2.Makon va zamon birligi tamoyili Badiiy matnning til xususiyatlari tekshirilayotganida undagi har bir hodisaga makon va zamon birligi tushunchasini hisobga olib yondashish kerak. Har qanday asar davr va makon bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. Tarixiy mavzudagi asar tilida muayyan zamon ruhini tashuvchi voqealarning qaysi makonda, qanday muhitda yuz berayotganini oydinlashtiruvchi leksik-grammatik birliklar ishtirok etadi. Makon va zamon birligi tushunchasi badiiy asargagina xos belgi emas. U har qanday matn kо‘rinishiga taalluqlidir. Ushbu tamoyil asosida tahlil olib borilayotganda matn yozilgan davr, matnda kо‘tarilagn mavzu va matn birliklarining tabiatiga qarab diaxron va sinxron aspektlardan biri tanlanishi kerak. Buni yirik sо‘z san’atkori Abdulla Qahhor hikoyasidan olingan quyidagi parcha asosida kо‘zdan kechiramiz.
-Ha, sigiring yо‘qoldimi?
-Yо‘q… sigir emas, hо‘kiz, ola hо‘kiz edi.
Yо‘qolmasdan ilgari bormidi? Qanaqa hо‘kiz edi?
-Ola hо‘kiz…
-Yaxshi hо‘kizmidi yo yomon hо‘kizmidi?
-Qо‘sh mahali…
-Yaxshi hо‘kiz birov yetaklasa ketaberadimi?
-Bisotimda hech narsa yо‘q…
-О‘zi qaytib kelmasmikin?... Birov olib ketsa qaytib kela ber, deb qо‘yilmagan ekan-da. Nega yig‘lanadi? A? Yig‘lanmasin!(Tanlangan asarlar. 1-tom. 33-bet).
Bu suhbat qayerda, qaysi davrda, qanday odamlar о‘rtasida bо‘lib о‘tayotganligini keltirilgan ushbu kichik parchadan ham bilsa bо‘ladi. Savol ham qisqa, javob ham. Savol berish tarzida kibr, mensimaslik, voqelikka arzimas bir narsaga qarayotgandek beparvo munosabat seziladi. Piching, kesatiq va masxara ohangi aniq aks etgan. Javobdan esa qahramonning soddaligi, faqirligi anglashiladi. Suhbat amin huzurida bо‘lib о‘tyapti. Shunga muvofiq rasmiy nutq elementlaridan foydalanilgan.
3.Xususiylikdan umumiylikka о‘tish tamoyili.Har bir til hodisasi muayyan matnda alohida – alohida olib о‘rganiladi, izohlanadi va shu asosda umumlashtiriladi. Badiiy asarda tilga olingan detallar asarning umumiy ruhiga yoki davr ruhiga qay darajada mos kelishi aniqlanadi. Qahramon dunyoqarashi uning nutqida qay darajada aks etgan? Asar ishtirokchilarining dialoglari monologlari badiiylik talablariga javob beradimi? Umuman asardagi xususiy holatlar asarning butuniga aloqadormi, yо‘qmi kabi holatlar aniqlanadi. «Mavzu, janr, uslub va tilga xos umumiy belgilar hamda muallif individualligiga xos xususiy belgilarning matnda namoyon bо‘lishini izohlash»2 ham shu tamoyil talablaridan hisoblanadi. Turli qatlamga xos sо‘zlarning badiiy matnda qо‘llanishi bilan bog‘liq tekshirishlar yoki qahramonlarning о‘zlari mansub bо‘lgan toifa tilidan qay darajada iste’foda qilishini о‘rganish kabilarda xususiylikdan umumiylikka о‘tish qonuniyati hisobga olinadi.