Siyrak tolali shakllanmagan biriktiruvchi to`qima hujayra elementlari va oraliq moddadan tashkil topgan bo`lib, unda biriktiruvchi to`qimaning barcha turlariga xos hujayralarni uchratish mumkin. Hujayra oraliq moddasida siyrak, turli yo`nalishda yotuvchi tolalar joylashadi. Hujayralararo modda ko’p bo’lgani uchun biriktiruvchi to’qimaning funktsiyasi oraliq moddaning fizik-ximiyaviy xossalariga bog’liq.
Siyrak tolali biriktiruvchi to`qima kuchli regeneratsiya qobiliyati, yuqori plastik va adaptatsion imkoniyati bilan xarakterlidir.
Siyrak tolali shakllanmagan biriktiruvchi to`qima (sxema). 1-fibroblast; 2-makrofaglar; 3-kollagen tolalar; 4-elastik tolalar.
Siyrak tolali biriktiruvchi to`qima organizmning turli organ to`qimalari tarkibida bo`ladi va doimo qon tomirlar devori bo`ylab joylashadi. U biriktiruvchi to`qimaning boshqa turlari uchun ham xos bo`lgan trofik, himoya, plastik va mexanik (tayanch) vazifalarni bajarib, organizm ichki muhitining doimiyligini (gomeostazni) belgilaydi. Barcha funktsiyalar hujayralar va hujayralararo modda vositasida bajariladi.
Biriktiruvchi to`qima morfologiyasini o`rganish shu to`qimaning kasalliklarini (kollagenozlarni) va turli jarayonlarga bo`lgan javobini (immunologik reaktsiya, yallig`lanish, regeneratsiya) tushunishga yordam beradi.
Biriktiruvchi to’qimaning hujayra elementlari
Siyrak biriktiruvchi to`qima hujayra elementlari quyidagi hujayralardan: fibroblast, makrofag, plazmatik (plazmotsit), to`qima bazofili (semiz hujayra), peritsit, retikulyar, adipotsit (lipotsit yoki yog` hujayra), pigment, endoteliy va adventitsial hujayralardan iborat. Bulardan tashqari, biriktiruvchi to`qimada qon orqali o`tgan qon shaklli elementlari (leykotsitlar) ham uch-raydi
Biriktiruvchi to`qimalarning ayrim hujayralari (sxema).
1- kam differentsialashgan hujayra; 2 -retikulyar hujayralar; 3 -fibroblastlar; 4- makrofaglar; 5- plazmatik hujayralar; 6-semiz hujayralar; 7-limfotsitlar; 8-neytrofillar; 9-yog` hujayralari; 10-pigment hujayra; 11-endoteliy hujayralari; 12- kollagen tolalar; 13-elastik tolalar.