Bakteriologik qurol, biologik qurol — odamlar, hayvonlar va oʻsimliklarda kasalliklar qoʻzgʻatuvchi, sunʼiy koʻpaytirilgan mikroorganizmlar, hasharotlardan iborat ommaviy qirgʻin vositasi. B.q. asosan kasallik tarqatuvchi mikroorganizmlar (bakteriya, virus, zamburugʻ va b.) yuqtirilgan pashsha, chivin, kemiruvchi hayvonlardan yoki suspenziya va kukunlardan iborat. Chet el harbiy mutaxassislari odamlarga shikast yetkazadigan bakterial vositalarga toun, chin chechak, kuydirgi, tulyaremiya, manqa, sariq, isitma, brutsellyoz, vabo va b. kasallik qoʻzgʻatuvchilarini; hayvonlarga shikast yetkazuvchi bakterial vositalarga oqsil kasalligi, oʻlat, choʻchqalarning afrika chumasi kasalligi, brutsellyoz va b.ning qoʻzgʻatuvchilarini; oʻsimliklarni zararlantiruvchi bakterial vositalarga bugʻdoy zang kasalligi, kartoshka fitoftorasi, sholi pirikulyariozi va b. kasallik qoʻzgʻatuvchilarini kiritadi.
B.q. mikroblari aviabomba, raketa, snaryad va b. qurollar orqali tarqatiladi. B.q.larning bir guruhi odamlarda, baʼzilari esa hayvonlarda yuqumli kasalliklar tarqatadi, oʻsimliklarni zaharlab quritadi. Odamlarda kasallik tarqatishda vabo, chechak, kuydirgi mikroblari, hayvonlarda esa manqa melioidoz kasalligini tarqatuvchi mikroblar va ularning zaharli moddalari qoʻllaniladi. Bu mikroblar quyosh nurlariga, kimyoviy moddalar taʼsiriga chidamli boʻlib, odamlar va hayvonlar orasida qisqa vaqt ichida kasallik tarqatadi. Tezda qarshi chora koʻrilmasa, epidemiya boshlanib, aholi va hayvonlarni nobud qilishi mumkin. Zamonaviy tibbiyot B.q.lar qoʻzgʻatadigan kasalliklarning oldini olishga qodir. Har qanday yuqumli kasallikning xususiyatlarini oʻrganib, ularga qarshi doridarmonlar tayyorlanadi. Organizmda yuqumli kasalliklarga qarshi immunitet hosil qilish uchun butun aholi ichida, harbiy qismlarda har yili emlash tadbirlari oʻtkaziladi. Yuqumli kasalliklarni davolash uchun antibiotiklar ham ishlatiladi.
Germaniya Birinchi jahon urushi (1914 — 18)da rus, fransuz frontlarida har xil kasallik mikroblarini tarqatgan edi. Xabarovskdagi sud (1949)dan maʼlum boʻlishicha, Yaponiya B.q.ni Xitoy va Mongoliya xalqlari orasida sinab koʻrgan. Amerika ham Vyetnamdagi urushi(1966 — 68)da B.Q.ning ayrim turlarini (mas, sholini quritish uchun) ishlatgan. B.q. 1925-yil Jeneva protokoli va 1972-yil BMT Konvensiyasi bilan taʼqiqlangan.