16.5. Nomoddiy aktivlarni hisobdan chiqarish tartibi.
Iqtisodiyotni moderinizatsiyalash davrida bozor raqobatiga javob beradigan mahsulot (ishlar, hizmatlar)larni ishlab chiqarishda eski mulk o‘rniga yangisini sotib olib ishlab chiqarishni zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlash, eskisini sotish hisobiga daromadlar olish har bir tadbirkorning muhim vazifasidir. Shu jihatdan nomoddiy aktivlarni hisobdan chiqarishda 2005 yil 14 dekabrdagi 105-son Moliya vazirining buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Nomoddiy aktivlarni balansdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi NIZOM” nomli Nizom asos bo‘ladi. Mazkur Nizom, O‘zbekiston Respublikasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996 yil, 9-son, 142-modda), O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2005 yil 25 martdagi 35-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan “Nomoddiy aktivlar” O‘zbekiston Respublikasi Buxgalteriya hisobi milliy standarti (7-son BHMS) (ro‘yxat raqami 1485, 2005 yil 27 iyun - O‘zbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari to‘plami, 2005 yil, 25-26-son, 188-modda)ga muvofiq nomoddiy aktivlarni balansdan chiqarishning buxgalteriya hisobi tartibini belgilaydi. Hisobdan chiqarilayotgan nomoddiy aktivlar qiymati balansdan o‘chirilishi lozim. Nomoddiy aktivlar quyidagi sabablarga ko‘ra hisobdan chiqariladi: - to‘liq amortizatsiyalanganda:
Nomoddiy aktivlar korxona balansidan:
a) tugatish (to‘liq amortizatsiyalanganda);
b) realizatsiya qilish;
v) ayirboshlash;
g) tekinga berish;
d) ustav kapitaliga muassis xissasi tarzida ko‘shish;
e) ishtirokchi ishtirokchilar tarkibidan chiqqanida nomoddiy aktivlar bilan hisob-kitob qilinishi;
j) kamomad holatlarini aniklanishi va boshqalar holatlar natijasida balansdan chiqariladi.
2. Tugatilayotgan nomoddiy aktivlarni yo‘q qilish uchun asos bo‘lib hisoblanadigan nomoddiy aktivlarni tugatish dalolatnomasi (NM-4-son shakl) ikki nusxada tuziladi, tashkilot rahbari tayinlangan komissiya a’zolari tomonidan imzolanadi va tashkilot rahbari tomonidan tasdiqlanadi. Birinchi nusxa buxgalteriyaga beriladi, ikkinchisi nomoddiy aktivlar ob’ektlarining saqlanishi uchun javobgar shaxsda qoladi.
Nomoddiy aktivlarni tugatilishi (hisobdan chiqarish) dalolatnomasi. (NM- 4 shakl).
Korxonalarining hisob yuritish siyosatiga muvofiq ulardagi mavjud nomoddiy aktivlarini hisobdan chiqarish bo‘yicha «Nomoddiy aktivlarni hisobdan chiqarish dalolatnomasi» deb nomlanagan dalolatnomaning yangi shakli (NM-4 shakl) ishlab chiqildi va uni amaliyotga joriy etish mumkin.
Ushbu shaklda nomoddiy aktivlar ob’ektlarini hisobdan chiqarish paytida xo‘jalik yurituvchi sub’ekt rahbari tayinlangan hay’at tomonidan ikki nusxada tuziladi. Ushbu dalolatnomaning birinchi nusxasi buxgalteriyaga, ikkinchi nusxasi esa javobgar shaxsga beriladi. Dalolatnomada nomoddiy aktivlarning nomi, sanasi, inventar (arxiv raqami), hisobdan chiqarish sababi, balans qiymati, amortizatsiyaning yillik me’yori, amortizatsiya summalari aks ettiriladi. Tashkilotlarda ularni tugatish munosabati bilan nomoddiy aktivlarni hisobdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilish uchun rahbar tomonidan tayinlanadigan shaxs raisligida komissiya tuziladi. Komissiya tarkibiga tegishli mutaxassislar, buxgalteriya xodimlari va tashkilotning moddiy javobgar shaxslari kiritilishi kerak. Komissiya tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan tuziladi.
Tomonlar o‘rtasidagi patent, litsenziya olishga tuzilgan shartnoma shartlari bajarilib, sanoat namunasi huquqi bo‘yicha patent yoki tabiiy resurslardan foydalanish huquqlariga bo‘lgan guvohnomalar o‘z kuchini yo‘qotganda korxonada nomoddiy aktivlarni tugatish dalolatnomasi rasmiylashtiriladi. Nomoddiy aktivlarni hisobdan chiqarish komissiya a’zolarining xulosalariga asoslanib, hisobdan chiqariladi va yakuniy moliyaviy natija aniqlanadi.
Nomoddiy aktivlar quyidagi hollarda ularni tugatish munosabati bilan balansdan chiqarilishi mumkin:
foydali xizmatning belgilangan muddati tugaganidan (amortizatsiya ajratmalari to‘liq hisoblab yozilganidan) keyin;
tegishli davlat vakolatli organlarining qarorlariga muvofiq;
ma’naviy eskirgan nomoddiy aktivlar;
bundan keyin foydalanishga yaroqsiz ahvolga kelib qolgan nomoddiy aktivlar.
Nomoddiy aktivlarni tugatish munosabati bilan tuziladigan komissiya hisobdan chiqarish to‘g‘risida qaror qabul qilishda quyidagi vakolatlarga ega bo‘ladi:
nomoddiy aktivlarni tiklashning mumkin emasligi yoki iqtisodiy maqsadga nomuvofiqligini belgilaydi;
hisobdan chiqariladigan nomoddiy aktivlarning holatini o‘rganishni amalga oshirib, bunda mutlaq huquqlarni tasdiqlaydigan zarur hujjatlar (patent, pasport va boshqa hujjatlar), shuningdek buxgalteriya hisobi ma’lumotlaridan foydalanadi;
nomoddiy aktivlarni hisobdan chiqarish sabablarini belgilaydi (amortizatsiya ajratmalarini to‘liq hisoblab yozish, foydalanishning normal sharoitlari buzilishi, tabiiy ofatlar va hokazo);
nomoddiy aktivlarning foydalanishdan muddatdan avval chiqib ketishida aybdor bo‘lgan shaxslarni aniqlaydi.
Falokatlar yoki normal foydalanish sharoitlarini buzish oqibatida chiqib ketgan nomoddiy aktivlarni balansdan chiqarayotganda tugatish dalolatnomasiga falokat yoki normal foydalanish sharoitlari buzilganligi to‘g‘risidagi dalolatnomaning ko‘chirma nusxasi ilova qilinadi, shuningdek falokatga yoki normal foydalanish sharoitlari buzilishiga olib kelgan sabablar izohlanadi va aybdor shaxslarga nisbatan ko‘rilgan choralar ko‘rsatiladi.
Nomoddiy aktivlarni tugatish dalolatnomasi (NM-4-son shakl)da tugatilayotgan nomoddiy aktivlarni tavsiflaydigan quyidagi ma’lumotlar ko‘rsatiladi:
ishlab chiqarilgan (tayyorlash) yili;
nomoddiy aktivlarning tashkilotga kelib tushish sanasi;
foydalanishga topshirish sanasi;
nomoddiy aktivning dastlabki qiymati (qayta baholangan nomoddiy aktivlar uchun - tiklash qiymati);
buxgalteriya hisobi ma’lumotlari bo‘yicha butun foydalanish muddatida hisoblab yozilgan amortizatsiya summasi;
tugatish sabablari va hokazo.
Tabiiy ofatlar oqibatida chiqib ketgan nomoddiy aktivlarni balansdan chiqarayotganda tugatish dalolatnomasiga maxsus hukumat komissiyasining xulosasi ilova qilinishi mumkin. Tugatish dalolatnomalarini tasdiqlashga qadar nomoddiy aktivlarni yo‘q qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Tashkilotlarda ularni tugatish munosabati bilan nomoddiy aktivlarni balansdan chiqarish buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
a) nomoddiy aktivlarning dastlabki qiymati hisobdan chiqarilganida:
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i debeti;
nomoddiy aktivlarni hisobga olish hisobvarag‘i (0400) krediti;
b) nomoddiy aktivlarning jamg‘arilgan amortizatsiyasini hisobdan chiqarayotganda:
nomoddiy aktivlar amortizatsiyasini hisobga olish hisobvarag‘i (0500) debeti;
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i krediti;
v) tugatish xarajatlari summasiga:
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i debeti;
materiallarni (1000), xodimlar bilan mehnatga haq to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblarni (6700), sug‘urtalash va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni (6500) hisobga olish hisobvaraqlari va boshqa tegishli hisobvaraqlar krediti;
g) rezerv kapitalni hisobga olish hisobvaraqlarida hisobga olinadigan, nomoddiy aktivlar ushbu ob’ektini qayta baholash natijalari (saldo) summasiga:
8510-“Mol-mulkni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar” hisobvarag‘i debeti;
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i krediti;
d) nomoddiy aktivlarni tugatishdan foyda summasiga:
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i debeti;
9320-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishidan foyda” hisobvarag‘i krediti;
e) nomoddiy aktivlarni tugatishdan zarar summasiga:
9430-“Boshqa operatsion xarajatlar” hisobvarag‘i debeti;
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i krediti
Nomoddiy aktivlarni sotish munosabati bilan balansdan chiqarish tartibi:
Nomoddiy aktivlarni sotish jarayoni amalga oshiriliganda sotuvchi tashkilot balansidan nomoddiy aktivlar balans qiymati bo‘yicha chiqariladi. Bundan tashqari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda nomoddiy aktivlarni sotishning boshqacha qiymatini belgilash huquqiga ega. Nomoddiy aktivlarni sotishdan moliyaviy natija (foyda yoki zarar) qo‘shilgan qiymat solig‘i va ularni sotish xarajatlarini hisobga olgan holda, rezerv kapitalni hisobga olish hisobvaraqlarida hisobga olinadigan nomoddiy aktivlarni qayta baholash natijalari (saldo)ga tuzatilgan sotiladigan nomoddiy aktivlarni sotish qiymati bilan ularning qoldiq (balans) qiymati o‘rtasidagi tushum o‘rtasidagi farq, ya’ni nomoddiy aktivlar ushbu ob’ektini avvalgi qo‘shimcha baholashlar summalarining ushbu ob’ektni avvalgi arzonlashtirishlar summasidan oshishi sifatida aniqlanadi. Tashkilotlarda ularni sotish munosabati bilan nomoddiy aktivlarni balansdan chiqarish buxgalteriya hisobida quyidagicha aks ettiriladi:
a) nomoddiy aktivlarning sotish (realizatsiya) qiymati summasiga:
4010-“Xaridorlar va buyurtmachilardan olinadigan hisobvaraqlar” hisobvarag‘i debeti;
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i krediti;
b) qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblab yozilgan taqdirda:
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i debeti;
6410-“Budjetga to‘lovlar bo‘yicha qarzlar (turlari bo‘yicha)” hisobvarag‘i krediti;
v) nomoddiy aktivlarning dastlabki qiymatini hisobdan chiqarganda:
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i debeti;
nomoddiy aktivlarni hisobga olish hisobvarag‘i (0400) krediti;
g) nomoddiy aktivlarning jamg‘arilgan amortizatsiyasi hisobdan chiqarilishida:
nomoddiy aktivlar amortizatsiyasini hisobga olish hisobvarag‘i (0500) debeti;
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i krediti;
d) sotish xarajatlari summasiga:
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i debeti;
materiallarni (1000), xodimlar bilan mehnatga haq to‘lash bo‘yicha hisob-kitoblarni (6700), sug‘urtalash va davlat maqsadli jamg‘armalariga to‘lovlar bo‘yicha qarzlarni (6500) hisobga olish hisobvaraqlari va boshqa tegishli hisobvaraqlarning krediti;
e) rezerv kapitalni hisobga olish hisobvaraqlarida hisobga olinadigan nomoddiy aktivlar ushbu ob’ektini qayta baholash natijalari (saldo) summasiga:
8510-“Mol-mulkni qayta baholash bo‘yicha tuzatishlar” hisobvarag‘i debeti;
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i krediti;
j) nomoddiy aktivlarni sotishdan foyda summasiga:
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i debeti;
9320-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishidan foyda” hisobvarag‘i krediti;
z) nomoddiy aktivlarni sotishdan zarar summasiga:
9430-“Boshqa operatsion xarajatlar” hisobvarag‘i debeti;
9220-“Boshqa aktivlarning chiqib ketishi” hisobvarag‘i krediti.
Dostları ilə paylaş: |