So‘nggi feodalizm davridagi falsafiy yo‘nalishlar. Chjusianlik va vanyanminchilik o‘rtasidagi qarama-qarshilik bevosita qadimgi matnlardan kelib chiqish zaruriyatini tug‘diradi. Xitoydan kirib kelgan qadimgi davrlarga sig‘inish Yaponiyada ikki yo‘nalishni - Xitoy o‘tmishiga sig‘inish va qadimgi Yaponiya madaniyatiga sig‘inishni shart qilib qo‘ydi.
«Qadimgi fan maktabi» - Kogakuxa. Samuraychilikning nazariyotchisi, «Busido» (jangchilik yo‘llari) ta'limotining asoschilaridan biri Yamagato Soko (1622-1685) «qadimgi fan» nuqtai nazariga birinchi bo‘lib qadam qo‘ydi. U chjusianlik metafizikasi bo‘lgan ri va «tug‘ma bilimlar» haqidagi Van Yanmin ta'limotini rad etib, konfutsiychilikning mumtoz axloqiga, samuraylikning tabaqaviy afzalligi vositasi bo‘lgan va ular orasidagi muhitda hukm surgan mavjud tartiblarni rag‘batlantiruvchi hatti - harakat me'yorlari sifatida namoyon bo‘ladigan rasm - rusumlar haqidagi ta'limotga qaytishni targ‘ib qildi. Soko «olijanob kishining yo‘llari» haqidagi o‘zining ta'limotini quyidagicha bayon qildi: «olijanob kishining, olijanob erning ishi - o‘zini nazorat qila bilishdir. Xo‘jayinga ega bo‘lgach, qonunlarda aytilganidek unga oxirigacha sodiq qolishdir. O‘zi odamlar bilan shunday munosabatda bo‘lishi kerakki, ota bilan o‘g‘il, akalar bilan ukalar, er bilan xotin o‘rtasidagi munosabatlar qonun-qoidasini buzmasligi lozim… Dehqonlar, hunarmandlar va savdogarlarning bo‘sh vaqtlari yo‘qligi tufayli o‘z hayotlari davomida ushbu yo‘lni idrok qila olmaydilar. «Olijanob er» dehqonlar, savdogarlar va hunarmandlar shug‘ullanadigan ishlar darajasigacha past ketmasdan, o‘zini faqat ushbu yo‘lga bag‘ishlashi lozim va bu uch tabaqadan qaysi biri joriy qoidalarni buzsa, darhol uni jazolab, bu ishi bilan Osmon tomonidan o‘rnatilgan, Osmon ostidagi makonda joriy qilingan adolatli hatti-harakat qoidalarini qo‘llab qo‘ltiqlashi zarur». Soko birinchilardan bo‘lib Xitoy to‘g‘risidagi xomxayoldan qutila boshladi va «O‘rta imperiya» (dunyoning markazi) deb Xitoyni emas, balki Yaponiyani atay boshladi.
Ito Dzinsay (1627-1705) «Qadimgi fan maktabi»ning boshqa bir vakili edi. Dzinsay o‘z metafizikasida «O‘zgarishlar kitobi»ga, axloqda esa – Konfutsiy ta'limotini tushuntiruvchi Men-szы kitobiga tayandi.
Chjusianlik ta'limotining rining birlamchiligi va kining ikkilamchiligi haqidagi aqidasini rad etib, u barcha hodisalarning mavjudligini yagona kini qabul qilishdan kelib chiqadi. Dzinsay metazifik axloqdan tajribaviy axloqqa o‘tib, insonparvarlik, burch, rasm-rusum va donishmandlikni birinchi sabab nomi deb emas, balki axloqiy xayrli ish sifatida qarab chiqadi.
Ogyu Soray (1668-1728) Chju Si va Van Yanmin ta'limotini rad etib ta'kidlaydiki, Yo‘l, ya'ni umumiy haqiqat yoki Konfutsiy ta'limoti – bu birinchi hukmdorlar yo‘lidir. U quyidagilarni yozadi: «Birinchi hukmdorlar yorqin aql va chuqur bilimlar orqali Osmonlar irodasini tushunib, Osmon ostidagilar ustidan hukmronlik qila boshladilar. Ular qalbida Osmon ostida kelishtirish tartibini joriy qilish burchi tug‘ildi. Ular o‘zlarining barcha ma'naviy quvvatlarini to‘plab, aqllarini charxlab, Yo‘lga asos soldilar»169. Keyinchalik Osmon ostidagi sarzaminda barcha ushbu Yo‘ldan bordilar. «Oqillar», ya'ni birinchi hukmdorlar oddiy odamlar va keyingi keladigan olim erlarga nasib etmaydigan oliy bilimlarni tushunib yetdilar. Ular – inson va aqlning oliy darajadagi mujassamlashganligi bo‘lib, haqiqatning muqaddas bilimiga va payg‘ambarlar vahiysiga egadirlar.
«Milliy fan maktabi» – Kokugaku. Xitoy matnlariga asoslangan «Qadimgi fan maktabi»dan farqli o‘laroq, Milliy fan maktabi yapon manbalariga tayanar edi. Uning vakillariga xos xususiyat konfutsiychilik va buddaviylikdan oldingi zamonlarni ko‘kka ko‘tarib, shu asosda Yaponiyaning alohida tarixiy o‘rnini ko‘rsatish edi.
Kamo Mobuti (1697-1769) «Tiklangan milliy fan maktabi» ning asoschisi hisoblanadi. U Osmoniy xudolar yo‘li bo‘lgan – ajdodlar yo‘lini tanazzulga olib kelgan, tashqaridan keltirilgan begona g‘oyalar bo‘lgan konfutsiychilik va buddaviylikka qarshi chiqdi. Mabuti «ayyorligi bo‘lmagan», «avom xalq» jamiyati bo‘lgan tabiiy tabiatga muvofiq keladigan jamiyatni orzu qildi.