4-§. Xom-ashyo muammosi Energiya ishlab chiqarish va uni iste'mol qilish bilan chambarchas bog‘liq muammo xom-ashyo (mineral resurslar, o‘rmonlar va hokazo) muammosidir. Hozirgi paytda 1970 yildagiga nisbatan uch marta ko‘p foydali qazilmalar qazib olinmoqda. Bunda rivojlanayotgan mamlakatlar foydalanayotgan ulush 12% ni tashkil etadi.
A.ye.Fersman XVI-XX asrlar mobaynida yerdan 50 milliard tonnaga qadar ko‘mir, 2 milliard tonna temir, 20 milllion tonna mis, 20 ming tonna oltin va boshqalar qazib olinganini hisoblab chiqqan. Hozirgi paytda yiliga 100 milliard tonnaga yaqin (50 kv.km atrofida) foydali qazilmalar qazib olinmoqda. V.I.Vernadskiyning «insoniyat umuman olganda, qudratli geologik kuchga aylanmoqda»450 degan xulosasiga to‘liq qo‘shilishi mumkin.
Xom-ashyo muammosining hal etilishi xom-ashyoning qimmat va olish qiyin bo‘lgan turlarini arzon va oson olinadigan turlariga almashtirish, resurslarni tejaydigan texnologiyani joriy etish, ishlab chiqarishni miqdor ko‘rsatkichlaridan sifat ko‘rsatkichlariga qayta yo‘naltirish bilan bog‘liq.
5-§. Oziq-ovqat muammosi Oziq-ovqat muammosi hozirgi paytda o‘ta dolzarb bo‘lib turibdi: och qolayotganlar soni 1970 yilda 460 million bo‘lgan bo‘lsa, 1990 yilda 550 millionga yetdi. 2000 yilga bu ko‘rsatkich 650 million kishiga yetishgan (sayyora aholisining 10%).
Hisoblarga qaraganda me'yordagi ovqatlanish uchun bir kishiga eng kamida 0,6 ga ishlov beriladigan yer to‘g‘ri kelishi lozim. Bu ko‘rsatkich esa hozirning o‘zidayoq me'yordan ikki baravar (2000 yilda u 2,5 baravar kam bo‘ldi, ya'ni 0,23 - 0,15ga, ya'ni to‘rt baravar kamaydi, shunda ham agar ishlov beriladigan yerlar soni ilgarigi miqdorda qolsa). Faqat Osiyo va Afrika mamlakatlarining o‘zidagina ochlikdan bir kunda 1200 tagacha kishi halok bo‘lmoqda.
Ochlik, garchi oziq-ovqat muammosining yaqqolroq namoyon etuvchi hodisa bo‘lsa ham, lekin u bu muammoning birdan-bir ko‘rinishi emas. Muammoning boshqa tomoni - rivojlangan mamalakatlardagi ortiqcha ovqat iste'mol qilishdir.
Juda ko‘plab rivojlanayotgan mamlakatlarning aholisi mutlaq (oziq-ovqatning umuman yetishmasligi) yoki nisbatan (ovqatlanishning ma'lum bir komponentlarining - oqsillari, vitaminlar, minerallar, yog‘lar, uglevodlar va hakozo) ochlikni boshlaridan kechirmoqdalar. Nisbiy ochlikning eng keng tarqalgan shakllaridan biri - oqsil yetishmasligi. Ko‘p xalq va elatlarning past bo‘yli ekanligi faqat ularning genetik xususiyatlarigagina bog‘liq bo‘lmay, balki oziq-ovqat oqsilining yetishmasligi oqibatidir. Ayni paytda Harbiy yevropa va Shimoliy Amerika xalqlarining ovqatlanishida oqsillar ratsionning 70%ni tashkil etadi, biroq u yerda ishlov berilmagan sabzavotlar va mevalarning yetishmasligi yaqqol kuzatiladi.
Shunday qilib oziq-ovqat muammosini hal qilishda insoniyatning turli qismlari oldida turlicha vazifalar turadi:
rivojlanayotgan mamlakatlar aholisi uchun - bu yetarli ovqatlanish imkoniyatlarini qidirib topish (dehqonchilikdan va chorvachilikdan olinadigan mahsulotlarni ko‘paytirish, yovvoyi tabiat va okean resurslaridan foydalanish, oziq-ovqat importi va hokazo);
rivojlangan mamlakatlar aholisi uchun - ovqatlanish tarkibini o‘zgartirish (oqsillar, yog‘lar va qandni kamaytirish va tabiiy mahsulotlarni ko‘paytirish).