Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org
3-§. Ongning kelib chiqishi Ongning kelib chiqishi muammosi bo‘yicha quyidagi falsafiy-nazariy yondashuvlar tarixan tarkib topdi.
Diniy yondashuv. Diniy nuqtai nazardan ong (jon) Xudo tomonidan yaratilgandir, ya'ni u ilohiy xilqatdir.
iudaizmda ham, nasroniylikda ham, islomda ham birday e'tirof etilgan Tavrotda jonning ilohiy xilqatligi qo‘yidagicha tasvirlangan: «Xudoyi taolo odamni yer gardidan yaratdi va uning yuziga hayot nafasini purkadi va odam tirik jonga aylandi»307. O‘z navbatida bu syujetning ildizlari qadim-qadimgi zamonlarga borib taqaladi. Xudoning nafasi orqali odam jonining kelib chiqishi haqidagi bunday tasavvurlar ibtidoiy jamiyat va uning parchalanishi bosqichlarida turgan ko‘pgina xalqlarning mifologiyasida keng yoyilgan. Xususan, ular Yangi Zelandiyadagi maorilar qabilasida, Avstraliya aborigenlarida, Taiti orollari aholisida, qadimgi hind mifologiyasida, Shimoliy Amerika hindulari va boshqa xalqlarda mavjud bo‘lganligi aniqlandi308.
Idealistik yondashuv. Idealizm ideal narsaning, ruhiy mohiyatning moddiy voqyelikdan tashqarida va ungacha mavjud bo‘lganligini e'tirof etadi. Turli idealistik tizimlarda ongning kelib chiqishi turlicha talqin qilinadi. Bir xil tizimlarda u – xuddi dindagi kabi – ilohiy xilqatdir. Boshqa tizimlarda – dualizmda, gilozoistik ta'limotlarda – ong abadiy yashaydi, buning boisi bu ta'limotlarga binoan ruhiy substansiyaning mustaqil yashashi yoki tabiatning umumiy jonlanishidir. Masalan, Teyyar de Sharden falsafasida hamma narsalar o‘zining go‘yo «ichki» tomoniga ega. yerning «ichki» tomoni haqida gapirar ekan, Teyyar de Sharden bunday deb yozadi: «Bu ibora bilan ... men kosmik to‘qimaning avval boshdanoq yosh yerning kichkinagina o‘lchamlari bilan cheklangan qismining «psixik» tomonini ifodalayman. Yulduzlar moddasining bu ajralib chiqqan parchasida – universumning hamma yeridagi singari – narsalarning tashqi tomoni muqarrar ravishda tegishli ichki dunyo bilan birga bo‘ladi»309. Teyyarning fikricha, «aslida har qanday energiya psixik tabiatga ega»310. Uchinchi xil tizimlarda (Xegel falsafasidagi singari) odamning ongi allaqanday azaliy ruhiy mohiyat (Absolyut Ideya, Olam Ruhi) rivojining muayyan bosqichida paydo bo‘ladi.
Materialistik yondashuv. Materializm doirasida ham ongning kelib chiqishiga turlicha yondashuvlarni ajratib ko‘rsatish mumkin. Ba'zan vulgar materializm deb ataladigan fizikalizm va radikal reduksionizm idealni tamomila moddiydan, fizik reallikdan iborat qilib qo‘yib, ongni materiyaning muayyan turi deb talqin qiladi. Ongni fizikalistik talqin qilish antik falsafadayoq paydo bo‘lgan. Masalan, Demokrit jon alohida atomlardan iborat, deb hisoblagan. XIX asrda Byuxner, Fogt, Moleshott va boshqalar fikr miya ajratib chiqaradigan alohida moddadir, deb hisoblaganlar. XX asrda fizikalizm «ilmiy materializm»da o‘z aksini topdi, unga ko‘ra «Tabiiyotning, xususan fizikaning metodlari inson mohiyatining mukammal ta'rifini bera oladi»311. Moddiylik bilan ideallikni qorishtirib yuboruvchi fizikalizmda moddiydan mutlaqo farq qiladigan idealning kelib chiqish muammosi amalda olib tashlanadi. Biologiyalashtirilgan yondashuv inson ongi bilan hayvon psixikasini sifat jihatdan farqlantirmasdan, ongning kelib chiqishini faqat biologik evolyusiya omili bilan bog‘laydi.
Ongning kelib chiqishi muammosi eng murakkab muammolardan biridir. Uni hal qilishning qiyinligi ikki omil bilan bog‘liq. Birinchidan, so‘z bizning zamonamizdan ancha ilgari, bundan yuz ming yillab avval bo‘lib o‘tgan jarayonlar va voqyealar to‘g‘risida boradi. Ikkinchidan, so‘z ideal hodisa kabi fenomen to‘g‘risida, ya'ni o‘zida moddiylikdan asar ham bo‘lmagan hodisa to‘g‘risida borayotganligi sababli, tadqiqot ob'ekti – ongning arxaik shakl va faktlari – bizga bevosita berilgan emas. Ongning kelib chiqishini tarixan qayta tiklash fanlararo ilmiy muammo bo‘lib, uni faqat kompleks yondashuv asosidagina hal qilish mumkin.
Inson ongining kelib chiqishini tushunib olish kaliti, bu – uning biologik tuzilishi (eng avvalo, miyaning g‘oyat murakkab tuzilishi va funksiyasi) hamda shakllanayotgan odamning tabiatni va o‘zini o‘zgartirib borgan faoliyatidir. Insonning amaliy faoliyati mohiyatini tushunmay turib ongning kelib chiqishini tushunish mumkin emas. Hayvondagi in'ikos shakllari bilan odamdagi in'ikos shakllari o‘rtasidagi tub farqning sababi ular faoliyatining xarakteridadir. Hayvonlarning instinktiv-biologik, adaptatsion-moslashuvchanlik faoliyati odamning mehnatidan qanchalik farq qilsa hayvonlarning psixik faoliyati ham odamning ongidan shunchalik farq qiladi.
Hayvonlarning psixikasi ularning biologik faoliyati negizida tug‘iladi va ishlaydi. Ma'lumki, maxsus tajribalarda antropoidlar (odamsimon maymunlar) turli predmetlardan foydalanishga, ularni qayta ishlash va tayyorlashga qobil ekanliklarini ko‘rsatdilar. Antropoidlar o‘zining tabiiy hayotida ham ana shunday qobiliyatga ega ekanligini ko‘rsatadi: yong‘oqni tosh bilan chaqadi; termit va asal chiqarib olish uchun ingichka navdalardan foydalanadi; termitlarning uyasidagi teshiklarni kengaytirish uchun tayoqlardan foydalanadi va hokazo312. Biroq «qurolli faoliyat» ko‘rsatish hollari antropoidlarda g‘oyat kam va ahyon-ahyonda uchraydi, bunday faoliyatning o‘zi esa biron-bir tarzda biologik ehtiyojni qondirish bilan bog‘liq bo‘lgan instinktiv-biologik, adaptatsion-moslashuvchanlik faoliyatidir. Ko‘p hollarda «qurolli faoliyat», odatda, eksperimental vaziyatda ko‘rinadi313. Bunda hayvon foydalanadigan predmet faqat shu vaziyatda va ayni shu paytda qurollik ahamiyatiga molik bo‘ladi. Ulardan tashqari vaziyatlarda hayvon uchun u qurol bo‘lmaydi.
Antropoidlarda reflektiv (beixtiyor) faoliyat va psixika asosida tafakkur kurtaklari paydo bo‘ladi. Bular maymunlarning murakkab bo‘lmagan vazifalarni hal qila olishida, eng oddiy xulosalar chiqarish, abstraktlashtirish, turkumlash, analiz va sintez qilish qobiliyati va hokazolarda ko‘rinadi. Hayvonlarning elementar (ibtidoiy) tafakkuri biologik mexanizmlarning rivojlanishi natijasi bo‘lib, o‘zgarib turuvchi vaziyatga moslashish funksiyasini, plastik harakat funksiyasini bajaradi. Hayvonlarning fikr qilishi – qurolli harakati singari – tasodifiy bo‘lib, eng avvalo, mushkul vaziyatlarda (odatda, yangilik unsurlarini o‘z ichiga olgan vaziyatlarda) biron-bir hayotiy muhim maqsadga erishish (ehtiyojni qondirish) uchun paydo bo‘ladi va amalga oshadi. Hayvonlarda analiz, sintez, abstraktlashtirish va xulosa chiqarish mavhum-ideal shaklda bo‘lmaydi. Ular hamisha vaziyatga bog‘liq va faqat hayvonning harakatlarida ko‘rinadi. Hayvonlar tafakkuri harakatdagi tafakkurdir314.
Hayvonlarda analiz va sintezning faol (amaliy) turlari sezish, idrok va tasavvur qilish asosida amalga oshadi. Hayvonlarning tasavvurlari zaif, o‘zgaruvchan obrazlardir. Ular o‘rtasida g‘oyat zaif assotsiativ aloqa paydo bo‘lishi mumkin. Bu aloqaning biroz murakkablashuvi, unga qo‘shimcha oraliq bo‘g‘inlarning kirib qolishi uni osongina buzib yuborishi mumkin.
Oliy primatlarning keyinchalik inson ongining paydo bo‘lishida hal qiluvchi rol o‘ynagan muhim kognitiv potensiali – unga xos murakkab kommunikatsiyalar usuli va uning rivojlanish imkoniyatidir. R. va B. Gardnerlar va R.Futsning shimpanze va orangutanglarni amslenga (kar-soqovlar tiliga) o‘rgatish bo‘yicha, D.Premak va D.Rumboning shimpanzeni jeton-simvollardan jumla tuzishga o‘rgatish bo‘yicha, F.Pattersonning gorillani kompyuter orqali tilga o‘rgatish bo‘yicha o‘tkazgan tajribalari oliy antropoidlarning inson tilini o‘rganish darajasi turli baholarga ko‘ra 1,5-5 yoshli bolalarning til bilish darajasiga yetishi mumkinligini ko‘rsatdi. Ehtimol, eksperimental o‘rgatish vaziyatida hozirgi hayvonlarda amalga oshiriladigan bu imkoniyat ilk gominidlarda evolyusion taraqqiyot sari qo‘yilgan qadam sifatida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgandir.
Bundan 1,5-5 mln. yil oldin yashagan qazilmalari topilgan tik yuruvchi primatlar – avstralopiteklar (ilk odamlardan avvalgi primatlar) timsolida hayvonot dunyosi rivojlanishining eng yuqori nuqtasiga erishgan. Turli tabiiy predmetlardan foydalanish avstralopiteklar turmush tarzining eng muhim qismiga aylangan. Eng qadimgi odamlar paydo bo‘lishidan avval yashab o‘tgan avstralopiteklarning eng rivojlangan shakllari toshdan eng oddiy buyumlar yasashni bilganlar. Bundan 2,6-1,8 mln. yil avvalgi davrga oid bu buyumlar ko‘p hollarda ikki-uch urib notekis, kesuvchi qirrali, qo‘pol, beo‘xshov sun'iy yaratilgan qurolga aylantirilgan oddiy shag‘al-tosh bo‘laklaridan iborat. Tadqiqotlar bunday eng oddiy qurollarni tayyorlash texnikasi shartli reflektiv faoliyat doirasida mumkin ekanligini ko‘rsatadi315.
Odamlarning (avstralopiteklar kabi) bevosita hayvon ajdodlari yoki odam arafasidagilar o‘z psixik rivojlanishiga ko‘ra oliy hayvonlar (hozirgi va qazilma antropoidlar) uchun xarakterli bo‘lgan in'ikos darajasi doirasidan chiqmaydi. Odam arafasidagilar psixik obrazlarining harakat sxemasini, xuddi hayvonlardagi singari, mavjud amaliy vaziyat taqozo etgan. Bunda muayyan maqsadga yo‘naltirilgan, rejalashtirishga layoqatli bo‘lgan tafakkuriy faoliyat hali mavjud emas. Hayvonlarga nisbatan, odam arafasidagilarda tasavvurlar barqarorlashib va umumlashib borgan, ular o‘rtasidagi assotsiativ aloqalar tobora ko‘payib va mustahkamlanib borgan.
Hayvonlarning reflektiv harakatlaridan farqli o‘laroq, eng qadimgi odamlar (arxantroplar) faoliyatining dastlabki mahsulotlariyoq ulardan o‘z mehnati natijalarini anglab olishlarini talab qiladi. Masalan, eng qadimgi mehnat qurolini – qo‘l rubilosini yasash uchun bir qator barqaror tasavvurlar, bo‘lg‘usi qurol shaklining ideal obrazi mavjud bo‘lishi, tafakkurda eng oddiy sabab-oqibatli aloqalar aniqlab olinishi talab qilinadi. Ana shu bosqichda eng sodda nutq ham paydo bo‘ladi: arxantroplarning endokranlarida (bosh miya ichki bo‘shliqlari nusxasida) miyaning hozirgi odamlarda nutq faoliyati bilan bog‘liq qismlarining tez o‘sib borganligi qayd etilgan. Bunda nutq hali kerakli axborotni to‘la hajmda bera olmagan, shuning uchun fikrlar asosan imo-ishora, intonatsiya, mimika orqali anglatilgan. Bir ma'noni bir so‘z bilan ifodalash hali bo‘lmagan. Eng qadimgi odam bildirmoqchi bo‘lgan barcha fikrlar faqat konkret vaziyat konteksti bilan bog‘liq holda tushunib olingan. So‘z (gap) aytish va u bilan ma'no bildirish doim konkret harakat bilan birga amalga oshirilgan.
Mehnatning yanada murakkablashuvi, maxsus qurollar va yangi faoliyat turlarining paydo bo‘lishiga ehtiyoj, ibtidoiy odam podasining butun ijtimoiy hayotining tabaqalashuvi va xilma-xillashuvi shakllanib borayotgan kishilar miyasi va ongi yanada takomillashuvining manbai bo‘lib xizmat qildi. Paleoantroplar (qadimgi odamlar) bosqichida, chamasi, umumlashgan tasavvurlar, eng oddiy muhokama va xulosalar paydo bo‘ladi. Shu davrda diniy va estetik tasavvurlarning kurtaklari paydo bo‘ladiki, neandertal odamlar ko‘milgan joylardagi topilmalar va paleoantroplar manzilgohlarida oxradan foydalanish bundan dalolat beradi.
Inson tafakkurining vujudga kelishi, fanlararo tadqiqot ma'lumotlari tasdiqlaganidek, quyidagi yo‘nalishlardan: aniq-ta'sirli tafakkurdan konkret-obrazli tafakkur orqali og‘zaki-mantiqiy tafakkur tomon borgan. Bizning uzoq ajdodlarimiz tafakkurining vujudga kelishi to‘g‘risida gapirganda shuni aytib o‘tmoq zarurki, u hozirgi zamon odami tafakkuridan farq qilgan va hozirda mavjud bo‘lmagan arxaik shakllarda amalga oshirilgan. Ko‘pgina tadqiqotchilarning fikricha, antropogenezning ilk bosqichlarida «tafakkurning protoformasi» mavjud bo‘lgan va u hozirgi zamon odamining tafakkuri shakllaridan (tushunchalar, mulohazalar, xulosalardan) farq qiladi. Shakllanayotgan odamning ongi konkret-hissiy va bevosita amaliy vaziyat bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan. U hali yetarlicha mustaqil bo‘lmagan va odamlarning moddiy faoliyati va moddiy hayoti bilan chirmashib ketgan edi. Faqat bir yarim million yildan ortiq vaqt davomida amaliyot o‘zlashtirila borgan sari amaliy harakatlar mantiqi asta-sekin fikrlar harakati mantiqiga aylanib borgan.