Albatta, zarur axborotlarga ega bo’lishga intilish – davr talabi. Bugungi kunda har bir mamlakatning axborot makoni ikki xil axborot bilan to’ldirilmoqda: birinchisi - kuchli axborot texnologiyalariga ega mamlakatlar tomonidan ishlab chiqilgan va ularning manfaatlariga xizmat qiladigan axborot bo’lsa, ikkinchisi - har bir davlat o’zi haqida ishlab chiqqan va milliy manfaatlarini himoya qiladigan ma’lumotlardir.
Demak, ayni zamonda shaxs, ijtimoiy guruh, millat, jamiyat va davlat o’zi haqida ishlab chiqqan axborotlarni tarqatishi ham tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shunday ekan, Internet tarmog’i imkoniyatlari kengayib borayotgan hozirgi davrda bu ne’matdan mamlakatimizning jahon hamjamiyatida tutgan o’rnini mustahkamlashda keng foydalanish zarurdir. Jahonga tanilish uchun nafaqat real dunyoda, balki axborot dunyosi, jumladan, virtual dunyoda ham harakatlar olib borish darkor.
02
Birinchidan, axborot-psixologik xavfsizlik – bevosita ruhiyatga ta’sir o’tkazish orqali insonni o’z aqidalari, muqaddas ideallari va e’tiqodidan ayiradigan buzg’unchi g’oyalardan asrashdir. Demak, axborot-psixologik xavfsizlikka ehtiyoj, eng avvalo, bevosita inson va jamiyat, inson va davlat, shaxs va uning daxlsizligi, millat va milliy qadriyatlar, jumladan, urf-odatlar, an’analar, tarixiy va madaniy meros, avlodlar vorisiyligi, millatning istiqboli bilan bog’liq bo’lgan qadriyatlarga ma’naviy-ruhiy ta’sir ko’rsatuvchi buzg’unchi g’oyalar va tajovuzkor mafkuralar mavjudligidan kelib chiqadi.
Ikkinchidan, axborot-psixologik xavfsizlikka rioya qilinmasa, uning ta’sirchan choralari ko’rilmasa, buzg’unchi g’oyalar milliy qadriyatlarni barbod etish orqali tarixan mavjud bo’lgan xalqlar va millatlarni g’oyaviy genotsidga olib kelishi muqarrar.
Uchinchidan, tig’iz axborotlashgan jamiyatda axborot orqali zamonaviy ruhiy ta’sir texnologiyalarining tobora rivojlanib borayotganligi shaxs va jamiyat tafakkurining shakllanishiga u yoki bu tarzda kuchli ta’sir o’tkazadi. Jamoatchilik fikrining qay darajada shakllanganligiga, xalqning siyosiy ongi, huquqiy bilimlari saviyasi, ma’naviy-ma’rifiy darajasiga qarab jamiyatning taraqqiyotga yoki tanazzulga yuz tutishi turgan gap.