118-mashq. Quyidagi ma’lumotnomani o‘qing, unga xos bo‘lgan xususiyatlarni ayting.
Ma’lumotnoma Ushbuni ko‘rsatuvchi Rahimberdi Ahmedov, haqiqatan ham, Navoiy viloyati Uchquduq tumanidagi 21-o‘rta maktabning 10-sinfida o‘qiydi.
Ma’lumotnoma tegishli joyga ko‘rsatish uchun berildi. Maktab direktori: M. Ravshanov
Kotiba: Q. Abdullayeva 2017-yil 3-sentabr
119-mashq. Quyidagi gaplarda qo‘llangan eskirgan hisob so‘zlarning hozirgi o‘zbek tilida bor yoki yo‘qligini aniqlang.
1. Bobur nur jilvasiga cho‘mib o‘ynayotgan toshni qo‘liga olib salmoqlab ko‘rdi: – Vazni yetti-sakkiz misqol kelur. (P. Qodirov) 2. Har bir varag‘iga nafis bezaklar ishlangan bu qo‘lyozma kitoblarning har biri bir necha ming dinor turishini Boburning yonida turgan Qosimbek ham bilar edi. (P. Qodirov) 3. Ana shunday kunda bir paysagina savobi yetmay qolgan bir banda zir yugurib, xesh-u aqrabolarini izlab yursa,
hech kim qayrilib qaramasmish. (Murod Mansur) 4. Uyida chaksa uni yo‘q, Tom boshida qo‘sh tandir. (Maqol) 5. Ayniqsa, kunda olti-yetti tosh masofani otliq bosib o‘tish mashaqqati ham holdan toydirdi. (Tohir Malik) 6. Bobolar «Dunyoniki miri kam ikki» deganlar. (Abdulla Qodiriy) 7. Ularning uzumzorlari bepoyon, behisob, botmon-botmon hosil olishadi. (Isajon Sulton) 120-mashq. Ritorik so‘roq gaplardan anglashilayotgan inkor va tasdiq ma’nolariga diqqat qiling, shakl va mazmun o‘rtasidagi zidlikka izoh bering.
1. Bir kechagina yotib ketsangiz, nima bo‘ladi. Uyingizni bo‘ri yeb ketarmidi! (Said Ahmad) 2. Borsam boraveraman-da, uyda bolam qolib ketarmidi! (Tohir Malik) 3. Xudo nimani xohlaydi, kim biladi?! (Murod Mansur) 4. Voz kechsa, uning ko‘ziga qanday qaraydi?! (O‘. Umarbekov) 5. Dadasi, endi sizga nima deb javob beraman?! (Tohir Malik) 121-mashq. Berilgan gaplardagi undalmalarning kishining diqqatini tortish, chaqirishdan tashqari yana qanday qo‘shimcha ma’nolarni ifodalayotganini aniqlang.
1. Ko‘nglingizga olmang, iltimos qilaman sizdan, Quvvatjon, o‘lay agar... (Sh. Xolmirzayev) 2. Quvvatjon, o‘sha paytda orqaga qaytishim kerak ekan. Ablahman-da, inim! Ablahman... (Sh. Xolmirzayev) 3. Yo‘q, qizim, xayol sura yotganim yo‘q... hali gapimiz chala qoldi. (Abdulla Qahhor) 4. Toza hayron bo‘larsiz-a, otaxon! Bizning
qishloqda G‘afforjon degan, qo‘y og‘zidan cho‘p olmagan, buning ustiga hech kimi yo‘q bir yigit bor edi. (Abdulla Qahhor) 5. Mulla akalar, bu yerdan chiqib qayerga boramiz? – dedi qorovul. (Abdulla Qahhor)