1-§. Qadimgi Hindiston falsafasi Eramizdan oldingi birinchi ming yillik o‘rtalarida Hindistonda Vedalar mafkurasidan holi bo‘lgan va insonning jamiyatdagi o‘rni masalasiga yangicha yondashadigan ta'limot paydo bo‘ldi. Yangi maktablarning ko‘pchiligi ichidan jaynizm va buddaviylikgina umumhind ahamiyatiga ega bo‘ldi. Jaynistlar ta'limoti sa'naviyat (dualizm)ni e'lon qildi. Inson mohiyati ikki xil moddiy (adjiva) va ruhiy (jiva) bo‘lib, ularni bog‘lab turuvchi halqa nozik modda tariqasida tushuniladigan karma bo‘lib, ruhni qo‘pol modda bilan qo‘shilishiga imkon beradi. Jonsiz moddani karma iplari vositasida ruh bilan qo‘shilishi oqibatida yakka olingan shaxs kelib chiqadi, karma esa ruhni cheksiz qayta tug‘ilish va o‘zgarishlar silsilasida kuzatib, unga doimiy hamrohlik qilib boradi. Ruhni karma ta'siridan xalos bo‘lishi, ya'ni sansaraga faqat zohidlik va biror xayrli ish qilish yo‘li bilan erishish mumkin.
Eramizdan oldingi VI asrda Hindiston shimolida buddaviylik paydo bo‘ldiki, uning asoschisi Sidxarta Gautama (er.ol. 583-483 yy.) edi. Keyinchalik uni Budda deb atadilar.
Buddaviylik markazida to‘rt haqiqat yotadi. Ularga binoan insonning mavjudligi azob-uqubat bilan chambarchas bog‘liq. Tug‘ilish, kasallik, qarilik, o‘lim, ko‘ngilsiz narsalar bilan to‘qnashuv va yoqimli narsalardan judo bo‘lish, orzudagi narsaga erishib bo‘lmasligi – bularning hammasi jafo chekishga olib keladi. Azob-uqubatning sababi quvonch va ehtiroslar orqali o‘zgarishlarga, qayta tug‘ilishga olib boruvchi ishtiyoq (trshna)dir. Azob-uqubat sababini bartaraf qilish ana shu ishtiyoqqa barham berishda yotadi. Azob-uqubatga chek qo‘yishga olib boriladigan yo‘l, ya'ni xayrli sakkiz o‘lchovli yo‘l bo‘lib, to‘g‘ri hukm yuritish, to‘g‘ri qaror qabul qilish, to‘g‘ri so‘zlash, to‘g‘ri hayotiy yo‘l tutish, to‘g‘ri niyat va orzu, to‘g‘ri diqqat-e'tibor va to‘g‘ri razm solmoqlikda o‘z ifodasini topadi. Hissiy lazzat olishga bag‘ishlangan umr ham, tarki dunyochilik va o‘z-o‘zini qiynashga qaratilgan yo‘l ham rad etiladi.
Shunday qilib bu yo‘l uch omildan tashkil topadi – ma'rifat (pradjna), xulq-atvor (shila) va diqqat-e'tibor samadxi yoki razm solish. Bularning barchasiga nirvonada, ya'ni nurlangan holatdagi Budda kayfiyatida erishish mumkin. Buddaviylik markazida shunday tasavvur yotadiki, har bir odam Budda holatiga erishish imkoniyatiga ega. An'anaviy buddaviylik tajriba yo‘li bilan asoslashga imkon bermaydigan majhul va metafizik masalalardan uzoqlashadi. An'anaga ko‘ra, Budda dunyoning oxiri borligi yoki cheksizligi, hamda «Nurlangan shaxs» uchun o‘limdan keyingi hayotning imkoni borligi yoki yo‘qligi haqidagi masalalarni muhokama qilmagan. U bunday masalalar javobsiz bo‘lganligidan kishilarni to‘g‘ri yo‘ldan chalg‘itadi, deb hisoblagan.
Shu bilan birga bir qatorda u o‘zining axloqiy falsafasi asoslarini yaratib, azob-uqubatning keng va chuqur sabablarini tahlil qilish bilan birga, uni bartaraf qilish vositalarini ham ko‘rsatib berdi. Ular jumlasiga quyidagilarni kiritish mumkin:
- ashyolarning mavjudligi shartligini tan olish, ya'ni sababiyatning umumiy qonun ekanligini;
- u yoki bu shaxsning borligini uning oldingi hayotining oqibati sifatida, kelajakni esa bugungi mavjudlikning oqibati, deb qarovchi karma ta'limoti, ya'ni sababiyatning umumiy qonunining ifodasi yoki namoyon bo‘lishi;
- o‘zgaruvchanlik haqidagi ta'limot, ya'ni umumiy beqarorlik, ashyolar tabiatining o‘tkinchiligi haqidagi nazariya-barcha mavjud narsalar muayyan sharoitlarga ko‘ra paydo bo‘ladi, ularning yo‘qolishi bilan barham topadi, barcha narsaning ibtidosi va intihosi bor.
- o‘zgarmas mohiyat bo‘lgan mustaqil javharning o‘z-o‘zicha yashashini rad etish, ya'ni ruhning abadiyligini, insonning «Men»ini. Inson xuddi ikki g‘ildirakli arava o‘zining o‘qi va shotisi uchun majmua bo‘lganidek, moddiy jism (kaya) va nomoddiy ong (vidjnyana) ning turli tarkibiy qismlaridan tashkil topgan shartli majmuadir. Insonning mavjudligi ana shu majmuaga bog‘liq bo‘lib, qachonki, u bo‘linib ketsa, insonning hayoti barham topadi. Ruh yoki men ana shu majmuadan boshqa narsa emas, degan ma'noni anglatadi.
Shunday qilib buddaviylik falsafasining markaziy ta'limoti barcha mavjud narsalarning o‘zaro aloqada (pratitya) ekanligidadir, ya'ni barcha ashyolar u yoki bu holatlar ta'siri ostida paydo bo‘ladilar. Doimiy o‘zgarishlarga duchor bo‘lishi shart bo‘lgan voqyeylik muayyan zamon lahzalarida faqat tajriba orqaligina bilib olinadi va shuning uchun ham asosiy fikrni fahmlashga berilib ketmaydi.
Buddaviylik bu faqat axloqiy-falsafiy ta'limotgina emas, balki din hamdir. U eng qadimgi jahon miqyosidagi dindir. Ammo yakka xudolikka asoslangan boshqa dinlardan farqli o‘laroq, unda yagona Xudoga, ruhning abadiyligiga ishonish yo‘qdir, shuningdek, unda Xudo bilan odamlar o‘rtasida vositachilik qiluvchi cherkov ham yo‘qdir. Bular o‘rniga buddaviylik yo‘lidan borishga yordamlashuvchi e'tiqod quyganlar jamoasi bordir. Buddaviylik shuning uchun ham dindirki, unda najot topishga ishonch, ya'ni ko‘ngilga yorug‘lik kirituvchi – nirvonaga erishish imkoniyati mavjuddir. Biroq buddaviylik oqimlarining ko‘pchiligida e'tiqod, dastlabki shart hisoblanadi. Najot insonga o‘zining tirishqoqligi natijasida, avvalo meditatsiya (karaxtlik) holatida keladi. Haqiqatan, muayyan bosqichlarda, aholini ko‘proq jalb etish maqsadida, «keng yo‘l» deb atalgan osonroq yo‘l ham paydo bo‘ldi. Gautama donishmandlik o‘qituvchisidan Xudoga aylantirildi. Jannat haqidagi tushuncha paydo bo‘ldi. Buddaviylikning ko‘p xudolari jasadi qo‘yiladigan sog‘ana (panteon) o‘ziga Budda Shakyamuni (Gautama) dan tashqari yana mingta Buddalarni qamrab oldiki, ulardan eng mu'tabarlari Budda-Maytreya –kelajakdagi Budda bo‘lib, hozirgisini dunyo hukmdori sifatida almashtiradi va Budda Amitaba – jannatning afsonaviy sohibi va boshqalar to‘g‘risidagi tushuncha paydo bo‘ldi. Najot topish ularga sajda qilish va ular ismini yodga olish bilan bog‘liq ekanligi ta'kidlandi.
Eramizning boshidan boshlab buddaviylikning ikki asosiy yo‘nalishi – Xinayana (ikki g‘ildirakli kichik arava) va Mohayana (katta yoki keng ikki g‘ildirakli arava) shakllandi. Ikki g‘ildirakli arava yoki deganda shunday vosita tushuniladiki, ushbu an'anaga e'tiqod ko‘yganlarni maksadga, ya'ni nurlangan holatga olib boradi. Umuman bu ikkala yo‘nalish ham buddaviylik uchun umumiy bo‘lgan asosan intilishi lozim bo‘lgan orzu va maqsadni tushunishdadir. Xinayanada umuminsoniy emas, balki o‘zining muammolarini bartaraf etish yotadi, ya'ni o‘z shaxsining ko‘ngli nurlanishiga erishib, ozod inson maqomi bo‘lgan – Arxat darajasini qo‘lga kiritish nazarda tutiladi. Mohayanada asosiy maqsad Botxisattva orzusiga erishishdir. Botxisattva – «nurlangan borliq» ma'nosini anglatadi. Bu shunday zotdirki, oliy ruhiy uyg‘onishga ega bo‘lsa ham, o‘zining ketidan boshqalarni ergashtirish va barcha aqliy mavjudotlarni umumiy tarzda najot topishlari uchun ularga yordamlashish maqsadida abadiy tinchlik, ya'ni nirvonaga ketishga qaror qilmagandir. Mohayana an'analari Xitoy, Quriya va Yaponiyada yoyildi.
Eramizning boshiga kelib Hindistonning ma'naviy hayotida hinduviylik hal qiluvchi mavqyega ega bo‘ldi. U o‘ziga xos ravishda hodisalarni butun holda olib ularning tarkibiy qismlariga yagona va bir-biriga bog‘li, deb qarab tekshirgan din bo‘ldiki, unda faqat Vedalar davri Hindistonining ilohlari va braxman kohinlarining rasm-rusumlarigina emas, balki mahalliy ilohlarning bir qator marosimlari ham o‘zlashtirib olingan edi. Barcha ilohlar zumrasidan birinchi radifga Vishnu va Shiva olib chiqildi. Hinduviylikning eng mashhur asari axloqiy masalalarga bag‘ishlangan va shaklga shaxs sifatida kirgan xudoga sadoqatni e'lon qilgan «Bxadavadgita» («Ilohiy ashula») dir. Hinduviylikning falsafiy asosi o‘z ifodasini quyidagi olti tizimda topgan: Sankxya, Yoga, Vaysheshika, Nyaya, Mimansa, Vedanta.
Sankxya ta'lim beradiki, dunyoning birinchi moddiy sababi bo‘lgan –prakriti mavjuddir. His-tuyg‘u orqali qabul qilinadigan prakritining dunyoviy mavjudotlarga aylanganligi quyidagi uch sifatiy unsurlar ta'siri ostida ro‘y beradi: rajas (intilish), tamas (qorong‘ulik) va sattva (oydinlik). Har bir ashyoda, uning xususiyatiga ko‘ra, ushbu uch unsurlardan biri ustunlik qiladi. Go‘zallik, donishmandlik va haqiqatga moyilligi bor ashyolarda sattva ustunlik qilsa, tamas barcha bo‘sh, chegaralangan, noaniq narsalarda hal qiluvchi unsurdir. Rajas esa, barcha faol, g‘ayratli, tajovuzkor narsalarda ustunlikka ega. Prakriti bilan bir qatorda Sankxyada dunyoning moddiy asosidan mustaqil bo‘lgan purushi (mutlaq ruh) ning mavjudligi tan olinadi. Uni barcha ashyolarda ishtirok etishi va u tufayli mavjud bo‘lgan tirik jonzotlarda mavjudligiga qaramasdan, kuzatish va topish mumkin emas. Prakriti bilan purushining qo‘shilishi chog‘ida 25 tayanch negiz kelib chiqadiki, ular orasida moddiy (suv, tuproq va shunga o‘xshash) narsalar bilan bir qatorda ma'naviy (o‘z mohiyatini anglash, aql) narsalar ham mavjud bo‘ladi.
Yoga ruhiy tushunchalarni tadqiq qilish va amaliy ruhiy ta'limga urg‘u beradi; ko‘pincha ilgari mavjud bo‘lgan turli tizimlarning meditatsiya (karaxtlik) holati haqidagi qoidalardan kelib chiqadi.