Asosiy dasturiy ta’minot (baze software) — bu kompyuter ishini ta’minlovchi dasturlarining minimal to’plamidan iborat.
Ularga quyidagilar kiradi:
— operatsion tizim (OТ); — tarmoq operatsion tizimi.
Tizimli dasturiy ta’minoti klassifikatsiyasi
Yordamchi(xizmat kursatuvchi) dasturiy ta’minotga asosiy dasturiy ta’minot imkoniyatlarini kengaytiruvchi va foydalanuvchining ish muhitini (interfeysni) qulayroq tashkil etuvchi dasturlar kiradi. Bular tashxis qiluvchi, kompyuterning ishchanligini oshiruvchi, antivirus, tarmoq ishini ta’minlovchi va boshqa dasturlardir.
Shunday qilib, tizimli dasturiy ta’minotni sxematik ravishda quyidagicha tasvirlash mumkin.
Operatsion tizim (OТ). Kompyuterning yoqilishi bilan ishga tushuvchi ushbu dastur kompyuterni va uning resurslarini (tezkor xotira, diskdagi ma’lumotlar va hokazo) boshqaradi, foydalanuvchi bilan muloqotni tashkil etadi, bajarish uchun boshqa dasturlarni (amaliy dasturlarni) ishga tushiradi.
OТ foydalanuvchi va amaliy dasturlar uchun kompyuter qurilmalari bilan qulay muloqotni (interfeysni) ta’minlaydi.
Drayverlar. Ular OТ imkoniyatlarini kengaytiradi. Jumladan, kompyuterning kiritish — chiqarish qurilmalari (klaviatura, sichqoncha, printerlar va boshqalar)ni boshqarishda yordam beradi. Drayverlar yordamida kompyuterga yangi qurilmalarni ulash yoki mavjud qurilmalardan nostandart ravishda foydalanish mumkin.
Hozirgi davrda ko’plab OТlar mavjud:
— UNIX;
— MS DOS;
— OS/2;
— WINDOWS 95;
— WINDOWS 98;
— WINDOWS 2000;
— WINDOWS XP;
— WINDOWS 7;
— WINDOWS 7 Ultimate;
— WINDOWS 8;
— WINDOWS 8.1;
— WINDOWS 10 va h.k.
Birinchi shaxsiy kompyuterlar OТga ega emas edilar. Kompyuter tarmoqqa ulanishi bilan protsessor doimiy xotiraga murojaat etar edi. Ularda murakkab bo’lmagan dasturlash tili, masalan, Beysik yoki shunga o’xshash tilni qo’llovchi, ya’ni uni tushunib, unda yozilgan dastur bilan ishlay oluvchi maxsus dastur yozilgan bo’lar edi.
Ushbu til buyruqlarini o’rganish uchun bir necha soat kifoya qilar, so’ngra kompyuterga uncha murakkab bo’lmagan dasturlarni kiritish va ular bilan ishlash mumkin bo’lar edi. Kompyuterga magnitofon ulangach, chet dasturni ham yuklash imkoniyati yaratildi. Buning uchun bitta, LOAD buyrug’i kifoya edi, xolos.
Kompyuterga disk yurituvchilar ulanishi bilan OТga bo’lgan zaruriyat paydo bo’ldi. Disk yurituvchi magnitofondan shunisi bilan farq qiladiki, bu qurilmaga erkin murojaat etish mumkin.
Diskdagi dasturlarni faqat nomi orqali yuklash imkonini beruvchi operatsion tizim ishlab chiqildi va u disk operatsion tizimi (DOТ) deb nom oldi.
DOТ nafaqat diskdagi fayllarni yuklash, balki xotiradagi fayllarni diskka yozish, ikkita faylni bitta sektorga tushishining oldini olish, kerak bo’lgan paytda fayllarni o’chirib tashlash, fayllarni bir diskdan ikkinchisiga ko’chirish (nusxa olish) kabi ishlarni ham bajara oladi. Umuman olganda, DOТ foydalanuvchini alohida qog’ozlarda ko’plab yozuvlarni saqlashdan xalos etdi, disk yurituvchilar bilan ishlashni soddalashtirdi va hatolar sonini sezilarli darajada kamaytirdi.
OТlarning keyingi rivojlanishi apparat ta’minotining rivojlanishi bilan parallel bordi. Egiluvchan disklar uchun yangi disk yurituvchilar paydo bo’lishi bilan OТlar ham o’zgardi. Qattiq disklarning yaratilishi bilan, ularda o’nlab emas, balki yuzlab, hatto minglab fayllarni saqlash imkoniyati yaratildi.
Shu sababli fayllar nomida ham anglashilmovchiliklar paydo bo’la boshladi. Ana shunda DOТlar ham ancha murakkablashdi. Ularga disklarni kataloglarga bo’luvchi va ushbu kataloglarga xizmat ko’rsatuvchi vositalar (kataloglar orasida fayllarni ko’chirish va nusxa olish, fayllarni saralash va boshqalar) kiritildi. Shunday qilib, disklarda faylli struktura paydo bo’ldi. Uni tashkil etish va unga xizmat ko’rsatish vazifasi esa OТga yuklanadi. Qattiq disklar yanada katta o’lchamlarga ega bo’lishi bilan OТ ularni bir nechta mantiqiy disklarga bo’lishni ham «o’rganib» oldi.
Har bir yangi paydo bo’layotgan OТ kompyuterning tezkor xotirasidan yanada yaxshi, unumliroq foydalana oladi va yanada quvvatli protsessorlar bilan ishlay oladi.
1981 yildan 1995 yilgacha IBM PC kompyuterlarni asosiy operatsion tizimi MS DOS edi. Shu yillar ichida u MS DOS 22 versiyasigacha bo’lgan rivojlanish bosqichlarini bosib o’tdi.
MS DOS foydalanuvchi bilan kompyuterning apparat ta’minoti o’rtasidagi «vositachi» bo’lib xizmat qildi. Shuning bilan birga u insonga qaraganda kompyuterga yaqinroqdir. Kompyuterni ta’mirlash va unga xizmat ko’rsatish bo’yicha ko’pgina ishlar ham MS DOSda bajarilar edi.
WINDOWS operatsion tizimi grafik interfeysli OТlar hisoblanadi, chunki ular foydalanuvchi bilan grafik tasvirlar (yorliqlar, belgilar) yordamida muloqot qilish imkonini beradilar.