Avtomobillarning axborot-diagnostik tizimiga ta\'luqli asboblarni tuzilishi va ishlashi
Nazorat-o‘lchov asboblari va ularga qo‘yiladigan talablar
Nazorat-o‘lchov asboblari (NO‘A) haydovchiga avtomobilning agregatlari, alohida tizimlarining holati va me’yorida ishlayotganligi haqida xabar berib turish uchun xizmat qiladi.
Haydovchiga ma’lumotni uzatish usuli bo‘yicha nazorat-o‘lchov asboblari ko‘rsatuvchi va darak beruvchi guruhlarga bo‘linadi.
Ko‘rsatuvchi asboblarning shkalasi va ko‘rsatkich mili holatiga ko‘ra o‘lchanayotgan kattalikning qiymati aniqlanadi. Bu asboblar nazorat qilinayotgan parametrning aniq qiymatini o‘lchash va avtomobilning butun bir tizimi yoki alohida agregatining holati haqida to‘liq tassavurga ega bo‘lish imkoniyatini beradi. Lekin haydovchi bu ma’lumotni olish uchun bir daqiqaga bo‘lsa ham diqqatini yo‘ldan asbobga olishi kerak va bu harakat havfsizligini ta’minlashda salbiy ta’sir qilishi mumkin.
Darakchi asboblar nazorat qilinayotgan ko‘rsatkichning faqat bitta, odatda avariya qiymatidan ta’sirlanadi va haydovchiga bu to‘g‘risida yorug‘lik yoki tovush yordamida xabar beradi. Darakchi asboblarning afzalligi shundan iboratki, ularni doimo kuzatib borish zarurati yo‘q va haydovchining diqqati avtomobilning boshqarish jarayonidan kamroq chalg‘iydi. Kamchiligi - asboblardan haydovchiga kelayotgan ma’lumot avtomobilning ma’lum tizimining ishi me’yordan chiqib bo‘lganda yoki chiqish holatida uzatiladi.
Avtomobillarda nazorat qilinuvchi parametrlar soni tobora o‘sib borayotganligi sababli va haydovchining diqqatini kamroq chalg‘itish maqsadida, oxirgi vaqtda, hamma turdagi avtomobillarda darakchi asboblar sonining ortib borayotgani kuzatilmoqda. Ba’zi avtomobillarda ularni birga ishlatish hollari ham uchrab turadi.
Avtomobillarda o‘rnatiladigan nazorat-o‘lchov asboblari elektr toki yoki mexanik kuch ta’sirida ishlashi mumkin. elektr asboblar uchun tok avtomobildagi manbadan (akkumulyator, generator) olinadi. Mexanik asboblarda esa, kattaligi o‘lchanayotgan muhit energiyasidan foydalaniladi (masalan, mexanik manometrlarda dvigatelni moylash tizimidagi bosim).
Nazorat-o‘lchov asbob datchik va ko‘rsatkichdan iborat bo‘lib, signal uzatish uchun ular o‘zaro simlar bilan ulangan. Nazorat qilinishi zarur bo‘lgan muhit yoki joyga (harorat, bosim, tezlik va hokazo) - datchik, kuzatiladigan joyga, odatda, haydovchi kabinasidagi asboblar paneliga ko‘rsatkich joylashtiriladi. Datchik nazorat qilinayotgan muhit yoki joydagi o‘zgarishni sezuvchi element va bu o‘zgarishni elektr tokiga aylantiruvchi o‘zgartirgichdan iborat bo‘ladi. Ko‘rsatkich - datchikdan kelayotgan signalni sezuvchi element , elektr toki ko‘rinishidagi signalni zarur mexanik harakatga aylantiruvchi o‘zgartirgich va o‘lchanayotgan parametr birligida darajalangan shkaladan iborat. Darakchi asboblarda ko‘rsatkich sifatida avtomobilning asboblar panelida joylashtiriladigan darakchi lampalar xizmat qiladi.
Bajaradigan vazifasiga ko‘ra, avtomobillarning nazorat-o‘lchov asboblari quyidagi guruhlarga bo‘linadi: temperatura (termometrlar), bosim (manometrlar), yonilg‘i sathini, tezlik va o‘tilgan masofani (spidometrlar), aylanish chastotasini o‘lchaydigan (taxometrlar), akkumulyatorlar batareyasini zaryadlash rejimini nazorat qiladigan asboblar. Bundan tashqari, nazorat-o‘lchov asboblari turkumiga taxograflar ham kiradi.
Avtomobilga o‘rnatilgan nazorat-o‘lchov asboblarining ishlash sharoiti ancha og‘ir bo‘lganligi uchun, ular Davlat standartlarining quyidagi talablariga javob berishi kerak:
- 50 Gs chastotada, dvigatelga o‘rnatilgan asboblar 10 d, boshqa agregatlarga o‘rnatilganlar esa 5d vibratsiya yuklamasiga bardosh berishi kerak;
- dvigatelga o‘rnatilgan asboblar 15 d gacha, boshqa agregatlarga o‘rnatilganlar 10 d gacha zarba yuklamasiga bardosh berishi kerak;
- atrof-muhit harorati -450C dan +800C gacha bo‘lgan chegarada me’yorida ishlashi kerak;
- tok manbaining qiymati 12V li tizimlar uchun 10-16V, 24V li tizimlar uchun 22-30V va atmosfera bosimi 86-106 kPa (650-800 mm, simob ustuni) doirasida o‘zgarganda, nazorat-o‘lchov asboblarning o‘lchash xatoligi ortmasligi kerak;
Ishlatish jarayonida asboblarga suv, moy, yonilg‘i, loy tushishi, ular chang bilan qoplanishi mumkin. Shuning uchun asboblarning ustki qismi bu narsalar ta’siriga chidamli, ichki qismi tashqi muhitdan yaxshilab zichlangan bo‘lishi kerak.
Bulardan tashqari, nazorat-o‘lchov asboblari bevosita transport vositalarida qo‘llanishining o‘ziga xos tomonlaridan yuzaga keladigan quyidagi talablar ham mavjud:
avtomobil nazorat-o‘lchov asboblari fazoga, radio-teleko‘rsatuvlarga zarar ko‘rsatuvchi xalaqitlar tarqatmasligi kerak;
ko‘rsatuvchi asboblardan ma’lumot olish, ya’ni uni o‘qish haydovchi uchun qulay bo‘lib, uning diqqatini ortiqcha jalb qilmasligi kerak;
darak beruvchi chiroqlar yongan vaqtda haydovchi diqqatini darhol jalb qiladigan joyga o‘rnatilgan bo‘lishi kerak;
ko‘rsatuvchi asboblarni haydovchining nazar doirasiga joylashtirishda, muhandislik psixologiyasi tavsiyalari va asboblar panelini estetik jihozlash talablari hisobga olinishi kerak;
nazorat-o‘lchov asboblarini ishlab chiqarish tannarxi arzon va ularga xizmat ko‘rsatish qulay bo‘lishi kerak.
Nazorat-o‘lchov asboblarining harakat xavfsizligini ta’minlashdagi, avtomobil va uning alohida qismlarini ishonchli ishlatishdagi, nosozliklarni o‘z vaqtida aniqlashdagi ahamiyati tobora ortib bormoq-da. Ularning avtomobilning to‘liq qiymatidagi ulushi ancha kichik, lekin qimmatbaho agregatlarning texnik holatini nazorat qilish va me’yorida ishlash qobiliyatini uzoq vaqt davomida saqlashdagi ahamiyati juda katta.
Avtomobil texnikasining rivojlanishi, uning alohida qismlari takomillashuvi nazorat qilinishi zarur bo‘lgan nuqtalar ortishiga, nazorat-o‘lchov asboblarining yangi turlari paydo bo‘lishiga, ular tuzilishi-ning mukammalashuviga olib kelmoqda.