Demografik tahlilning asosiy vazifasi eng avvalo, demografik jarayonlar aholi takror barpo bo‘lishi rivojlanishining barcha sifatiy qonuniyatlarini, sosial-iqtisodiy shart-sharoitlarini, ma’lum davrda yoki ijtimoiy-iqtisodiy bosqichda demografik jarayonlarga ta’sir etgan omillar tizimini aniqlashdan iboratdir.
Demografik tahlilda demografik jarayonlarning absolyut (miqdoriy ifodasi) va nisbiy (demografik koeffisientlar) ko‘rsatkichlaridan, demografik statistika, kartografik va demografik uslublardan foydalaniladi.
3.2. Tug‘ilishning demografik tahlili Aholi takror barpo bo‘lishida ya’ni yangi avlodlarning dunyoga kelib, insoniyat naslini davom etishida tug‘ilish-muhim demografik jarayon hisoblanadi. Demografik jarayonlarni mukammal o‘rganishda, ularni turli aholi guruhlari, davlatlar, dunyo hududlari bo‘ylab qiyoslashda, kelajak istiqbolini aniqlashda, demografik koeffisientlardan foydalaniladi. Ushbu koeffisientlar yordamida o‘rganilayotgan demografik jarayonning kerakli jihatlari chuqur va qiyosiy darajada o‘rganiladi. Ma’lum tarixiy davr yoki ikki hudud orasida demografik farqlarni statistik ma’lumotlar orqali bevosita aniqlab bo‘lmaydi. Shuning uchun har bir demografik jarayonni mahsus ko‘rsatkichlar, ya’ni koeffisient yordamida o‘rganiladi. Buning uchun qayd etilgan demografik jarayonning 1000 kishiga nisbatan bo‘lgan miqdori aniqlanadi. Demak, 1000 kishi demografik jarayonlarni o‘rganishda mezon hisoblanadi. Bu ko‘rsatkich yuqorida qayd etilganidek “promille” deb yuritiladi va quyidagicha- “‰” belgilanadi. Demografik koeffisientlar alohida demografik jarayonlarni ifodalaydi. Demografik koeffisientlar umumiy, maxsus va xususiy jihatlarga egadir. Tug‘ilish va uning koeffisientlari. Tug‘ilish-ma’lum avlodlarni tashkil etuvchi aholi guruhidagi bola ko‘rish jarayonidir. Tug‘ilish-biologik jarayon. Lekin u ijtimoiy-iqtisodiy muhit ta’sirida o‘zgarib boradi. Jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy tarkibidlagi o‘zgarishlar tug‘ilish darajasini belgilaydi. Tug‘ilishning biologik asosi insonning pushtliligi, (plodovitos) nasl qoldirish, avlod qoldirish qobiliyatidir. Erkak bilan ayol, yo’ni nikoh juftlarining farzand ko‘rishga bo‘lgan biologik qobiliyati pushtlilik, deb ataladi va bu tushuncha demografiyada ko‘proq ayollarga nisbatan qo‘llanilib, har bir ayolning farzand ko‘rish davridagi (o‘rtacha 15-49 yosh) jami homiladorligi bilan belgilanadi. Pushtlilik erkak va ayolning biologik xususiyatlariga, salomatligiga bog‘liqdir. Ilmiy manbalarda qayd etilishicha, sog‘lom ayollar farzand ko‘rish davrida eng ko‘pi 35 tagacha homilador bo‘lishi (egizaklar ham bitta homiladorlik hisoblanadi) mumkin ekan. Lekin har bir ayol o‘rtacha 10-12 ta tirik farzand ko‘rishi, 10-15 marta homilador bo‘lishi (o‘lik tug‘ilishi, bola tashlash holatlari bilan birga) mumkin. Tug‘ilish-tirik tug‘ilgan bolalarni ifodalovchi biologik jarayon bo‘lib, u insonlarning reproduktiv mayli, ya’ni farzand ko‘rishga bo‘lgan munosabati bilan bog‘liqdir. Reproduktiv mayl esa inson yashayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muhit bilan bog‘liq holda o‘zgarib turadi. Natijada inson o‘z pushtliligidan, ya’ni bola ko‘rishga bo‘lgan biologik imkoniyatidan to‘la foydalanmaydi. O‘zining bolani tarbiyalab voyaga yetkazish uchun zarur bo‘lgan barcha ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini hisobga olgan holda, farzand ko‘rishga harakat qiladi, ya’ni farzandlar tug‘ilishini cheklaydi, nazorat etadi. Yuqorida qayd etilgandek, tug‘ilishning umumiy, maxsus va hususiy koeffisientlari mavjud bo‘lib, ular asosida tug‘ilish darajasi aniqlanadi. Tug‘ilishning umumiy koeffisienti. Har 1000 aholiga nisbatan tug‘ilgan bolalar sonini ifodalaydi va quyidagi formula yordamida hisoblanadi.
T-o‘rganilayotgan davr (yil)
R-o‘rganilayotgan davrdagi aholining o‘rtacha soni
N-o‘rganilavyotgan davrda tug‘ilgan bolalar soni