2-§. Temur va Temuriylar davrida Markaziy Osiyoda ijtimoiy-falsafiy fikr
(XIV-XV asrlar)
Mavoraunnahr mo‘g‘ullardan ozod bo‘lgandan keyin, 1370 yildan boshlab mamlakatda Amir Temur (1336-1405) hukmron bo‘ladi. Buyuk Temur kuchli markazlashgan davlat barpo qildi. Feodal tarqoqlikka chek qo‘yildi, ishlab chiqarish kuchlari, qo‘shni mamlakatlar bilan tashqi savdo aloqalari rivojlandi, yer ishlari va shahar hunarmandchiligida yuqoriga ko‘tarilish kuzatildi. Qadimgi dunyo madaniyati, Mavoraunnah, Hindiston, arab mamlakatlari xalqlarining ilk o‘rta asrdagi falsafiy merosiga qiziqish ortib bordi. Bu davrning falsafiy fikri uchun xos narsa dunyoviy va diniy fanlarga murojaat, tabiatni o‘rganishga intilish, inson aqli va qobiliyatlarining ko‘tarilishi, insonning axloqiy sifatlarini qadrlash, insonparvalik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarni targ‘ib qilish edi.
Sa'duddin Ma'sud binni Umar Taftazoniy (1322-1392) islom falsafasi bo‘lgan kalomning yirik vakili edi. U Niso (Ashxobod) shahri yaqinidagi Taftazon qishlog‘ida tug‘ildi. Al-Ijiy va Qutbiddin ar-Roziy at-Taxtoniy kabi mashhur olimlardan ta'lim oldi. Taftazoniy o‘ttiz yilga yaqin davr ichida G‘ijduvon, Jom, Turkiston, Hirot va Mavoraunnahrning boshqa shaharlaridagi madrasalarda dars berib, yirik olim sifatida shuhrat qozondi.
Taftazoniyning shuhrati o‘z poytaxti Samarqandga eng mashhur olimlar, hunarmandlar va ustalarni to‘playotgan Amir Temurga ham yetib keladi. U Taftazoniyni Samarqandga chaqirtiradi. Taftazoniy umrining oxirigacha saroyda yashaydi va 1392 yilning 12 avgustida vafot etadi. U Temur huzurida doimiy o‘tkazilib turiladigan ilmiy bahslarda faol qatnashar edi. U o‘zining kalom, mantiq, geometriya, she'riyat va arab tili grammatikasi sohasidagi bilimlari bilan shuhrat topgan edi.
Taftazoniyning nazariy merosi o‘rta asrlar fanining barcha sohalarini o‘z ichiga olar edi. U qirqdan ortiq asar yozgan bo‘lib, bizgacha yetib kelgan asarlaridan diqqatga sazovorlari quyidagilar: «Taxzib al-mantiq val-kalom» («Mantiq va kalomga sayqal berish»), «Maqosid fi ilm al-kalom» («Kalom ilmining maqsadlari») yoki «Maqosid at-tolibin» («Tolibi ilmlarning maqsadlari»), «Risala fi zaviyas al-musallas» («Uch burchakning burchaklari haqida risola»). Bulardan tashqari Taftazoniy o‘zidan oldingi o‘tgan mutafakkirlarning asarlariga ko‘plab sharhlar va hoshiyalar yozgan.
Taftazoniy dunyoqarashidagi diqqatga sazovor masalalardan biri qazo va qadar hamda iroda erkinligidir. Ma'lumki, iroda erkinligi masalasida ko‘plab faylasuflar har xil fikrlar bayon etishgan va inson o‘z xulq-atvorida erkinmi, ya'ni ixtiyori o‘z qo‘lidami, degan savolga javob topishga intilganlar.
Sa'duddin Taftazoniy o‘zining «Tahzib al-mantiq va al-kalom» asarida insonning xulq-atvoridagi iroda erkinligi masalasiga kengroq to‘xtaladi. Uning fikricha, har qanday olijanoblik va xayrli ishlar o‘z tabiatiga ko‘ra xudoning mohiyatidan kelib chiqadi va u hamma narsaning xoliqi sifatida xayr-sharofatning yaratganligi sababidan insonlarni yomon xulq-atvordan tiyilib turishga chorlaydi. Yomon xulqlar, gunohlar insonga xos narsalar bo‘lmasdan, ular faqat kishilarni sinash uchun yaratilgandir. Shunday qilib, uning fikricha, xudo o‘z bandalariga ikki yo‘lni «taklif» etadi, ya'ni sharafli, xayrli faoliyat ko‘rsatishni yoki nomatlub mashg‘ulotlar bilan gunohga botishni, gunohga botish esa jazoga tortilishni keltirib chiqaradi. Mutafakkirning ta'kidlashicha, xudo tomonidan ko‘proq insonlarga xayrli ishlar qilish, g‘ayrishar'iy ishlar kamroq bo‘lishi ta'kidlanadi. Qaysi yo‘lni tanlash insonning o‘z irodasiga bog‘liqdir. Shuning uchun xudo yomon xulq-atvorli insonlarni jazolaydi. Yomon xulq-atvorni qoralash xudoning irodasiga qarshi borish emas, chunki yomonlikni yer yuzida mavjudligi insonlarni poklikka chorlovchi sinovdir.
Bilish nazariyasida Taftazoniyning qarashlari Ibn Sinonikidan farq qiladi. Masalan, Ibn Sino narsa, hodisalar haqidagi ma'lumotlarni bilim deb bilsa, Taftazoniy ularni alohida his-tuyg‘u va bilim o‘rtasidagi vositaviy bosqich deb tushunadi. Ashyolar va hodisalar mavjudligi tufayli ular uyg‘otgan his-tuyg‘u shakllaridan bilim yuzaga keladi. Chunki hissiyot moddadan uning zaruriy sifatlari va aloqalari bilan birgalikda tashqi qiyofasinigina qabul qilib oladi. Shu sababdan mutafakkirning fikricha, hissiy tasavvurga ega bo‘lish uchun moddaning bo‘lishligi shartdir. Lekin aqliy, mantiqiy bilish esa moddiy asosdan ancha uzoqlashgan bo‘lib, hissiy bilimlarga qaraganda yuqoriroq bosqichda hosil bo‘ladi.
Taftazoniy fikricha, mantiq tafakkurdagi xatoliklardan xalos qiladigan vosita bo‘lib, yangi bilimlar hosil qilish zaminidir. Mantiqiy bilish shakllari tasavvurot va tasdiqotdir. Biror ashyo yoki hodisani tasavvur etish va uning to‘g‘risida hukm chiqarishda asosiy o‘rinni til bajaradi. Ong va uning belgisi nutq bir-biri bilan bevosita bog‘langandir. Biror ashyo yoki hodisani belgisi bo‘lgan so‘zlar, biror bir mazmun tufayligina qandaydir ma'no kasb etadi. So‘zlar va ularning har xil turlarini tilshunoslik fani o‘rganadi, mantiq esa muayyan mazmunga aloqador munosabatdagi belgilar o‘rnini aniqlovchi so‘zlarni o‘rganadi. Shunday qilib, Taftazoniy fikricha, mantiq fani mavhum mantiqiy ong bilan bog‘langan bo‘lib, tushuncha va hukmni ifodalovchi so‘zlar va gaplarni tahlil etadi.
Taftazoniyning asarlari o‘z ilmiy qimmatini hozirda ham yo‘qotgani yo‘q.
Mir Sayyid Sharif Jurjoniyning (1339-1413) falsafiy qarashlari va mantig‘i. Amir Temur tomonidan Sheroz fath etilishi munosabati bilan 1387 yilda u yerdagi yirik olimlar qatorida Samarqandga kelganlar orasida mashhur faylasuf va mantiqshunoslardan Ali ibn Muhammad Mir Sayyid Sharif Jurjoniy ham bor edi. Ilmiy adabiyotlarga Mir Sayyid Sharif nomi bilan kirgan Ali ibn Muhammad ibn Ali Husayniy Jurjoniy 1339 yilda Eronning Gurgon viloyati markazi bo‘lgan Astrobod shahri yaqinidagi Tog‘u qishlog‘ida tug‘ildi.
Jurjoniy yoshlik yillaridan Sharqda mavjud bo‘lgan fanlarning barcha turlari bilan shug‘ullandi. Islom falsafasi va kalom, mantiq, til masalalaridan tashqari tabiatshunoslikka doir barcha sohalarni qunt bilan o‘rganib, ular haqida katta ilmiy asarlar yozib qoldirdi.
Jurjoniy Hirot, Qohira, Stambul, Qoramon, Sheroz shaharlarida turli olimlardan bilim o‘rgandi. 1387 yili Samarqandga kelgan Jurjoniy, bu yerda 20 yil samarali ijod etdi va faqat Temur vafotidan keyingina Sherozga qaytib, 1413 yilda dunyodan ko‘z yumdi.
Jurjoniy Samarqandning mashhur madrasalarida falsafa, mantiq, falakiyot, fihq, til va adabiyot, munozara ilmi va boshqa fanlardan dars berib o‘zidan yaxshi nom qoldirdi. Uning shogirdlari orasida Qozizoda Rumiy, Ulug‘bek va boshqalar bor edi. Jurjoniy asarlarining umumiy soni 50 dan oshiqdir. Bular ichida falsafa, mantiq va tabiatshunoslikka doir asarlar salmoqli o‘rinni egallaydi, o‘z navbatida, bu sohadagi asarlari butun Sharq mamlakatlariga keng yoyilgandir.
Jurjoniyning bizgacha «Borliq haqida risola» va «Dunyoni aks ettiruvchi ko‘zgu» deb nomlangan falsafiy asarlari qo‘lyozma holida yetib kelgan.
Jurjoniy bilish nazariyasi va mantiqqa doir «At-ta'rifot»(«Ta'riflar»), «Usuli mantiqiy» («Mantiq usuli») va ilmiy bahs faniga bag‘ishlangan «Odob ul-munozara» («Munozara olib borishning qoidalari haqida risola») kabi arab tilida yozilgan asarlarning ham muallifidir. Jurjoniyning fors tilida yozilgan mantiqqa oid bir necha asarlari ham bizgacha yetib kelgan. Bulardan «Kubro» («Katta dalil bo‘la oladigan hukm»), «Avsat dar mantiq» («Mantiqda o‘rta xulosa»), «Sug‘ro» («Kichik dalil bo‘la oladigan hukm») va boshqalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin. Uning «Sharhye faroyize sarojiya» («Meros bo‘lish majburiyatlarining Sarojiy ta'rifiga sharh») asari huquqshunoslik masalalariga bag‘ishlangan bo‘lib, faqih Sajovandiy asarlariga javob tariqasida yozilgan (Jurjoniy. Sharhye faroize sarojiya. Stambul. 1873 yil).
Jurjoniyning XIV asr faylasufi Eziddin Abdurahmon al-Ijiy (1300-1356)ning «Mavoqif fi ilm al-kalom» («Kalom ilmidagi manzillar») asariga sharh sifatida yozgan «Sharxe mavoqif fi ilmi al-kalom» («Kalom ilmidagi manzillarga sharh») kitobi (Jurjoniy Sharhye mavoqif fi ilm al-kalom. Stambul. «Dar ul-matbatul Omera» bosmaxonasi. 1267 hijriy yil) uning zamondoshlari va kelgusi avlod olimlari uchun falsafa va mantiq bo‘yicha o‘ziga xos qomus maqomiga ega bo‘ldi. Uning Abu Ali ibn Sinoning «Ishorat» («Ko‘rsatmalar») asariga yozgan sharhi alohida qiziqish uyg‘otadi.
Dostları ilə paylaş: |