Мадан.наз.ва.тар.ўқув.қўл. янги вариант. 11.12.22. (восстановлен) (восстановлен)
Totemizm – (Shimoliy Amerika hindularining algonkin guruhiga mansub «ojibve» qabilasi tilidagi “ot-otem” so‘zidan olingan bo‘lib, “uning urug‘i” ma’nosini ifodalaydi) jamoaning hayvon yoki o‘simlik turi bilan g‘ayri tabiiy qon-qarindoshlik aloqasiga ishonishi bo‘lib, ovchilik va termachilik rivojlangan davrda paydo bo‘lgan. Totemizmga oid tasavvurlar, urf-odat va rasm-rusumlar asrlar davomida “ular” va “begonalar”ni bir-biridan jaratishga yordam bergan. Bu totemga aloqasi yo‘q begonalar mazkur jamoaning urf-odati va ichki me’yorlaridan chetda bo‘lgan. Natijada bir totemga mansub kishilarning o‘zaro oilaviy munosabatlari, ya’ni odam vafot etgach uning o‘z totemiga aylanishi yoki aksincha - totemdan qayta inson shakliga kelishi haqidagi tasavvurlarning mustahkamlanishiga olib kelgan. Bunday e’tiqodiy tasavvurlar bir tomondan, o‘tgan ota-bobolar ruhlarining kuchayishiga va ilohiy kuchlarga ishonchning oshishiga olib kelgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan totemga bo‘lgan munosabatlarning o‘zgarishiga, totemni ozuqa sifatida iste’mol qilishning taqiqlanishiga olib kelgan.
Bu e’tiqodda totem-hayvon yoki o‘simlik nihoyatda hurmat qilingan. Totemizmning ilk bosqichida hayvon muqaddas sanalib, uni o‘ldirish yoki go‘shtini iste’mol qilish ta’qiqlangan. Faqat urug‘ning urf-odat marosimlaridagina bu hayvon go‘shti iste’mol qilingan.
Animizm – (lotincha, “anima” so‘zidan olingan bo‘lib, “ruh”, “jon”, degan ma’nolrani ifodalaydi.) – bu, dunyoda ruhlarning mavjudligiga, har bir narsaning joni bor deb tasavvur qilish, g‘ayritabiiy kuchlarning borligiga ishonishdir. Tabiatdagi narsalarning ruhlariga ishonch – anemizmning asosiy xususiyatidir. Urug‘chilik jamoasining rivojlanishi bilan urug‘ boshliqlari, harbiy yo‘lboshchilar va ajdodlar ruhiga sig‘inish paydo bo‘lgan.
Animistik qarashlar tabiatning qudratli kuchlarini - osmon va yer, quyosh va oy, yomg‘ir va shamol, momaqaldiroq va chaqmoq kabilarni ilohiylashtirib, ularning o‘z ruhlari mavjudligiga ishonchni vujudga keltirgan. Tabaitdagi narsalar, jarayonlar, hodisalar jonlantirilgan. Masalan “shamol esayapti”, “bulut suzayapti”, “quyosh chiqayapti”, “oy botayapti”, “suv oqayapti”, “o‘simlik o‘sayapti” kabi so‘zlar orqali ularning joni, ruhi mavjudligiga ishontirish vujudga kelgan. Bu esa, ibtidoiy odamlarning tasavvurida barcha narsalar jonli, fikr qilish, sezish va harakat qilishi, xohlasa yaxshilik yoki yomonlik qila oladi, degan tasavvurlarning mustahkamlanib borishiga, ularni xursand qilish, yaxshilik qilish va zarar keltirmaslikka undash maqsadida turli xil rasm-rusumlar, marosimlar uyushtirish, ularga atab qurbonliklar qilish, ularning haqiga duo qilish kabi odatlar paydo bo‘lgan.
Animizm zamonlar o‘tsa-da, kishilar ong tafakkurida ibtidoiy davr diniy e’tiqodining asosiy elementi sifatida saqlanib qolinmoqda.
Matriarxat davriga kelib, ruhlar ayollar nomi bilan atalgan. Xo‘jalik shakllari paydo bo‘lgach tabiatdagi narsalar (quyosh, suv, yer)ning ruhiga topinish kuchayib borgan.