolg’onci», «Topsang hay-hay», «Qorinbotir», «Toʻtiqush» mamlakatimiz teatrlarida sahnalashtirilgan.
Anvar Obidjon 1997 yil «Shuhrat» medali bilan taqdirlangan, 1998 yilda «Oʻzbekiston xalq shoiri» unvoniga sazovor boʻlgan.
Anvar Obidjonning dramaturgiyadagi faoliyati bolalarga atalgan “Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi” nomli komediyasi 1983 yilda Toshkent Yosh tomoshabinlar teatrida sahnalashtirilishidan boshlandi. Shundan e’tiboran ushbu teatrda hamda Farg‘ona, Qarshi, Qo‘qon, Guliston teatrlarida uning “Pahlavonning o‘g‘irlanishi”, “Topsang – hay-hay” (“Qorinbotir)”, Samozvanets” (“Qo‘ng‘iroqli yolg‘onchi”ning ruschasi), “Navro‘z va Boychechak”, “To‘tiqul”, “Alamazon”, “Meshpolvon” kabi pyesalari qo‘yildi. “O‘zbekfilm” kinostudiyasida bu adib ssenariylari asosida “Tilsimoy – g‘aroyib qizaloq”, “Dahshatli Meshpolvon” komediyalari kino tasmasiga tushirilgan.
Anvar Obidjonning bundan o‘ttiz yil oldin nashr etilgan “Juda qiziq voqea” nomli salmoqli kitobi nainki kichik yoshdagi she’rxonlar, balki umuman adabiyotimiz ixlosmandlari va mutaxassislari ichida katta shov-shuvga sabab bo‘lgani yodimda. Ushbu to‘plamni kitob do‘konlaridan izlab, surishtirib yurganlariga guvohman. So‘ng shoir yana o‘nlab yangi, bir-biridan go‘zal kitoblar yaratdi va ular hech shubhasiz, o‘zbek bolalar adabiyotida yangi sahifalar ochdi. O‘zbek she’riyatida meva-chevalarga bag‘ishlangan she’rlar oz emas. Lekin Anvar Obidjonning “Uzum”iga o‘xshagan namunalar faqat o‘zbek bolalar she’riyatidan tashqari umuman keng miqyosdagi bolalar adabiyotini bezay oladi:
Donalarim marjoncha,
Bir boshim – naq bir jomcha.
Quritsangiz mayizman,
Dasturxonga fayzman.
Kuzda yeb-eb to‘yishar,
Qishga osib qo‘yishar.
Boqar shod yosh-qarilar,
Maqtar hatto arilar.
Bunday she’rni o‘qigan bolalargina emas, barcha yoshdagi she’rxonlar qalbida rohat tuyadi. Anvar Obidjonning bolalarga bag‘ishlangan she’rlarining asosiy xususiyati xuddi ana shunda – ular barcha yoshdagi kitobxonlar diliga emin-erkin kirib bora oladi, ularni ham bolaligiga, ham hayot zavqiga oshno qiladi.
Bugun mustaqil O‘zbekistonimizning bunyodkor yosh avlodi yetishuvida Anvar Obidjon asarlarining o‘rni katta, deb o‘ylayman. Shu o‘rinda men Anvarjonning bundan qirq yil avval yozilgan “Ajoyibxona qoploni” nomli qoplon tilidan aytilgan bir she’rini keltirmoqchiman:
Bobom tutqun o‘tmagan,
Tug‘ilganman men ozod.
Sendan yiroq yursam ham,
Tinch qo‘ymading, odamzod.
Meni zo‘rlab qafasga
Sola olding sen faqat.
Biroq ruhan o‘lmadim,
So‘ramadim hech shafqat.
G‘ururimga sodiqman,
Orzumandman erkimga.
To‘qlik va’da qilsang ham,
Tuflagayman sirkingga.
Dunyoda ko‘p yuvosh It,
Nasab-nasli past Ayiq.
O‘shalarni o‘ynatsin
Ermaktalab xaloyiq.
Men zotimni faxr-la
Eslarman har nafasda…
Zo‘rdirmanki, xavfsirab –
Saqlashyapti qafasda.
Shoirning “qoplon”i bugun ozod va erkin, dunyo nazarida…
Demoqchimanki, Anvarjonning bolalarga bag‘ishlab yozilgan beozorgina va benihoya go‘zal, hazil-mutoyibalarga boy she’rlari qatorida tagzaminida juda chuqur ijtimoiy ma’no va maqsadlar tovlanib turuvchi bunday asarlari o‘z davridagi she’riyatimizni bezab turishi bilan bir qatorda muallifning ijodiy jasorati sifatida ham qimmatlidir.
Anvar Obidjon nafaqat bolalar, kattalar adabatiyoti rivojiga ham munosib hissa qo‘shib kelmoqda.
Kattalarga yozgan asarlari orasida, ayniqsa, “Turmush kechinmalari” rukni ostida e’lon qilingan, avtobiografik ruh chuqur o‘rin egallagan, yosh ijodkorning shakllanish jarayonlari o‘z aksini topgan, Oybekning “Bolalik”, G‘afur G‘ulomning “Shum bola”, Abdulla Qahhorning “O‘tmishdan ertaklar” asarlari tipidagi, lekin ulardan o‘ziga xoslik hamda badiiy talqin tomondan keskin ajralib turadigan “Ajinasi bor yo‘llar” nomli nasriy kitobi; hamda “Toshkentda to‘lgan daftarlardan” deb ataluvchi umumiy nom ostida berilgan saralanma nazmiy jamlanmasi Anvar Obidjon timsolida bugungi o‘zbek adabiyotining yangi, go‘zal va yorqin iqlimlarini namoyon qiladi. Ayniqsa, “Ajinasi bor yo‘llar”da turmushimizda o‘z vaqtida hukm surgan ijtimoiy adolatsizliklar bejalmay ko‘rsatilgani, har bir jabhadagi aldam-qaldamlar, nopokliklar, ularning milliyat va ruhiyat puchmoqlarida qoldirgan izlarining, bir jihatdan nihoyatda oddiy va sodda, ikkinchi bir jihatdan betaraflik hamda kuyunchaklik bilan aks ettirilgani bu asar adabiyotimizning yangi namunalari qatoridan o‘rin olishiga asos bo‘lganini ta’kidlash joiz.
Adibning bolalarga atalgan “Ona Yer” nomli dastlabki (1974) to‘plamidan tortib, hozirgacha e’lon qilgan o‘nlab kitoblari ichida kattalar uchun deymizmi, barcha kitobxonlar uchun deymizmi, keng ommaga bag‘ishlab yozgan she’rlari bisyor. Ular qatorida, markaziy qahramoni Gulmatdan iborat yoxud “Oltiariq hangomalari” umumiy nomi ostida jamlangan – Erkin Vohidovning “Matmusa va Donishqishloq hangomalari”ga ruhiy jihatdan yaqin, biroq badiiy talqin va uslub jihatidan tamoman o‘ziga xos hajviy asarlari bor. Bularga ilgari qator maqolalar bag‘ishlanganini nazarda tutib, keng ta’riflab o‘tirmasdan, e’tiborni bir jihatga qaratmoqchiman. Hajviy yo‘nalishda ustoz va shogird o‘rtasida o‘zaro ijodiy ta’sir shu qadar kuchliki, bu yaqinlik ayrim mavzu, obraz va ijodiy prinsiplarda ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Matmusaga bag‘ishlangan qator she’rlar zamirida hajv, kulgidan tashqari, ularning bahonasida chuqur ko‘chma ijtimoiy poetik maqsad va ma’nolarni yashirish uslubi Gulmat obrazi talqiniga ham xosdir. Gulmat hangomalaridan tashqari, Erkin Vohidovning “Arslon o‘rgatuvchi”si va Anvar Obidjonning yuqorida tilga olingan “Ajoyibxona qoploni” degan shu tipdagi she’ri ham ustoz-shogird ijodiy yaqinligiga yana bir dalildir.
Anvar Obidjon she’rlaridagi badiiy go‘zallik haqida gap ketar ekan, uning asarlarida shu xususiyatni keltirib chiqaradigan garmoniyani alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi. Bu garmoniya asoslarini Anvar Obidjon she’rlarida talqin etilayotgan ruhiy-hayotiy muammo ifodasiga eng aniq, tiniq, qisqa, ixcham, sun’iylikdan holi bayon, haqqoniylik va hayotiy obrazlilik tashkil etadi. Ular o‘zining samimiyligi, ifoda yo‘sini va ruhiyatdagi xalqonaligi, ayniqsa, milliyligi, hatto, ma’lum ma’noda vodiyonaligi hamda barchasi juda soddaligi bilan ajralib turadi.
Vatan haqida ne-ne she’rlar bitilgan. Lekin Anvar Obidjon Vatanning qisqa, mo‘jazgina, yangi talqinini topa oladi.
Dehqonvachcha shu Vatan
Ikkimizga onadir.
Tuprog‘ining taftidan
Tovonimiz yonadi.
Biroq, munis shu ona
Ikkimiz-chun ikki zot:
Sen uchun u boshpana,
Men uchun u e’tiqod.
Shoirning aksar lirik she’rlarida keraksiz “kirish”laru ortiqcha “chiqish”lar, xulosa qismlar yo‘q hisobi. U tasvir va talqinni asosiy badiiy muammoni yoritishdan boshlaydi, asosiy maqsadni qisqa ravishda badiiy yoritish bilan asarni tugallaydi. Bu o‘rinda, uning so‘zga tejamkorligiga moliya sohasida tahsil olganining ta’siri yo‘qmikan, degan fikrga ham boradi kishi.
Anvar Obidjonning 1974 yilda yozilgan “Boborahim Mashrab” degan she’ri bor. Asardagi fikr va maqsad shoir Mashrabning tilidan talqin etiladi. Anvar Obidjon Mashrab bahonasida zamonning o‘ta muhim ijtimoiy gaplarini, istibdod davrining eng og‘riqli dardlarini ustalik bilan aytib olishga muvaffaq bo‘ladi:
Zanjirband haqiqat aytolmay so‘zin,
Ezgulik iffatin bulg‘ar edi zar.
Talardi el-yurtni
Kuppa kunduzi
Amaldor niqobin kiygan o‘g‘rilar…
Tuyg‘usiz xoqonlar, insof yo‘q sizda,
Xalqingiz ona-ku,
Xo‘rlaysiz nechun?
Meni g‘irt jinni deb o‘tiribsiz-a,
Shu onaga farzand bo‘lganim-chun chin.
Bir Tangrim panoh deb yurgan sayoqni
Yo‘qotmoq mushkulmas,
Axir siz – ko‘psiz.
Lek minglab qarg‘angan yalangoyoqni
Bitta ham qoldirmay yo‘qotib bo‘psiz!
O‘tgan asrning 70-yillarida Anvar Obidjonga Sergey Yeseninning ta’siri kuchli bo‘ldi. O‘zbek shoiri shakl masalasida buyuk rus shoiriga ergashdi, undan ta’sirlandi, lekin unga faqat taqlid qiluvchilik doirasidagina qolib ketmadi. Bunga uning “Yashash shavqi emasdir boqiy” deb boshlanuvchi o‘zligi bor she’ri misol bo‘la oladi:
Qadahdagi sharob singari
Umrimiz ham omonat axir.
Vaqt sipqorar bir kuni barin,
Umrimiz ham gulgun va taxir
Qadahdagi sharob singari.
Bu kabi misralar yordamida Anvar Obidjon o‘zbek she’riyatini ma’no va falsafasi, badiyati va go‘zalligi, tiniqligi va jozibasi jihatidan yeseninona she’rlar bilan ham boyitdi.
Uning “Ilhom poytaxti” deb nomlangan, ko‘plab-ko‘plab ijodkorlar poytaxtga intilishlari va poytaxtni o‘zlari uchun salkam sajdagoh darajasida bilishlarini badiiy talqin etgan bir she’ri bor:
Shahar asli talato‘p ovloq,
Qishloq azal ilhomga poytaxt.
Gulfurushdek shoir ham biroq,
Izlar nuqul shaharlardan baxt.
Ushbu asar bundan deyarli 45 yil avval yozilganiga e’tibor bersak, Anvar XX asrning 70-yillari o‘rtasi, ijodining dastlabki bosqichlaridayoq nechog‘lik mahoratli va teran shoir bo‘lganini kuzata olamiz. Boshqa fazilatlari bilan bir qatorda bu she’rdagi ohangdorlikka e’tibor bering. She’r bamisoli qo‘shiqday jaranglaydi va ohanggi qalbingizni zabt etadi.
Anvar Obidjon haqida uslubiy yo‘nalishlari teran; xilma-xil janrlarda, rang-barang shakllarda bolalar va kattalar uchun she’r, g‘azal, doston, hajviya, qissa, roman, dramalar yaratib, barakali ijod etib kelayotgan koshif san’atkorlarimizdan biri deb xulosa chiqarish xato bo‘lmaydi. Mana, u kashf etgan “ignabarg” (bir misrali) she’rlardan ayrim misollar:
Tepolmadim medalli itni.
Shu eshakning ustozi qani?
Elsiz shoir ersiz suluvdir.
Ilhom – turma tug‘ruqxonasi.
To‘rt misrada – alohida-alohida to‘rt mustaqil asar. Bularni tahlil etishga birmuncha sahifa bag‘ishlash mumkin edi. Biroq, bu vazifani zukko she’rxonlarning, ushbu yo‘nalish tadqiqotchilarining zimmasida qoldira qolaylik. Zotan, bir satrdan iborat bu har bir asar sizni befarq va loqayd qoldirmasligiga, ular ustida, shaksiz, chuqur o‘yga berilishingizga va har biringiz o‘z ruhiy holatingiz, muammolaringiz, badiiy tayyorgarlik darajangizdan kelib chiqib, ularni o‘zingiz mustaqil talqin etishga kirishuvingizga va har biringiz o‘z xulosangizni chiqarishga qodirligingizga ishonaman va hatto, ular bir-biridan farqlanishi ham mumkinligini istisno etmayman. Zero, aslida Anvar Obidjonning biron-bir she’ri o‘quvchini befarq qoldirmaydi. Bunga ulardagi g‘oya, mazmun, mavzugina sabab bo‘lmaydi. Bunga uning she’rlaridagi aniqlik va tiniqlikdan iborat qisqa va kichik shaklga to‘yingan, obrazli talqinda namoyon bo‘luvchi badiiy go‘zallik ham sabab bo‘ladi.
Zamon senga tursa chap,
Sen zamonga boqaver.
Zamonni goh olqishlab,
O‘z yo‘lingda oqaver.
deydi shoir she’rlaridan birida.
Mana shu o‘z yo‘lida oqa olish, o‘z yo‘lida yura bilish, o‘z yo‘lidan boraverish Anvar Obidjonning ijodkor sifatidagi badiiy zaminini belgilaydi. Bu juda muhim. Bu har bir shoirga zarur bo‘lgan xususiyatdir. Anvar Obidjon she’riyatimizga ana shunday yangi xususiyatlarni olib kirdi.
Yuqorida keltirilgan to‘rtlikdagi birgina “goh” so‘ziga e’tibor bering. U bir jihatdan asar yozilgan istiqlolgacha bo‘lgan davrni va ayni vaqtda o‘z mustaqil yo‘lingdan qaytma degan chuqur, zarur va teran fikrni ayta olish imkoniyatini tug‘diradi.
Badiiy obrazlarda, san’atlarda namoyon bo‘luvchi bunday topqirliklar Anvar Obidjonning lirikasi uchungina emas, nasriy, hajviy asarlari uchun ham xosdir. “Og‘zingning kapotini yop” deydi uning qahramonlaridan biri tortishuvda suhbatdoshiga. Bu o‘zbek adabiyotidagi Abdulla Qodiriycha, G‘afur G‘ulomcha, Abdulla Qahhorcha hajvning obrazlilik qatiga Anvar Obidjoncha obrazlilik bo‘lib qo‘shiladiki, bunday misollarni uning barcha janrdagi asarlaridan ko‘plab keltirish mumkin.
Yüklə 41 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin