Hayvon viruslari klassifikatsiyasi Hayvon viruslarining turlari koʻp va ular turli yoʻllar bilan hujayralarga kirib, ularni boshqarib, soʻng ularni tark etadi. Shunday ekan, qanday qilib biz ushbu viruslar keltirib chiqaradigan tartibsizliklarni izchil va mantiqiy tarzda tashkillashtira olamiz?
Baltimor tizimi viruslarning genetik material turiga va ulardagi axborotning informatsion RNK (i-RNK) hosil qilishda qanday ishlatilishiga qarab, shuningdek, virus oqsillarini ishlab chiqarish va yangi viruslarni yigʻishdagi asosiy vositachilariga koʻra guruhlarga ajratadi. Viruslarning Baltimor guruhi quyidagilarga bogʻliq:
Molekula genetik material sifatida (DNK yoki RNK)dan foydalanishi;
Genetik material bir yoki qoʻsh zanjirli boʻlishi;
Informatsion RNK (i-RNK) hosil qilishda virus oʻtaydigan bosqichlar.
Baltimor tizimi viruslarni yettita guruhga ajratadi. Quyidagi diagrammada har bir guruhning asosiy xususiyatlarini, shu jumladan, ulardagi genetik material va i-RNKni yaratishda foydalaniladigan yoʻllarini ham koʻrishingiz mumkin:
Yashil strelka – i-RNK sintezi; uzuq chiziqli yashil strelka – virus genomidan i-RNK sifatida toʻgʻridan toʻgʻri foydalanish. ViralZone/Shveysariya bioinformatika instituti, CC BY-NC 4.0 ga tegishli “The Baltimore classification clusters viruses into families depending on their type of genome” (Baltimor klassifikatsiyasi viruslarni genom turiga koʻra oilalarga ajratadi) nomli grafik materiali oʻzgartirishlar bilan olindi.
Odam viruslari Baltimor tizimining barcha yetti guruhida uchrasa, oʻsimlik va bakterial viruslar baʼzilaridagina mavjud. Agar biz virusga qarshi dori ishlab chiqarmoqchi boʻlsak, virusning hayotiy sikl tafsilotlarini bilishimiz juda muhimdir, xususan, uning Baltimor guruhi va biologik yashash tarzi kabi boshqa jihatlaridan xabardor boʻlishimiz virusning hayot siklini toʻxtatishga samarali taʼsir koʻrsatadi.