Kayfiyatlar - ancha vaqt davomida kishining butun xatti-harakatiga tus berib turadigan umumiy hissiy holatini ifoda etadi. Kayfiyat shod-xurram yoki qayg'uli, tetiklik yoki lanjlik, xayajonlilik yoki mahyuslik, jiddiylik yoki yengiltaklik, jizzakilik yoki muloyimlik va h.k. tarzda bo'ladi. Kayfiyat juda xilma-xil, yaqin va ancha uzoq turuvchi manbalarga ega bo'lishi mumkin. Turmushning butun borishidan, jumladan, ishda, oilada, maktabda munosabatlarning qanday yo'lga qo'yilganligidan, kishining hayot kechirishi yo'lida paydo bo'layotgan har qanaqa ziddiyatlar qay tarzda bartaraf etilishidan qanoat hosil qilishi yoki qanoatlanmaslik kayfiyatlarning asosiy manbalari hisoblanadi. Kishining uzoq vaqt yomon yoki lanj kayfiyat bilan yurishi uning hayotida biror narsaning ko'ngildagidek emasligini ko'rsatadi. Shaxsning hayoti va faoliyati davomida shodonlik, hazilkashlik, umidsizlik, jur'atsizlik, zerikishlik, kayg‘urishlik singari his-tuyg‘ular uning ruhiy holatini umumiy tizimiga aylanadi. Ushbu vaziyat ba'zi emotsional taassurotlariing vujudga kelishiga qulay zamin hozirlaydi, boshqasi uchun esa kiyinchilik tug‘diradi. Inson xafa, ma'yus hissiy holat hukmronligida bo‘lsa, u holda tengdoshlarining haziliga, keksalarning o‘git-nasihatlariga, maslaxatlariga quvnoq kayfiyat chog‘dagiga nisbatan mazmun, sifat jihatidan boshqacharoq tusda munosabat bildiradi. SHuning uchun ishlab chiqarish va halq ta'limi tizimi jamoalarida, rasmiy, real guruhlarida ishchanlik, o‘zaro yordam, hamkorlik, hamdardlik, iliq ruhiy muhit yaratish, samimiy muomala maromini shakllantirish ham jismoniy, ham aqliy mehnat samaradorlgini oshirishning kafolatidir. Kayfiyat kishining butun fe'lini bir muncha vaqtgacha bir rangga solib turuvchi umumiy bir ruhiy holatdir. Ko'p hollarda kishining kayfiyatiga, uning uchun juda muhim bo'lgan bir voqea orqasida tug'ilgan ma'lum bir hissiyot sabab bo'ladi. Ertalab eshitilgan noxush xabar kishining ta'bini kechgacha xira qilib, iztirobga solib, kayfiyatini buzushi mumkin. Ishda topilgan jiddiy muvaffaqiyat bir necha kungacha kishini shodlantirib, kayfiyatini chog' qilishi mumkin.
Hissiyotning shunday qobiliyati borki, hissiyot uni tug'dirgan narsadan o'tib, bu narsa bilan aloqador bo'lgan boshqa narsalarga ham yoyiladi. Buning natijasida kishida kayfiyat deyilgan umumiy bir ruhiy holat paydo bo'ladi.