16-mashq. Berilgan matndagi faqat og‘zaki so‘zlashuv uslubiga xoslangan birliklarni aniqlab, ularga izoh bering.
Endi ketamiz deb turgan edik, uzoqdan: – Ho‘-ho‘-ho‘y! Kim bor? – degan ovozni eshitib qoldik. Sheriklarim tapura-tupuriga olib qochib qolishdi. Men bo‘lsam uzumni ko‘p yeb qo‘yganimdanmi, qimirlolmay qoldim. Nima qilishimni bilmay ko‘zimni chirt yumdim-da, joyimda turaverdim. Qancha turdim, bilmayman. Ko‘zimni ochsam, ro‘paramda qizil etik, oq yaktak kiyib, ustidan ko‘k qiyiqni bog‘lab olgan baland bo‘yli bir chol jilmayib turibdi. Qaltirab ketdim. – Qo‘rqma, qo‘rqma, bolam, – dedi u mayin tovush bilan. – Uzum kerak ekan, aytmaysanmi, o‘zim uzib berardim. Bunday muomalani men sira kutmagandim, yig‘lab yubordim. Ko‘zimdan oqqan yoshni artish uchun qo‘limni ko‘targan edim, ko‘ylagim ishtonbog‘ imdan chiqib ketib, qo‘ynimdagi uzum yer bilan bitta bo‘ldi. Ammo chol e’tibor bermadi. Ko‘rgan bo‘lsa ham o‘zini ko‘rmaganlikka solib, meni yupata boshladi.
– Yig‘lama, nega yig‘laysan, tentak, – dedi u boshimni silab. – Bir bosh olibsanlar, ikki bosh olibsanlar, nima bo‘pti? Kamayib qoladimi? Qara, bu uzumlarni! Qancha, axir. Hammaga yetadi. Qani, bu yoqqa yur! – Chol qo‘limdan ushlab yetaklab ketdi. Bog‘ning o‘rtasidagi ishkomga kirdim. Ishkom to‘la yong‘oqdek-yong‘oqdek keladigan qora charos edi. – Tuzukmi? – dedi chol menga qarab va kulib qo‘ydi. Ko‘kragiga tushib turgan qalin oppoq soqoli silkinib ketdi. – Tuzuk bo‘lsa, shundan uzib beraman. U qiyig‘iga osib qo‘ygan pichog‘ini qinidan sug‘urib uzum uza boshladi.
– Mana, bolam, ol. O‘rtoqlaringga ham olib bor. Men apil-tapil uzumni qo‘ynimga solib, ko‘chaga yugurdim. Rahmat aytish ham esimdan chiqibdi. (O‘. Umarbekov) A. Hojiyevning «O‘zbek tili sinonimlarining izohli lug‘ati»dan olingan ovoz so‘zi sinonimlari tavsifi bilan tanishing, ulardagi ma’no nozikliklarini eslab qoling. Bu so‘zlar ishtirokida gaplar tuzing.
OVOZ, tovush, un, sado, sas, nido, sazo. Eshitish sezgisini uyg‘otuvchi, eshitish a’zolari orqali qabul qilinuvchi, eshitiluvchi narsa. Ovoz, asosan, odam va jonli narsalar tovushini ifodalash uchun qo‘llanadi. Tovush odam va boshqa jonli narsalar ovozini, shuningdek, jonsiz predmetlarning urilishi, ishqalanishi va boshqa holatidan paydo bo‘lgan ovozni ifodalash uchun ham qo‘llanadi.. Un faqat odam ovozini bildiradi va ovoz so‘ziga nisbatan juda kam qo‘llanaveradi. Sado jonli va jonsiz narsalarning tovushini bildiradi, lekin tovush so‘ziga nisbatan kam qo‘llanadi. Sas shevaga oid so‘z bo‘lib, badiiy adabiyotda, ayniqsa, poeziyada kishi ovozi ma’nosida qo‘llanadi. Nido kitobiy. Sado juda kam qo‘llanadi.