Ahmad Yassaviy (1091-1167) o‘z «dunyoqarashi» nima bilan nafas olgan bo‘lsa, deyarli hammasini quyidagicha ifodaladi: Haqiqatga shunday kishi erishadiki, u barcha dunyoviy narsalardan shariatni afzal ko‘radi; o‘zidan, o‘z hayotidan kechib Tariqat tomon boradi; ruhan va qalban ma'rifatga beriladi (Ahmad Yassaviy. «Hikmatlar»). Xudoga intiluvchilar orasida faqat shunday kishi uning joyini biladiki, u o‘z pirining (ma'naviy ustoz) buyruqlariga bo‘ysunadi, sabru qanoat qiladi, ozi bilan kifoyalanadi, o‘zini azoblarga, qiyinchiliklarga mahkum etadi, ovqatni kam iste'mol qiladi. Din va sufiylar aytgan ko‘rsatmalarni bajarish, azob-uqubat, ochlik, sabru qanoat, muayyan voqyeiy ehtiyojlarga bo‘lgan o‘z istaklarini so‘ndirish orqali inson «nafratli» dunyodan ozod bo‘ladi va Xudoda singib ketadi.
Najmiddin Kubro (1145-1221) tasavvufning yirik nazariyotchisi va sufiylikning «Kubraviya» tarikatining asoschisi edi. U Xivakda (Xorazm) tug‘ilgan bo‘lib, Ruzbehon al-Vazzon al-Misriy, Abu Mansur Xafda, Bobo Faraj Botriziy, Umar ibn Yasir al-Biblisiy va Ismoil al-Kasri kabi mashhur sufiylarning shogirdi edi.
Urganjda u xonaqoh va kubraviya birodarlik jamiyatini vujudga keltirdi. Kubroning shogirdlari orasida mashhur tasavvuf nazariyotchilari chiqqanligi uchun, uni shayxi valitarosh («avliyolar yetqazuvchi ustoz») deb ham atadilar. Ular orasida Najmiddin Doya Roziy (vaf.1256), Sadidin Xamuya (vaf.1252), Sayfiddin Boxarziy (vaf. 1261) va boshqalar bor edi. Kubro bilishning tasavvufiy yo‘liga asoslangan o‘z maktabini vujudga keltirdi. Kubro fikricha, inson kichik olam (mikrokosm) bo‘lib, o‘zida katta olam (makrokosm)da nima bo‘lsa, hammasiga ega va, demak, u o‘zida «shafqatli, rahmdil Alloh»ning sifatlarini istisno qilganda, ilohiy xususiyatlarni ham mujassamlashtira olishi mumkin. Bu xususuiyatlar o‘zlariga muvofiq keladigan joylarda, birin-ketin o‘ziga xos maqomlarda, yuqori osmoniy doiralarda joylashgandirlar. Ammo haqiqat yo‘lini qidiruvchilar bunday yuksakliklarga ko‘tarilib, ilohiy sifatlarga ega bo‘lishlari uchun, ya'ni kamolotga erishishlari uchun, ma'lum riyozatli yo‘llarni o‘tishlari zarur. Bu yo‘lning qat'iy me'yor va qoidalari mavjud: to‘g‘ri, halol-pok yo‘ldan borish, jiddiy ravishda ro‘za tutish va o‘z irodasini butunlay pirining irodasiga bo‘ysundirish. Kubroning aqidasicha, uzlatda o‘tirgan paytda butun diqkat-e'tiborni to‘xtovsiz ravishda Xudoning ismlariga to‘plash ilohiy fahmlash va bilimga olib keladi. U tasavvuf yo‘liga kirgan yangi solik o‘zining tasavvufiy mashqlari vaqtida mushohada qilishi mumkin bo‘lgan ranglar ramzidagi bir holatdan ikkinchi holatga o‘tishdagi izchillikni aniq ko‘rsatib beradi. Bu nuqta, dog‘ va doiralar: ruh his-tuyg‘u bosqichlaridan o‘tadiki, u qora rang bilan qizil dog‘lar aralashib, o‘zgarib turadigan holatda qabul qilinadi va bu shungacha davom etadiki, nihoyat ko‘k chiroq nuri paydo bo‘lib, ilohiy rahmatning yaqinligidan xabar beradi.
Kubro fikricha, haqiqatni bilishga faqat pir yetkazishi mumkin, negaki, jazava vaqtida (hol davrida) sufiyda g‘ira-shira paydo bo‘ladigan tasvirlar Xudodan ham, shaytondan ham, yurakdan ham, shuningdek, tanadagi jondan ham chikishlari mumkin. Kubro insonning ongi va ruhidagi tutib bo‘lmas ma'naviy markazlar (latoif) haqidagi nazariyasini ham ishlab chiqdi. O‘zining kubraviya tariqatining o‘nta asosiy qoidalarini belgilab berdi:
Tavba – o‘z xohishi bilan Xudoga qaytish, o‘z irodasi bilan Xudoga mehr qo‘yish, o‘zining «men»idan kechish.
Zuhd fid-dunyo – barcha dunyoviy narsalardan (mol-mulk) voz kechish, ularga ega bo‘lish istagi va rag‘batini ham so‘ndirish.
Tavakkal alal-loh – barcha sohalarda Xudoning rahmati va kudratiga ishonish, bu dunyodagi faol faoliyatdan voz kechish.
Qanoat – barcha sohalarda mo‘tadillikka rioya etish va oz narsa bilan qanoatlanish, past niyatlardan qutilish (ovqat yeyishda me'yorni saqlamaslik, hashamatli, boy kiyimlarga hirs qo‘yish, bekorchilikka ruju qo‘yish va shunga o‘xshashlar).
Uzlat – yolg‘izlikda bo‘lib, ruhni mustahkamlash, odamlar bilan aloqaga chek qo‘yish: gapirmaslik, eshitmaslik, qaramaslik. Faqat shayxga xizmat qilish va uning qo‘lida, xuddi g‘assolning qo‘lida murda qanday bo‘lsa, o‘shanday bo‘lish.