Ma’lumotlar chiqib ketish kanali deb konfedensial ma’lumotlar manbasidan yovuz niyatli shaxsgacha bo’lgan fizik yo’l tushuniladi. Bu yo’l orqali ma’lumot chiqib ketishi yoki saqlanayotgan ma’lumotga ruxsatsiz kirish mumkin. Ma’lumotlar chiqib ketish kanalining vujudga kelishi (paydo bo’lishi, o’rnatish) uchun ma’lum fazoviy, energetik va vaqtdagi sharoit hamda yovuz niyatli shaxsda ularga mos ma’lumotlarni qabul qilish va qayd qilish vositalari mavjud bo’lishi kerak.
Fizik xususiyatlarini inobatga olgan holda ma’lumotlar chiqib ketish kanalining paydo bo’lishini quyidagi guruhlarga ajratish mumkin:
–
vizual-optik; – akustik;
– elektromagnit (magnit va elektrik maydonni o’z ichiga oladi);
– material-buyumli (qog’oz, foto, magnitli tashuvchilar, turli ko’rinishdagi qattiq, suyuq, gaz holatidagi sanoat chiqindilari)
Vizual-optik Akustik Elektro-magnit Material-buyumli
Vizual-optik kanallar – bu bevosita yoki uzoqdan (jumladan televizion) kuzatishdir. Ma’lumot tashuvchi bo’lib, konfedensial ma’lumot manbasi chiqaradigan yoki undan qaytuvchi Ko’rinadigan, infraqizil va ultrafiolet diapazondagi yorug’lik xizmat qiladi.
Akustik kanallar. Inson uchun ma’lumotlarni eshitish qobiliyati ko’rishdan keyin ikkinchi o’rinda turadi. Shu sababli ma’lumot chiqib ketishi kanalining eng ko’p tarqalgani akustik kanal hisoblanadi. Akustik kanalda ma’lumot tashuvchilarga ultra (20000 Gs dan yuqori), eshitish va infratovush diapazondagi to’lqinlar kiradi. Inson eshitadigan tovush chastotasi 16 dan 20000 Gs gacha va inson gapirgandagi 100 dan 6000 Gs gacha bo’ladi.
Havoda akustik to’lqin tarqalganda havo zarralari tebranadi va buning natijasida biridan-biriga energiya uzatiladi. Agar tovush yo’lida to’siq bo’lmasa, u hamma tomonga birday tarqaladi. Agar tovush to’lqinlari yo’lida devor, oyna, eshik, tom va kabi boshqa to’siqlar bo’lsa, tovush to’lqini ularga ma’lum darajada bosim beradi hamda ularni ham tebrantiradi. Tovush to’lqinlarining bunday ta’siri akustik ma’lumot chiqib ketishi kanalining paydo bo’lishiga asosiy sabab bo’ladi.
Muhitga qarab tovush to’lqinlarining tarqalishi farq qiladi. Bu tovushning havo bo’shlig’ida to’g’ri
tarqalishi, qattiq muhitda (tarkibiy tovush) tarqalishidir. Bundan tashqari, tovushning bino va imoratlarga bosim bilan ta’siri qilishi ularning tebranishiga sabab bo’ladi.
Elektromagnit kanallar. Bunday hollarda ma’lumot tashuvchi, o’ta uzun to’lqin uzunligidan (10000 m – chastotasi 30 Gs dan kichik) submillimetrligacha (1-0,1 mm – chastotasi 300dan 3000 GGs gacha) bo’lgan diapazondagi elektromagnit to’lqinlar hisoblanadi. Bu ko’rinishdagi har bir elektromagnit to’lqin tarqalishning fazo va uzoqligi bo’yicha o’ziga xos xususiyatiga ega. Masalan, uzun to’lqinlar
juda uzoq masofalarga, millimetrlilar esa aksincha, faqat to’g’ri yo’nalishda bir va bir necha o’n kilometrga tarqaladi. Bundan tashqari, turli telefon va aloqa simlari hamda kabellari o’z atrofida magnit va elektr maydonini hosil qiladi. Yaqin masofada bular ham ma’lumotlarning chiqib ketishi elementlariga kiradi.