Bababoyeva dilafruzning umumiy, tabiiy geografiya fanidan mustaqil ishi


Buyuk geografik kashfiyotlar bosqichi



Yüklə 41,03 Kb.
səhifə2/3
tarix07.11.2022
ölçüsü41,03 Kb.
#67894
1   2   3
Dilafruz mustaqil ish

Buyuk geografik kashfiyotlar bosqichi

Buyuk geografik kashfiyotlar bosqichi. XV asrning 2-yarmiga kelib, Yevropada tabiiy resurslar va xomashyoga boy deb hisoblangan Hindiston va Xitoyga yangi yo’llarni topish ishlari boshlandi. Natijada "Buyuk geografik kashfiyotlar” qilindi. Buyuk geografik kashfiyotlar asosan 3 ta yo’nalishda olib borildi: 1) janubiy – Afrika bo’ylab; 2) g’arbiy – Atlantika okeani orqali; 3) shimoliy – Yevrosiyoning qutbiy o’lkalari va shimoliy qirg’oqlari bo’ylab.
Ushbu bosqich 1492-yil ispaniyalik Xristofor Kolumbning Amerikaga 1-sayohatidan boshlanadi. X.Kolumb Amerikaga jami 4 marta borib, har safar yangi-yangi orollarni kashf etishiga qaramay, u yerlarni Hindiston emasligini bilmagan. 1499–1501-yillari Amerigo Vespuchchi Janubiy Amerika qirg’oqlarini tekshirib, bu yerlar Hindiston emas, yangi yerlar ekanligini yozadi. 1507-yilda M.Valdzemuller "Kosmografiyaga kirish” nomli asarida bu yangi yerlarni "Terra Amerika” deb nomlaydi. Keyinchalik Merkator o’zi tuzgan xaritalarida har ikki materikni ham shu nom bilan ataydi.
1498-yili portugaliyalik Vasko da Gama ekspeditsiyasi Afrikani aylanib o’tib, Yevropadan Hindistonga boradigan dengiz yo’lini ochdi. 1519–1521-yillarda ispaniyalik Fernan Magellan ekspeditsiyasi dunyo bo’ylab sayohatini amalga oshirdi. Natijada Yerning sharsimonligi amalda isbotlandi va Dunyo okeanining yaxlitligi ma’lum bo’ldi.
XVI asrda Angliya va Gollandiyalik sayyohlar ham Hindiston va Xitoyga dengiz yo’lini ochish maqsadida shimoli-g’arbiy va shimoli-sharqiy yo’nalishlarda ekspeditsiyalar o’tkazdilar. Natijada Shimoliy Amerika va Yevrosiyoning shimoliy qirg’oqlari va ko’plab orollar o’rganildi. Lekin dengiz yo’lini ochishga muvaffaq bo’linmadi. Shu ningdek, Amerikaning ichki o’lkalarini, ya’ni angliyaliklar – AQSH hududini, fransuzlar – Kanada hududini tekshirdilar.
XVI asrning oxirlaridan boshlab Janubiy Osiyo, Avstraliya va Okeaniya hududlari ingliz va gollandlar tomonidan tekshirilib, zabt etila boshlandi. 1605-yilda golland sayyohi Yanszon Avstraliya materigini kashf qildi. So’ngra 1641–1643-yillarda A. Tasman materikni aylanib chiqdi.
Shu davrda rus sayyohlari Sibir, Uzoq Sharq, Yevrosiyoning shimoliy va shimoli-sharqiy qirg’oqlarini, Shimoliy Amerikaning shimoli-g’arbiy qismigacha bo’lgan hududlarni o’rganib, xaritaga tushirdilar va tasvirlab yozdilar.
Yuqorida aytilgan va boshqa o’nlab ekspeditsiyalarda to’plangan ma’lumotlar geografik bilimlarning kengayishiga va takomillashuviga olib keldi. 1544-yilda S. Myunsterning "Kosmografiya”, 1650-yili golland olimi B.Vareniusning "Umumiy geografiya” nomli asari bosilib chiqdi. G.Merkator xaritalarning matematik asosini, kartografik proyeksiyalarni ishlab chiqdi. Bularning bari ilmiy geografiya rivojlanishi uchun asos bo’ldi.
Bu bosqichning asosiy natijalari: Shimoliy va Janubiy Amerika, Avstraliya materiklari kashf etildi; Yerning sharsimonligi va Dunyo okeanining uzluksiz, yaxlitligi amalda isbotlandi; ilgari noma’lum bo’lgan Tinch okeanining mavjudligi va uning eng katta okean ekanligi, Yer yuzining katta qismi quruqlik emas, suvlikdan iboratligi aniqlandi.
Ilmiy geografik ishlar bosqichi. XVII asrga kelib fanlarning rivoj lanishida keskin ildamlash ro’y berdi. Geografiyada maxsus ilmiy ekspeditsiyalar uyushtirila boshlandi. Bunday ekspeditsiyalardan eng muhimlari: 1725–1741-yillarda V.Bering va A.Chirikov boshchiligidagi rus ekspeditsiyasi, 1785–1788-yillarda J.Laperuz rahbarligidagi fransuz ekspeditsiyasi, 1768–1779-yillarda J.Kuk boshchiligidagi 3 marotaba dunyo bo’ylab ingliz ekspeditsiyasi. Bu ekspeditsiyalar tomonidan Kuril orollari, Kamchatka va Chukotka yarimorollari, Osiyoning shimoliy qirg’oqlari, Afrika va Janubiy Amerikaning ichki qismlari, Avstraliyaning sharqiy sohillari, Yangi Zelandiya, Yangi Kaledoniya, Janubiy Georgiya, Jamiyat, Gavayi, Kuk va boshqa orollar o’rganildi.
Yerning ichki qismlari, tektonik harakatlar haqidagi bilimlarning to’planishi bilan tabiiy geografiyadan geologiya ajralib chiqdi, Yer yuzasi relyef, yer usti va osti suvlari, iqlim, shamollar, o’simliklar haqidagi bilimlarning kengayishi esa geomorfologiya, gidrologiya, meteorologiya va geobotanika fanlarining mustaqil fan darajasida rivojlanishiga olib keldi. Ushbu bosqichda ilmiy ishlar, ko’pincha o’rganilgan yerlarning geografik tavsifga bag’ishlangan bo’lib, yangi kitoblar va xaritalar ishlangan.
Bu bosqichda bir qancha nazariya va gipotezalar, kitoblar yaratildi. Bular: Kant-Laplasning kosmogonik nazariyasi; Pallasning geologik qatlamlarning yoshi haqidagi nazariyasi; Leybnitsning tog’ hosil bo’lishida vulqon harakatlari gipotezasi; M. Lomonosovning "Yer qatlamlari haqida”, "Atmosfera hodisalari haqida” kitoblari, Kantning "Tabiiy geografiyadan ma’ruzalar” kitobi va boshqalar.
Bu bosqichning asosiy natijalari: Yer yuzining turli qismlari ilmiy o’rganildi; fanda yangi nazariya va gipotezalar yaratildi; kartografik proyeksiyalar va relyefni tasvirlashning yangi usullari ixtiro qilindi; yirik asarlar va kitoblar yaratildi, geografiya fanining tarkibida bir qancha mustaqil fanlar rivojlandi.
XIX asr va XX asrning 1-yarmida geografiyaning rivojlanishi. Bu bosqichga kelib milliy geografiya jamiyatlari tashkil etilishi boshlandi. Jumladan, Fransiya (1821), Germaniya (1828), Buyuk Britaniya (1830), Rossiya (1845), Turkistonda esa 1897-yilda tuzilgan. Ko’pgina davlatlar tomonidan yirik ilmiy tadqiqot ekspeditsiyalari uyushtirildi. 1821-yil F.F.Bellinsgauzen va M.P.Lazarev tomonidan Antarktida kashf etildi. 1823–1825-yillarda O.E.Kotsebu Dunyo okeani bo’ylab ekspeditsiyada marjon orollarining kelib chiqishini o’rgandi, fizik E.Lens esa chuqurlikni o’lchash uchun birinchi bor batometrni qo’lladi. D.Livingston Afrikaning ichki qismlarini o’rgandi. P.P.Semyonov-Tyanshanskiy boshchiligida O’rta Osiyoning ichki hududlari o’rganildi. R.Piri 1909-yilda Shimoliy qutbni, R.Amundsen esa 1911-yilda Janubiy qutbni zabt etdi.
A.Gumboldt Yevropa, Amerika, Osiyoga ekspeditsiya uyushtirib, juda ko’p ma’lumotlar to’pladi. O’simliklarning kenglik zonalligi va balandlik mintaqalanishi qonuniyatini aniqladi. Mazkur ma’lumotlarni umumlashtirgan bir necha jildlik "Tabiat manzarasi”, "Kosmos” kabi yirik asarlarini yozdi. Gumboldt tabiatni bir butun, qat’iy qonuniyatli va uzluksiz rivojlanadigan tizim sifatida qarab yangi geografiyani yaratdi. Bu geografiyaning vazifasi tabiatni rivojlanishda va bir butun, yaxlit hosila sifatida o’rganish, tabiatdagi qonuniyatlarni aniqlash, jism va hodisalar orasidagi aloqadorliklarni, o’zaro ta’sir va bog’liqliklarni ochish va boshqalardir.
Ch.Layel tomonidan yer po’stining rivojlanish nazariyasi ishlab chiqildi. V.V.Dokuchayev tomonidan tabiat zonalligi ta’limoti, A.A.Grigorev tomonidan geografik qobiq ta’limoti, V.A.Vernadskiy tomonidan biosfera ta’limoti yaratildi.
Bu bosqichning asosiy natijalari: geografiya jamiyatlari tuzildi. Shimoliy va Janubiy qutblar zabt etildi va dunyo xaritasida noma’lum bo’lgan hududlar qolmadi. Ilmiy geografiya vujudga keldi. Okeanograf ya fani shakllandi. Meteorologik va gidrologik stansiyalar bunyod etildi. Atmosfera va okeandagi harakatlarning mohiyati ochib berildi. Yer po’stining rivojlanish nazariyasi ishlab chiqildi. Bir necha ta’limotlar: tabiat zonalligi, geografik qobiq, biosfera ta’limotlari yaratildi.
Hozirgi zamon bosqichi. Geografiya fan-texnika inqilobi ta’sirida jadal rivojlanmoqda. Bu bosqichda geografiya fanining rivojlanishidagi asosiy xususiyatlar quyidagilardan iborat: geografik tadqiqotlarda modellashtirish va tajriba usullari, geografik axborot tizimlari, kompyuter texnologiyalari, kosmik usullar keng qo’llanilmoqda. Kosmik usullar yordamida aylanasimon tuzilmalar, atmosfera harakatlari, okean suvi aylanma harakati va chuqurdagi suvlarning ko’tarilish jarayonlari aniqlandi. Insonning tabiatga ta’siri kuchayib, hatto geografik qobiq doirasidan tashqariga chiqib ketdi. Shu munosabat bilan tadqiqotlar lokal (mahalliy) muammolar bilan bir paytda global muammolarga ham o’z diqqatini qaratmoqda.
Fanda tabaqalanish, ya’ni geografik fanlar ichida yangi yo’nalishlar paydo bo’lmoqda. Masalan, landshaftshunoslikning ichida amaliy landshaftshunoslik, antropogen landshaftshunoslik kabi bo’linishlar yuzaga keldi. Shuningdek, turdosh fanlar bilan "oraliqda” yangi yo’nalish va fan tarmoqlari paydo bo’lmoqda. Masalan, geografiya bilan tibbiyot oralig’ida tibbiyot geografiyasi, geografiya bilan tarix, filologiya oralig’ida joy nomlarini o’rganuvchi toponimika fani vujudga keldi.


  1. Yüklə 41,03 Kb.

    Dostları ilə paylaş:
1   2   3




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin