Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org
IV Bo‘lim. BORLIQ FALSAFASI (ONTOLOGIYa) 1-bob.FALSAFADA BORLIQ MUAMMOSI 1-§. «Borliq» falsafa tarixida Falsafa fanining borliq haqidagi masalalarni o‘rganuvchi qismi ontologiya deb ataladi. Ontologiya so‘zi yunoncha ontos (mavjudlik) va logos (ta'limot) so‘zlarining birikmasidan tashkil topgan bo‘lib, «mavjudlik haqidagi ta'limot», ya'ni borliq haqidagi fan ma'nosini ifodalaydi.
Bu atama fan tarixida birinchi bor 1513 yil R.Gokleniusning «Falsafa lug‘ati»da, so‘ngra, X.Volf (1679 -1754)ning falsafaga oid darsligida qo‘llanilgan bo‘lsada, ulardan ilgari qadimgi yunon faylasuflari ham ontologiyaning mazmunini ifodalovchi turli fikrlarni ilgari surishgan. Ular ontologiyani «haqiqiy borliqni nohaqiqiy borliqdan ajratib oluvchi borliq haqidagi ta'limotdir» deb hisoblashgan. Eley maktabi namoyondalari esa ontologiyani mangu, o‘zgarmas, yagona, sof borliq haqidagi ta'limot deb hisoblashgan. Milet va Ioniya maktabi vakillari esa dastlabki borliqning sifatiy talqini haqida bosh qotirishgan. Ulardan borliqning boshlanishida yotuvchi bunday asosni Empedokl «stixiya», Demokrit «atomlar», Anaksimandr «apeyron», Anaksagor «urug‘» deb atagan. Aflotun esa g‘oyalar ontologiyasini yaratgan. G‘oyalar ontologiyasi aql bilan erishiladigan mohiyatlar ierarxiyasini tashkil etib, uning yuqori nuqtasida Farovonlik g‘oyasi, undan keyin beto‘xtov oquvchi xilma-xil hissiy dunyoni aks ettiruvchi ideal namunalar, sonlar, geometrik shakllar yotadi. Arastu fikricha umumiylik ayrim holda yakka narsalardan chetda mavjud emas. Biz olamda ayrim narsalarga duch kelamiz va ulardagi bir-biriga o‘xshash jihatlarni umumlashtirib, abstrakt va ideal obraz hosil qilamiz. Shu tariqa Arastu empirizm ontologtyasini yaratdi.
Markaziy Osiyo Yaqin va O‘rta sharqida IX-X asrlarda ijod qilgan Al-Kindiy, Zakariyo Roziy, Forobiy, Ibn Sino singari mutafakkirlar yunon faylasuflaridan farqli ravishda ontologik ta'limotni butunlay yangicha bosqichga ko‘tarishdi. Masalan, Forobiy ontologiyaga yagona borliqning mohiyatini ochib beruvchi ta'limot sifatida yondashgan.
O‘rta asrlar g‘arb falsafasida esa ontologiya teologiya bilan chambarchas bog‘lab tushuntiriladi. Bu davrda absolyut borliq xudo bilan, «sof» mohiyatlar ierarxiyasi bilan, «yaratilgan» borliq esa moddiy tabiat bilan aynanlashtirib talqin etilgan. Sxolastik falsafada ontologiya substansial va aksidensial, aktual va potensial, zaruriy va tasodifiy, ehtimoldagi va imkoniyatdagi borliq darajalarini ifodalovchi ta'limot sifatida qaralgan. Bu davrda borliq konsepsiyalari nominalizm, realizm va konseptualizm namoyondalarining universaliylarning ontologik mohiyatiga munosabati tarzida namoyon bo‘ladi.
Sharq falsafasida ontologiya ko‘proq ilohiy borliqning mohiyatini, xudoning mohiyatini aks ettiruvchi ta'limot tarzida, sharq panteistik falsafasida esa vahdatu mavjud va vahdatu vujud ko‘rinishidagi ta'limotlar shaklida vujudga kelgan.
Xullas, borliq haqidagi muammo falsafada tarixan markaziy o‘rin egallaydi. Falsafa o‘rganadigan qaysi bir masalani olmaylik, u borliq muammosi bilan bog‘liq ekanligini ko‘ramiz. Haqiqatdan ham, borliq, unga munosabat masalasi falsafiy qarashlarda muhim ahamiyatga egadir, chunki, borliq muammosi falsafadagi har qanday dunyoqarash gnoseologik va metodologik muammolarning asosi hisoblanadi.