Ijgimoiy pedagogika rivojining ikkinchi davri XVII – XIX asrlar ijtimoiy pedagogika uchun eng ilg‘or g‘oyalar va ilmiy konsepsiyalar bilan boyitilgan davr bo‘ldi desak, xato bo‘lmaydi.
XIII-XIX asrlar (burjua-demokratik inqiloblar davri) olimlarining (pedagog, faylasuf, sosiolog, psixologlar) davlat va jamoat institutlari bilan hamkorlikda ijtimoiy-pedagogik muammolarni hal qilish g‘oyalarining paydo bo‘lishi davridir. Tarbiya masalalari jamiyat islohotlari, inson huquklari tengligi bilan bog‘lana boshlangan. Aynan shu davrda ijtimoiy pedagogikadagi asosiy yo‘nalishlarning aniq faoliyatda amalga oshishi sodir bo‘ladi.
Ijtimoiy pedagogik g‘oyalarning rivojlanishiga fransuz faylasufi, yozuvchi, ma’rifatparvar J. J. Russo(1712-1778) ulkan hissa qo‘shgan. U huquqiy, diniy va tabiiy rivojlanish asosiga qurilgan tabiatan shakllangan tarbiya g‘oyalarini ilgari suradi. Rus qomusiy olimi va pedagogi M. V. Lomonosov (1711-1765) o‘z “Reglamentlar”ida tarbiyaning xalqparvar g‘oyalarini, insonga faol shaxs sifatida yondashuvni hamda bolada axloqiy sifatlarini shakllantirishning o‘ta muhimligini bayon etgan.
Yangi ijtimoiy pedagogik g‘oyalar fransuz faylasufi va ma’rifatparvari Klod Adriana Gelvesiy(1715-1771) ishlarida ham tilga olingan bo‘lib, ular tarbiya omillari hisoblanmish muhit va pedagogik ta’sir hamda shaxs va jamiyat manfaatlarining birligi masalalaridir.
Shveysariyalik buyuk pedagog Iogann Genrix Pestalossi (1746-1827) o‘z faoliyatida ijtimoiy pedagogik nazariya va amaliyotni birlashtirgan va o‘z mablag‘lari hisobiga yetimlar uylarini ochgan.
Ingliz faylasufi va pedagogi Robert Ouen(1771-1858) o‘zining 1813 yilda nashrdan chiqqan “Jamiyatga yangicha qarash yoki insonda xarakterni tarkib toptirish to‘g‘risidagi tajriba” degan asarida odamning xarakteri, uni o‘rab turgan ijtimoiy muhit sharoiti bilan tarkib topadi, deb ta’kidlaydi. Uningcha, odamlarning illatlari va xatti-harakatlari ular yashab turgan ijtimoiy muhit vaziyatiga bog‘liqdir. Odam, - deydi Ouen, - o‘z xarakterini hech qachon o‘zi yaratgan emas va uni yaratishi mumkin ham emas. Uning fikricha, agar biz muhit sharoitini va tarbiyani o‘zgartirsak, har qanday xarakterni tarkib toptirishimiz mumkin. Robert Ouen bolalarga bir yoshdan boshlab ijtimoiy tarbiya berish g‘oyasini olg‘a surib, uni asoslab berdi va amalda sinab ko‘rdi. U jahonda birinchi bo‘lib ishchilar bolalari uchun maktabgacha tarbiya muassasasi barpo etdi. Uning ta’lim muassasasida aqliy va jismoniy tarbiya berilib, bolalar jamoa ruhida tarbiyalanar edilar. Uning ijtimoiy pedagogik faoliyati bir qancha qiziqarli va sermahsul tajribalardan iborat bo‘ldi. Nyu-Lenarkda “Inson xarakterini tuzishning yangi instituti”ni ishchilarning turmush darajasini yaxshilash uchun yaratib, u amaliyotda ishlab chiqarish ta’limini madaniyat bilan bog‘lab qo‘ydi. Jahonda ilk marta didaktik o‘yinlar o‘tkaziladigan, bolalarning jismoniy holati haqida g‘amxo‘rlik qiladigan muassasalar u tomonidan tuzilgan.
Ingliz faylasufi Gerbert Spenser(1820-1903) oilaning shaxs shakllanishidagi o‘rni haqidagi ijtimoiy-pedagogik g‘oyalar bilan singdirilgan asarlar yaratgan. Bu maqsadlarga erishishi uchun u qiziq usulni ilgari surgan, ya’ni Angliyaning davlat va siyosiy tuzilmasini oila va maktab tomonidan imitasiyalashuvini ilgari surgan.
XIII asr shunisi bilan xarakterliki, bu davr mobaynida, bir tomondan, ijtimoiy pedagogikaning pedagogika fanidan ajralish jarayoni sodir bo‘lgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, uning psixologiya, sosiologiya, tibbiyot, falsafa kabi fanlar bilan yaqinlashuvi ro‘y bergan.
XIX asrda ijtimoiy pedagogikaning asosiy yo‘nalishlari quyidagilardan iborat bo‘lgan.