Go‘zallik va uning muqobillari. Ulug‘vorlik kategoriyasining falsafiy mohiyati. Fojeaviylik (tragediya) kategoriyasi. Kulgililik kategoriyasi.
Go‘zallik- estetikaning asosiy tushunchasi. Zero, go‘zallik- nafosat olamining mag‘zi, bosh xossasi, mohiyati, asosini tashkil qiladi. Shuning uchun bo‘lsa kerak, estetika, go‘zallik falsafasi tarzida ham talqin etib kelinadi.
Go‘zallik muammosiga murojaat etgan barcha mutafakkirlar go‘zailik haqida fikr yuritib va uni tadqiq qilish nihoyat darajada mashaqqatli masala ekanligini doimo ta’kidlaydi. Mazkur qiyinchilik, birinchi navbatda, go‘zallik tushunchasining o‘zaro hech bir umumiyligi bo‘lmagan turli-tuman hodisalarning keng doirasiga taalluqliligi bilan bog‘liqdir. Go‘zal bo‘lgan, ya’ni bizda ijobiy tuyg‘u qo‘zg‘atgan narsani ko‘rsatib berish nisbatan ancha oson. Lekin nima uchun mazkur narsa go‘zal ekanligni tushuntirib berish ancha mushkul. Xuddi shu tarzda go‘zallik muammosiga falsafiy yondoshish tarixan shakllangan.
Go‘zallik bu voqelik (tabiat, jamiyat, san’at) hodisasi bo‘lib, aniq hissiy ta’sir o‘tkazish orqali insonda jismoniy va ma’naviy kuchlar oqimining ko‘payishiga shodlik, zavqlanish, to‘la ma’naviy qoniqish holati vujudga kelishiga imkon yaratadi. Go‘zallik doimo foydalidir, lekin bu foydalilik jamiyat taraqqiyyotiga xizmat qilishga mo‘ljallangan bo‘ladi. Va nihoyat, go‘zallik, Shillerning iborasi bilan aytganda, inson ozodligining ramzi sifatida ifoda topadi. Go‘zallik cheksiz xilma-xillikka ega bo‘ladi. Tabiatdagi go‘zallik ijtimoiy hayot go‘zalligidan, foydali amaliy faoliyatidagi go‘zallik badiiy ijoddagi go‘zallikdan farq qiladi. Go’zallik qanchalik o‘zining rango-rangligi bilan ajralib turmasin, ularning barchasi qandaydir umumiy tub belgilarga ega bo‘lib, mana shu umumiy tub belgilar tufayli ularning barchasi maxsus ilmiy-falsafiy istiloh-go‘zailik tushunchasi orqali talqin etish imkoniyati mavjud.
San’at hayotning beqiyos boyligini va xilma-xilligini, go‘zallik va xunuklikni, yuksaklik va pastkashlikni aks ettirishi hamda bu vazifasini aniq estetik orzu mavqeida turgan holda amalga oshirishi lozimdir.
San’atdagi go‘zallik ko‘p qirrali, ko‘p o‘lchovli tomonlarga ega bo‘lib, ular orasida estetik orzu belgilovchi ahamiyat kasb etadi. San’at go‘zal va xunuk hodisalarni aks ettirishi mumkin. Lekin uning o‘zi hamma vaqt ham go‘zaldir, chunki u o‘z tarkibiga ajralmas qism sifatida estetik orzu, ya’ni go‘zallikning zaruriy hossasini singdirgan tasavvurni anglatadi.
San’at o‘zining barcha taraqqiyot bosqichlarida estetik orzu o‘zgaruvchanligini, uning ijtimoiy va milliy jihatlaridan bog‘liqligini nozik va sezgir ifodalab bergan. San’atda qaror topgan estetik orzuning asosiy mazmunini inson go‘zalligi haqidagi turli davr odamlari, millatlar, ijtimoiy guruhlar tushunchalari bo‘yicha uni qanday qiyofada ko‘rish istaklari mavjudligi to‘g‘risidagi tasavvurlar tashkil etadi. Ko‘p asrlar davomida san’at estetik orzuni ro‘yobga chiqarishning ikki asosiy yo‘nalishni ishlab chiqqan. Uning birinchisi - estetik orzuni ijobiy qahramon timsolini yaratish orqali ro‘yobga chiqarish yo‘li tashkil etadi. Ijobiy qahramon-ijodkor estetik orzusining, u orqali jamiyatning namoyondasidir.
Ilg‘or orzularni ularga qarama-qarshi hayot hodisalarini tasvirlash orqali qaror toptirishning ikkinchi yo‘li birinchisidan kam bo‘lmagan samarali va estetik ahamiyatlidir. Buyuk so‘z ustalaridan biri san’at orzu (ideal)dagi odamlarni emas, balki ijodkorning o‘zida orzu bo‘lishini taqozo etadi, deb haq gapni aytgan edi. Shunday orzu bo‘lgan taqdirda eng mudhish, xunuk, pastkash hayot hodisalarni tasvirlash ham san’at asarlarining ijobiy estetik qiymatini tushurib yubormaydi.
San’atda ilg‘or estetik orzuning bo‘lishi san’at go‘zalligi bilan bog‘liq zaruriy, lekin yagona bo‘lmagan omildir. San’at go‘zalligi uning haqqoniyligidan ajralmagan holda qaror topadi. Badiiy haqiqatsiz san’atda go‘zallik bo‘lishi mumkin emas. Haqiqat va go‘zallik birligi san’at taraqqiyotining qonuniyatlaridan biridir. Mazkur qoidani nozik fahmlash, ifoda qilar ekan, Shekspir o‘zining sonetlaridan biri: «Go‘zallik qimmatli haqiqat bilan yakunlanib, yuz chandon go‘zallik kashf etadi», - deb yozgan edi. Go‘zallikni hayot haqiqatidan ajratib tashlashga har qanday urinish san’atga halokatli ta’sir qilib, uning faol, o‘zgaruvchan ahamiyatini pasaytiradi.
San’atdagi go‘zallikni haqli ravishda shaklli va mazmuniy birligi bilan bog‘lab mushohada etadilar. Kamolotga, go‘zallikka intilish ko‘p jihatlardan eng muvofiq shaklini izlab topish bilan bog‘liq bo‘lib, bu shakl yaratilmish narsaning mazmunga mos kelishini taqozo etadi. Go‘zallik qonunlar bo‘yicha yaratish mutanosib shakl izlab topishni o‘z ichiga oladi.
Shaklning mazmunga mos kelishi san’atdagi go‘zallikning mezoni ekanligi haqidagi qoidaga ba’zi bir aniqliklar kiritishimiz bu yerda o‘rinlidir. Masala qanday mazmun haqida gap borayotganligidadir. Yolg‘on, zararli, g‘oyaviy buzuq mazmun o‘ziga yarasha ifoda topadi, lekin buning natijasida san’at asari go‘zalligining mezonlaridan biri sifatida qarash mumkin bo‘ladiki, agar gap ijtimoiy ahamiyatli, g‘oyaviy, ilg‘or, hayot haqiqatiga ega mazmun haqida borsa hamda unga muvofiq, barkamol shaklda bu mazmun ifodalansa.
Dostları ilə paylaş: |