Avtotransport korxonalarining asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlariga quyidagilar kiradi: -asosiy vositalarni sotish va boshqa chiqimlaridan olingan foyda;nomoddiy aktivlar, materiallar va boshqa aktivlarni sotishdan olingan foyda; -undirilgan jarimalar; -voz kechilgan kreditorlik qarzlar; -qisqa muddatli ijaradan olingan daromadlar; -beg‘araz olingan moliyaviy yordam; -xizmat ko‘rsatuvchi xo‘jaliklardan olingan daromadlar; -inventarizatsiyada aniqlangan ortiqchalar; -hisobot yilida aniqlangan o‘tgan yillarning foydasi va boshqalar. 21-son BHMSga muvofiq avtotransport korxonalarida asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlar 9300 «Asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlarni hisobga oluvchi schyotlar» tizimida ochiladigan alohida schyotlarning kreditida aks ettiriladi. Bunda asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlarning aniq turlarini ifodalovchi schyotlar, chunonchi, 1000, 5010, 5110, 6400, 6710, 6520, 6990, 9210, 9220 va boshqalar debetlanadi. Hisobot davr oxirida 9300 «Asosiy faoliyatdan olingan boshqa daromadlarni hisobga oluvchi schyotlar» tizimida ochiladigan alohida schyotlarning kreditida to‘plangan summa 9910 «Yakuniy moliyaviy natija» schyotiga o‘tkaziladi va shu yo‘l bilan ular yopiladi.
2. Avtotransport korxonalarida umumxo‘jalik faoliyatidan olingan moliyaviy natijalarning hisobiAvtotransport korxonalari, oldingi mavzularda ta’kidlab o‘tganimizdek, asosiy faoliyatdan tashqari boshqa asosiy bo‘lmagan faoliyat turlari bilan ham shug‘ullanishlari mumkin. Bunday faoliyat turlariga, jumladan ularning investitsiya faoliyati, moliyaviy faoliyati, emissiya faoliyati va boshqalar kiradi. Ushbu faoliyat turlari bo‘yicha erishilgan moliyaviy natijalar ham mos ravishda ularga doir daromad, xarajat hamda foyda yoki zarar ko‘rsatkichlari bilan tavsiflanadi. Bu ko‘rsatkichlar bilan birgalikda topilgan moliyaviy natijalar avtotransport korxonalarining umumxo‘jalik faoliyatidan olingan moliyaviy natijalarini ifodalaydi. Avtotransport korxonalarida umumxo‘jalik faoliyatidan olingan daromadlarga boshqa yuridik shaxslarga kiritilgan moliyaviy investitsiyalardan dividend, royalti va foiz ko‘rinishida olingan daromadlar, shuningdek uzoq muddatli ijaradan, valyuta kurslarini ijobiy tomonga o‘zgarishidan, qimmatli qog‘ozlarni qayta baholashdan olingan daromadlar kiradi.