Axmеdova m. A. umumiy muxarrirligi ostida-fayllar.org
3-§. Inson, individ, shaxs
Shaxs va jamiyat
Individ, individuallik va sub'ekt Falsafa va boshqa ijtimoiy-gumanitar fanlarda «individ», «individuallik», «shaxs» singari tushunchalar ko‘p qo‘llaniladi. Ularning o‘xshashligi va farqlari nimada? Bu tushunchalarning har birining mohiyati nimadan iborat?
Yuqoridagi tushunchalar qatorida «individ» tushunchasi birinchida turadi. U eng avvalo, muayyan insonning boshqa odamlardan alohidaligiki, «chegaralanib» olganligini ifoda etadi. Individ - bu Homo sapiens biologik turining ayrim olingan, yakka vakili. Individning asosiy xususiyati - bu uning boshqalardan ajralganligi, alohidaligidir. Individ - bu insonning eng oddiy va abstrak tavsifi.
Shunisi qiziqki, turli fanlar «individ» tushunchasini turlicha talqin etadilar. Masalan, psixologiya ushbu tushunchani ikki aspektda ko‘radi: a) individ ayrim olingan tabiiy mavjudot, tug‘ma va orttirilgan xususiyatlarning mahsuli, individual, o‘ziga xos xususiyatlarning sohibi sifatida; b) insonlar jamoasining alohida olingan vakili; o‘zining biologik cheklanganlik doirasidan chiquvchi qurollardan, belgilardan foydalanuvchi va ular vositasida o‘z xulqi hamda psixik jarayonlarini kasb etuvchi ijtimoiy mavjudot.338
Psixologiya individning asosiy qirralari deb quyidagilarni hisoblaydi: 1) psixofiziologik tashkillashuvning yaxlitligi; 2) atrof dunyo bilan o‘zaro ta'sirdagi barqarorlik; 3) faollik339.
Sotsiologiya nuqtai nazaridan individ - bu inson naslining ayrim olingan vakili va insoniyatning barcha ijtimoiy va psixologik xususiyatlarining: aql, iroda, ehtiyojlar, manfaatlar va boshqalarning muayyan sohibi. Bu holda «Individ» tushunchasi muayyan, aniq bir insonni anglatadi340.
Va nihoyat, falsafa uchun individ ijtimoiy atom, alohida ajralib turuvchi mohiyat, ancha keng bo‘lgan ijtimoiy yaxlitlikning (guruhning, sinfning, millatning, insoniyatning) ayrim olingan vakili341.
Individ - eng avvalo qandaydir ko‘plikni bir vakili, ko‘plarning biri. Shu ma'noda deyarli har bir odam - individ (ba'zan individium ham deyiladi va yoziladi).
Bu o‘rinda bir narsani ta'kidlash lozim: ajralib turish, alohidalik insonning spetsifik xususiyati emas, ob'ektiv dunyodagi barcha predmetlar va hodisalar u yoki bu tarzda ajralib turadi. Ammo insonga nisbatan ko‘proq boshqa bir tushuncha nisbat beriladi - «individuallik». U muayyan insonning noyobliki, betakrorligini anglatadi. Muayyan ma'noda individuallik - individdan shaxsga olib boruvchi pog‘onadir. Inson tug‘ilishidan individ bo‘lib tug‘iladi, biroq shaxs sifatida u o‘z individualligining barcha imkoniyatlarini ochish orqaligina shakllana oladi.
Individuallik individning o‘ziga xosligini, ichki dunyosining o‘ziga xosligini aks ettiradi, bu insonga xos umumiy (universal) va ayrim (noyob, o‘ziga xos) xususiyatlarning uzviy birligidir.
Inson falsafasidagi yana bir muhim tushuncha «sub'ekt» tushunchasidir. Sub'ekt sifatida ayrim olingan individ ham va qandaydir jamoa (guruh, sotsium va xatto umuman insoniyat) namoyon bo‘lishi mumkin. Bu o‘rinda bizni individual sub'ekt qiziqtiradi. Uning asosiy tavsiflari quyidagilardir: faollik, onglilik, maqsadning mavjudligi, o‘z-o‘zini anglash, xatti-harakatlar erkinligi. Sub'ekt sifatida inson muayyan ijtimoiy rolni o‘ynaydi. Odam sub'ekt bo‘lib tug‘ilmaydi, balki tarbiya jarayonida sub'ektga aylanadi.
Sub'ektivlik haqida so‘z ketganda mazkur tushunchaning ikki ma'nosi borligini esda tutish lozim. Birinchidan, u ayrim individning tanlovi sifatidagi sub'ektivlikni anglatadi, ikkinchidan esa ushbu individ insoniy sub'ektivlik doirasidan tamoyilan chiqa olmasligini bildiradi342.
Shaxs
Shaxs tushunchasi falsafada va umuman insonni o‘rganuvchi fanlar majmuasida eng murakkab tushunchadir. Inson shaxsi rivojlanishining eng muhim biologik omili inson miyasidir. Ammo shaxs mohiyati - bu ijtimoiy xususiyatga molik hodisa. Miya esa moddiy organ bo‘lib, u orqali shaxs o‘z-o‘zini namoyon etadi.
Inson mazkur sotsiumga xos bo‘lgan me'yorlar, bilimlar, qadriyatlarning muayyan tizimini o‘zlashtiradi. Muayyan jamiyatning real shart-sharoitlari shaxsning ijtimoiy mohiyatini belgilaydi. Shaxsning shakllanishi jarayoni sotsializatsiya deb ataladi.
Falsafada shaxs muammosi - bu eng avvalo insonning mohiyati, uning dunyodagi, tarixdagi va jamiyatdagi o‘rni muammosidir. Muayyan ijtimoiy munosabatlar muayyan tarixiy tipdagi shaxsning shakllanish jarayonida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Antik davr odami uchun eng asosiy deb yaxshi firklar, intilishlar, istaklar hisoblangan va ular ijtimoiy amaliyotda qanchalik ro‘yobga chiqishiga umuman olganda katta ahamiyat berilmagan: «Insonni faqat uning ishlariga qarab emas, intilishlariga qarab ham baholash lozim» (Demokrit), «Inson qanday fikrlasa, u hayotda shundaydir» (Sitseron), «Bizning hayotimiz biz u haqda nima o‘ylasak ana shudir» (Mark Avreliy), «Axloqiy fazilatlar niyatlar bilan bog‘liqlikda ko‘zga tashlanadi» (Arastu).
Antik davr mutafakkirlari nazarida chinakam shaxs deb shunday odamni aytish mumkinki, birinchidan, u axloqli, ikkinchidan, aql-idrok egasi, uchinchidan, boshqalar bilan muloqotga kirishadigan, to‘rtinchidan siyosiy va davlat mavjudotidir.
O‘rta asrlar bizga shaxsning boshqacha tipini ko‘rsatadi. Mazkur davr uchun jamiyatning tabaqalanganligi, kastalarga bo‘linishi va qat'iy korporativlik xosdir. Shu sabali muayyan tabaqaga, kastaga, sexga, gildiyaga mansublik, uning qonunlariga, odatlariga, an'analariga bo‘ysunish shaxsning individual sifatlarining namoyon bo‘lishidan ko‘ra muhimroq va kuchliroq edi.
Faqat yangi davrga kelib ayrim olingan inson shaxsining qimmati, avtonomligi, o‘ziga xosligi qaror topadi. Bu ayniqsa, ijtimoiy-siyosiy fikr uchun xosdir. Ijtimoiy faollik, tadbirkorlik, ongli va foydali faoliyat, mustaqillik, individualizm, shaxsiy mas'uliyat, o‘z qadr-qimmatini bilish tuyg‘usi - mana bular shaxsning g‘arb, yevropa-amerika konsepsiyalari yuksak qadrlanadigan sifatlari hisoblanadi.
Shaxsning sharq modeli esa boshqachadir. Shaxsning sharqqa xos modelining bir nechta modifikatsiyalarini ajratib ko‘rsatish mumkin (islom, budda, konfutsiy va hokazo). Shunday bo‘lsa-da, ular o‘rtasida ularni shaxsning g‘arb modelidan ajratib turuvchi muayyan mushtarakliklar mavjud.
Shaxsning sharq tipiga xos asosiy xususiyatlar quyidagilardir: mas'uliyat va majburiyatlarning inson huquqlari oldida ustuvorligi, xulq-atvordagi traditsionalizm, hulq-atvorning, jamoaviy modellarining individual me'yorlardan ustunligi, sotsiumga ko‘proq qaramlik, ijtimoiy muhit bilan aloqaning ko‘pligi.
Shuni esda tutish lozimki, shaxs tipi ijtimoiy munosabatlarning real tizimining in'ikosidir. Shaxsning shakllanishi va rivojlanishining muhim omili sifatida uning ijtimoiy faoliyati, sotsium hayotida muayyan rolni bajarishi namoyon bo‘ladi. Individ shaxs sifatida faqat turli tuman ijtimoiy munosabatlardagina o‘z-o‘zini namoyon etishi mumkin. O‘z vaqtida Arastu «insonning vazifasi uning ongli faoliyatidan iborat» deb hisoblagan edi. A.Jomiy «Qo‘llaring baquvvat ekan, mavjud ekan kundalik mehnatga ko‘ngil qo‘y» deya da'vat etgan bo‘lsa, Ibn Sino «Bekorchilik va ishyoqmaslik faqat nodonlikka sabab bo‘libgina qolmay, ayni paytda kasalliklarga ham sabab bo‘ladi» deb ogohlantirgan edi.
Shaxs - bu muayyan ijtimoiylashuv jarayonining natijasigina emas, bu uzluksiz o‘sib boruvchi jarayon. Agar doimiy rivojlanish, kamolotga intilish, olg‘a harakat bo‘lmasa, u holda shaxs buzilishi, degradatsiyaga duchor bo‘lishi mumkin.