Ushbu usulda amortizatsiyani hisoblashda amortizatsiyaning yillik summasi va kitob nusxalarining chiqarilgan miqdori o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlikni kuzatib borish mumkin. Yig‘ilgan eskirish ushbu mahsulotning ishlab chiqarish hajmiga bog‘liq holda har yilda ko‘payib boradi.
3. Jadallashtirilgan hisobdan chiqarish usuli (Accelerated methods). Bu usulda amortizatsiya to‘g‘ri chiziqli usulga nisbatan ikki barobar tez hisoblanadi. Aktivning qiymati birinchi yilda oxirgi yilga nisbatan deyarli sezilarli qismi hisobdan chiqariladi. Shuning uchun amortizatsiyaning bu usulini ba’zi iqtisodiy adabiyotlarda «Soliq amortizatsiyasi» deb ham yuritiladi. Bunday amortizatsiyadan soliqqa tortiladigan foydani aniqlashda foydalanilishi mumkin. Ishlab chiqarish jarayonlarining takomillashib borishi nomoddiy aktivlardan foydalanish muddatlarini qisqartirish, ularni muddatida hisobdan chiqarish kerakligini taqozo etadi. Jadalashtirilgan amortizatsiya usulining mohiyati shundan iboratki nomoddiy aktivlardan foydalanishning dastlabki yillarida ular boshlang‘ich qiymatining asosiy qismi hisobdan chiqariladi. Bizning fikrimizcha ko‘ra bunga:
birinchidan, nomoddiy aktivlardan eng ko‘p muddatda foydalanish ularning dastlabki yillariga ko‘p to‘g‘ri keladi;
ikkinchidan, amortizatsiya qilinadigan nomoddiy aktiv tezlikda ma’naviy eskirgan taqdirda uni almashtirish yoki yangisini xarid qilib olish uchun maxsus zaxira yaratish maqsadga muvofiqdir;
uchinchidan, amortizatsiya qilinadigan ob’ektlardan foydalanishning oxirgi yillariga to‘g‘ri keladigan, ularni tuzatishga sarflanadigan harajatlar ulushini ishlab chiqarish tannarxiga ko‘paytirmasdan (amortizatsiya summasining bu yillarda kamayishi hisobiga) aks ettirilishi lozim.
3. Amortizatsiya hisoblashning kamayib boruvchi qoldiq usuli, ya’ni ikki baravar amortizatsiya me’yori bilan qoldiqni kamaytirish usuliga ko‘ra, amortizatsiya ajratmalarining yillik summasi hisobot yili boshidagi nomoddiy aktivning qoldiq qiymatidan va mazkur nomoddiy aktivning foydali xizmat muddatidan kelib chiqqan holda, hisoblangan amortizatsiyaning ikki baravar me’yoridan kelib chiqib aniqlanadi. Ikki baravar amortizatsiya me’yori bilan qoldiqni kamaytirish usuli bo‘yicha amortizatsiyani hisoblashda faraz qilinayotgan tugatish qiymati boshlang‘ich (tiklash) qiymatidan chegirilmaydi.
Masalan, “Iqtisod-moliya” DUK mualliflik shartnomasi bo‘yicha 25 mln. so‘m to‘lab, “Moliyaviy hisobotning xalqaro standartalari” kitobini 5 yil davomida 750 ming nusxada nashr qilish huquqini sotib oldi. Mazkur nomoddiy aktiv uchun amortizatsiyani kamayib boruvchi qoldiq usuli bo‘yicha hisoblash vaziyatini ko‘rib chiqamiz.
Kamayib boruvchi qoldiq usuli bo‘yicha hisoblab yoziladigan summalar foydali foydalanish muddati davomida muntazam kamayib boradi.
Ushbu usulda ikki barobar oshirilgan stavka qo‘llaniladi. Agarda, xizmat muddatining 5-yilida amortizatsiya me’yori 20 % (100% / 5) ni tashkil etsa, kamayib boruvchi qoldiq usulida u 40% (20% x 2) ni tashkil qiladi. Shu o‘rinda aytib o‘tish lozimki, agarda mazkur nomoddiy aktiv uchun xizmat muddati 6 yil bo‘lganida, unga yillik amortizatsiyaning 16.66 foizi (100/6=16.66%) to‘g‘ri kelar edi. Chunonchi, shunga muvofiq ikki baravar eskirish me’yori ham 50 foizni emas, balki 40 foizni tashkil etgan bo‘lar edi, ya’ni 16.66 x 2 = 33.33%.
Endi 5 yillik xizmat muddatiga ega bo‘lgan nomoddiy aktivga qaytsak. Bunda 40 foizlik amortizatsiya me’yori oldingi yilning qoldiq qiymatiga qo‘llaniladi. Amortizatsiya summasi (birinchi yilda eng yirik) muntazam kamayib, oxirgi yilda qoldiq qiymatni tugatish qiymatigacha kamaytirish uchun zarur bo‘lgan summa bilan cheklanadi.