Axloqiy madaniyat turlari va ish odob



Yüklə 24,32 Kb.
tarix02.01.2022
ölçüsü24,32 Kb.
#42888
kasbiy madaniyat


Axloqiy madaniyat turlari va ish odob 



  1. Axloqiy madaniyat turlari va kasbiy odob. 

  2. Axloqiy tarbiya.

  3. Aхloqning boshqa ijtimoiy - ma’naviy hodisalar bilan o’zaro aloqalari: aхloq va din, aхloq va huquq, aхloq va siyosat, aхloq va san’at, aхloq va fan, aхloq va mafkura. 

Aхloqiy madaniyatning eng muhim unsurlaridan biri  -  muomala odobi. U mohiyatan o’zaro hamkorlikning shakllaridan biri. Inson zoti bir - biri bilan hamkorlik qilmasdan, o’zaro tajriba almashmasdan, bir - biriga ta’sir ko’rsatmasdan rasmona yashashi mumkin emas. Muomala odam uchun ehtiyoj, zarurat, sog’lom kishi usiz ruhan qiynaladi, kayfiyati tushib boradi. Bu o’rinda buyuk ingliz yozuvchisi Daniel Defo qalamiga mansub mashhur «Robinzon Kruzoning sarguzashtlari» asarini eslashning o’ziyoq kifoya: Jumaboyni topib olgan Robinzonning naqadar quvonishiga ham sabab ana shunda.

Muomala odobi boshqa kishilar qadr  -  qimmatini, izzatini joyiga qo’yishni, an’anaviy aхloqiy me’yoriy talablarni bajarishni taqazo etadi. Shuning barobarida, u insondagi yaxshi jihatlarni namoyon etishi, ko’zga ko’rsatishi bilan ham ajralib turadi. Uning eng yorqin, eng sermazmun va eng ifodali namoyon bo’lishi so’z, nutq vositasida ro’y beradi. So’zlash va tinglay bilish, suhbatlashish madaniyati muomalaning muhim jihatlarini tashkil etadi. Shu bois muomala odobi o’zini, eng avvalo, shirinsuhanlik, kamsuqumlik, bosiqlik, hushfe’llilik singari aхloqiy me’yorlarda namoyon qiladi.

Muomala odobining yana bir «ko’zgusi» bu – insoniy qarash, nigoh. Ma’lumki, odamning qarashida, yuz ifodasida, qo’l harakatlarida uning qay sabablardandir tilga chiqmagan, so’zga aylanmagan hissiyoti, talablari o’z aksini topadi. Chunonchi, suhbatdoshining gapini ohirigacha eshitmay, qo’l siltab ketish – muomaladagi madaniyatsizlikni anglatadi. Ba’zan qarab qo’yishning o’zi so’zdan ham kuchliroq ta’sir ko’rsatadi. Deylik, bir quruvchi usta o’z shogirdining hatti  -  harakatlaridan noroziligini bildirish uchun bosh chayqab, jilmayib qo’yishi mumkin. Ikkinchi usta esa, bir lahza o’qrayib qarash bilan munosabatini ifodalaydi. Birinchi usta yuz ifodasi va hatti  - harakati bilan; «Obbo shovvoz - ey, sal shoshilibsan - da, ha, mayli, zarari yo’q, shunaqasi ham bo’ladi», degan ma’noni anglatsa, ikkinchi ustaning qarashidan; «Yana ishni rasvo qilibsan - ku, padarla’nat, qachon odam bo’lasan?!», degan so’zlarni uqish mumkin. Shubhasiz, birinchi usta muomalada odobga rioya qilgan bo’lsa, ikkinchisi uning aksi – shogirdining emas, o’zining odobsizligini ko’rsatmoqda.

Umuman olganda, muomala odobi kishilarning nasihat va odob o’rgatishsiz bir  -  biriga ta’siri, tarbiya va o’z  -  o’zini tarbiya vositasi sifatida diqqatga sazovordir. Shu sababli yoshlarimizda muomala odobini shakllantirish hozirgi kunda jamiyatimiz oldida turgan muhim vazifalardan biridir. Bunda ota  - onaning, mahalla - ko’yning ta’siri katta. Undan foydalana bilash kerak. Zero aхloqiy komillikka erishish muomala odobini egallashdan boshlanadi.

Aхloqiy madaniyat yaqqol ko’zga tashlanadigan munosabatlar ko’rinishidan biri, bu – etiket. U ko’proq insonning tashqi madaniyatini, o’zaro munosabatlardagi o’zni tutish qonun  -  qoidalarining bajarilishini boshqaradi. Agar muomala odobida inson o’z munosabatlariga ijodiy yondoshsa, ya’ni bir holatda bir necha muomala qilish imkoniga ega bo’lsa, etiket muayyan holat uchun faqat bir hil qoidalashtirib qo’yilgan hatti - harakatni taqozo etadi.

Etiketning qamrovi keng, u, ma’lum ma’noda, xalqaro miqyosda qabul qilingan muomala qonun  -  qoidalarini o’z ichiga oladi. Masalan, siyosiy arbob etiketi, mehmondorchilik etiketi va h. k. Etiketga rioya qilishning mumtoz namunasini biz tez - tez televizor ekrani orqali ko’rib turamiz. Prezidentimiz Islom Karimovga horijiy mamlakatlar elchilarining ishonch yorliqlarini topshirish marosimlarini eslang. Unda faqat bir hil holat, xalqaro miqyosda o’rnatilgan qoida hukmron. Uni Prezidentning ham, elchilarning ham buzishga haqqi yo’q. Yoki juda oddiy, kichkina bir misol: dasturhonda tanovul payti, pichoqni o’ng qo’lda ushlash zamonaviy mehmondorchilik etiketining qat’iy qoidalaridan biri sanaladi – uni buzish atrofdagilarda hayrat va istehzo uyg’otadi. Shu bois etiketni odat tusiga aylantirilgan, qat’iylashtirilgan muomala odobi deyish ham mumkin.

Etiket – takallufning mayda - chuyda jihatlarigacha ishlab chiqilgan odob qoidalari sifatida ijobiy, kishining ko’zini quvontiradigan muomala hodisasi. Lekin, ayni paytda, u asl aхloqiy asosini yo’qotgan majburiy mulozamat tarzida ham namoyon bo’ladi: etiket qoidalarini bajarayotgan kishi aslida o’z hohish - ihtiyoriga qarshi ish ko’rayotgan bo’lishi ham mumkin. Bu jihatdan u munofiqlikning bir ko’rinishiga aylanadi. Masalan, siz ertalab ishga shoshilib, darvozadan chiqdingiz, deylik. Ro’parangizda tanishingiz yoki qo’shningiz uchraydi. Siz ko’rishib, hol - ahvol so’rashib uni: «Qani uyga kiramiz, choy qilamiz, bir hangomalashamiz», deb ichkariga taklif qilasiz. Lekin, aslida, siz uning uyga kirishini aslo istamaysiz, vaqtingiz yo’q, hatto, shu uchrashganda ketgan vaqtingizni o’ylab, pitirlab turibsiz. Demak, siz o’z istagingizga qarshi, etiket - mulozamat yuzasidan yolg’on gaplarni aytasiz, hunuk eshitilsa ham na chora – munofiqlik qilasiz. Shunga qaramay, umuman olganda, etiket shaxsni muayyan tartib - qoidaga, qanday ichki ruhiy sharoitda bo’lmasin, bosiqlikka, muloyimlikka va sabr - toqatga o’rgatishi bilan ahamiyatlidir.

Aхloqiy madaniyat kasbiy odobda ham yaqqol ko’zga tashlanadi. Chunki inson voyaga etib, bir kasbning boshini tutgach, o’z kasbi doirasida odamlar bilan muntazam munosabatda bo’ladi. Bu munosabat, bir tomondan, hamkasabalar davrasida ro’y bersa, ikkinchi jihatdan, u kasb talabiga binoan uchrashadigan turli toifadagi odamlar bilan yuzaga keladi. Ayni paytda, kasbiy odob aхloqiy madaniyatning eng yuksak shakllaridan biri, uning jamiyat aхloqiy hayotidagi o’rni yuksak. Shu bois kasbiy odobga bafurjaroq to’xtalish joiz.

Har bir jamiyatda muayyan guruhlar borki, egallagan kasblari ularni boshqa jamiyatdoshlariga nisbatan imtiyozli darajaga olib chiqadi. Ko’pchilik jamiyat a’zolarining hayot - mamotlari, sog’ligi, ma’naviy sog’lomligi, huquqiy himoyasi, ilmiy salohiyatining namoyon bo’lishi kabi omillar o’shanday imtiyozli kasb egalarining o’z kasbiy burch mas’uliyatini qay darajada his etishlariga, halollik va vijdon yuzasidan ish ko’rishlariga bog’liqligi hammaga ma’lum. Chunonchi, tabobat xodimini, jarrohni olaylik. Deylik, u har bir operaciya kunida bir necha kishini hayotga qaytaradi; yuzlab odamlar uning yordamiga muhtoj, unga umid va ishonch ilinji bilan qaraydilar. Bordi - yu, shaxsiy manfaat yo’lida jarroh o’z bemoriga xiyonat qilsa - chi, ya’ni, uni qasddan halok etsa - chi? Kim uni shunday qilmasligini kafolatlaydi? Yoki jurnalistni olaylik. U shaxsiy manfaati yo’lida, kasbining kamyobligidan foydalanib, begunoh kishilarni ma’naviy azobga qo’yishi, atayin jamiyat oldida sharmanda qilishi va shuning hisobiga o’zining ba’zi bir muammolarini hal qilib olishi mumkin emasmi? Mumkin. Zero, to haqiqat yuzaga chiqquncha, nohaq tanqidga uchragan shaxsning adoi tamom bo’lishi hech gap emas. Ho’sh, jurnalistning shunday qilmasligini kim kafolatlaydi? Shu bois boshqalarning qo’lidan kelmaydigan ishlarni bajara oladiganlar faoliyatida o’zboshimchalik, manfaatparastlik, hudbinlik va kasbni suiste’mol qilish singari illatlarga yo’l qo’ymaslik uchun, shuningdek, ular aхloqiy darajasini yuksak bosqichda turishini ta’minlash maqsadida ko’p hollarda o’zaro qoidalar majmui yaratilgan. Bu qoidalar majmui, odatda, qasamyod yoki me’yorlar ko’rinishini olgan. Uni buzish o’ta odobsizlik va aхloqsizlik, hatto jamiyatga xiyonat tarzida baholanadi. Bunday qasamyodlar juda uzoq tarixga ega. Misol tariqasida hozirgi kunda ham o’z ahamiyatini yo’qotmagan Qadimgi Yunon Hakimi hippokrat (milodgacha V - IV asrlar) tomonidan qisqa va lo’nda shaklda tuzilgan, tabobat xodimlari kasbiy odobi, qonun - qodalari jamlangan mashhur «Hippokrat qasami»ni keltirish mumkin.

Tarixda o’z dushmanini davolagan tabiblar ham ko’p uchraydi. Chunonchi, qadimgi hind eposi «Ramayana»da (II - asr) behush yotgan Lakshman boshida turgan devlar shohining xos tabibi kechinmalari shu jihatdan muhim. Tabib oldida ikki yo’l bor edi: biri – saltanat dushmanini muhtoj bemor sifatida davolash, ikkinchi yo’l davolashdan bosh tortish bilan uni o’limga mahkum etish. Tabib uzoq mulohazadan so’ng, tabiblik odobi qoidalariga bo’ysunishni – Lakshmanni davolashni afzal ko’radi. Zero kasbiy odob qonun - qoidalari talabiga ko’ra, bemor to’shagi ustidagi tabib uchun do’st yoki dushman degan tushunchalar o’z ma’nosini yo’qotadi, uning qoshida faqat tibbiy yordamga intizor, shafqatga muhtoj, zaif inson yotadi. Davolanib hayotga qaytgan Lakshman devlar mamlakatining tengsiz buyuk jangchisi va saltanat valiahdi Indirjidni jangda halok etadi hamda tabib fuqaro bo’lgan Lanka davlatining tanazzuliga yo’l ochadi. Lekin, kitobhon tabibni xiyonatkor yoki sotqin demaydi, aksincha, uning ma’naviy jasaratiga, halolligiga, kasbiy burchiga sodiqligiga hayrat bilan tasannolar o’qiydi. Yoki mashhur rus olimi akademik Andrey Saharovning taqdirini olaylik. Buyuk nazariyotchi, fizik, termoyadro sohasida tengi yo’q mutahassis, vodorod bombasining asosiy kashfiyotchisi, Vatan mudofaasini mustahkamlashdagi xizmatlari uchun o’nlab orden va medallar sohibi, ikki marta Sosialistik Mehnat Qahramoni, obro’li, badavlat bu insonga nima etishmasdi? Nega u hammasidan kechishga – ommaviy qirg’in qurollarini, jumladan, o’zi yaratgan vodorod bombasi sinovlariga ochiq bayonotlar bilan qarshi chiqishga ahd qildi. Natijada qatag’onlarga asoslangan Sho’rolar tuzumi uni ilmiy jamoatchilikdan ajratib, poytahtdan olisdagi Rossiya shaharlaridan biriga badarg’a qildi, uning nomini matbuotda yoki kitoblarda qayd etilishini ta’qiqladi. Vaholanki, u hammadan izzatliroq yashay olishi mumkin edi. Saharov yuksak aхloq yo’lini tanladi – olimlik burchi, odobi talablarini bajarishni har qanday boylik, izzat - ikromdan baland qo’ydi. Buyuk olim o’z kashfiyoti insonning eng oliy huquqi bo’lmish – yashash huquqiga rahna solishi mumkinligi va qisman solayotgani uchun uni amalda qo’llanilishiga qarshi kurashdi. U sho’rolar mafkurasining o’zini Vatan mudafaasi quvvatini susaytirishga harakat qilgan salkam xiyonatkor fuqaro deb e’lon etishiga, boshiga behisob tuhmatlar, ta’na - dashnomlar yog’dirishiga sabot bilan chidadi, ahdidan qaytmadi, yovuzlik saltanati qo’lida o’z olimlik iste’dodining qo’g’irchoq bo’lishiga, harbiy murvatga aylanishiga yo’l qo’ymadi. Ohir - oqibatda u inson huquqlarining jahon tan olgan eng buyuk himoyachilaridan biri sifatida butun insoniyat tahsiniga sazovor bo’ldi. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin.

Bulardan tashqari, muallimlik odobi, huquq - tartibot xodimlari odobi, muhandis odobi singari birqancha kasbiy odob turlari borki, ular ham jamiyatda aхloqiy munosabatlar silsilasida muhim ahamiyatga ega. Shuni ham aytish kerakki, barcha kasbiy odob qonun  -  qoidalarining ta’sir doirasi, miqyosi bir xil emas. Ba’zi bir kasbiy odobning buzilishi oddiy odobsizlik doirasidan chiqib, aхloqsizlikka aylanib ketadi. Masalan, rahbarlik odobidagi ba’zi nuqtalarga tuxtalaylik. Rahbar quyi lavozimdagilarga mensimay, qo’pol munosabatda bo’lishi, o’ziga ishonib topshirilgan hudud yoki tashkilotdagi oddiy odamlar arz - dodiga, orzu - istaklariga to’ralarcha sovuqqon qarashi odobsizlikka kirsa, uning shaxsiy boylik orttirishi yo’lida korrupciya vositasida mamlakat, viloyat yoki tashkilot manfaatlarini qurbon qilishi aхloqsizlik, na faqat rahbarlik kasbiga balki Vatanga ham xiyonat tarzida baholanishi mumkin. Ba’zan kasbiy odobni kasbiy aхloq deb atalishi ham shundan.

Yuqorida keltirilganlardan ko’rinib turibdiki, kasbiy odob muammosi, ba’zilar o’ylaganidek, aхloqshunoslikning mayda masalalaridan emas. Uni har tomonlama o’rganish kasbiy erkinlik va kasbiy burch munosabatini tadqiq etish XXI asr aхloqshunosligida muhim o’rin egallayajak. Zero kasbiy odob shaxs va jamiyat aхloqiy hayotida o’zini amaliy aхloq tarzida namoyon etuvchi ma’naviy hodisa sifatida baholanishi lozim.

2. Insonning aхloqiy hayoti uning aхloqiy tarbiyasi bilan chambarchas bog’liq. Zero aхloqiy tarbiya insonning shaxs bo’lib etishuvini ta’minlaydigan uzluksiz jarayonlaridan biri. Unda individ aхloqiy qadriyatlarni anglab etadi, o’zida aхloqiy fazilatlarni barqaror etadi, aхloqiy tamoyillar va me’yorlar asosida yashashga o’rganadi. Aхloqiy tarbiya insoniyat tarixi mobaynida ikki muhim masalaga javob izlaydi: bulardan biri - qanday yashamoq kerak, ikkinchisi – nima qilmog’ - u, nima qilmaslik lozim. Ana shu savollarga javob izlash jarayoni aхloqiy tarbiyaning amaliy ko’rinishidir.

Tarbiya ona qornidan boshlanadi degan gap bor. Uning asl ma’nosi, avvalo, ota - onaning o’zi aхloqiy tarbiya ko’rgan bo’lishi kerak degani. Zero qush inida ko’rganini qiladi: ota - ona oilada yuksak aхloq namunasini ko’rsatishi lozim.

Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, aхloqiylik insonda faqat aхloqiy tarbiya vositasidagina vujudga keladi, degan moddiyatchilik qarashlari ko’p yillar mobaynida hukmronlik qilib keldi. To’g’ri, aхloqiy tarbiyaning ahamiyati nihoyatda katta. Lekin aхloqiylik insonga uning insoniylik belgilaridan eng muhimi sifatida ato etilgan ilohiy ne’mat. Shu ma’naviy ne’mat – asosni aхloqiy tarbiya yordamida takomillashtiramiz. Aks holda maymun va itlardan ham aхloqiy mavjudot tarbiyalab etkazishimiz mumkin bo’lur edi.

Shunday qilib, aхloqiy tarbiya inson farzandini takomilga, komillikka etkazish yo’llaridan biri. Uning vositalari ko’p. Ularning bir qismi an’anaviy tarbiya vositalari bo’lsa, yana bir qismi zamonaviy vositalar. Odatda, har ikki turdagi vositalardan foydalaniladi. Chunonchi, maktabgacha bo’lgan aхloqiy tarbiyada ertak va rivoyatlar vositasidagi an’anaviy tarbiya bilan o’yinchoqlar va o’yinlar vositasidagi zamonaviy tarbiya muvaffaqiyatli qo’llaniladi; bunda bolaning qizg’anchiqlik, g’irromlik qilmaslikka, halol bo’lishga o’yinlar yordamida da’vat etiladi. Bolalar aхloqiy tarbiyasida televidenie, radio, qo’g’irchoq teatri, kino san’ati katta rol o’ynaydi.

Umuman, aхloqiy tarbiyaning eng kuchli vositasi san’at. Bu vosita aholining barcha tabaqasini, turli yoshdagi shaxslarni qamrab oladi. Ayniqsa, san’atning badiiy adabiyot turi keng qamrovli. Ertakdan tortib, romangacha bo’lgan janrlarda chop etilgan asarlar shaxsning aхloqiy shakllanishida ulkan xizmat ko’rsatadilar. Ular orqali kitobhon tarbiyalanuvchi sifatida ezgulik va yovuzlik nimaligini badiiy idrok etadi; ideal tanlashda ham ularning ahamiyati katta. Bundan tashqari, badiiy adabiyotning bevosita aхloqiy tarbiyaga mo’ljallangan hikoyatlar, rivoyatlar va nasihatlar majmualari borki, biz ularni, yuqorida ko’rganimizdek, pandnomalar deb ataymiz: «Kalila va Dimna», «Qobusnoma», «Guliston», «Zarbulmasal» singari bunday mumtoz asarlar an’anaviy aхloqiy tarbiya vositasi sifatida necha asrlardan buyon qanchadan - qancha avlodlarga xizmat qilib keldi, bundan buyon ham shunday bo’lib qolajak.

Aхloqiy tarbiyaning barcha zamonlar uchun dolzarb bo’lgan yo’li bu – namunaviylik tamoyili. Oilada, avvalo, yuqorida aytilganidek, ota  -  ona bolaga aхloqiy namuna bo’lishi kerak. Maktabda va oliy o’quv yurtida muallimlarning ta’lim berish usullaridan tortib, to «mayda - chuyda» hatti - harakatlarigacha o’z shogirdlari tomonidan shaxsiy namuna tarzida qabul qilinishini nazardan qochirmaslik lozim. Ustoz - shogirdlik munosabatlaridagi muomala odobi, halollik, rostgo’ylik yoshlar aхloqiy tarbiyasining shakllanishini ta’minlovchi omillardandir.

Hozirgi paytda aхloqiy tarbiyaning eng kuchli zamonaviy vositasi sifatida televidenieni keltirish mumkin. U deyarli barcha san’at turlarida yaratilgan asarlarni ekranlashtirish va ekranda ko’rsatish imkoniga ega. Bundan tashqari, unda maxsus aхloqiy tarbiyaga bag’ishlangan muntazam ko’rsatuvlar ham berib boriladi. O’zbek tilidagi «Otalar so’zi  -  aqlning ko’zi», «Rivoyat», «Oqshom ertaklari» singari ko’rsatuvlar bunga misol bo’la oladi. Shu bois televidenie hech qachon engiltaklikni targ’ib etuvchi qo’shiqlar, salkam pornografik reklamalar, inson qalbini qatttiqlashtiradigan «o’ldir  - o’ldir»lardan iborat videofilmlar korxonasi bo’lib qolmasligi kerak.

Aхloqiy tarbiyaning aqliy  -  ma’naviy va jismoniy tarbiya bilan qo’shib olib borilishi maqsadga muvofiq. O’shanda jamiyatimiz har jihatdan kamol topgan fuqarolik jamiyatiga aylanadi. Mamlakatimizda buning uchun barcha huquqiy  -  ijtimoiy shart  -  sharoitlar yaratilgan.

3. Aхloq – ma’naviyat tizimida eng salmoqli o’rinni egallaydi va undagi boshqa sohalar bilan mustahkam aloqada ish ko’radi. Endi ana shu aloqalarning eng muhimlariga qisqacha to’xtalib o’tamiz.

Avvalo, aхloq bilan din masalasini olib qaraylik. Bu borada yana, yuqoridagi fikrlarga qo’shimcha qilib, shuni aytish mumkinki, mohiyatan din inson hayotining aхloqiyligini taqozo qiladi. Shu bois diniy - shar’iy tamoyillar va me’yorlar, hadisi sharifdagi o’gitlar aхloq  -  odob qoidalari bilan chambarchas bog’liq. Chunonchi, inson eng oliy qadriyat sifatida qat’iy muhofaza etiladi. Odam o’ldirish mumkin emas, odam o’ldirish eng ulkan aхloqsizlik hisoblanadi. O’g’rilik, birovning haqini eyish, munofiqlik, aldash, yolg’on gapirish va shu kabi boshqa turli illatlar ham diniy  -  shar’iy, ham aхloqiy nuqtai nazardan man etiladi. Aksincha, insonni e’zozlash, odamlarning bir  -  biriga ko’makdosh bo’lishi, to’g’rilik, rostgo’ylik, halollik, rahmdillik, qavmdoshi qanday yuksak darajada bo’lmasin, unga hushomad qilishdan tiyinish, faqat yaratgangagina sig’inish singari fazilatlar ayni paytda ham diniy taqvo, ham aхloqiy talab tomonidan ma’qullangan hatti  -  harakatlardir. Shu bois aхloqni dindan mustaqil, muxtor ma’naviy hodisa sifatida talqin etuvchi markscha  -  lenincha qarashlar mantiqiy va ilmiy asosga ega emas. Din, ta’kidlaganimizdek, insonni aхloqiylashtirishning vositasi tarzida ish ko’radi. Demak, diniy taqvo bilan aхloqiy talabning ildizi bir. har ikki holatda ham vijdon ko’zga ko’rinmaydigan boshqaruvchi murvat sifatida namoyon bo’ladi. Bu botiniy ko’rinish; zohiriy ko’rinish esa shar’iy hukmlar va huquqiy qonunlarda o’z aksini topadi.

Aхloqiy talab huquqiy qonun  -  qoidalarda o’z aksini topadi, deyish bilan biz aхloq va huquqning mustahkam aloqaga ega ekanini tasdiqlab turibmiz. Zero aslida ham shunday. Muayyan jamiyatdagi huquqiy qonun - qoidalar o’sha mintaqa xalqi tomonidan asrlar mobaynida ishlab chiqilgan aхloqiy aqidalar, tamoyillar, me’yorlar, shuningdek, nisbatan umumiylik xususiyatiga ega bo’lgan urf - odatlar zamirida vujudga keladi. Lekin ba’zi bir urf  -  odatlar, an’analar huquqiy me’yorlar darajasiga ko’tarila olmasligi ham mumkin. Buning sababi, ularning, avvalo, nisbatan xususiy tabiatga ega bo’lganida, qolaversa, aхloqiy va huquqiy taraqqiyot talablariga javob bera olmasligida. Masalan, johiliyat davrida arablarda qiz tug’ilsa, uni tiriklay ko’mib tashlash odati bo’lgan. Keyinchalik, musulmonlik yoyilganda, bu odat g’ayri muslimlik odati sifatida rad etildi. Hozirga kelib, unday hodisa huquqiy qonunlar asosida jinoyat deb qaraladi. Yoki bizning mintaqada qadimda mavjud bo’lgan hun olish odati ham hozirda jinoyat sifatida jazoga loyiq hisoblanadi. Bunday misollarni ko’plab keltirish mumkin.

Folanilgan adabiyotlar:

“Axloqshunoslik” darsligi Abdulla Sher

Ziyonet.uz



Aim.uz
Yüklə 24,32 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin