Tushunish muammosi – XX asr falsafasidagi asosiy muammolardandir. U hayot falsafasi (V.Diltey), ekzistensializm (J.-P.Sartr, K.Yaspers, M.Xaydegger), germenevtika (X.Gadamer, P.Rikkert) va boshqa falsafiy yo‘nalishlarda o‘z ifodasini topdi. Lekin, an'anaviy falsafada tushunish masalasi gnoseologik nuqtai nazardan qo‘yilgan bo‘lsa, XX asrga kelib, u inson hamjamiyatini yaratish maqsadida aksiologik va amaliy ahamiyat kasb eta boshladi. O‘z mazmuniga umumiy manfaatlarni anglash, ezgu iroda, «begonani» «o‘zinikiga» aylantirishni qamrab olgan tushunish asosida ijtimoiy kelishuv va «ijtimoiy bitim» ga ham kelish mumkin. XVIII asrdayoq ingliz va fransuz faylasuflari tomonidan ilgari surilgan «ijtimoiy bitim» g‘oyasi XX asrning ikkinchi yarmi – XXI asrning boshlariga kelib yangi turtki va yangi mazmun oldi. Bugun bu g‘oya alohida davlatning siyosiy tizimi doirasidan chiqib ketdi. Bizning davrimizda ham uni alohida mutafakkirning ta'limoti yoki jamiyatdagi alohida doiralarning ijtimoiy ideali sifatida talqin etish mumkin emas. XXI asrga kelib global va umumbashariy muammolar sharoitida, davlatlar va boshqa sotsial tashkilotlar o‘rtasida ijtimoiy bitimlar bo‘lishi zaruriyatga aylanmoqda. yer yuzida insoniyatning hayotini asrab qolish uchun urush tahdidi, tabiatdagi muvozanatning buzilishi kabi boshqa muammolarning oldini olishga yo‘naltirilgan ahloqiy qonun-qoidalar majmui qabul qilinishi va ularning bajarilish ta'minlanmog‘i lozim.
Shuning uchun ham bugun xalqaro huquq normalari va yangi «global etika», «global gumanizm», «oqilona qurilgan jamiyat» normalariga asoslangan yangicha xalqaro bitim haqida tez-tez gapirilishi bejiz emas. 1986 yilda BMT doirasida asos solingan xalqaro xavfsizlik tizimining yaratilishi haqidagi masala kun tartibiga qo‘yildi. Uning mazmun-mohiyati faqat urush xavfining oldini olish bilangina emas, balki harbiy xarakterga ega bo‘lgan boshqa muammolar: orqaga qaytarilmaydigan iqlimiy o‘zgarishlar, tabiiy muhitning buzilishi, terrorizm, rivojlangan industrial mamalakatlar va rivojlanayotgan mamalakatlarning iqtisodiy rivoji o‘rtasidagi nomutanosiblik, AESlardagi avariyalar va h.klar bilan ham bog‘liq. Hozir u yoki bu davlatlararo nizolarni hal eta oladigan Gaagadagi xalqaro sudga o‘xshagan huquqlarni muhofaza etuvchi «kelishuv institutlari»ning keng tarmoqli tizimini tashkil etish masalasi dolzarb bo‘lib turibdi. Avvaldan bo‘lgan va hanuzgacha amaliyotda mavjud davlatlararo nizolarni «kuchli tomon huquqi» asosida hal etilishi e'tiborga olinsa, bunday g‘oya, bir qaraganda, utopik xarakterga egadek ko‘rinadi. Akademik N.I.Moiseev fikricha, «Davrimizning o‘ziga xosligi shundan iboratki, kishilar, guruhlar, davlatlar manfaatlari doirasi tobora ko‘proq bir-biriga mos keluvchi tarkibiy qismlar bilan kengayib bormoqda. Odamlar borgan sari bir-birlariga bog‘liq bo‘lib qolmoqdalar. Umuminsoniy qadriyatlar qaror topib bormoqda. Demakki kishilar o‘rtasidagi, eng avvalo, davlatlararo o‘zaro aloqalar ikki tomonlama manfaatli kelishuvlarni topishga qodir bo‘lgan murosa institutlarining qonunlashtirilishiga qachondir olib keladi»437.
III bob. O‘ZBeKISTONNING JAHON IJTIMOIY TARAQQIYoTI TIZIMIDAGI O‘RNI
1-§. Hozirgi davrda jahon va mustaqil O‘zbekiston
Ma'lumki, Sovet Ittifoqining barham topishi va sotsialistik tizimning tanazzulidan so‘ng, yer yuzining 1/6 qismidan ko‘prog‘ini tashkil etuvchi hududda faol islohotlar davri boshlandi. «Dunyo xaritasida yangi mustaqil davlatlar paydo bo‘ldi. Ular, hozirgi til bilan aytganda, sotsialistik o‘tmishga ega bo‘lgan, o‘z siyosiy mustaqilligini tinch yo‘l bilan qo‘lga kiritgan davlatlardir. Bu davlatlar mustaqil rivojlanish va ijtimoiy munosabatlarni yangilash yo‘liga qadam qo‘ydi»438. Keyingi jahon ijtimoiy rivoji postsotsialistik makonning qanday yo‘l va qaysi maqsadga qarab harakat qilishiga ko‘p jihatdan bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Ushbu barcha mamlakatlarda faol islohotlar boshlab yuborildi. Bu yerlardagi islohot jarayonlari qanchalik chuqur bo‘lmasin, ular hozirgi davr jahon ijtimoiy rivojining asosiy zaruriyatlari bo‘lmish ikki ob'ektiv tendensiya – integratsiya va differensiatsiya, globallashuv va individuallashuv ta'siri natijasida sodir bo‘lmoqda.
Bir tomondan, davlatlar va xalqlar o‘rtasida integratsion jarayonlar va hamkorlik kuchayib, yagona siyosiy va iqtisodiy makonning yuzaga kelishi bilan yagona xalqaro norma, qoida va standartlarga o‘tib borilmoqda. Bu, ayniqasa, jahon iqtisodiyoti rivoji, xalqaro iqtisodiy aloqalarning jadal sur'atlar bilan o‘sishi, ularning strukturasidagi sifatiy o‘zgarishlar, yangi iqtisodiy tashkilot va birlashmalarning yuzaga kelishi, jahon jamoatchiligi hayotida xalqaro iqtisodiy tashkilotlarni rolini oshib borishi misolida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Hozirgi davrda yagona jahon sivilizatsiyasining iqtisodiy asosini tashkil etish bilan bog‘liq jarayonlar avj olmoqda. Boshqa tomondan esa, o‘tgan XX asr Birinchi jahon urushidan so‘ng avstro-venger va Usmon imperiyalarining, Ikkinchi jahon urushidan so‘ng esa mustamlaka imperiyalarning, SSSR parchalangandan so‘ng sho‘rolar imperiyasining tanazzuli va h.k. imperiyalarning barham topish asri bo‘ldi. Suverenitet, o‘z hududiga ega bo‘lish, boshqalarning ichki ishlariga aralashmaslik kabi an'anaviy tamoyillarga ega bo‘lgan milliy davlatchilik – xalqlarning siyosiy birligining eng maqbul modeliga aylanib bormoqda. Jahonda haqiqiy «etnik (renessans) uyg‘onish» kuzatilmoqda. Quyidagi dalillar buning yorqin isbotidir. 1965 yilda dunyoda 100ta suveren davlat bo‘lgan bo‘lsa, 1990 yilda ularning soni 160 taga, 1992 yilda 175 taga etdi439, hozirgi paytda esa BMTga 187 ta davlat kirgan. Aynan milliy davlatlar hozirgi zamon xalqaro munosabatlarining asosiy sub'ektini tashkil etib bormoqda.
O‘zbekiston sobiq Sovet Ittifoqining boshqa respublikalari kabi uning barham topishi natijasida davlat mustaqilligiga erishganiga qaramay, mamlakatimizning milliy mustaqilligi ildizlari juda chuqurdir. O‘zbekiston mustaqillikka ega bo‘lishi bilan uning o‘z mustaqil rivoji yo‘lini tanlash birinchi darajali hayotiy muhim vazifaga aylandi.
Ma'lumki, millat – eng avvalo, etnotarixiy umumiyatdir. Millatlarning identifikatsiyasi, sifatan aniqlanishi oxir oqibat ular joylashgan hududdagi tabiiy sharoitga bog‘liqdir. Kishilar faoliyatining shart-sharoitlari ta'sirida «mentalitet» tushunchasi bilan belgilanadigan ularning madaniy norma va ideallari, qadriyatlari, tamoyillari shakllanadi. Milliy mentalitet, millatning boshqa jihatlari kabi o‘z-o‘zini saqlash, u yoki bu hodisa va narsalarni qabul kilish yoki rad etish, takror ishlab chiqarish, rivojlantirish xususiyatiga ega. Muayyan tarixning turli so‘qmoqlari, egri-bugri yo‘llari, ijtimoiy mo‘ljal va siyosiy tizim, davlatchilik shakllarining o‘zgarishi millat taqdirini, uning mavjudligini yoki yo‘q bo‘lib ketish masalasini hal eta olmaydi. Buni o‘zbek va boshqa Markaziy Osiyo millatlarining etnogenezida kuzatish mumkin.
Hozirgi davrdagi o‘zbeklarning avlod-ajdodlari meloddan avvalgi 1-mingyillik boshlarida O‘rta Osiyoning daryolari oraliqlarini egallagan qadimgi qabilaviy jamoalar – saklar, massagetlarga borib taqaladi. Milodiy 1-ming yillikning o‘rtalariga kelib, bu yerda birinchi davlatchilik uyushmalari – So‘g‘d, Xorazm, Baqtriya, Marg‘inona vujudga keldi. Mamlakatimizning qadimgi sivilizatsiya o‘choqlaridan biri va davlatchilikning chuqur an'analariga ega ekanligini uning qulay tabiiy sharoitlari bilan birga, geostrategik ahvoli – Osiyo qit'asining markazida, Sharq va G‘arbni bog‘lovchi yo‘l chorrahasida joylashgani bilan ham tushuntirish mumkin. Lekin aynan shu qulay sharoitlari tufayli Markaziy Osiyo uning butun tarixi davomida kuchli davlat va imperiyalarning bosqinchilik niyatlari markazida bo‘ldi. Markaziy Osiyo xalqlari Axmoniylar davrida eronliklarning, Aleksandr Makedonskiyning, VII asrda arablarning, XII asrda mo‘g‘ullarning va h.k. bosqinlarini boshdan kechirdilar. Buyuk Temur hukmronlik qilgan davrda Markaziy Osiyo, Eron, Kavkazorti, Shimoliy Hindistonni o‘z ichiga olgan kuchli markazlashgan davlatning asosini tashkil etdi. XVII-XVIII asrlarda bu yerda ikki xonlik – Xiva va Qo‘qon xonliklari va Buxoro amirligi vujudga keldi. XIX asrning so‘nggi choragida ular zo‘rlik yo‘li bilan Rossiya imperiyasi tarkibiga kiritildi.
Markaziy Osiyo xalqlari mustaqilligi uchun kurashish jarayonida murakkab tarixiy yo‘lni bosib o‘tgan, lekin har doim o‘zligini, etnik muayyanligini saqlab kelgan. Odatda, (salb) bosqinchilik yurishlarida ishtirok etgan va o‘lkamiz hududida qolib ketgan boshqa etnik guruh vakillari mahalliy aholi bilan qo‘shilib ketishgan, ularning tili, an'ana va rasm-rusumlarini qabul qilishgan.
Sho‘rolar davrida milliy davlatchilik asosida bo‘linish natijasida markaziy osiyolik millat va xalqlarning nomlarini olgan davlat tuzilmalari – O‘zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston SSR va Qoraqalpog‘iston ASSR vujudga keltirildi. Mohiyatan unitar davlatchilik sharoitida bu respublikalarning tantanali ravishda e'lon qilingan mustaqilligi amalda uydirmaga aylangan edi. Yangidan tashkil topgan respublikalarning iqtisodi markazdan boshqarilgan. Milliy an'ana va rasm-rusumlarni bajarishga to‘g‘onoqlar qo‘yildi, milliy tilning ahamiyati kamsitildi, asrlar davomida kishilarning ma'naviy madaniyati va turmushining ajralmas qismi bo‘lgan din va xalqlarning e'tiqodlari quvg‘inga uchradi. Ta'kidlash joizki, bunday jarayonlar SSSRning nafaqat Markaziy Osiyodagi, balki boshqa barcha respublikalarida, shuningdek Rossiyada ham kuzatildi. Aynan shu hol ko‘p jihatdan Sovet Ittifoqining oson va tez tanazzulga uchrashiga ta'sir ko‘rsatdi.
Dostları ilə paylaş: |