Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org
Substansiya va substrat Falsafaga oid bir darslikda haqli ravishda shunday deb yozilgan: «Borliq - bu tushunishni talab qiladigan va tushunish asosida yuzaga chiqadigan, shakllanadigan narsa. Borliq - bu predmetlarning ko‘rinishi yoki shakllaridan biri emas, predmetlar sinfining umumiy tushunchasi ham emas, borliq - bu mavjudlikning borlig‘idir. Borliq - bu borliqni anglashda nima kutilayotgan va tushunilayotgan bo‘lsa, o‘shanig o‘zidir»295. Bu ta'rifdan, borliqqa qaysi jihatdan yondashsak - u o‘sha xususiyatni o‘zida mujassamlashtiradi, nimaiki voqiy bo‘lsa, borliq ularning hammasini o‘ziga qamrab oladi, degan ma'no kelib chiqadi. Shu jihatdan tadqiqotchilar borliqni turli shakllarga bo‘lib o‘rganishadi.
Borliqni shakllarga ajratishda uning asosida, mohiyatida nimalar yotishiga e'tibor qaratish lozim. Shu tariqa falsafada substansiya kategoriyasi shakllangan. Substansiya (lotin. substantia - mohiyat, asosida yotuvchi nimadir) muayyan narsalar, voqyealar, hodisalar va jarayonlar xilma-xilligining ichki birligida namoyon bo‘luvchi mohiyat.
Substansiya deyilganda falsafada dastlabki paytlarda borliq, tabiat, jamiyat, inson va dunyodagi barcha narsa va hodisalarning asosida yotuvchi moddiy yoki ruhiy mohiyat anglangan. O‘rta asr Sharq falsafasi namoyandalari al-Kindiy, Zakariyo Roziy, Forobiy, Ibn Sino, Ibn Rushd asarlarida substansiya deb hamma narsaning moddiy yoki ma'naviy asosi, mohiyati tushunilgan. Substansiyaga qarama-qarshi tushuncha «aksidensiya» deb atalgan. Aksidensiya (lot. accidentia - o‘tkinchi, tasodifiy) narsa va hodisalarning o‘tkinchi sifatlarini ifodalaydi. Forobiyning yozishicha, «olamda substansiya va aksidensiya hamda ularni yaratuvchi marhamatli ijodkordan boshqa hyech narsa yo‘qdir»296; «Aksidensiyani sezgilar oqrali his etish mumkin, substansiyani esa faqat aql anglab yetadi»297; «Masalan, olma - substansiya bo‘lsa, uning qizilligi esa aksidensiyadir»298. Substansiyani talqin etishda falsafada ikki xil - ontologik va gnoseologik yo‘nalish bor. Ontologik yo‘nalish bo‘yicha F.Bekon substansiya borliqning eng tub asosida yotadi deb hisoblagan va substansiyani muayyan narsalarning shakli bilan aynanlashtirgan. R.Dekart borliqning asosida ikki xil mustaqil substansiya: moddiy va ma'naviy substansiya yotadi deydi. Moddiy substansiya borliqning ko‘lami bilan, ma'naviy substansiya esa tafakkur bilan belgilanadi. B.Spinoza esa tafakkur va ko‘lam - ikki xil mustaqil substansiya emas, balki yagona substansiyaning ikki xil atributidir (atribut - ajralmas xususiyati degani). G.Leybnitsning fikricha, olamning asosida ko‘plab mustaqil substansiyalar (monadalar) yotadi.
Gnoseologik yo‘nalish bo‘yicha, substansiya olamning asosida yotuvchi shartli g‘oyalardan iboratdir (J.Lokk). J.Berkli esa ham moddiy, ham ma'naviy substansiyaning mavjudligini inkor etgan va u substansiya deb dunyoni idrok qilishning gipotetik assotsiatsiyasini anglagan. I.Kantning nuqtai nazaricha, «u shunday bir doimiy narsaki, faqat unga nisbatangina hamma vaqtinchalik, o‘tkinchi hodisalarni aniqlash mumkin». Xegel «absolyut g‘oya», «absolyut ruh»ni substansiya deb qarab, uni narsalarning muhim, o‘zgaruvchan, rivojlanuvchi tomonlarining yaxlitligidir, deb hisoblaydi. Ba'zi bir hozirgi zamon falsafiy konsepsiyalarida substansiya kategoriyasiga nisbatan salbiy munosabatlarni kuzatish mumkin. Masalan, neopozitivistlar substansiya odamlarning dunyo to‘g‘risidagi tasavvurlarini qo‘pollashtiradi, deb hisoblashadi. Ularning fikricha, bu kategoriya borliqning mohiyatini sodda va jaydari ko‘rinishda tushunish natijasida paydo bo‘lgan.
Olamning tuzilishini tushunish yana bir tushuncha «substrat» kategoriyasi bilan ham bog‘langandir. Substrat (lot. substratun - asos, to‘shama, taglik) narsa va hodisalarning umumiy moddiy asosi; nisbatan oddiy va sifat jihatdan elementar bo‘lgan moddiy yoki g‘oyaviy tuzilmalar majmuasi. Ayrim falsafiy konsepsiyalarda substrat deb dunyoni tashkil etuvchi mutlaq elementar va bo‘linmas asoslar tushunilgan. Masalan, qadimgi Hind falsafasida olamning asosida to‘rtta bo‘linmas unsur - suv, havo, tuproq va olov yotadi deb ta'lim beriladi. Bunday qarash Markaziy Osiyoda yaratilgan «Avesto» da ham uchraydi. Qadimgi Yunon falsafasida Levkipp, Demokrit, Epikur, Lukretsiy fikricha, dunyo atomlar va bo‘shliqdan tashkil topgan, Anaksimandr - apeyrondan, Aflotun - g‘oya, ruhdan, Fales - suvdan, Geraklit - olovdan iborat deb ta'lim bergan. Forobiyning yozishicha, qadimgi yunon faylasuflari har qanday narsa qandaydir bir substratdan tashkil topganligini uqtirish bilan bir qatorda, uning absolyut va o‘zgarmasligini ta'kidlashgan. Xullas, har qanday ob'ektning nimalardan tashkil topganligi, sistemaning asosida shu sistemani tashkil etuvchi asosni axtarish - substratni axtarishdir. Masalan, RNK, DNK va oqsillar biologik organizmlar uchun substrat bo‘lsa, EHMlarning asosida axborotlar almashuvi jarayoni substrat bo‘lib keladi. Borliqning asosida yotuvchi birlamchi mohiyatni axtarish - substansial yondashuv bo‘lsa, har qanday sistemaning, umuman borliqning nimalardan bunyod qilinganligini, tarkib topganligini, tashkil topganligini, «qurilganligini» axtarish substrakt yondashuvdir. Har ikkala yondashuvda ham birmuncha biryoqlamalik, voqyelikni substansiya yoki substratga bog‘lab qo‘yish, uning murakkabligi va xilma-xilligini e'tibordan chetlashtirish ko‘zga tashlanadi. Aslida borliqqa yanada kengroq, umumiyroq nuqtai nazardan yondashish maqsadga muvofiqdir. Bunday yondashish borliqni yo‘qlik, ya'ni «hyech nima» orqali ifodalash bilan bog‘langandir.